EPIK IJODIYOTDA HOMIY OBRAZI
Full text
19 EPIK IJODIYOTDA HOMIY OBRAZI Madraximova Nazira Yaqubovna Urganch RANCH texnologiya universiteti dotsenti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17268097 Annotatsiya: Ushbu tezisda xalq og‘zaki ijodida homiy obrazi va uning genezisiga doir fikrmulohazalar bayon qilingan. Asosan xalq dostonlarida bu obrazning mavqeyi, doston sujetidagi o‘rniga doir qarashlar ifodalangan. Kalit so‘zlar: homiy, epik ijod, doston, ilohiy din Abstract: This thesis presents the views on the image of the patron in oral folk art and its genesis. Mainly, the position of this image in folk epics and its place in the plot of the epic are expressed. Keywords: patron, epic, epic poem, divine religion Аннотация: В диссертации представлены взгляды на образ покровителя в народном устном творчестве и его генезис. В частности, рассматривается роль этого образа в народном эпосе и его роль в сюжете эпоса. Ключевые слова: покровитель, эпос, эпическая поэма, божественная религия Epik qahramonga homiy sifatida talqin etiluvchi Xizr obrazi epik ijodiyotda qay zamonlardan buyon mavjud degan savolga professor M.Saidov shunday javob beradi: „Xizr obrazi islom diniga qadar ham O‘rta Osiyo xalqlari og‘zaki badiiy ijodida keng ishlangan edi. Xalq yaratgan bunday obrazlar diniy afsonalarga ham asos qilib olingan bo‘lsa kerak“ [7:114]. Xizr obrazining islomdan oldin ham mavjud bo‘lganligi hodisasini quvvatlagan holda shu o‘rinda bu boradagi o‘z mulohazalarimizni ham keltirib o‘tishni joiz deb bilamiz. Ya’ni, bizningcha, epik qahramonga qushlar, har xil hayvonlar homiylik qilishi haqidagi mifologik tasavvur keyinchalik – inson erkak qiyofasidagi homiy obrazi bilan almasha borgan yoki asosiy homiy sifatida ana shunday obrazlar olingan. Bu jarayon, asosan, ota urug‘i hukmronlik qilgan, ya’ni patriarxat davridan boshlangan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. I.O.Kosven yozganidek: „Patriarxatga o‘tgandan so‘ng ayollar dini erkaklar dini tomonidan siqib chiqariladi, ayol ruhlar erkak ruhlar bilan almashadi“ [5:164 ]. Ozarbayjon folkloridagi yordamchi yoki homiy obrazlarning epik ijodiyotdagi vazifalarini tadqiq qilar ekan, olim Muharram Asad o‘g‘li shunday yozadi: „Xizr obrazi ezgulik kuchini o‘zida mujassam qilar ekan, bu bilan ozarbayjon epik ijodiyotining shakllanishi va rivojlanishida asosiy omillardan biri bo‘lib xizmat qilganini ko‘rsatadi“ [2:7]. Ozarbayjon olimining ushbu xulosasi Xizr obrazining boshqa turkiy xalqlar og‘zaki ijodiyotidagi o‘rni va mavqeyi xususida so‘z ketganda ham e’tiborga molik mulohazalardan biridir.
20 Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li kuylagan „Shirin bilan Shakar“ [10:23-116] dostonidagi Olovxo‘ja obrazi „Yusuf va Ahmad“ dostonida Olovxo‘ja, Shayx Sharof eshon tarzida beriladi. Bu dostonning Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li Po‘lkan shoir bilan birgalikda ijro etgan variant yozib olinib, nashr qilingan [8]. Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li bu nomni „Shirin bilan Shakar“da ham qo‘llashni lozim topgan bo‘lishi mumkin yoki uning uztozlari repertuaridagi doston variantida homiy obrazi xuddi shu tarzda nomlangan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Ba’zi manbalarda Olovxo‘ja eshon yoki Qari Olovxo‘ja tarixiy shaxs sifatida talqin qilinadi [4:54; 6:17]. Tadqiqotchilar bunday qarashlarini qadimiy Xivaning Mayvaston mahallasida Olovxo‘ja pir degan mozorning mavjudligi va xalqning unga sig‘inishi, shuningdek, ayrim tarixiy manbalarda 1623-1643-yillarda Xiva xoni bo‘lgan Isfandiyor I ning Olovxo‘ja ismli kovushbardori bo‘lganligi va uning katta diniy arboblardan biri sifatida tanilganligi haqidagi mavjud fikrlarga asoslanishadi. „Tabiat, inson va din“ kitobining muallifi T.Javliyev o‘z tadqiqotida Xorazmda „Qari Olovxo‘ja” deb ataluvchi muqaddas qadamjolar bo‘lganligi va bu diniy arbob haqida o‘zbek xalqi orasida ko‘plab afsonalar yaratilganligi xususida to‘xtaladi. Olim bunday afsonalarning xorazmliklar va surxondaryoliklar orasida mavjud variantlaridan namunalar keltirib o‘tadi. Bu afsonalarda Olovxo‘ja g‘ayridinlarga musulmon dinining afzalliklarini aytishi va ularni bu dinni qabul qilishga da’vat etishi kabilar tasvirlanadi [3:5]. Olovxo‘ja nomli homiy obrazining epik ijodiyotidan orin olishi hodisasi muayyan davrlar mahsuli bo‘lishi kerak. „Olovxo‘ja“ ikki komponentli nom bo‘lib, uni tashkil qiluvchi har bir komponentga alohida to‘xtalib o‘tish joizdir. Nomning birinchi komponenti „olov“ning darstlabki ma’nosi kundalik hayotimizda keng foydalaniladigan hodisani ifodalaydi. Ko‘chma ma’noda kelganda esa bir ishga qattiq kirishuvchi, tinib-tinchimas, harakatchan kishilarga nisbatan qo‘llaniladi. Qadimgi ajdodlarimiz olovni ilohiylashtirishgan, unga sig‘inishgan. Ma’lumki, zardushtiylik diniga e’tiqod qiluvchilar olovni muqaddas deb bilganlar. Zardushtiylarning e’tiqod va urf-odatlarini chuqur tadqiq qilgan ingliz olimasi M.Boysning yozishicha, Zardusht o‘zi yaratgan yetti mo‘jiza, ya’ni suv, tuproq, havo, olov, o‘simlik, sigir va odam kabilarning har biriga monand yettita bayramni joriy qilgan emish. Bu mo‘jizalardan biri olov hamda ezgulik homiysi Asha Vaxishta sharafiga navro‘zni o‘tkazish an’anasi paydo bo‘lgan emish [1:25]. Zardushtiylikning ayrim qoldiqlari hozirgi kunda ham urf-odat va udumlarimizda uchraydi. Masalan, nikoh to‘yi marosimlarida kuyov va kelinning olov atrofidan uch marta aylanishi, kelin o‘tirgan mashinaning oldida olov yoqish va
21 mashinaning olovdan o‘tishi (bu udum asosan Xorazmda mavjud) kabilar ana shu e’tiqodning izlaridir. Nomning ikkinchi komponenti „xo‘ja“ga lug‘atda quyidagicha izoh beriladi: „I. esk. Biror kimsa yoki narsaning egasi: xo‘jayin. 2. tar. Birinchi bo‘lib islom dinini qabul qilgan yerli kishi, keyinchalik dindorlarning e’tiqodicha, go‘yo to‘rt xalifadan birining avlodi. 3. etn. O‘rta Osiyoda ilgari ma’lum imtiyozga ega bo‘lgan oqsuyaklar va ularning avlodlari. 4. Xo‘jazoda erkaklar ismiga qo‘shiladi“ [9:345]. Ko‘rinib turibdiki, nomning birinchi komponenti zardushtiylik bilan bog‘lansa, ikkinchisi islom dinining aqidalariga borib taqalyapti. Bu nomdagi muqaddas qadamjolarning Xorazmda kuzatilishi ham bevosita „Avesto“da uchrovchi olov xudosi haqidagi mifologik talqinlarning izlaridir. Zardushtiylik mifologiyasida olov „Atar“ deb yuritilgan [1:11]. Bundaxishnda ko‘rsatilishicha, Adar Xurra, ya’ni muqaddas olov birinchi bo‘lib Xorazmda yoqilgan emish. Yuqoridagi fakt va talqinlarga tayanib, bizningcha, quyidagicha xulosalarga kelish mumkin: 1) Olovxo‘ja dastlab otashparastlik diniga e’tiqod qo‘ygan va keyinchalik islomni qabul qilgan muayyan kishilar tomonidan yaratilgan mifologik obraz. 2) Islom dinining homiysi sifatida talqin etiluvchi bu obraz keyinchalik xalq og‘zaki ijodida epik qahramonlarning homiysi sifatida Xizrga vazifadosh hisoblana boshlagan. 3) Yuqoridagilardan ayon bo‘ladiki, Olovxo‘ja tarixiy shaxs emas. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Бойс М. Зароастрийцы: верования и обычаи. М., Наука, 1987. 2. Гусейнов М.А. Функция помощника в азербайджанском фолклоре. Авт. дисс.канд. филол. наук. Бишкек, 1992. 3. Жавлиев Т. Табиат, инсон ва дин. – Тошкент: Фан, 1986. 4. Жуманиёзов Р. Донг қозонган достон. А.Қодирий номидаги халқ мероси нашриёти. – Тошкент: Фан, 1993. 5. KoсвенO. Ибтидоий маданият тарихидан очерклар. – Тошкент: Фан, 1968. 6. Раҳмонов А., Юсупов С. Хоразмда муқаддас жойлар ва уларнинг вужудга келиш сирлари. – Тошкент: 1963. 7. Садов М. Ўзбек халқ достончилигида бадиий маҳорат масалалари. – Тошкент: Фан, 1969. 8. Юсуф ва Аҳмад. Достон. Айтувчилар: Фозил Йўлдош ўғли, Пўлкан шоир. – Тошкент: Ғафур Ғулом, 1987. 9. Ўзбек тилининг изоҳли луғати. 2 томлик. – Тошкент: 1981. 10. Ширин билан Шакар. Достон. Айтувчи: Фозил Йўлдош ўғли. Ўзбек халқ достонлари. Т.I. 3-нашри. – Тошкент: Фан, 1958.