scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

"QUSH TILI" TURKUM DOSTONLARINING GENEZESI VA INTERTEKSTUAL TAHLILI

Halimova Shahlo To'lqin qizi

Full text

96 „QUSH TILI“ TURKUM DOSTONLARINING GENEZESI VA INTERTEKSTUAL TAHLILI Halimova Shahlo To‘lqin qizi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti 3-bosqich tayanch doktoranti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17268200 Annotatsiya. Ushbu maqolada Sharq mumtoz adabiyotida keng tarqalgan „Qush tili“ turkumidagi dostonlarning genezesi, ya’ni kelib chiqishi va shakllanish bosqichlari hamda ularning intertekstual bog‘liqlik jihatlari tadqiq etilgan. Tadqiqotda Fariduddin Attorning „Mantiq ut-tayr“ asari asosiy manba sifatida qaralib, Gulshahriy, Alisher Navoiy va Payvandiy Rizoiy qalamiga mansub dostonlarning shakllanishida ushbu asarning g‘oyaviy va syujet asoslari qanday o‘zlashgani yoritiladi. Kalit so‘zlar: Qush tili, genezis, intertekstual tahlil, tasavvuf, sayyor syujet, poetika. Аннотация. В данной статье рассматривается генезис и интертекстуальный анализ дастанов из цикла «Язык птиц», широко распространённых в восточной классической литературе. В исследовании произведение Фаридуддина Аттора «Мантик уттайр» анализируется как основной источник, на основе которого сформировались дастаны Гулшахри, Алишера Навои и Ризоий. Ключевые слова: Язык птиц, генезис, интертекстуальный анализ, суфизм, блуждающий сюжет, поэтика. Annotation. This article explores the genesis and intertextual analysis of the „Language of Birds“ cycle of epics, which holds a significant place in Eastern classical literature. The study considers Fariduddin Attar’s „Mantiq ut-tayr“ as a key source that influenced later works by Gulshehri, Alisher Navoi and Rizoi. Keywords: Language of Birds, genesis, intertextual analysis, Sufism, wandering plot, poetics. Bugungi kunda ilm-fan taraqqiyotining ko‘plab tarmoqlarida „genezis“ tushunchasi bilan takror va takror to‘qnashyapmiz. „O‘zbek tilining izohli lug‘ati“da genezis – „yunoncha“ „genesis“ – kelib chiqish, paydo bo‘lish tarixi mazmunidagi so‘z sifatida izohlab o‘tilgan [7:269]. Darhaqiqat, ushbu atama yunoncha ildizga ega bo‘lib, u rus tiliga „kelib chiqishi, yaratilishi, tug‘ilishi“ – deya tarjima qilinib, bizning til boyligimizga „ibtido“ muqobilida kirib kelgan. „Genezis“ – kosmosdan tortib, hayotning murakkab olamigacha bo‘lgan hamma narsaning kelib chiqishi va rivojlanishi haqidagi bilimga bo‘lgan doimiy izlanishni aks ettiradi. Uning ilmiy talqinini tushunish bizning dunyo haqidagi tasavvurimizni boyitadi, bilim va tushunishga intilishda keyingi izlanish va kashfiyotlarga ilhomlantiradi. U, odatda, biror hodisa, tushuncha, matn yoki madaniy fenomenning tarixiy shakllanishi, manbaviy asoslari, rivoj bosqichlari va ijtimoiy-mafkuraviy omillar bilan bog‘liq holda tahlil qilinishini anglatadi. Adabiyotshunoslikda „genezis“ termini muayyan 97 janr, syujet, obraz yoki timsolning badiiy tarixdagi ilk ko‘rinishlari va evolyutsiyasini aniqlashda ishlatiladi. Fransuz adabiyotshunosi Gerard Genette bu borada „palimpsest“ nazariyasini ilgari surgan bo‘lib, u matnlarning tarixiy qatlamlar asosida shakllanishini ko‘rsatadi va har bir badiiy matn – bu avvalgi matnlarning izlari asosida vujudga kelgan murakkab strukturasi, – deb hisoblaydi [2:374]. Shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, „Qush tili“ dostonlarining genezisi deganda, bu janrning ilk paydo bo‘lishi, uning diniy (Qur’on), tasavvufiy (Haqiqat yo‘li) va badiiy (masalan, Attor, Navoiy, Gulshahriy) ildizlarini aniqlash tushuniladi. Rossiyalik adabiyotshunos M.M.Baxtin esa genezisni madaniy va ijtimoiy jarayonlar kontekstida tushunib, matnni „tarixiy dialog“ deb ataydi [1:36]. Unga ko‘ra, har bir badiiy matn o‘zidan oldingi matnlar bilan uzviy aloqada bo‘lib, bu matnlar orasidagi o‘zaro munosabatlar orqali yangi ma’nolar hosil bo‘ladi. Bu fikr „Qush tili“ turkumidagi dostonlar evolyutsiyasini tushunishda ham muhim: Attorning „Mantiq ut-tayr“i – dastlabki markaz, undan esa Gulshahriy, Navoiy va Rizoiy dostonlari intertekstual asosda o‘sib chiqqan. O‘zbek adabiyotshunosligida genezis masalasi bo‘yicha bir qator olimlar tadqiqotlar olib borganlar. Shuhrat Rizayev asarning genezisini „asarning modifikatsiyalashgan tarixiy shakllanishi va matnlararo bog‘liqligini aniqlash metodologiyasi“ – deb ta’riflaydi [5:21]. Unga ko‘ra, genezis – bu biror matn yoki syujet modelining tarixiy-funksional hayoti, ya’ni avvalgi matnlardan qanday shaklda ta’sir olgani va qanday o‘zgarishlarga uchraganini aniqlash jarayoni. Adabiy genezis tahlilida quyidagilar o‘rganiladi: •matnning tarixiy ijtimoiy sharoiti; • manbaaviy qatlamlar (Qur’on, hadis, tasavvufiy talqinlar); • poetika va janr shakllanishi; • avvalgi matnlar bilan aloqadorlik (intertekstualizm). „Qush tili“ turkumidagi dostonlar nafaqat o‘z zamonasi uchun muhim badiiyfalsafiy asarlar bo‘lgan, balki o‘zaro matnlararo munosabatlar (intertekstualizm) asosida shakllanib, bir-birini davom ettirgan, izohlagan va yangilagan noyob adabiy hodisadir. Bu dostonlar, xususan, Fariduddin Attor va Gulshahriyning „Mantiq uttayr“i, Alisher Navoiyning „Lison ut-tayr“ va Mavlono Xoja Qozi Payvandiyning „Qush tili“ asarlari o‘rtasidagi genezisini chuqur anglash uchun intertekstual yondashuv muhim ilmiy metod sifatida xizmat qiladi. Intertekstualizm – bu adabiy matnning boshqa matnlar bilan bo‘lgan aloqalar tizimidir. Ushbu atama ilk bor Julia Kristeva tomonidan 1960-yillarda Mixail Baxtin 98 g‘oyalaridan ilhomlanib adabiyotshunoslikka olib kirilgan. U „har bir matn boshqa matnlar bilan muloqotda bo‘ladi“ degan g‘oyani ilgari suradi[3:79]. Ushbu nazariyaga ko‘ra, hech bir badiiy matn mutlaq mustaqil emas – u avvalgi matnlardan iqtibos oladi, ularni qayta talqin qiladi yoki ularga javob tariqasida yoziladi. Keyinchalik bu tushuncha Roland Barthes, Gerard Genette, Harold Blym, Umberto Eko kabi olimlar tomonidan rivojlantirilgan. Shu asosda „Qush tili“ dostonlarining genezisi – bu ham diniy manbaalarning, ham avvalgi adabiy matnlarning o‘zaro uzviy aloqasi sifatida ko‘riladi. „Qushnoma“larning asosiy intertekstual manbalari quyidagilar: 1. Qur’oni karim Naml surasining 16-17-oyatlarida Sulaymon payg‘ambarning qushlar tili va jamoasi bilan bo‘lgan muloqoti haqidagi rivoyatlar tasavvufiy talqinda – qushlar ruhlarning, Simurg‘ esa Haqning timsoli sifatida sharhlanadi. Barcha „Qush tili“ dostonlarida bu asosiy ramziy manba markaziy o‘rinda turadi. 2. Fariduddin Attorning „Mantiq ut-tayr“i (XII asr): ushbu asar „qush tili”dostonlarining boshlanish nuqtasi hisoblanadi. Unda qushlarning Haqiqatni (Simurg‘ni) izlash yo‘lidagi 7 vodiy orqali safar qilishi – tasavvufdagi solikning maqomlar bosqichi tarzida talqin etiladi. 3. Gulshahriy (XIV asr)ning usmonli turkiy tilda bitilgan „Mantiq ut-tayr“i, Attor matnini soddalashtirib, ko‘proq axloqiy-didaktik ruhda qayta ishlab chiqqan. 4. Alisher Navoiy (XV asr) „Lison ut-tayr“ asarida Attor asarining syujeti saqlangan bo‘lsa-da, poetik mahorat, tasavvufiy timsollar, obrazlar kengaytirilgan. U yerda o‘zbek adabiy tafakkuri va tasavvufiy tafsirning yuksak darajasini ko‘ramiz. 5. Payvandiyning „Qush tili“ dostonida (XVI asr): xalqona obrazlar, o‘zbek tiliga yaqin so‘z boyligi va xalqona hikmat uyg‘unlashgan. Bu asar avvalgi matnlarning tabiiy davomi sifatida ko‘riladi. Dostonlardagi intertekstual munosabatlarning ko‘rinishlari esa quyidagicha: • syujet parallelizmi: barcha dostonlarda qushlarning sayohati, Simurg‘ni izlash, oxirida esa uni o‘zlaridan topish motivi bor. • obrazlar takrori: Hudhud, Bulbul, Qarg‘a, Tovus kabi qushlar barcha matnlarda bor bo‘lib, har birida har xil ruhiy-ma’naviy holatni ifodalaydi. • matnlararo iqtiboslar: Navoiy va Payvandiy asarlarida Attorning hikmatli so‘zlariga bevosita yoki bilvosita ishoralar mavjud. Badiiy matnda intertekst sifatida muqaddas kitob va hadislar, folklor namunalari, boshqa bir yozuvchining asarlaridan parchalar keng qo‘llanadi. Intertekstlar o‘z navbatida milliy-mental xususiyatlarga ega bo‘ladi. Chunki badiiy matn muallifi ko‘proq intertekst sifatida xalq ichida mashhur bo‘lgan asardan parcha 99 yoxud xalqning milliy qadriyatlari xususiyatlaridan kelib chiqqan holda badiiy adabiyotdan, xalq og‘zaki ijodidan foydalanadi. Shu sababdan ham matn ichidagi intertekstni o‘quvchi darrov tushunib oladi va matnda nima haqida gap ketayotganini qiyosan idrok eta boshlaydi. O‘zbek badiiy adabiyoti uchun intertekstuallik hodisasi yangilik emas. Mumtoz adabiyotimizdagi „irsoli masal“, „talmeh“, „tazmin“, „nazira“ kabi badiiy san’at turlari ayni intertekstuallikning o‘zidir. Ularning badiiy matndagi vazifasi va shakli intertekstuallik tushunchasiga, uning mohiyatiga deyarli mos keladi [6:68]. „Qush tili“ dostonlarining intertekstual genezisi – bu diniy, falsafiy, tasavvufiy va badiiy qatlamlarning o‘zaro sintezi asosida shakllangan murakkab jarayon bo‘lib, unda matnlar bir-biriga tayanadi, bog‘lanadi va yangi poetik olam yaratadi. Bu yondashuv orqali biz nafaqat matnlarning tarixi, balki ular orasidagi g‘oyaviy-falsafiy va madaniy meros uzviyligini ham anglaymiz. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Бахтин М. Эстетика словесного творчества. – Москва: Искусство, 1979. 2. Genette, Gérard. Palimpsests: Literature in the Second Degree. Translated by Channa Newman and Claude Doubinsky. Lincoln: University of Nebraska Press, 1997. 3. Kristeva, Julia. Desire in Language: A Semiotic Approach to Literature and Art. Edited by Leon Roudiez. New York: Columbia University Press, 1980. 4. Орзибеков Р.Ўзбек поэзиясида мураккаб структурали жанрлар. – Самарқанд: СамДУ, 1984. 5. Ризаев Ш. Адабий асарнинг генезиси ва интертекстуал таҳлили. – Тошкент: Фан, 2019. 6. Xomidova M.Mumtoz matnlarda intertekstuallik (Navoiy ijodi misolida). / O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, 2023.// https://uza.uz/posts/402859 7. Ўзбек тилининг изоҳли луғати. – Жилд 3. – Тошкент: Ўзбекистон миллий энциклопедияси Давлат илмий нашриёти, 1981.