TURKIY MIFOLOGIK TIMSOLLAR TIZIMIDA OT OBRAZI VA UNING ALISHER NAVOIY POETIKASIDAGI BADIIY FUNKSIYASI
Full text
46 TURKIY MIFOLOGIK TIMSOLLAR TIZIMIDA OT OBRAZI VA UNING ALISHER NAVOIY POETIKASIDAGI BADIIY FUNKSIYASI Shoirakhon Khujaeva ToshDO‘TAU doktoranti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17268147 Annotatsiya. Ushbu maqolada turkiy xalqlar og‘zaki ijodida ramzlarning semantik yuklamasi va ularning ijtimoiy, diniy hamda estetik qarashlar bilan bog‘liqligi tahlil qilinadi. Xususan, ot obrazi qadimgi mifologik qarashlarda, xalq ertaklari va epik dostonlarda, shuningdek, tasavvufiy tafakkurda qanday ramziy ma’nolarda qo‘llangani ko‘rsatiladi. Alisher Navoiy ijodida ot timsolining poetik talqinlari, uning ramziy qatlamlari va tasavvufiy-estetik mazmuni alohida yoritiladi. Navoiy g‘azallari va dostonlaridagi „ot“ obrazining inson ruhiy sayri, himmat va ma’naviy kurash timsoliga aylanishi ilmiy asosda tahlil etilgan. Kalit so‘zlar: turkiy mifologiya, ot ramzi, xalq og‘zaki ijodi, epik tafakkur, tasavvuf, Alisher Navoiy, mifopoetika, ramziy talqin. Abstract. This article analyzes the semantic load of symbols in the oral creativity of Turkic peoples and their connection with social, religious, and aesthetic views. In particular, it highlights the symbolic meanings of the image of the horse in ancient mythological beliefs, folk tales and epic poems, as well as in Sufi thought. The poetic interpretations of the horse symbol in Alisher Navoi’s works, its symbolic layers, and its Sufi-aesthetic meanings are specifically examined. The study provides a scholarly analysis of how the „horse“ image in Navoi’s ghazals and epics becomes a symbol of spiritual journey, aspiration, and moral struggle. Keywords: turkic mythology, horse symbol, folk oral creativity, epic thinking, Sufism, Alisher Navoi, mythopoetics, symbolic interpretation. Аннотация. В данной статье рассматривается семантическая нагрузка символов в устном творчестве тюркских народов и их связь с социальными, религиозными и эстетическими представлениями. В частности, анализируется образ коня в древних мифологических воззрениях, народных сказках и эпических поэмах, а также в суфийской мысли. Особое внимание уделяется поэтическим интерпретациям образа коня в творчестве Алишера Навои, его символическим уровням и суфийско-эстетическому содержанию. Научно обоснованно показано, как образ «коня» в газелях и дастанаx Навои превращается в символ духовного пути, устремления и нравственной борьбы. Ключевые слова: тюркская мифология, символ коня, устное народное творчество, эпическое мышление, суфизм, Алишер Навои, мифопоэтика, символическая интерпретация. Turkiy xalqlar folklorida ramzlar xalqning qadimiy dunyoqarashi, urf-odatlari va ijtimoiy-ma’naviy qadriyatlari bilan uzviy bog‘liq holda shakllangan. Ular nafaqat estetik ifoda vositasi, balki qadimiy hayot tarzi va diniy-ma’rifiy qarashlarning ramziy ko‘zgusi sifatida qaraladi. Shu ramzlar tizimida ot obrazi alohida o‘rin egallaydi. Ot qadimdan ko‘chmanchi turkiy xalqlarning ijtimoiy-madaniy hayotida markaziy ahamiyat kasb etib, u ozodlik, sharaf, sodiqlik va insonning Haqqa intilishi
47 kabi tushunchalarning ramziga aylangan. Folklor namunalarida, xususan, sehrlifantastik ertaklarda va epik dostonlarda ot qahramonning eng sodiq hamrohi sifatida tasvirlanadi. Tasavvufiy-estetik tafakkurda esa u nafsni jilovlash, insonni ruhiy poklik sari yetaklash vositasi sifatida talqin etiladi. Mazkur qadimiy ramz keyingi davr adabiy jarayonida, ayniqsa, Alisher Navoiy ijodida o‘ziga xos poetik talqin topgan. Qadimiy turkiy mifologiyada ot osmon va yer o‘rtasidagi vositachi sifatida ko‘riladi va insonni ilohiyot bilan bog‘lovchi ramz sifatida talqin etiladi. Xususan, Mircea Eliade tadqiqotlariga ko‘ra, ot va do‘mbira turkiy ruhiyatda nafaqat marosim vositalari, balki ruhiy sayr va o‘lim-hayot tasavvurlarini ifodalovchi markaziy ramzlar sifatida xizmat qiladi. Ular olam va odam, hayot va o‘lim o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni aks ettiradi [1]. O‘zbek xalq og‘zaki ijodida ham zoomorf homiy sifatida eng ko‘p talqin qilinadigan obraz – bu otdir [4:38]. Jumladan, sehrli-fantastik ertaklarda suv oti, uchar ot, suv ichida yashaydigan qanotli oq ot, osmonda ucha oladigan, suvda suza oladigan, yerda chopa oladigan tulpor ot, yolini tutatganda yetib keladigan oq ot kabi qator g‘aroyib jonivorlar obrazi keltiriladi. Turkiy eposlarda ham ot timsoli beqiyos ahamiyatga ega. Masalan, „Go‘ro‘g‘li“, „Alpomish“ va „Manas“ kabi dostonlarda, shuningdek, xalq ertaklarida qahramonning eng yaqin hamrohi va yordamchisi ot hisoblanadi. Bu holat otning epik tafakkurda inson taqdirining ajralmas qismi sifatida qaralganidan dalolat beradi. Ayni jihat „Ot boshiga ish tushsa, suvliq bilan suv ichar, er boshiga ish tushsa, etik bilan suv kechar“, „Oti borning qanoti bor“ kabi xalq maqollarida ham o‘z aksini topgan. O‘zbek folklorida otlarning kelib chiqishi samo bilan bog‘lanadi va muqaddaslashtiriladi. Xususan, „Xazorasp“ afsonasida qanotli samoviy otlar va ularning xiyla bilan qo‘lga olinib, qanotlari qirqilgani hikoya qilinadi. Shu bilan birga, prof. A. Tilavov Turkiy mifologiyada Kichik Ayiq burjining ikki ot sifatida tasavvur etilganini qayd etib, otning kosmik va ramziy ma’nolarini yoritadi [3:87]. Ot tasavvufiy-estetik tafakkurda ham ramziy qimmat kasb etadi. U insonning nafsini jilovlash va uni poklik sari yetaklash vositasi sifatida talqin qilinadi. Annamarie Schimmelning qayd etishicha, turkiy xalqlarda xattotlar ko‘pincha basmalani qaldirg‘och yoki ot shaklida chizishgan; bu esa insonning ibodat va ruhiy poklikka intilishining ramziy ifodasi bo‘lgan [2] Mazkur ramz orqali insonning ruhiy parvoz va Haqqa intilish jarayoni estetik shaklda tasvirlanadi. Turkiy xalqlarning qadimiy mifologik qarashlaridan kelib chiqqan epik motiv va obrazlar keyingi davr adabiy jarayoniga ham samarali ta’sir ko‘rsatgan. Bu an’ana o‘zbek mumtoz adabiyotida ham o‘ziga xos ijodiy yo‘nalish sifatida davom etib,
48 badiiy tafakkurning muhim manbalaridan biriga aylangan. Ayniqsa, Alisher Navoiy merosida milliy mifologiyaning qadimgi qatlamlari bilan bog‘liq poetik timsollar va obrazlarning butun bir tizimi shakllanganini kuzatish mumkin. Xususan, ulug‘ shoir ijodida ot obrazi bilan bog‘liq ramziy talqinlarning poetik ifodasi kuzatiladi. Alisher Navoiy g‘azaliyotida ma’shuqa obrazi ko‘pincha ot ustidagi „shahsuvor“ qiyofasida tasvirlangan bo‘lib, bu usul shoir ifodalamoqchi bo‘lgan ishqiy kechinmalarni yanada badiiylashtirishga va ramziy qatlamni boyitishga xizmat qilgan: Shahsuvorimning buroqi po‘yasidin qoldi barq Kim, aning fe’li shitob ermish, munung rasmi sabot [7:53]. Jumladan, „ot“ radifli g‘azalda ma’shuqaning o‘z oshiqlarini qatl qilmoqlik uchun maydonga ot solishi tasviri she’r so‘ngida shoirning davr va dunyo haqidagi falsafiy mushohadalari bilan mazmuniy mushtaraklik hosil qilgan: Chobukekim qatl uchun surdi yana maydong‘a ot, Odamiy qolmas tirig solg‘an zamon javlong‘a ot… Davrdin ko‘p ranjamen, usruk chiqib mayxonadin, Raxshi himmat uzra solmoq istaram davrong‘a ot. Shomi tufroqqa kirardin chora yo‘qtur, garchi subh Kimki, sekritkay quyoshdek bu binik ayvong‘a ot [6:53]. Xususan, ikkinchi baytda ijodkor davr adolatsizliklaridan chuqur ranjiganligini ifodalaydi. Shu bois u mayxonadan — tasavvufiy talqinga ko‘ra, Haq oshiq va oriflari jam bo‘ladigan ma’naviy makondan „usruk“, ya’ni qalbi Haq ishqi bilan limmo-lim to‘lgan holda chiqib, davr maydoniga „himmat otini solmoq” istagini bildiradi. Bunda „himmat oti“ ramzi orqali shoirning jamiyatdagi illatlarga qarshi kurashish, zulm jarohatlariga ma’naviy malham qo‘yish orzusi aks ettiriladi. Uchinchi baytda esa shoir dunyoning o‘tkinchiligi va qazoning muqarrarligini ramziy tasvir orqali ifodalaydi: Garchi tong quyosh kabi bu buyuk ayvon – osmonga ot surib chiqsa ham, oxir-oqibat shom tuprog‘iga kirish — botish taqdiridan qochib qutula olmaydi. Bu tasvir orqali mutafakkir insoniyatni umrni g‘animat bilishga va uni ezgu maqsadlar sari safarbar etishga undamoqda. Demakki, mazkur baytlarda „ot“ timsoli ikki turli ramziy qatlamda — bir tomondan, insonning ma’naviy himmat va kurashchanlik qudrati, ikkinchi tomondan esa, hayotning ibtidosi va intihosi ramzi sifatida qo‘llanib, shoirning davrga qarshi ichki isyoni hamda hayot falsafasi bir butun tarzda ifodalanadi. Shuningdek, „Layli va Majnun“ dostonining tun ta’rifiga bag‘ishlangan IX bobi ham ot ramzining o‘ziga xos badiiy-falsafiy talqinini namoyon etadi [5:33].
49 Unda muallifning qorong‘i kechada xayolning qora otiga minib sayrga chiqqani, ammo Ishq vodiysiga yetganda bu otning oqsoqlanib, yo‘lda davom eta olmay qolishi tasvirlanadi. Ushbu ramziy manzara bir necha qatlamli ma’noga ega: ot inson xayolotining badiiy aksini ifodalasa, uning oqsoqlanishi maqsad sari eltuvchi yo‘lda insonning ojizligi va shu ojizlikdan tug‘iladigan ruhiy iztirobni ramziy tarzda anglatadi. Bu obraz orqali shoir tasavvufiy-estetik tafakkurga xos bo‘lgan „yo‘l“ va „sayr“ tushunchalarini badiiy shaklda ifoda etadi. Otning rangi ham ramzning ma’nosini chuqurlashtiradi. Qora rang turkiy xalqlarning mifologik va poetik tafakkurida ikki qutbli ma’noga ega: bir tomondan, u ulug‘vorlik, sirlilik, mahobat va mazmuniy teranlik ramzi sanalsa, ikkinchi tomondan, dard-u iztirob, fojea va motamni anglatadi. Alisher Navoiy „baroati istehlol“ san’ati orqali doston muqaddimasida tun manzaralarini qora rang fonida tasvirlash orqali asar mazmunining chuqurligi va fojeiyligiga ham ishora qiladi. Shu bilan birga, „qora ot“ timsoli turkiy folklor an’analariga ham uyg‘un bo‘lib, xalq eposlarida jangga otlangan kurashchi ko‘pincha qora ot — „qorabayir“ ustida tasvirlanadi. Bu holot qora rangning kuch-qudrat, matonat va qahramonlik timsoliga aylanganidan dalolat beradi. A.Navoiy ham ana shu mifologik asosni badiiy jihatdan qayta talqin etib, uni ruhiy sayr va ishqiy mushohadalarning ramziy ifodasiga aylantiradi. Natijada, qora ot obrazi shoirning poetik tafakkurida bir vaqtning o‘zida ham iztirob va fojeani, ham sirlilik va ulug‘vorlikni mujassamlashtiradi. Bu esa Navoiy ijodining mifopoetik ildizlari naqadar teran ekanini va uning tasavvufiy-estetik qarashlari bilan uyg‘unlashganini yaqqol namoyon etadi. Xulosa qilib aytganda, ot obrazi turkiy xalqlar tafakkurida nafaqat xo‘jalik va harbiy hayotning ajralmas qismi, balki diniy, ma’naviy va estetik ramz sifatida muhim o‘rin egallagan. U epik tafakkurda qahramonlik va ozodlik timsoliga, tasavvufiy talqinda esa ruhiy sayr va Haqqa intilishning ramziga aylangan. Alisher Navoiy ijodida ot ramzi qadimgi turkiy mifopoetik qatlamlar bilan uzviy bog‘liq holda qo‘llanilib, oshiq-solikning ruhiy kechinmalari hamda jism va ruh, inson va dunyo o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni ifodalash vositasi bo‘lib xizmat qilgan. Demak, ot obrazi xalq mifologiyasi, epik tafakkur va tasavvufiy-estetik qarashlar sintezi orqali Navoiy poetikasida yangicha mazmun kasb etgan va badiiy-estetik tafakkurning muhim qatlamiga aylangan.
50 Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Eliade M. Shamanizm: Ekstazning ibtidoiy texnikalari. – Princeton University Press, 1964. 2. Schimmel A. Islomning mistik o‘lchovlari (Mystical Dimensions of Islam). – Chapel Hill: University of North Carolina Press, 1975. 3. Tilavov A. Epik ot obrazining tarixiy asoslari. / Uzbekistan: Language and Culture. ISSN 21181-922X. 2022/1(2). 4. O‘rayeva D., Otajonova M., Nurullayeva S. Mif va badiiy ijod. – Toshkent: Fan ziyosi nashriyoti, 2024. 5. Алишер Навоий. Хамса. Лайли ва Мажнун. МАТ. 20 жилдлик. 9-жилд. – Тошкент: Фан,1992. 6. Алишер Навоий. Хамса. Хазойин ул-маоний. Наводир уш-шабоб. МАТ. 20 жилдлик. 4жилд. – Тошкент: Фан,1992. 7. Алишер Навоий. Хазойин ул-маоний. Ғаройиб ус-сиғар. МАТ. 20 жилдлик. 3-жилд. – Тошкент: Фан,1988.