scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

OʻZBEKISTONDAGI MAXSUS IQTISODIY ZONALARNING INVESTITSIYALARNI JALB QILISH HOLATI TAHLILI

Anvarxonov Abdulatifxon Jamshidxon oʻgʻli

Abstract

Ushbu tadqiqotda Oʻzbekistondagi Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari boʻlgan korxonalarning Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi oʻrni, jumladan asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi va oʻsish surʼati kabilar tahlil qilingan.

Full text

INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 388 OʻZBEKISTONDAGI MAXSUS IQTISODIY ZONALARNING INVESTITSIYALARNI JALB QILISH HOLATI TAHLILI Anvarxonov Abdulatifxon Jamshidxon oʻgʻli Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti tayanch doktoranti https://doi.org/10.5281/zenodo.17266541 Annotatsiya. Ushbu tadqiqotda Oʻzbekistondagi Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari boʻlgan korxonalarning Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi oʻrni, jumladan asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi va oʻsish surʼati kabilar tahlil qilingan. Kalit soʻzlar. Asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi, Maxsus iqtisodiy zonalar, korxonalar, Oʻzbekiston Maxsus iqtisodiy zona (MIZ) bu - tegishli hududni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun chet el investitsiyalari va mahalliy investitsiyalarni, yuqori texnologiyalar hamda boshqaruv tajribasini jalb etish maqsadida maxsus ajratilgan, belgilangan chegaralarga va maxsus huquqiy rejimga ega boʻlgan hudud [1]. Maxsus iqtisodiy zonalarda asosiy eʼtibor investitsiyalarni jalb qilish, eksport qilish va ish oʻrinlarini yaratishga qaratiladi. Dunyo boʻyicha ilk MIZlar Irlandiya (1959-yil), Hindiston (1965-yil), Xitoy (1979-yil) kabi mamlakatlarda tashkil topgan. Jahon erkin zonalari tashkiloti maʼlumotlariga koʻra 2024-yil yakunida dunyo boʻylab taxminan 7 000 dan ortiq MIZlar faoliyat yuritadi. Agar 2019-yildagi Jahon investitsiya hisoboti maʼlumotlariga tayanadigan boʻlsak, oʻsha davrdagi iqtisodiy zonalar taxminan 4 500 tani tashkil qilardi. Demak sal kam oʻn yilda MIZlar 2 500 dan ortiqqa koʻpaygan. Oʻzbekistonda ilk MIZlarni tashkil qilishga boʻlgan harakatlar 1996-yillarda boshlangan. Shu yili birinchi marta iqtisodiy zonalarga oid qonun qabul qilingan. Orada bir qancha muddat mazkur faoliyat boʻyicha turgʻunlik kuzatilgan boʻlsa, ilk tashkil qilingan iqtisodiy zonalar Navoiy (2008-yil), Angren (2012-yil) va Jizzax (2013-yil) iqtisodiy zonalari hisoblanadi. Soʻnggi yillarda, xususan 2017-yildan boshlab, iqtisodiy zonalar faoliyatiga boʻlgan eʼtibor kuchaydi va 2019-yilda yangi tahrirda “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Shuningdek, hozirda Oʻzbekistonda 20 dan ortiq MIZlar faoliyat koʻrsatadi. Shu bilan birga, bugungi kunda MIZlarga oid yangi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Mamlakatlar kesimida tadqiq qilinganda MIZlar mamlakatlarning iqtisodiy oʻsishiga, xususan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, mamlakat eksport salohiyatini oshirishga ijobiy taʼsir qilganini koʻrish mumkin. Pakdeenurit va boshqa olimlarning tadqiqotlariga koʻra dunyo boʻylab MIZlarning muvaffaqiyati yoki saqlanib qolishi bilan bogʻliq boʻlgan sakkizta omil mavjudligi oʻrganilgan. Bu sakkizta omilga mamlakatning joylashuv, makroiqtisodiy holati, sanoatga investitsiyalarni jalb qilishi, investitsiyalar va savdo holati, malaka darajasi va inson resurslarining holati, boshqaruv va xizmat koʻrsatish, hukumat siyosati, qonun va tartibga solish, hukumatning barqarorligi va izchilligi kirishi aniqlangan va shular asosida oʻrganishlar olib borilgan [2]. Rossiyada 2006-2015-yillardagi maʼlumotlari asosida MIZlar boʻyicha olib borilgan tadqiqotda asosiy koʻrsatkichlar sifatida mahalliy firmalar daromadi, foydasi va samaradorligi tanlab olingan. Tadqiqotda MIZlar mahalliy firmalarning daromadi va umumiy ishlab chiqarish INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 389 samaradorligini oshirishi aniqlangan boʻlib, bu orqali bevosita mahalliy iqtisodiyotga ham foyda keltirishini aniqlangan [3]. Mahalliy olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqotda korrelyatsiya va regressiya tahlillari oʻtkazilgan boʻlib, unda MIZlar eksport salohiyati va investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari oʻrganilgan. Unga koʻra MIZlar iqtisodiy oʻsishga xususan, investitsiyalar va eksport hajmi oshishiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi tadqiq qilingan [4]. Ushbu tadqiqotda Oʻzbekiston Respublikasidagi MIZlarning 2018-2023-yillar davomida rivojlanish tendensiyalari va ularning iqtisodiyotga taʼsiri tahlil qilindi. Tahlil uchun maʼlumotlar Milliy Statistika qoʻmitasidan olindi. Unda MIZlarning asosiy kapitalga investitsiyalari yillar kesimida koʻrib chiqildi. Ilk MIZlar 2008-yilda tashkil topgan boʻlsa ham, rasmiy statistikada maʼlumotlar 2018yildan berila boshlangan. Shuningdek, maʼlumotlar MIZlar kesimida emas, hududlar kesimida taqdim qilingan. Agar shu yildan boshlab tahlil qilina boshlansa, 2018-yilda asosiy kapitalga investitsiyalar 124231,3 mlrd. soʻmi tashkil qilgan boʻlsa, 2023-yilda bu qiymat 356071,4 mlrd. soʻmni tashkil qildi. Yaʼni, 2018-2023-yillar oraligʻida asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 2,9 barobarga oshganini koʻrish mumkin (1-rasm). 1-rasm. Asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi (yillik, mlrd. soʻm) Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Milliy Statistika qoʻmitasi maʼlumotlari 2018-2023-yillarda MIZ ishtirokchilari boʻlgan korxonalarning asosiy kapital investitsiyalari hajmi tahlil qilinganida 2018-yilda 1507,6 mlrd. soʻmni tashkil qilgan boʻlsa, 2023-yilda bu qiymat 6269,6 mlrd. soʻmga yetgan. 2018-2023-yillar oraligʻida bu koʻrsatkich 4,2 barobarga oshganini koʻrsatadi (2-rasm). INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 390 2-rasm. MIZ ishtirokchilari boʻlgan korxonalarning asosiy kapital investitsiyalari (yillik, mln. soʻm) Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Milliy Statistika qoʻmitasi maʼlumotlari Lekin MIZlarga jalb qilingan asosiy kapitalga investitsiyalarni butun mamlakat miqyosida tahlil qilinganda 2018-yilda jami investitsiyalarga nisbatan 1,21 foizni tashkil qilgan boʻlsa, 2019-yilda 1,69 foizni, 2020-yilda 1,89 foizni, 2021-yilda 1,39 foizni, 2022-yilda 1,40 foizni, 2023-yilda 1,76 foizni tashkil qilgan. Koʻrinib turibdiki, MIZlar muvaffaqiyatga erishgan boshqa mamlakatlar bilan solishtirganda, Oʻzbekistondagi MIZlar hissasiga juda kam investitsiyalar hajmi toʻgʻri kelyapti. "Oʻzbekiston — 2030" strategiyasi doirasida ham MIZni rivojlantirish boʻyicha loyihalar mavjud boʻlib, unda dunyoning 50 ta nufuzli brendlari bilan hamkorlikda MIZlarni tashkil etish rejalashtirilgan. Bu chora-tadbirlar mamlakatda yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan. Shuningdek, strategiyada eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar hajmini 3,3 barobar oshirish, xalqaro standartlar joriy qilingan korxonalar sonini 10 barobarga koʻpaytirish kabi maqsadlar belgilangan boʻlib, MIZlar orqali amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Shuningdek, strategiyada iqtisodiyotda nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish, davlat ulushi mavjud korxonalar sonini 6 barobarga kamaytirish kabi chora-tadbirlar ham nazarda tutilgan boʻlib, bu jarayonda MIZlar muhim rol oʻynashi kutilyapti [5]. Shuningdek, 2025-yilda MIZlarni rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari belgilangan. Unda MIZlarda 2,3 milliard AQSh dollari miqdoridagi investitsiyalarni oʻzlashtirish, eksport hajmini 1 milliard AQSh dollariga yetkazish, ishlab chiqarish hajmini 4,3 milliard AQSh dollariga teng miqdorda taʼminlash va 12 mingta yangi doimiy ish oʻrinlarini yaratish, sanoat zonalarida 800 million AQSh dollari miqdoridagi investitsiyalarni oʻzlashtirish, eksport hajmini 512,2 million AQSH dollariga yetkazish, ishlab chiqarish hajmini 1,8 milliard AQSH dollariga teng miqdorda taʼminlash va 17 mingta yangi doimiy ish oʻrinlarini yaratish belgilangan [6]. Koʻrinib turibdiki, mamlakatda iqtisodiy oʻsishga erishish uchun kelajakda MIZlar faoliyatidan samarali foydalanish koʻzda tutilgan va bu borada bir qancha rejalar mavjud. Buning INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 391 uchun, MIZlar faoliyatida ijobiy natijalarga erishgan mamlakatlar tajribasidan foydalanish maqsadga muvofiq boʻladi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1. Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni. 17.02.2020 yildagi OʻRQ-604-son — “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”. https://lex.uz/uz/docs/4737511 2. Pakdeenurit, P., Suthikarnnarunai, N., Rattanawong, W. Location and Key Success Factors of Special Economic Zone in Thailand // Marketing and Branding Research. – 2017. – T. 4. – B. 169–178. https://ssrn.com/abstract=3343302 3. Dubinina, E. Impact of special economic zones on domestic market: Evidence from Russia // Post-Communist Economies. – 2023. – T. 35. – № 1. – B. 82–99. https://www.cergeei.cz/master-theses/dubinina-evgeniya 4. Norimov, I. The role of free economic zones in the economic growth of Uzbekistan: a case study of the South Korean experience // Journal of Contemporary Business Law & Technology: Cyber Law, Blockchain, and Legal Innovations. – 2024. – T. 1. – № 7. – B. 70– 95. https://doi.org/10.61796/ejcblt.v1i7.861 5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni. 11.09.2023 yildagi PF-158-son — “O‘zbekiston — 2030 strategiyasi to‘g‘risida”. https://lex.uz/ru/docs/6600413 6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni. 04.03.2025 yildagi PF-41-son — “Maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”. https://lex.uz/uz/docs/7420262