scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

ISLOMGACHA VA ISLOM DINI BILAN BOG'LIQ TARIXIY SHAXSLAR OBRAZI

Eshonqulova Surayyo Isomiddinovna

Full text

12 ISLOMGACHA VA ISLOM DINI BILAN BOG‘LIQ TARIXIY SHAXSLAR OBRAZI Eshonqulova Surayyo Isomiddinovna Alfraganus universiteti, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent, [email protected], DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17268091 Annotatsiya. Mazkur maqolada o‘zbek mumtoz adabiyotida tarixiy shaxslar obrazi tasviri tadqiq etilgan. Islomgacha bo‘lgan davr bilan bog‘liq tarixiy shaxslar obrazi va islom dini bilan bog‘liq tarixiy shaxslar obrazi ijodkorlar asarlarida muyyan ma’no va mohiyat kasb etganligi tahlil etilgan. Kalit so‘zlar: Badiiy adabiyot, islomgacha bo‘lgan davr , islom dini, tarixiy shaxs, obraz. Аннотация. В данной статье исследуется изображение образов исторических личностей в узбекской классической литературе. Анализируется, что образы исторических личностей, связанных с доисламским периодом, а также с исламской религией, в произведениях творцов приобрели определённый смысл и значение. Ключевые слова: Художественная литература, доисламский период, исламская религия, историческая личность, образ. Abstract. This article examines the depiction of historical figures in Uzbek classical literature. It analyzes how the images of historical figures associated with the pre-Islamic period as well as with the Islamic religion acquired specific meaning and significance in the works of authors. Keywords: Fiction (or Literary works), Pre-Islamic period, Islamic religion, historical figure, image (or Character). Tarix va adabiyot bir-biriga chambarchas bog‘liq. Zero, ular biri ikkinchisini to‘ldirib, jamiyat manfaatlariga xizmat qiladi. Tarix muayyan makon va zamon, ma’lum shaxslar hayoti bilan bog‘liq voqealar haqidagi real ma’lumotlarni o‘zida mujassam etsa, badiiy adabiyotning vazifasi o‘zgacharoq. Chunonchi, badiiy adabiyot muayyan tarixiy hodisa yoki shaxslar kechmishini badiiy jihatdan sayqallab, ohorli tashbeh va metaforalar orqali tasvirlaydi. Ijodkor asarida tarixiy jarayon va tarixiy shaxs faoliyati bilan bog‘liq tasvirlarda o‘ta mubolag‘ali chizgilardan ham foydalanishi mumkin. Natijada tasvir obyekti bo‘lgan hodisaning o‘quvchi ongi va shuuriga ta’sir kuchi bir necha barobar oshadi, tarixiy shaxs obraziga nisbatan ijobiy yoki salbiy fikr shakllanishiga zamin yaratiladi. Shu ma’noda, badiiy adabiyotda tarixiy shaxslar obrazi tasviri ijodkorning qaysi rakursdan yondashishiga qarab, kelgusida o‘quvchi tasavvurida yaxshilik yoki yomonlik, saxiylik yoki baxillik, mardlik yoki nomardlik timsoliga, ijodkor orzu-istaklarining ifodachisiga aylanishi mumkin. 13 O‘zbek mumtoz adabiyotida tarixiy shaxslar obrazi tasviri jihatidan boy tajriba to‘plangan. Biz ularni muayyan o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olib, shartli ravishda quyidagicha tasniflashimiz mumkin: 1. Islomgacha bo‘lgan davr bilan bog‘liq tarixiy shaxslar obrazi; 2. Islom dini bilan bog‘liq tarixiy shaxslar obrazi. Bu tipdagi obrazlar barcha zamonlar ijodkorlari asarlaridan o‘rin olib, muyyan ma’no va mohiyat kasb etgan. Bunday tarixiy shaxslar obraziga duch kelinganda, odatda, u bilan bog‘liq tarixiy voqelik o‘quvchining ko‘z o‘ngida gavdalanadi. Shu bois asarda muayyan tarixiy shaxs nomining zikr etilishi zamirida ijodkorning aniq maqsadi aks etadi. Bu maqsad aksar hollarda ijodkor yashagan davr muammolari bilan yoki uning adabiy-estetik ideali bilan bog‘liq bo‘ladi. Birinchi guruhdagi obrazlarni yana tarixiy va sinkretik obrazlar guruhiga ham bo‘lish mumkin. Masalan, Afrosiyob, Xizr kabi obrazlar ayrim manbalarda tarixiy shaxs sifatida ko‘rsatilsa, ayrimlarida mifik obraz sifatida qayd etiladi. Mazkur tasnifga ko‘ra, turkiy xalqlarning islomgacha bo‘lgan davrda yorqin iz qoldirgan tarixiy shaxslardan Kultegin, Bilga xoqon, To‘nyuquq kabilarning shaxsini tasvirlashga bag‘ishlangan qimmatli manbalar sifatida bitiktoshlarni qayd qilish mumkin. Shuningdek, Alp Er To‘nga, O‘g‘uzxon haqidagi, turkiy xalqlarning tarqalish tarixi bilan chambarchas bog‘liq Arkanaqun, Alanquva voqealari bilan bog‘liq tarixiy voqeliklar tarixiylikdan ko‘ra, badiiy bo‘yoqlarga boy tarzda ifodalangani kuzatiladi. Xususan, Islomdan keyingi davrlarda yaratilgan tarixiy asarlarda turkiy xalqlar tarixiga oid qaydlar, jumladan, O‘g‘uzxon, Alanquva hayotiga oid ma’lumotlar, Arkanaqun voqeasi turli xil shakllarda saqlanib qolgan [2:3-14]. Jumladan, Ollomurod Annaboy o‘g‘lining „O‘g‘uz, Alanquva va Shayboniynoma“ (XVII asr) asari uch qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismida O‘g‘uzxon, Alanquvadan Chingizxongacha bo‘lgan voqealar tasviri, ikkinchi qismda Qo‘ng‘irot urug‘ining ajdodlari, uchinchi qismda esa Shayboniyxon tarixi yoritilgan. Asar boshida Nuh voqeasidan boshlab turkiy xalqlarning shajarasi, ularning shakllanishi bilan birga Chingizxongacha bo‘lgan voqealar bayon qilingan [12:99]. Shermuhammad Munisning „Firdavs ul-iqbol“ asari Xiva xonlari tarixiga bag‘ishlangan. Asar turkiy xalqlarning bobosi sanalmish Yofas tarixidan boshlanib Olloqulixon davrigacha bo‘lgan voqealarni o‘z ichiga qamrab olgan [16:259]. Muhammad Yusuf Bayoniyning „Shajarayi Xorazmshohiy“ asari ham Munis asari singari an’anaviy tarzda Odam alayhissalomdan Yofasgacha bo‘lgan voqealar bayoni qisqacha berilib, keyin 1913 yilgacha bo‘lgan voqealar tarixi bitiladi [10:509]. Muhammad Sharif bin Muhammad Naqining „Toj ut-tavorix“ asari Buxoro hukmdori Amir Haydarga bag‘ishlangan. Asarda dastlab mang‘itlar sulolasi 14 tarixining O‘g‘uzxondan boshlanishi yoziladi. Keyin turkiy xalqlarning tarqalishi, Chingizxon va shayboniylar tarixi yoritilgan [9:536]. „Habib us-siyar“ asarida ketma-ket dunyo tarixida iz qoldirgan sulolalar, Eron podsholari, Muhammad payg‘ambar va uning safdoshlari, xalifalar, Chingizxon avlodlari, temuriylar, o‘zbek xonlari va nihoyat safaviylar tarixi yoritiladi [4:935]. Mazkur asarlar tarixiy mavzuda bo‘lishi bilan birga badiiy bo‘yoqlarga boyligi bilan ham alohida ahamiyatga ega. Ularda tarixiy shaxslar haqidagi ma’lumotlar poetik tasvir vositalari orqali mubolag‘ali tasvirlanadi. Bu hol, avvalo, mualliflar o‘z asarining o‘quvchi uchun zerikarli bo‘lib qolmasligi uchun voqealar tasvirini badiiylashtirgani bilan izohlanadi. Bunday usul asarning ta’sir kuchini oshiradi, natijada tarixiy shaxslar o‘quvchi uchun buyuklik, qudrat, jasorat timsoli sifatida namoyon bo‘ladi. Bu hol XX asrgacha bo‘lgan Sharq xalqlari tarixnavisligiga xos bo‘lgan muhim jihatdir. Shu bois bu turdagi manbalarga o‘z davridayoq Ibn Sino, Forobiy, F.Rouzental, V.V.Bartoldlar adabiy-tarixiy asarlar sifatida baho bergan [8:34]. Prof. N.Jabborov va N.Shodmonovlar Ogahiyning tarixiy mavzudagi asarlarini tadqiq qilar ekanlar, ularning badiiy-tarixiy nasr namunasi ekanini dalillaydilar [5:34]. Shu asosga ko‘ra, aytish mumkinki, mazkur tipdagi manbalar ta’sirida tarixiy shaxslar bilan bog‘liq haqiqatlar kelgusi avlodlarga badiiy shaklda yetib kelgan. Ularning aksar namunalari shu darajada yuksak badiiyat bilan yozilganki, hatto bu hol shu tipdagi asarlarda tarixiy shaxslarga oid ma’lumotlar haqiqat sifatida qabul etilishiga monelik qilgan. Mazkur adabiy yodgorliklarda tarixiy shaxslar obrazi ilk bor o‘ziga xos talqin etilgani kuzatiladi. Shuningdek, Turon va Eron xalqlari o‘rtasida tarqalgan tarixiy-badiiy asarlarda Alp Er To‘nga – Afrosiyob turkiy xalqlar faxri sanalsa, eroniylar uchun bosqinchi timsolida gavdalanadi. Chunonchi, A.Abdurahmonov Alp Er To‘ngaga oid ma’lumotlar „Avesto“dan oldingi manbalarda ham uchrashini qayd etib, mana bunday yozadi: „Alp Er To‘nga – Afrosiyob mavzusida yaratilgan asarlar turkiy hamda fors-tojik adabiyotida katta sahifani tashkil etadi. Afrosiyob obrazi fors-tojik adabiyotida yanada keng yoritilgandir. Firdavsiyning „Shohnoma“, Atoiyning „Shohnoma“ga o‘xshatma tarzida bitilgan „Barzunoma“ dostonida ham Afrosiyob ruhiy kechinmalari butun murakkabligi bilan ko‘rsatilgan. Tarixchi Mirxond (XV asr)ning 7 qismdan iborat „Ravzat us-safo“ kitobining birinchi qismida ham Afrosiyob tasviriga o‘rin berilgan. Demak, Alp Er To‘nga – Afrosiyob obrazi XV asr davomida tarixchi, shoir va yozuvchilar, hatto keyingi asrlarda tadqiqotchilarning bu qadar e’tiborini tortganligining boisi nimada? Shubhasiz, bu masalaning yagona va aniq javobi shunday: Alp Er To‘nga – Afrosiyobni qadimgi turkiy xalqlarning 15 qahramoni, hukmdori deb kifoyalanish masalaning mohiyatini ochmaydi. Turkiy xalqlarga xos bahodirlik, mardlik, donolik, zukkolik, davlatni adolat bilan boshqarish, turkiy qavmlarni birlashtirish siyosati Alp Er To‘nga – Afrosiyob obrazi yaratilgan asarlar g‘oyasida mujassamligidadir“ [1:68-77]. A.Hayitmetov „Devonu lug‘atit turk“ asaridagi Afrosiyob hayotiga oid she’riy parchalarda lirik qahramoni hayotni, mehnatni sevuvchi, ma’rifatga intiluvchi, o‘z baxti uchun aktiv kurashuvchi kishidir. Qadimgi turkiy lirik poeziyaning ijtimoiysiyosiy ideali shunday. Uning qahramoni o‘z xalqining o‘y-fikri, g‘am-tashvishi bilan yashaydi“ [15:146-147]. Olimning bu mulohazalari tarixiy shaxs obrazining genetik kurtaklari turkiy adabiyotning ilk namunalariga borib ulanishini ko‘rsatadi. O‘g‘uzxonga oid asarlar ham bu fikrni tasdiqlaydi. Bu obraz Rashididdinning „Jome’ ut-tavorix“, Ulug‘bekning „To‘rt ulus tarixi“, Abulg‘oziy Bahodirxonning „Shajarai turk“ asarlarida uchrashi bilan birga „O‘g‘uznoma“ dostoni va unga o‘xshash asarlarda ham o‘z aksini topgan. Ularda O‘g‘uzxon uzoq vaqt hukmdorlik qilib, turkiy xalqlarni adolat bilan boshqargan shaxs sifatida tasvirlanadi. Islomdan keyingi davrlardagi manbalarda uni musulmon hukmdor bo‘lgan deyiladi [1:68-77]. A.Abdurahmonovning yozishicha, „Qoraxon bir o‘g‘il ko‘radi. U g‘oyat chiroyli bola edi. Lekin sira onasining sutini emmasdi. Bir kuni onasi tush ko‘rdi. Tushida go‘dak onasiga shunday iltijo qilar edi: – Ey ona, to sen musulmon bo‘lmas ekansan va Xudoyi taolo yagonaligiga iymon keltirmas ekansan, haqparast bo‘lmas ekansan, men sening sutingni emmasman. Ona go‘dakning aytganini qildi. Xudoning yagonaligini tan oldi. Go‘dak esa onasini ema boshladi. Bolaning dili Ollohga muhabbat bilan to‘lgan edi. Bir yoshida xushsurat farzandga aylandi. Qoraxon bola beshikda nur sochib yotganini ko‘rib shodlandi. O‘sha davrdagi urf-odatga ko‘ra, fanzandga ism bir yoshga to‘lganida berilar edi. Qoraxon xotiniga „O‘g‘limiz bir yashar bo‘ldi. Unga qanday ism qo‘yamiz?“deb maslahat solgan edi, beshikdagi go‘dak shirin ovozda tilga kirdi: – Mening nomim O‘g‘uzdir“ [1:68-69]. Bundan keyingi voqealar bayoni uning balog‘atga yetishi, iymonli qizga uylanishi, hukumatni qo‘lga olishi, turkiy xalqlar yashaydigan katta mintaqani birlashtirgani, 73 yil davomida adolat bilan hukumatni boshqargani bilan bog‘liq tarzda kechadi. Bu iqtibosda O‘g‘uzxon shaxsiyati ideallashtirilgan: bu bilan unga bo‘lgan ishonchni oshirish, uning shaxsiyati atrofida barcha turkiy xalqlarni birlashtirish 16 g‘oyasi ilgari surilgan. Buning uchun uning islomga e’tiqod qiluvchi hukmdor ekaniga urg‘u berilgan. O‘zbek adabiyotidan mustahkam o‘rin olgan tarixiy shaxslar obrazi islom dini bilan bog‘liq. Islom dini O‘rta Osiyoga kirib kelishi bilan uning targ‘ib etuvchi mafkura tarixiy va badiiy adabiyotda barqarorlashdi. Dastlab yagona xalifalik bayrog‘i ostida bo‘lgan turli millat va mintaqa vakillari klassik islom aqidalari targ‘ibiga ahamiyat berdilar. Keyinchalik, dindagi bo‘linishlar oqibatida ahli sunna va shia mazhabi vakillari Muhammad payg‘ambar, xulafoi roshidin va ulardan keyingi xalifalar faoliyatiga doir voqealar, ularning shaxsiyatini tasvirlashga turlicha yondashdilar. Chunonchi, ilk davrlarda Muhammad payg‘ambar va xulafoi roshidin faoliyatiga dindagi bo‘linishlarga qadar islom diniga e’tiqod qiluvchilarning barchasi tomonidan birdek baho berilgan bo‘lsa, keyinchalik shia mazhabi vakillari tomonidan ba’zi hollarda Hazrat Ali faoliyatiga yuqoriroq o‘rin berila boshlagan [8:3-4]. Bu davr adabiyotida shakllangan qonuniyat sifatida adabiy hamda tarixiy asarlarda an’anaviy hamdu na’tdan keyin kitobning yozilish sabablari bayon etilgan. Shundan so‘nggina asosiy qismga kirishilgan. Bunda, avvalo, Odam Atodan Nuh payg‘ambar avlodigacha bo‘lgan hodisalar, undan keyin asar qaysi elat vakili hukmdoriga bag‘ishlanganligiga qarab, o‘sha elatning bobolari tarixi bayon etilgan. Ana undan keyin o‘z davri hukmdori voqealari qalamga olingan. Epik va lirik poeziyada Alloh hamdi, Muhammad payg‘ambar na’ti, chahoryor va Hazrat Ali avlodlari vasfiga doir manqabat va muslibat yozish an’anasi yetakchilik qilgan. Qayd qilingan an’anaviy qismdan keyin, asarning asosiy syujetiga o‘tilgan. Lirik asarlar – devon tartib berishda ham shunday qonuniyat saqlanib qolgan. Ya’ni har bir radifga yozilgan she’rning birinchisi hamd, keyingisi na’t, undan keyin chahoryor va boshqalarga bag‘ishlangan bo‘lishi zarur hisoblangan. Agar ulardan biri bo‘lmasa, birining o‘rniga ikkinchisi kelavergan [3:62]. Islom va Qur’on mavzusi o‘zbek adabiyotida tarixiy shaxslar obrazi talqinining o‘zak mohiyatini tashkil etgan. Islomiy adabiyotda tarixiy shaxslar obrazi iymon, e’tiqod, ezgu amallar, insonning Yaratgan oldida mas’ulligi kabi me’zonlar asosida tasvirlangan. Shu bois ham, yagona Islom madaniyati hududlarida turkiy xalqlar adabiyoti boy an’analari jihatidan muhim o‘rin tutgan va o‘zga adabiyotlarga ham ta’sir o‘tkazgan [7:62]. Mutaxassislar fikricha, islom dini bilan bog‘liq tarixiy shaxslar obrazi Qur’oni Karim va folklor asarlari orqali yozma adabiyotga ko‘chgan. Shoirlar ma’lum bir g‘oyaviy-badiiy niyatda bu obrazlarga xos sifatlarga ishora qilishgan. Natijada, 17 „ijodkorning tafakkur mevasi sifatida yangi obrazlar va ifoda tasvir vositalari maydonga keladi“ [13:88]. Bular bilan birgalikda Sharq musulmon adabiyotida geografik asarlar yaratilgani ham o‘ziga xos hodisa hisoblanadi. Ularda Islom dini peshvolari hayoti va faoliyati bilan bog‘liq tafsilotlar tarixiylikdan ko‘ra afsonaviylikni o‘zida mujassam etgani bilan e’tiborga loyiq [11:20-26]. Bu turdagi asarlar dastlab arab hamda fors tillarida yaratilgan bo‘lsa, o‘zbek adabiyotida esa bunday asarlar sifatida Rabg‘uziyning „Qisasi Rabg‘uziy“, Alisher Navoiyning „Tarixi anbiyo va hukamo“, Sobir Sayqaliyning „Qissai Ibrohim binni Muhammad“, „Vays ul-Qaran“, „Jangnomai imomi Hanafiya, „Axtamnoma“, „Zayn ul-arab“, „Qissai imom Hasan va imom Husayn“, „Qissai Sayqaliy“, Andalibning „Qissai Yusuf va Zulayxo“, Xolisning Bibi Fotima va Shahribonu va Imom Husayn qissasi“, „Muhammad Mustafoni o‘g‘ullari Ibrohim hikoyati“, shuningdek, „Muhammad Mustafoning tug‘ilishi“, „Muhammad ibn Ali qissasi“, „Imom Muhammad Hanafiya jangnomasi“ kabi xalq qissalarini ko‘rsatish mumkin. Ularda Muhammad payg‘ambar, sahobalar, Hazrat Ali, Imom Hasan va Imom Husayn, Muhammad Hanafiyaga bag‘ishlangan o‘rinlar tarixiylikdan ko‘ra, afsonaviylikka yaqinroq turadi. Chunonchi, ularda insonlar bilan birgalikda dev, pari kabi obrazlar ham ishtirok etadi. Tarixiy shaxslar hayoti bilan bog‘liq haqiqatlarning bunday o‘zgarishi xususida Z.H.Jumayev mana bunday yozadi: „Ma’lumki, tarixiy rivoyatlar og‘izdan-og‘izga o‘tib, takomillashib kelishi jarayonida ularning syujet tuzilishi ham muayyan struktural-tarkibiy o‘zgarishlarga uchraydi. Dastlab real hayotda yashagan tarixiy shaxsning hayotiy ko‘rinishiga muvofiq holatda tasvirlangan personajlar badiiy tafakkur mezonlari asosida epik obraz sifatida bayon qilinadi“ [6:5-6]. Shuningdek, Islom dini peshvolari hayotiga doir xalq kitoblari ham paydo bo‘lganini qayd etish zarur. Ular tarixiy shaxslar obrazi bilan bog‘liq yangicha talqinlar yuzaga kelishida alohida ahamiyatga ega. Islom dinidagi bo‘linishlar natijasida, har bir mintaqaning o‘ziga xos ideallari paydo bo‘ldi. Jumladan, Xuroson va Movarounnahr aholisining ummaviylarga qarshi qo‘zg‘oloniga boshchilik qilgan Abu Muslim haqidagi tarixiy-badiiy qissalar ana shunday xarakterga ega. U haqda Marvda udum bo‘lgan rivoyatlar keyinchalik „Qissai Abu Muslim“ [14:3-6] ga asos bo‘lgan. Bu kitob tarixiy shaxslar obrazi ideallashtirilishiga yorqin dalil bo‘la oladi. Xulosa qilib aytganda, o‘zbek adabiyotining uzoq tarixiy taraqqiyoti davomida tarixiy shaxslar obrazi, ular shaxsiyatining badiiy talqini, obrazning badiiy talqiniga yuklangan mazmun borgan sari takomillashib borgan. Ba’zida tarixiy shaxslar bilan 18 bog‘liq haqiqatlar davr o‘tishi bilan muayyan darajada ideallashtirilgan. Shu bilan birga, ijodkorlarning tarixiy shaxs hayoti bilan bog‘liq qissalarga o‘quvchining qiziqishini orttirish, oddiy faktik ma’lumotlar bilan cheklanib qolmay, ularning badiiy qayta ishlanishiga erishish yo‘lidagi izlanishlari bu boradagi adabiy-estetik tajribaning oshib borganidan dalolat beradi. Natijada, ayrim tarixiy shaxslarning obrazi badiiy adabiyot orqali o‘quvchilar tasavvurida ham tarixiy, ham ideal shaxs sifatida gavdalangan. O‘z navbatida, o‘sha tarixiy shaxslar obrazi ijodkor va xalqning orzu-istaklari, intilishlarining ifodachisiga, ezgulik, mardlik va komillik timsoliga aylangan. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Абдураҳмонов А. Туркий халқлар адабиёти. – Самарқанд: СамДУ, 2007. 2. Аҳмедов Б. Мирзо Улуғбек ва унинг „Тарих-и-арбаъ улус“ („Тўрт улус тарихи“) асари ҳақида // Мирзо Улуғбек. Тўрт улус тарихи. – Тошкент: Чўлпон, 1994. Абулғозий Баҳодирхон. Шажараи тарокима. – Тошкент: Чўлпон, 1995. 3. Ғаффорова З. Навоийнинг ҳамд ва наът ғазаллари. – Тошкент: Маънавият, 2001. 4. Ғиёсиддин бин Ҳумомиддин Хондамир. Ҳабиб ус-сияр. ЎзР ФА ШИ, 2153 рақамли қўлёзма асар. 5. Жабборов Н. Ўзбек бадиий-тарихий насрининг сара намунаси // Огаҳий Муҳаммад Ризо. Зубдату-т-таворих. – Тошкент: Ўзбекистон, 2009. 6. Жумаев З.Ҳ. Ўзбек халқ тарихий ривоятлари: Филол. фан. ном. ... дисс. Автореф. – Тошкент: Фан, 2005. 7. Кароматов Ҳ. Қуръон ва ўзбек адабиёти. – Тошкент: Фан, 1993. 8. Муродов О.М., Полякова Е.А. Трансформация мифологических и легендарных образов в таджикско-персидских хрониках XI-XV вв. – Душанбе: Дониш, 1986. 9. Муҳаммад Шариф бин Муҳамад Нақий. Тож ут-таворих. ЎзР ФА ШИ, 2092 рақамли қўлёзма асар. 10. Муҳаммадюсуф Баёний. Шажари хоразмшоҳий. ЎзР ФА ШИ, 9596 рақамли қўлёзма асар. 11. Назаров Б. Ислом агиографияси тизимида мақомотнинг ўрни ва унинг бадиий услубий хусусиятлари (Баҳоуддин Нақшбанд мақомотлари асосида): Филол. фан. докт. … дисс. – Тошкент: 2000. 12. Олламурод Аннабой ўғли. Ўғуз ва Аланқува ва Шайбонийнома. ЎзР ФА ШИ, 4347 рақамли қўлёзма асар. 13. Рафиддинов С. Мажоз ва ҳақиқат. – Тошкент: Фан, 1995. 14. Саримсоқов Б. Афсонага айланган тарих // Абу Муслим жангномаси. – Тошкент: Ёзувчи, 1992. 15. Ҳайитметов А. Ҳаётбахш чашма. – Тошкент: Адабиёт ва санъат, 1974. 16. Шермуҳаммад Мунис. Фирдавс ул-иқбол. ЎзР ФА ШИ, 821/I рақамли қўлёзма асар. 17. Шодмонов Н. „Шоҳиду-л-иқбол“нинг ўзбек бадиий-тарихий насри тараққиётидаги ўрни, манбалари ва матний тадқиқи: Филол. фан. докт. ... дисс. автореф. – Тошкент: 2009.