scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

KORPORATIV BOSHQARUVDA KPI TIZIMINI JORIY ETISHNI TAKOMILLASHTIRISH (KON-METALLURGIYA KORXONALARI MISOLIDA)

Ergashov Botirjon Ergashovich

Abstract

Mazkur tezisda korporativ boshqaruv samaradorligini oshirishda KPI (Key Performance Indicators – asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari) tizimini joriy etish va uni takomillashtirish masalalari Kon-metallurgiya korxonalari misolida tahlil qilingan. Tadqiqotda KPI tizimining nazariy asoslari hamda amaliy qo‘llanilishi o‘rganilib, korporativ boshqaruv jarayonlarida uning tutgan o‘rni yoritilgan. Kon-metallurgiya sohasi iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri hisoblanadi va bunda samarali boshqaruv usullarini joriy etish ishlab chiqarish natijalari, eksport hajmi hamda korxona raqobatbardoshligini belgilab beradi. Shu bois KPI tizimi samaradorlikni baholash, xodimlar faoliyatini rag‘batlantirish va qarorlar qabul qilishda muhim vosita sifatida ko‘rilmoqda.

Full text

INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 406 KORPORATIV BOSHQARUVDA KPI TIZIMINI JORIY ETISHNI TAKOMILLASHTIRISH (KON-METALLURGIYA KORXONALARI MISOLIDA) Ergashov Botirjon Ergashovich “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatida iqtisodchi xodim https://doi.org/10.5281/zenodo.17266604 Annotatsiya. Mazkur tezisda korporativ boshqaruv samaradorligini oshirishda KPI (Key Performance Indicators – asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari) tizimini joriy etish va uni takomillashtirish masalalari Kon-metallurgiya korxonalari misolida tahlil qilingan. Tadqiqotda KPI tizimining nazariy asoslari hamda amaliy qo‘llanilishi o‘rganilib, korporativ boshqaruv jarayonlarida uning tutgan o‘rni yoritilgan. Kon-metallurgiya sohasi iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri hisoblanadi va bunda samarali boshqaruv usullarini joriy etish ishlab chiqarish natijalari, eksport hajmi hamda korxona raqobatbardoshligini belgilab beradi. Shu bois KPI tizimi samaradorlikni baholash, xodimlar faoliyatini rag‘batlantirish va qarorlar qabul qilishda muhim vosita sifatida ko‘rilmoqda. Kalit soʻzlar: Korporativ boshqaruv, KPI, samaradorlik, kon-metallurgiya, strategik boshqaruv, ishlab chiqarish hajmi, resurslardan foydalanish, moliyaviy barqarorlik, mehnat unumdorligi, tannarx, monitoring, rag‘batlantirish, innovatsiya. Zamonaviy sharoitda korxonalarda korporativ boshqaruv tizimini samarali tashkil etish iqtisodiy barqarorlik va raqobatbardoshlikni ta’minlashning muhim omillaridan biri sifatida qaralmoqda. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, yirik sanoat tarmoqlarida, xususan, konmetallurgiya sohasi korxonalarida boshqaruv tizimini takomillashtirish, faoliyat samaradorligini oshirish va natijalarni aniq baholash uchun zamonaviy mexanizmlardan foydalanish zarur. Shu nuqtai nazardan KPI tizimini joriy etish va uni takomillashtirish masalasi alohida dolzarblik kasb etmoqda. KPI – asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari tizimi – korporativ boshqaruv jarayonlarini samarali nazorat qilish, xodimlarning faoliyatini baholash hamda korxona natijadorligini oshirish uchun qo‘llaniladigan universal vosita hisoblanadi. O‘zbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, korxonalarda korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar kon-metallurgiya sohasida ham keng tatbiq etilmoqda. Bu tarmoq mamlakat iqtisodiy salohiyatini belgilovchi, eksport hajmida sezilarli ulushga ega bo‘lgan strategik ahamiyatga ega sohaga kiradi. Shunday sharoitda, korporativ boshqaruvning samarali yo‘lga qo‘yilishi nafaqat korxonaning moliyaviy ko‘rsatkichlariga, balki uning barqaror rivojlanishiga ham xizmat qiladi. KPI tizimini qo‘llash orqali korxonalarda faoliyatni o‘lchash, natijalarni monitoring qilish va muammolarni aniqlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Korporativ boshqaruv amaliyotida KPI tizimining joriy etilishi boshqaruv jarayonlariga aniq mezonlarni kiritish, ularni sifatli monitoring qilish va strategik maqsadlarga erishish imkoniyatini kengaytiradi. Chunki KPI nafaqat moliyaviy natijalarni, balki ishlab chiqarish hajmini, resurslardan foydalanish samaradorligini, inson kapitalining rivojlanishini, innovatsion jarayonlarning samaradorligini ham baholashga yordam beradi. Bu esa kon-metallurgiya kabi yirik ishlab chiqarish tarmoqlarida juda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur tizimning afzalligi INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 407 shundaki, u faoliyatni baholashda umumiy yondashuvdan qochib, aniq natijaga yo‘naltirilgan indikatorlar asosida ishlaydi. Shu bilan birga, u xodimlarning ish faoliyatini shaffof baholash va samarali rag‘batlantirish imkonini beradi. Shu bilan birga, amaliyotda KPI tizimini joriy etish jarayonida qator muammolar ham kuzatilmoqda. Jumladan, ayrim korxonalarda KPI ko‘rsatkichlari aniq belgilab olinmagan yoki faqatgina moliyaviy natijalarga qaratilgan bo‘ladi. Bunday yondashuv esa tizimning to‘liq samaradorligini pasaytiradi. Shuningdek, ko‘rsatkichlarni noto‘g‘ri tanlash yoki ularni nazorat qilish mexanizmlarining yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi korxona boshqaruvida qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Bu holat KPI tizimini to‘g‘ri tashkil etish va uni doimiy ravishda takomillashtirib borish zarurligini ko‘rsatadi. Kon-metallurgiya korxonalari o‘z faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlariga ega bo‘lib, unda ishlab chiqarish jarayonlarining uzluksizligi, resurslardan samarali foydalanish, texnologik yangilanishlar, ekologik omillar va xalqaro standartlarga moslashish muhim hisoblanadi. Shu sababli KPI tizimini joriy etishda ushbu jihatlarni inobatga olish talab etiladi. Masalan, ishlab chiqarish samaradorligi, tannarxni pasaytirish, mahsulot sifati va eksport salohiyati kabi ko‘rsatkichlar kon-metallurgiya sohasi uchun eng muhim indikatorlar qatoriga kiradi. Shu bilan birga, xodimlarning malakasini oshirish, mehnat unumdorligini ko‘tarish va xavfsizlik talablariga rioya etish ham KPI ko‘rsatkichlari orqali muntazam nazorat qilinishi lozim. Kon-metallurgiya korxonalarida KPI tizimini takomillashtirishda bir nechta yo‘nalishlar muhim ahamiyatga ega. Birinchidan, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan ko‘rsatkichlarni aniqlash va ularni muntazam monitoring qilish zarur. Ikkinchidan, moliyaviy natijalarni baholash ko‘rsatkichlarini xalqaro standartlarga moslashtirish orqali investorlar uchun shaffof hisobot taqdim etish mumkin. Uchinchidan, inson resurslarini boshqarish va xodimlarni rag‘batlantirish mexanizmlarini kuchaytirish KPI tizimining samaradorligini oshiradi. To‘rtinchidan, ekologik xavfsizlik va barqaror rivojlanish talablari KPI tizimida alohida o‘rin tutishi kerak, chunki kon-metallurgiya ishlab chiqarishlari atrof-muhitga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Kon-metallurgiya korxonalarida KPI tizimini takomillashtirish usullarini quyidagi jadvalda tahlil qilib, batafsil ko‘rib chiqamiz (1-jadval): 1-jadval Kon-metallurgiya korxonalarida KPI tizimini takomillashtirish usullari 1 Yo‘nalish Hozirgi holatdagi muammolar Takomillashtirish usullari Kutilayotgan natija Ishlab chiqarish samaradorligi Ko‘rsatkichlar faqat umumiy ishlab chiqarish hajmiga yo‘naltirilgan, tannarx va resurslardan foydalanish samaradorligi inobatga olinmagan Resurslardan foydalanish ko‘rsatkichlarini qo‘shish, tannarxni kamaytirishga yo‘naltirilgan KPI joriy qilish Ishlab chiqarish xarajatlari kamayadi, resurslardan oqilona foydalanish ta’minlanadi Moliyaviy natijalar Moliyaviy ko‘rsatkichlar xalqaro standartlarga to‘liq mos kelmaydi, investorlarga shaffoflik yetarli emas Xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (IFRS) mos KPI ishlab chiqish, moliyaviy oqimlarni tahlil qilish Investorlar ishonchi ortadi, moliyaviy shaffoflik ta’minlanadi Inson Xodimlar faqat ishlab Mehnat unumdorligi, Xodimlarning 1 Muallif tomonidan tayyorlangan INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 408 resurslari chiqarish hajmiga qarab baholanadi, motivatsiya yetarli emas malaka oshirish, xavfsizlikka rioya qilish kabi KPIlarni joriy qilish qoniqishi oshadi, malaka va unumdorlik kuchayadi Innovatsion faoliyat Innovatsiyalar samaradorligi ko‘rsatkichlari mavjud emas Yangi texnologiyalarni joriy etish, patentlar va ilmiy ishlanmalar asosida KPI ishlab chiqish Innovatsion rivojlanish tezlashadi, raqobatbardoshlik kuchayadi Ekologik barqarorlik Ekologik talablar KPIda yetarlicha aks etmagan Atmosfera chiqindilari, chiqindi suvlar va energiya samaradorligiga oid KPI joriy qilish Atrof-muhitga zarar kamayadi, ekologik barqarorlik ta’minlanadi Yuqoridagi jadvaldan ko‘rinib turibdiki, KPI tizimini takomillashtirish kon-metallurgiya korxonalarida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, moliyaviy shaffoflikni ta’minlash, inson resurslarini samarali boshqarish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va ekologik barqarorlikni mustahkamlashni o‘z ichiga oladi. Bunda faqat ishlab chiqarish hajmini emas, balki tannarxni kamaytirish va resurslardan oqilona foydalanishni baholovchi ko‘rsatkichlar muhim ahamiyat kasb etadi. Moliyaviy ko‘rsatkichlarni xalqaro standartlarga moslashtirish investorlar ishonchini oshirib, xorijiy kapital jalb qilish imkoniyatini kengaytiradi. Xodimlarni faqat ishlab chiqarish hajmiga qarab emas, balki mehnat unumdorligi, malaka oshirish va xavfsizlikka rioya qilish kabi qo‘shimcha mezonlar asosida baholash motivatsiyani oshiradi. Shu bilan birga, patentlar, yangi texnologiyalar va ilmiy loyihalar asosida innovatsion faoliyatni baholash raqobatbardoshlikni kuchaytiradi. Ekologik ko‘rsatkichlarni KPI tizimiga kiritish esa chiqindilarni kamaytirish va energiya samaradorligini oshirish orqali xalqaro ekologik standartlarga moslashishni ta’minlaydi. O‘zbekiston sharoitida kon-metallurgiya korxonalarida KPI tizimi orqali ishlab chiqarish jarayonlari, moliyaviy ko‘rsatkichlar, resurslardan foydalanish, inson kapitalini boshqarish va innovatsion rivojlanishni baholash imkoniyatlari mavjud. Biroq, amaliyotda uni joriy etishda qator muammolar kuzatilmoqda. Ushbu muammolarning asosiy sabablari tizimli yondashuvning yetarli emasligi, korporativ boshqaruvda zamonaviy boshqaruv texnologiyalaridan foydalanish darajasining pastligi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmasligi bilan bog‘liq. Shuningdek, xodimlar va menejerlarning KPI tizimi mohiyatini to‘liq tushunmasligi, ko‘rsatkichlarni aniqlashda subyektivlik va resurslar yetishmasligi kabi omillar ham mavjud. Kon-metallurgiya korxonalari o‘zining murakkab ishlab chiqarish jarayonlari, resurslarga bo‘lgan yuqori talab va global raqobat sharoitida faoliyat yuritishi tufayli KPI tizimini samarali tatbiq etishda alohida yondashuvni talab qiladi. O‘zbekiston sharoitida KPI tizimini joriy etishda kon-metallurgiya korxonalari duch kelayotgan asosiy muammolar quyidagi jadvalda ko‘rib chiqamiz (2-jadval): INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 409 2-jadval O‘zbekistonda kon-metallurgiya korxonalarida KPI tizimini joriy etish muammolari 2 № Muammo tavsifi Namoyon bo‘lish sabablari Oqibatlari 1 KPI ko‘rsatkichlarini noto‘g‘ri tanlash Korxona xususiyatlari va strategik maqsadlari hisobga olinmasligi Noto‘g‘ri baholash va noto‘g‘ri qarorlar qabul qilinishi 2 Menejer va xodimlarda bilim yetishmasligi KPI tizimi bo‘yicha trening va tajriba yetarli emas KPI mohiyatini noto‘g‘ri tushunish va samaradorlikning pasayishi 3 Axborot texnologiyalari yetarli emasligi Avtomatlashtirilgan monitoring tizimlarining kamligi KPI ma’lumotlarini to‘liq va tezkor yig‘ish imkoniyati cheklanishi 4 Moliyaviy resurslar yetishmasligi Investitsiya va mablag‘lar cheklanganligi KPI tizimini to‘liq joriy eta olmaslik 5 Subyektivlik omili Rahbarlarning shaxsiy qarashlari asosida KPI belgilanishi Xolis baholashning buzilishi 6 Qarshilik ko‘rsatish Xodimlar yangi tizimni qabul qilmasligi Motivatsiya pasayishi va ishdan norozilik 7 Uzoq muddatli maqsadlarning yetarli hisobga olinmasligi Asosan qisqa muddatli moliyaviy natijalarga e’tibor qaratilishi Barqaror rivojlanishning cheklanishi Ushbu jadval tahlilidan ko‘rinadiki, O‘zbekistonning kon-metallurgiya korxonalarida KPI tizimini joriy etishda asosiy muammolar ko‘rsatkichlarni noto‘g‘ri tanlash, xodim va menejerlarning bilim yetishmasligi, axborot texnologiyalari infratuzilmasining rivojlanmaganligi, moliyaviy resurslarning cheklanganligi hamda subyektiv yondashuv va qarshilik ko‘rsatish kabi omillar bilan bog‘liq. Bu holatlar boshqaruv samaradorligini pasaytirib, motivatsiya susayishiga va strategik rivojlanishga to‘sqinlik qilmoqda. Shu bois tizimni samarali qo‘llash uchun indikatorlarni korxona maqsadlariga moslashtirish, xodimlarni muntazam o‘qitish, IT infratuzilmasini rivojlantirish va xolis baholash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish zarur. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, korporativ boshqaruvda KPI tizimini joriy etish konmetallurgiya korxonalari misolida o‘rganilganda, bu tizim samaradorlikni oshirish, boshqaruv jarayonlarini optimallashtirish va korxonalarning barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim vosita ekanligi aniqlandi. KPI ko‘rsatkichlari nafaqat ishlab chiqarish natijalarini baholash, balki strategik maqsadlarga erishish yo‘lida rahbariyat va xodimlar faoliyatini muvofiqlashtirish imkonini beradi. Shu bois, KPI tizimini takomillashtirish orqali kon-metallurgiya korxonalarining raqobatbardoshligini oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va korporativ boshqaruvning shaffofligini ta’minlash mumkin. Maqola doirasida bir qator takliflar ishlab chiqildi. Birinchidan, KPI tizimini joriy etishda xalqaro tajribaga asoslangan metodologik yondashuvlarni ishlab chiqish va ularni mahalliy sharoitga moslashtirish zarur. Ikkinchidan, natijalarni kuzatish va tahlil qilishda raqamli texnologiyalarni keng qo‘llash samaradorlikni oshiradi. Uchinchi muhim taklif, KPI 2 Muallif tomonidan tayyorlangan INTERNATIONAL SYMPOSIUM “ADVANCED RESEARCH IN ECONOMICS AND BUSINESS MANAGEMENT”, SEPTEMBER 19, 2025 410 ko‘rsatkichlarini xodimlarning rag‘batlantirish mexanizmlari bilan uzviy bog‘lashdir. Bundan tashqari, KPI tizimini muntazam monitoring qilish va strategik boshqaruv qarorlari bilan uyg‘unlashtirish korxonalar faoliyatini yanada samarali qiladi. Umuman olganda, KPI tizimini takomillashtirish O‘zbekistonning kon-metallurgiya korxonalarida korporativ boshqaruv sifatini oshiradi, iqtisodiy samaradorlikni kuchaytiradi va sanoat tarmog‘ining global raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qiladi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1. O‘zbekiston Respublikasi Korporativ boshqaruv kodeksi - Toshkent: G‘afur G‘ulom nashriyot uyi 2015.- 10 b.; 2. O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 29-martdagi “Korporativ boshqaruv tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-760-sonli Qonuni; 3. O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 18-yanvardagi “Korporativ boshqaruv tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-814-sonli Qonuni; 4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentabrdagi “Korporativ, loyiha boshqaruvi sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3930-sonli Qarori; 5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 24-apreldagi “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF4720-sonli Farmoni; 6. Ashurov Z.A., Jalilov F.A., Urinov B.N. Zamonaviy korporativ boshqaruv (xorijiy tajriba). Oʻquv qoʻllanma. – T.: "Innovatsion rivojlanish nashriyot-matbaa uyi”, 2021. - 246 b. 7. O‘rmonov N.T., Ismailov A.R. Korporativ boshqaruv: prinsiplar, siyosat va amaliyot. O‘quv qo‘llanma. - T.: “IQTISODIYOT”, 2019. - 256 bet. 8. Xodiev B., Karlibaeva R., Amonboev M., Akramova N., Toshxodjaev M. Korporativ boshqaruv. // O‘quv qo‘llanma. –T.: 2010. –B. 315. 9. Xashimov A.A. Korporativ boshkaruv shaklidagi tuzilmarning rivojlanish istiqbollari. –T.: Fan. 2003, 111-b. 10. Xamidulin M.B. – Korporativ madaniyat va korporativ boshqaruv.- T.: Akademiya, 2007. - 224 b. 11. Suyunov D.X. Korporativ boshqaruv modellari: konseptual jihatlar, zamonaviy tendensiyalar va konvergensiya imkoniyatlari. “Iqtisodiyot va innovatsion texnologiyalar” ilmiy elektron jurnali. № 4, iyul-avgust, 2017 yil. 12. Muminova E.A. Korporativ boshqaruv asosidagi korxonalarda modernizatsiyalash jarayonlarini amalga oshirish xususiyatlari. “Iqtisodiyot va innovatsion texnologiyalar” ilmiy elektron jurnali. № 6, noyabr-dekabr, 2020 yil.