scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

MUMTOZ SHE'RIYATDA KUZ TASVIRINING AKS ETISHI

Quvonch Mamiraliyev

Full text

64 MUMTOZ SHE’RIYATDA KUZ TASVIRINING AKS ETISHI Quvonch Mamiraliyev, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti dotsent v.b. DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17268159 Annotatsiya: Ushbu maqolada oʻzbek mumtoz she’riyatida kuz tasvirining ifodalanishi bayon etilgan. Shuningdek, mumtoz she’riyatimizda kuz faslining badiiy talqini, undagi tasviriy vositalar va timsollar tahlil qilinadi. Adabiy an’analarda kuzning ramziy ma’nolari, xususan, hayotning so‘nishi, inson umrining poyoniga ishora, g‘am va hijron manzaralari bilan bog‘liq badiiy obrazlar yoritiladi. Shu bilan birga, mumtoz shoirlar ijodida kuz nafaqat hasrat, balki falsafiy mushohada, voqelikni idrok etish hamda ilohiy hikmatlarni anglash vositasi sifatida ham namoyon bo‘lishi ko‘rsatib o‘tiladi. Tadqiqotda Alisher Navoiy, Bobur, Ogahiy singari shoirlarning asarlaridan namunalar tahlil qilinib, kuz tasvirining poetik xususiyatlari o‘rganiladi. Kalit so‘zlar: Mumtoz she’riyat, kuz tasviri, badiiy timsol, ramz, poetik mahorat, falsafiy mushohada, lirika, Alisher Navoiy, Bobur, Ogahiy. Abstract: This article describes the depiction of autumn in Uzbek classical poetry. Additionally, it analyzes the artistic interpretation of autumn, its figurative devices, and symbols in our classical poetry. The symbolic meanings of autumn in literary traditions are highlighted, particularly the artistic images associated with the fading of life, allusions to the end of human existence, and scenes of grief and separation. Furthermore, it is demonstrated that in the works of classical poets, autumn is manifested not only as a source of sorrow but also as a means of philosophical contemplation, perception of reality, and understanding of divine wisdom. The study analyzes examples from the works of poets such as Alisher Navoi, Babur, and Ogahi, exploring the poetic features of autumn imagery. Keywords: Classical poetry, depiction of autumn, artistic symbol, symbolism, poetic mastery, philosophical contemplation, lyric poetry, Alisher Navoi, Babur, Ogahi. Аннотация: В данной статье рассматривается изображение осени в узбекской классической поэзии. Анализируется художественная интерпретация осени в нашей классической поэзии, используемые изобразительные средства и символы. Освещаются символические значения осени в литературных традициях, в частности, художественные образы, связанные с угасанием жизни, намеком на конец человеческого существования, картинами печали и разлуки. Вместе с тем отмечается, что в творчестве классических поэтов осень проявляется не только как время скорби, но и как средство философского размышления, восприятия действительности и постижения божественной мудрости. В исследовании анализируются образцы произведений таких поэтов, как Алишер Навои, Бабур, Огахи, изучаются поэтические особенности изображения осени. Ключевые слова: Классическая поэзия, образ осени, художественный символ, символ, поэтическое мастерство, философское размышление, лирика, Алишер Навои, Бабур, Огахи. Oʻzbek mumtoz adabiyotida uzoq asrlar mobaynida davom etib kelayotgan bir qancha obrazlar mavjud, shoirlar oʻz asarlarida toʻrt faslni ham inson hayoti bilan bogʻlab, ular orqali chuqur falsafiy fikrlarini ifoda etganlar va ularni tasvirlashda nihoyatda nozik badiiy did va ramziylikka tayanib boradilar. Shuningdek, asosan, 65 ular tabiat manzaralaridan tashqari insonning ruhiyati, ichki olami, ijtimoiy va faslafiy gʻoyalarni hamda davr muammolarini aks ettirishda muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda. Shu fasllardan biri – kuz. Kuz fasli oʻzining oltinga qiyos boʻlgan barglari, yoqimli shabadasi va inson ruhiyatiga chambarchas bogʻliqligi bilan boshqa fasllardan alohida ajralib turadi. Shoirlar odatda oʻz she’rlarida mana shu xususiyatlardan xususan, osmonning xiralashuvi, barglarning toʻkilishi, gul va xazonlarning ranglarini yoʻqotishidan koʻproq foydalanadi. Bu oʻxshatishlar orqali oʻsha davrlarda insonlarning dardini yoki holatlarini ifodalab berishi osonroq kechgan. Bundan tashqari, mayin esayotgan shamolda toʻkilyotgan barglar, havoning moʻtadilligi va buning natijasida yuzaga kelgan horgʻin tabiat insonning ruhiyatiga ta’sir etadi. Natijada, koʻplab shoirlar mana shu holatdan ta’sirlanib, oʻz she’rlarida mana shunday tasvirlardan foydalanishgan. Mumtoz she’riyatda kuz fasli, odatda, sokinlik, xotirjamlik, ajralish, unga mos ruhiy tushkunlik va eng koʻp hollarda oʻtkinchilik timsoli sifatida talqin etilgan. Bu bir tomondan, tabiatda barglar toʻkilishi, gullarning soʻlishi, salqinlikning kirib kelishi bilan bogʻliq boʻlsa, ikkinchi tomondan, inson umrining „pishgan davri“, ya’ni oʻrta yoki kechki hayot bosqichlari bilan ramziy aloqadorlikni koʻrsatadi. Oʻzbek mumtoz she’riyatida ifoda etilgan yil fasllarining timsoliy ma’nolarini bir qancha olimlar tadqiqot qilgan. Jumladan, adabiyotshunos Yoqubjon Is’hoqov Alisher Navoiy she’riyatida yil fasllari tasviri haquda fikr yuritar ekan, yozadi: „Peyzaj lirikasining haqiqiy namunalari hisoblangangʻazallarda shoir tabiat tasviridan lirik qahramonning ruhiyati va kechinmalarini ochib berishda bir fon sifatida foydalanadi. Aniqrogʻi, tabiat tasvirida har bir detal lirik qahramon holatini ma’lum tomonini ochib berishga xizmat qiladi“ [4:96]. Koʻrinadiki, shoir gʻazallarida fasllar obrazi lirik qahramonning ruhiyati va kayfiyatini ifodalashga xizmat qilgan. N.Komilov Navoiy qasidalari haqida fikr yuritar ekan, yozadi: „Foniy „Fusuli arabaa“ („Toʻrt fasl“) nomi bilan yana toʻrtta forsiy qasida yozib, ularda yil fasllarining har biriga xos xususiyat va buning inson ruhiyatiga ta’sirini tasvirlagan”. [5:192]. Haqiqatan, mumtoz sheʼriyatda yil fasllari obrazi inson ruhiyatini ifoda etuvchi badiiy vosita vazifasini bajargan. Olim „Fusuli arbaa” haqidagi fikrlarini davom ettirib, quyidagilarni qayd etadi: „Mana shu olami kubro (ulugʻ olam) boʻlgan inson vujudi toʻrt unsurdan (havo, olov, tuproq, suv), odamning mizoji ham toʻrt xil: issiq, sovuq, hoʻl, quruq. Tabiat ham toʻrt fasldan iborat: bahor, yoz, kuz, qish. Ushbu qasidada Аllohning qudrati namoyishi boʻlgan toʻrt fasl xususiyatlari bir-bir tasvir etiladi: bahordagi tabiat jonlanishi, gul, lolalarning barq urib ochilishi, yoqimli shamollar esishi, yomgʻirning hayotbaxshligi va hokazo. Shu kabi yozning issigʻiyu 66 saraton tafti, kuzning sokinligi, mudroqlasha borishi, pishiqchilik gashti, qishning shiddatli sovugʻi ham jonlantirib, inson tasavvuri va hissiyotlari idroki bilan bogʻlab tasvirlangan. Shoir bahorni yosh bola, yozni oʻspirin, kuzni yetuklik, balogʻatga yetgan odam, qishni umr adogʻi sifatida tashbeh etadi” [5:208 ]. Navoiy ijodida yil fasllari obrazini oʻrganishdan shu ma’lum boʻladiki, ulugʻ shoir asarlarida tabiat fasllari tasviriga alohida e’tibor qaratganligini kuzatish mumkin. Navoiyda fasllar tasviri ikki yoʻnalishda beriladi: 1. Asarda boshdan oxir fasllar tasviri aks etgan nazm namunalari ham mavjudki, bularga gʻazal va qasida kabilarni kiritish mumkin; 2. Shoir ijodida qoʻllangan janrlar qarida lirik qahramon kayfiyatiga muvofiq bahor, yoz, kuz va qish tashbehlantirilgan. Har ikki holatda ham tabiat fasllari inson kayfiyati, quvonch va iztiroblariga oʻzaro parallel qoʻyiladi va uygʻunlikda tasvirlanadi. Navoiy nazmida kuz – xazon faslining alohida oʻrni bor. Tabiatdan maʼlumki, kuz tushkunlik, xazon, hayotning soʻngi hisoblanadi. Shoir talqinidagi kuz esa koʻproq mumtoz lirikada keng qoʻllanilgan hijron – „yoridan ayrilgan oshiq“ motivini taʼsirli ifodalashga xizmat qiladi. Taʼkidlash lozimki, hijron motivi mumtoz shoirlarimiz ijodi doirasida koʻp takrorlanuvchi poetik obraz boʻlib, lirikada anʼanaviy tarzda ishlatiluvchi „oshiq – yor – agʻyor“, „kutayotgan oshiq – kelmagan yor“, „borligʻini unutgan oshiq – beparvo yor” singari motiv obrazlardan sanaladi [1:180] va Аlisher Navoiy ijodida juda koʻp qoʻllangani bilan ahamiyatli. Ulugʻ shoir ijodida hijronni kuz fasli manzaralari va bu fasldagi tabiat hodisalari bilan yonma-yon qoʻyish hollari koʻp uchraydi. Bu borada, „Gʻaroyib us-sigʻar“ devonida kuz fasli manzaralari aks etgan ikki gʻazal – 386 hamda 450-gʻazallar, ayniqsa, eʼtiborni tortadi. Bu sheʼrlarda shoir lirik qahramon holatiga muvofiq kuz tabiati manzarasini mahorat bilan chizadi: Bogʻ mendek sargʻarib, bulbul meningdek boʻldi lol, Goʻyo mundoq boʻlur bir guldin ayrilgʻangʻa hol [ 3: 308]. Gʻazal matlasidan ayon boʻladiki, she’rda hijron haqida soʻz boradi. „Sargʻaygan bog‘“, gulidan ayrilgan bulbul“ va „yorsiz qolgan oshiq“ bir kayfiyat chizigʻida birlashadi, uygʻunlikda tasvirlanadi. Keyingi baytlarda shoir kuz faslida tabiatda sodir boʻladigan hodisalarni ketma-ketlik bilan tasvirlaydi. Bu esa ma’naviy san’atlardan tadrijning goʻzal namunasini hosil qiladi [4:58]. Gʻazal asosiga qoʻyilgan kuz obrazi sheʼr soʻngiga qadar izchillikda ochila boradi. Kuzning eng mayda tafsilotlaridan alohida xususiyatlargacha tadrijiy ravishda boʻy koʻrsatadi. Oʻz navbatida, borliqdagi oʻzgarishlar lirik qahramon kayfiyatiga ham muvofiq keladi va uning ruhiy iztiroblarini aks ettirib keladi. 67 Yerdagi yofrogʻ gʻaribu xoksor ar boʻlmasa, Men kibi ne vajhdindur yuzi sarigʻ, ashki ol? Koʻrinadiki, lirik qahramon kayfiyatining keyingi tashbehi – kuzda sargʻaygan barg. U hijron dardida sargʻaygan oshiq holatini ifoda etadi. Bargdagi sariqlik iztirobdan sargʻaygan yuzga oʻxshatilgan boʻlib, tashbehi mutlaq hisoblanadi [1:322]. Gʻazalning keyingi misralarida sarigʻ yuz va koʻz yosh boshqacha ifodada beriladi: Bu sarigʻ ruxsor uza har sari ashkim oʻxshashur Bir xazonligʻ bogʻ ichinda har taraf ravshan zulol. Shoirning hijronda toʻkkan koʻz yoshlari xazonli bogʻdan oqib oʻtuvchi suvga qiyoslanadi. Navoiyning sinchkov nigohidan kuzda oqadigan suvlarning tinib qolishi ham chetda qolmaydi. Keyingi baytda kuz fasli falsafiy xulosa chiqarishga asos boʻlib xizmat qiladi. Shoir nazdida, ortiqcha sarkashlik va nozdan foyda yoʻq. Zero, bogʻ kuz xazonidan omon boʻlmagani kabi yoshlik, goʻzallik va husn ham oʻtkinchidir: Bu chaman raʼnolari sarkashlik etgandin ne sud Kim, xazon torojidin emin emastur bir nihol. Hayotimiz davomida fursatni qadrlash, umrni mazmunli oʻtkazish, adabiyot va san’atning, umuman hayot falsafasining asosiy tamoyillaridan biri boʻlib kelmoqda. „Albatta, umrning lahzasini gʻanimat sezib xush oʻtkazish - bu donolik va donishmandlikning asosiy xususiyatlaridandir“ [2:132]. Faylasuf shoir sifatida hazrat Navoiy buni juda teran anglaydi va kuz fasli vositasida aytilgan yuqoridagi singari mazmunan yetuk bayt mumtoz she’riyat javohirlari qatidan mustahkam oʻrin olgan. Masalan, Alisher Navoiy asarlarida kuz manzaralari toʻgʻridan toʻgʻri tilga olinmasada, fasllar obrazlarida koʻp hollarda qiyosiy ramz sifarida ishlatishini keltirish mumkin. Ayniqsa, gʻazallarda gul va bogʻlarning soʻlishi, bahorning oʻtishi, bogʻbonning gʻamga botishi orqali kuz manzaralari bilvosita ifoda etiladi. Bunday obrazlar orqasida hayotning oʻtkinchiligi, muhabbatning vaqtincha quvonch ekanligi, ajrashuv va ayriliq gʻoyalari mavjud ekanligi yotadi. Natijada, qahramonning ruhiy holati va kechinmalarini tushunib olish oʻquvchiga qiyinchilik tugʻdirmaydi va aynan mana shunday mohirlik bilan lirik va nasriy asarlarini ravon va tushunarli boʻlishini ta’minlagan. Bundan tashqari, Navoiy she’riyatida kuz obrazining bevosita emas, lekin epistemologik anglanadigan koʻrinishlarini koʻramiz. U tabiat hodisalarini lirik qahramonning hayotiy yoʻli bilan paralellashtirib, biror kechinmaning yoki ruhiy holatning ramzi sifatida oʻz asarlarida ishlatadi. 68 Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Quronov D., Mamajonov Z., Sheralieva M. Adabiyotshunoslik lug‘ati. – Toshkent: Akademnashr, 2010. 2. Haqqulov I. Taqdir va tafakkur. – Toshkent: Sharq, 2007. 3. Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. 20 tomlik. III tom. Xazoyin ul-maoniy: G‘aroyib us-sig‘ar. – Toshkent: Fan, 1988. 4. Is’hoqov Yo. So‘z sa’nati so‘zligi. – Toshkent: Zarqalam, 2006. 5. Komilov N. Xizr chashmasi. – Toshkent: Ma’naviyat, 2005. 6. Q.Mamiraliyev. Istiqlol davri oʻzbek she’riyatida janrlar modifikatsiyasi. Filol. fan. bo‘y. fals. dok. (PhD) ...diss. –Toshkent: 2024. 7. Q.Mamiraliyev. Istiqlol davri oʻzbek she’riyatida janrlar modifikatsiyasi. – Toshkent: Anorbooks, 2024. https://journal.fledu.uz/uz/ozbek-sheriyatida-shakliy-izlanishlar-vaindividuallik/ 8. Quvonch Mamiraliyev. (2022). Genre Modification in Uzbek Poetry of The Independence Period. European Journal of Humanities and Educational Advancements, 3(3), 115-119. Retrieved from https://scholarzest.com/index.php/ejhea/article/view/1916 9. Q.Mamiraliyev. Some Reviews on The Mutation of Genres in Uzbek Poetry. (2021). International journal for Innovative Engineering Management Research. Volume 10, Issue 03, Pages: 92-98. https://ijiemr.org/public/uploads/paper/634741613321866.pdf (DOI: 10.48047/IJIEMR/V10/I03/22) 10. Zebo Sabirova Zokirovna. (2021). Soul Is the Center of Confession. Galaxy International Interdisciplinary Research Journal, 9(10), 608–612. Retrieved from https://www.giirj.com/index.php/giirj/article/view/407 11. Sabirova Zebo Zokirovna, & Madaliev Yarmukhammat Khudaybergenovich. (2024). On periodication of the literary process (about modern uzbek poetry). European Journal of Humanities and Educational Advancements, 5(10), 17-20. Retrieved from https://scholarzest.com/index.php/ejhea/article/view/4780 12. Mamiraliyev, Q. (2025). Folklorism in the poetry of the independence period. Bulletin of Pedagogs of New Uzbekistan, 3(2), 100–105. Retrieved from https://inacademy.uz/index.php/yopa/article/view/45025