Full text
INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 383 MILLIY BARQAROR RIVOJLANISH MAQSADLARINI IQTISODIY XAVFSIZLIKDAGI O‘RNI: 17 VA 18-MAQSADLAR TAHLILI Anvarxonov Abdulatifxon Jamshidxon o‘g‘li1, Ayubov Rahmatullo Ravshanbek o‘g‘li2 1,2Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti yetakchi mutaxassisi https://doi.org/10.5281/zenodo.17266533 Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasi tomonidan 2015-yilda 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) va 169 vazifa qabul qilingan boʻlib, 2030-yilgacha ularga erishish dunyo hamjamiyati oldidagi muhim vazifaga aylandi. BRM mamlakatlar uchun bir qator amaliy foydalar beradi. Ular ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik maqsadlarni birlashtiruvchi umumiy siyosatni taʼminlab, hukumatlarga oʻz siyosatlarni muvofiqlashtirish va resurslarni samarali yoʻnaltirish imkonini beradi va shu orqali kambagʻallikni qisqartirish, sogʻliq va taʼlimni yaxshilash hamda infratuzilmani rivojlantirishga yordam beradi [1]. BRM mamlakatlarda maʼlumotlarni monitoring qilish va hisobdorlikni kuchaytiradi, bu esa mamlakatlarning turli siyosatlarini dalillarga asoslab takomillashtirishga imkon qiladi. Shuningdek, BRMni milliy strategiyalarga kiritish xalqaro hamkorlik va moliyalashtirishni jalb qilish, hamda investitsiyalarni ijobiy yoʻnalishga yoʻnaltirish uchun platforma hisoblanadi [2]. BRM BMT tomonidan global koʻlamda qabul qilingan boʻlsa-da, ularni amalga oshirishda har bir mamlakat oʻziga xos imkoniyatlari va muammolarini inobatga olgan holda amalga oshirishi zarur. Shu asosga koʻra 20.10.2018 [3] hamda 21.02.2022-yilda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari [4] qabul qilingan. Ushbu qarorlarga muvofiq BMT tomonidan tavsiya qilingan 17 maqsadning 16 tasi va 169 ta vazifadan 126 tasi qabul qilingan. Baʼzi maqsad va vazifalar Oʻzbekistonga mos kelmagani uchun qabul qilinmagan. Shuningdek, qabul qilingan maqsad va vazifalarning holatini tekshirish va kuzatish uchun jami 143 ta indikator qabul qilingan. Mazkur maqsadlarning ikkitasi bevosita ijtimoiy-iqtisodiy xavfsizlik va barqarorlikka bogʻliq boʻlib, ular quyidagilar: - 16-maqsad. BRM yoʻlida tinchliksevar va ochiq jamiyatlar barpo etilishiga koʻmaklashish, barcha uchun odil sudlov imkoniyatidan foydalanishni taʼminlash va barcha darajalarda samarali, hisobdor va keng ishtirokka asoslangan muassasalarni tashkil etish. - 17-maqsad. BRMda global sheriklik doirasida amalga oshirish vositalarini mustahkamlash va ishlarni faollashtirish. Ayni shu ikki maqsad oʻz ichiga jami 30 ta vazifa va 19 ta indikatorni qamrab oladi. 16-maqsadning indikatoridan biri boʻlgan (Indikator 16.6.1.) “Hukumat birlamchi xarajatlarining dastlabki tasdiqlangan byudjetga foizdagi nisbati” mamlakat yil boshida tasdiqlagan xarajatlari yil oxiridagi xarajatlardan qanchalik kam yoki koʻp boʻlganini ifodalaydigan koʻrsatkich hisoblanadi (1-rasm).
INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 384 1-rasm. Hukumat birlamchi xarajatlarining dastlabki tasdiqlangan byudjetga foizdagi nisbati (foizda) Manba: Milliy Statistika qoʻmitasi maʼlumotlari 2010–2016 yillar davomida koʻrsatkich asosan 100 foizdan past boʻlgan, yaʼni amaldagi xarajatlar dastlabki tasdiqlangan byudjetdan kam boʻlgan. 2017-yildan boshlab esa koʻrsatkich 100 foizdan oshib ketgan. Ayniqsa, 2018-yilda 128,3 foiz bilan eng yuqori darajaga yetgan. Bu hukumat tasdiqlangan rejalardan sezilarli darajada koʻproq xarajat qilganini anglatadi. 2021-yil istisno qilinsa (99,2 foiz xarajat), 2019–2023 yillarda koʻrsatkich doimiy ravishda 100 foizdan yuqori boʻlib, hukumatning amaldagi xarajatlari tasdiqlangan byudjetni oshib ketayotganini koʻrish mumkin. Bu esa iqtisodiy siyosatda qat’iy budjet intizomi kerakligini ko‘rsatadi. 16-maqsadning indikatorlaridan biri boʻlgan “Davlat muassasalarida faoliyat yuritayotgan ayrim toifadagi (ayollar, mehnatga layoqatli yoshdan katta shaxslar, yoshlar) fuqarolarning ulushi” indikatori (Indikator 16.7.1.1.) ham muhim koʻrsatkichlardan boʻlib, unda jamiyatdagi ijtimoiy nuqtayi nazardan himoya qilinadigan qatlamlarning davlat tashkilotlaridagi ulushi keltirilgan (2-qism). 2-rasm. Davlat muassasalarida faoliyat yuritayotgan ayrim toifadagi (ayollar, mehnatga layoqatli yoshdan katta shaxslar, yoshlar) fuqarolarning ulushi (foizda) Manba: Milliy Statistika qoʻmitasi maʼlumotlari
INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 385 2016–2023-yillar oraligʻida davlat muassasalarida faoliyat yuritayotgan ayrim toifadagi fuqarolarning ulushi turlicha oʻzgarishlar kuzatilgan. Ayollar ulushi nisbatan barqaror boʻlib, 2016-yildagi 60,6 foizdan 2023-yilda 61,1 foizga yetgan. Demak, davlat muassasalarida ishlovchilarning yarmidan koʻpini ayollar tashkil etmayapti va ularning ulushi yillar davomida deyarli oʻzgarmagan. Mehnatga layoqatli yoshdan katta shaxslar ulushi esa sezilarli boʻlmasa-da, biroz ortgan. 2016–2017-yillarda 2,3 foiz boʻlgan boʻlsa, 2023-yilda bu koʻrsatkich 3,4 foizga yetgan. Bu davlat muassasalarida pensiya yoshidan oʻtgan xodimlar soni asta-sekin koʻpayayotganidan dalolat beradi. Yoshlar (30 yoshgacha) ulushi esa keskin kamayish tendensiyasida. 2016-yilda ular 29,2 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2023-yilga kelib bu koʻrsatkich 21,5 foizgacha tushib ketgan. Bu esa davlat muassasalarida yosh kadrlar ulushi tobora kamayib borayotganini koʻrsatadi. Umuman olganda, davlat muassasalarida ayollar ulushi yuqori va barqaror boʻlsa-da, yosh kadrlarning ulushi kamayib borayotgani, aksincha, yoshi katta xodimlar ulushi asta-sekin ortayotgani kuzatilyapti. 17-maqsadning birinchi indikatori (Indikator 17.1.1.) “Davlat daromadlarining umumiy hajmini YAIMga foizdagi nisbati” boʻyicha tahlil qilinganda mamlakat daromadlarining umumiy hajmi oshib borayotganini koʻrish mumkin (3-rasm). 3-rasm. Davlat daromadlarining umumiy hajmini YAIMga foizdagi nisbati (foizda) Manba: Milliy Statistika qoʻmitasi maʼlumotlari 2016–2023-yillar mobaynida davlat daromadlarining YAIMga nisbati sezilarli oʻsib, 16 foiz atrofidan 22 foiz darajasiga koʻtarilgan. Bu davlat byudjeti daromad bazasining mustahkamlanib borayotganini koʻrsatadi, biroq 2023-yildagi pasayish ushbu tendensiyaning barqaror emasligidan dalolat berishi mumkin. Davlat daromadlarining YaIMga nisbatan yuqori boʻlishi shuni anglatadiki, byudjet daromadlari mustahkam, davlat soliqlar va boshqa tushumlarni barqaror yigʻib olyapti. Bu davlatning ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish, infratuzilmani rivojlantirish va qarzlarni qoplash imkoniyatini oshiradi. Shu bilan birga juda yuqori ulush aholiga va biznesga soliq yukining ogʻirligini bildirishi ham mumkin. Agar daromadning oʻsishi koʻproq soliqlar hisobiga boʻlsa, bu xususiy sektor rivojiga toʻsqinlik qilishi mumkin. 17-maqsadning yana bir indikatori (Indikator 17.1.2.) “Ichki soliqlar hisobidan moliyalashtiriladigan milliy budjetning ulushi” koʻrsatkichi boʻlib, unda mamlakat milliy budjetdagi ichki soliqlar ulushining dinamikasi keltirigan va bu orqali mamlakat iqtisodiy holati bo‘yicha bir qancha tahliliy xulosalarni taqdim etadi (4-rasm).
INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 386 4-rasm. Ichki soliqlar hisobidan moliyalashtiriladigan milliy budjetning ulushi (foizda) Manba: Milliy Statistika qoʻmitasi maʼlumotlari 2016–2023-yillarda koʻrsatkich turlicha oʻzgarib turgan boʻlsa-da, umumiy tendensiya shuni koʻrsatadiki, ichki soliqlar milliy byudjetning asosiy manbai ekanligini koʻrish mumkin. 2018 va 2021-yillardagi pasayishlar davlat byudjeti daromadlarida tashqi manbalarga koʻproq tayanish yoki ichki soliq tushumlarining qisqarishi bilan izohlanishi mumkin. 2023-yilda ichki soliqlar ulushining 81,2 foizga koʻtarilishi ijobiy koʻrsatkich boʻlib, milliy byudjetning moliyaviy mustaqilligi kuchayganini, yashirin iqtisodiyot qisqarganini va ichki soliq bazasining kengayganini koʻrsatadi. Xulosa qilinadigan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasida iqtisodiy xavfsizlikni taʼminlash va milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda 16 va 17-maqsadlarning ahamiyati yuqori. 16-maqsad doirasida hukumat xarajatlarining dastlabki byudjet rejalari bilan muvofiqligi, shuningdek, davlat muassasalarida faoliyat yuritayotgan turli ijtimoiy toifalarning (ayollar, yoshlar, yoshi katta shaxslar) ulushi iqtisodiy hamda ijtimoiy barqarorlikni ifodalaydi. Tahlillar shuni koʻrsatadiki, hukumat xarajatlari koʻpincha tasdiqlangan rejalardan oshib ketyapti. Bu esa byudjet intizomini mustahkamlash zarurligini koʻrsatadi. Shu bilan birga, yosh kadrlar ulushining kamayib, yoshi katta xodimlar ulushining ortib borayotgani davlat muassasalarida kadrlar tarkibini yangilash muammosini yuzaga keltiradi. 17-maqsad boʻyicha esa davlat daromadlari bazasining kengayib borishi va ichki soliqlarning byudjetdagi ulushining oshishi ijobiy holat boʻlib, milliy byudjetning moliyaviy mustaqilligi mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Biroq ayrim yillarda kuzatilgan pasayishlar soliq tushumlarining barqarorligini taʼminlashda muammolar mavjudligini koʻrsatadi. Umuman olganda, BRMning 16 va 17-maqsadlari Oʻzbekistonda iqtisodiy xavfsizlikni taʼminlashda hal qiluvchi omillardan biri boʻlib, ular samarali davlat boshqaruvi, byudjet intizomi, soliqlar bazasini kengaytirish va ijtimoiy guruhlar manfaatlarini hisobga oluvchi inklyuziv siyosat orqali amalga oshirilishi zarur. Shu yoʻl bilan mamlakat barqaror rivojlanish va iqtisodiy mustahkamlikka erishishi mumkin. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1. BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti. BRM bo‘yicha 2025-yil hisoboti. Nyu-York, 2025. – 5-bet. https://unstats.un.org/sdgs/report/2025/The-SustainableDevelopment-Goals-Report-2025.pdf
INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 387 2. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti. BRMga erishish uchun siyosat muvofiqligini ta’minlash: boshqaruv mexanizmlarini baholash. Parij, 2024. https://doi.org/10.1787/a1c8dbf8-en. 3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 20.10.2018-yildagi 841-son “2030yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori - https://lex.uz/docs/- 4013356?ONDATE=19.06.2020 4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.02.2022-yildagi 83-son “2030yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori - https://lex.uz/docs/-5870397#-5873213