XALQ DOSTONLARIDAGI XALOSKOR OBRAZLARNING BADIIY TALQINLARI
Full text
111 XALQ DOSTONLARIDAGI XALOSKOR OBRAZLARNING BADIIY TALQINLARI Xudayberganova Dilafruz Usmanovna Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti 1-bosqich tayanch doktoranti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17268210 Annotatsiya. Ushbu maqolada xalq og‘zaki ijodidagi qahramon obrazlarning evolyutsiyasi, ularning oʻzbek adabiyotda aks etishi va milliy ong-idrokdagi o‘rni tahlil qilinadi. Tadqiqot doirasida qahramonlik dostonlari hisoblangan „Alpomish“, „Go‘ro‘g‘li“, „Rustamxon“ va boshqa asarlardagi xaloskor obrazlar o‘rganiladi. Kalit so'zlar: folklorshunoslik, xalq dostoni, xaloskor obraz, badiiy talqin, milliy kolorit. Aннотация. В статье анализируется эволюция героических образов в народном фольклоре, их отражение в узбекской литературе и место в национальном сознании. В исследовании рассматриваются образы спасителей в героических эпосах, таких как «Алпомиш», «Гёроглы», «Рустамхан» и других. Ключевые слова: фольклор, народный эпос, образ спасителя, художественная интерпретация, национальный колорит. Abstract. This article analyzes the evolution of heroic images in folk folklore, their reflection in Uzbek literature and their place in the national consciousness. The research examines the savior images in heroic epics such as „Alpomish“, „Gorogly“, „Rustamkhan“ and other works. Keywords: folklore, folk epic, savior image, artistic interpretation, national color. Xalq og‘zaki ijodining eng mukammal namunalaridan biri bo‘lgan dostonlar milliy adabiyotning boy merosini tashkil etadi. O‘zbek xalq dostonlaridagi xaloskor obrazlar nafaqat badiiy jihatdan mukammal yaratilgan, balki milliy ong-idrok va qadriyatlar tizimining ham ifodachisi sifatida namoyon bo‘ladi. Xaloskor obrazlar xalq hayotidagi ideal insonning mujassamlanishi bo‘lib, ular orqali milliy mentalitetning eng yaxshi jihatlari aks etadi. Bu obrazlar asrlar davomida xalq tomonidan yaratilgan va takrorlangan bo‘lib, har bir avlodga o‘z ijtimoiy-ma’naviy tajribasini yetkazib bergan. Dostonlardagi xaloskor obrazlarning badiiy talqini zamonaviy adabiyotshunoslik va folklorshunoslik uchun dolzarb masala hisoblanadi, chunki bu obrazlar orqali xalqning estetik ideali va ma’naviy qadriyatlari o‘rganiladi. Tadqiqotning maqsadi xalq dostonlaridagi xaloskor obrazlarning badiiy xususiyatlari, ularning yaratilish usullari va zamonaviy adabiy jarayondagi ta’sirini tahlil qilishdan iborat. Folklorshunoslikda dostonlardagi xaloskor obrazlar ikki asosiy guruhga bo‘linadi: ijtimoiy-siyosiy xaloslkorlar va ma’naviy-axloqiy xaloskorlar sifatida
112 talqin qilinadi. Nazarimizda xalq dostonlaridagi xaloskor obrazlarni yanada keng oʻrganish, mazkur obrazlarni turli jihatdan tasnif qilish imkonini yaratadi. Chunki xalq dostonlarida ba’zan bosh qahramonlar xaloskor obraz sifatida tasvirlansa, ayrim dostonlarda yordamchi qahramonlar bosh obrazning xaloskori sifatida beriladi. Masalan, Alpomish Barchinning xaloskori, qalmoqlar qoʻlidan qutqaruvchi obraz sifatida gavdalansa, Qorajon obrazi poygada Alpomish nomidan qatnashib, unga katta yordam beradi, haqiqiy doʻstlikni namoyon qilib, bosh qahramonning xaloskori sifatida beriladi. Xalq ogʻzaki ijodinining yetuk tadqiqotchilaridan biri Gʻ.Jalolov esa xaloskor obrazlar haqida shunday fikr bildirgan: „Yordamchi xarakterlar, ko‘pincha, markaziy qahramonning maqsadiga erishuvida katta yordam ko‘rsatadi. Yordamchi obrazlarning qahramonga yordam berishlari, maqsad sari kurashda unga ko‘maklashishlarining ajoyib namunasini „Malikayi ayyor“dagi Shoqalandar, Shozargar kabi obrazlarda ko‘rish mumkin“ [1:70]. Darhaqiqat, „Goʻroʻgʻli“ turkum dostonlari majmuasi xaloskor obrazlarning oʻrganilishi uchun qimmatli manba hisoblanadi. Ushbu to‘plamdagi dostonlarda afsonaviy xalq qahramonining tug‘ilishi, uning bahodirona yoshligi, jasoratlarga to‘la hayoti tasvirlanar ekan, bosh qahramonning turli sifatlarini koʻrsatishda xaloskor obrazlar ham muayyan darajada badiiy-estetik vazifa bajaradi. O‘zbek xalq dostonlaridagi xaloskor obrazlar bir nechta asosiy xususiyatlarga ega boʻlib, bu obrazlar milliy mentalitetning ifodachisi sifatida namoyon bo‘ladi va xalqning ideal insoniy fazilatlarini oʻzida mujassam etadi. „Alpomish“ dostonidagi Alpomish obrazi shaxsiy jasorat, vatanparvarlik va adolat tuyg‘ularining mukammal ifodasidir. U nafaqat jismoniy kuch-qudratga ega qahramon sifatida tasvirlangan, balki aql-idrok, hikmat va rahm-shafqat kabi ma’naviy fazilatlarning ham egasidir. Dostonda u Barchinning xaloskori sifatidagina emas, balki, boʻlingan urugʻning xaloskori sifatida namoyon boʻladi. „Go‘ro‘g‘li“ dostonidagi asosiy qahramon ham xuddi shunday xususiyatlarga ega bo‘lib, u xalqning erkinlik va mustaqillik uchun kurashuvchi obrazi sifatida namoyon boʻladi . Dostonlardagi xaloskor obrazlar ko‘pincha g‘ayritabiiy kuchlarga ega bo‘lib, bu ularning oddiy insondan yuqori maqomda turganligini anglatadi. „Rustamxon“ dostonidagi Rustamxon obrazida ham bu xususiyat yaqqol ko‘rinadi: „Rustam qizning oldiga borib, „Belgisi, ishonar“ deb, ajdahordan olgan tasmani qizning oldiga tashladi. Oftoboy ajdahorning terisidan olingan tasmani ko‘rib, ajdahor o‘lib, o‘zining omon qolganini bilib, quvondi“ [2:76].
113 Shuningdek, ayrim dostonlarda pirlar, chiltanlar va eshonlar xaloskor obraz sifatida namoyon boʻladi. Masalan, „Alpomish“ dostonida poygada qalmoqlar tomonidan qoʻl-oyogʻi bogʻlab ketilgan Qorajonga Rajapxoʻja eshon yordamga keladi: Falak titrar Qorajon nolishiga, Banda qo‘nar tangri qilgan ishiga, Boboxonda yig‘lab edi Qorajon, Rajabxo‘ja piri yetdi qoshiga. Karomatman kelib xabar oladi, Qorajonning qo‘lin chechib ko‘radi, Qorajonni pir tarbiyat qiladi, Qorajonbek bul o‘rnidan turadi, Kim chechganin o‘zi bilmay qoladi [3:200]. Mazkur dostonda Alpomishning oti Boychibor ham dostonning turli oʻrinlarida xaloskor sifatida koʻrinadi. Alpomish qalmoqlar tomonidan zindonband qilinganda Boychiborning yordami bilan zindondan xalos boʻladi: Jonivor zoʻr urib shu zamon tortdi, Boychiborga pirlar berdi quvvatdi, Hakimbek u zamon zindondan chiqdi. Dunyoni ko‘rganday bo‘lib qoladi, Hakimbek otini tavof qiladi [3:413]. Yuqoridagi tahlillardan xaloskor obrazlarni dostondagi vazifasiga ko‘ra quyidagicha tasnif qilish mumkin: 1.Bosh obrazlar xaloskor obraz sifatida; 2.Yordamchi obrazlar xaloskor obraz sifatida; 3.G‘ayritabiiy obrazlar xaloskor obraz sifatida; 4.Diniy-tasavvufiy obrazlar xaloskor sifatida; 5.Hayvon-jonivorlar xaloskor sifatida. Dostonchilikning og‘zaki an’anasida xaloskor obrazlari ham xuddi bosh obrazlar singari asarda muayyan vazifa bajarar ekan baxshi-jirovlar ular bilan bogʻliq tasvirlarni ham yuqori pardalarda kuylashadi va turli ifoda-tasvir vositalaridan foydalangani holda ohoriy tasvirlar yaratishgan. Masalan, Alpomish bergan isiriqnishonni Tovkaoyim tutatgach, Boychibor Hakimbekning tirikligidan xabar topadi. Shundagi ot tasvirida mubolagʻa va soʻz takrori asosida goʻzal tasvir yaratiladi: Yerga solgan boshin balandga olib, Jonivorning koʻngli ravshan boʻladi,
114 Bu tablada duvlab hayvon kishnadi. Gʻulu zanjir mayda-mayda boʻladi[3:410]. Koʻrinadiki, baxshilar xaloskor obrazlarni ta’riflashda ham alliteratsiya, ritmik takrorlar kabi fonetik vositalarni va turli tasvir vositalaridan ustalik bilan foydalanadi. Bu vositalar nafaqat badiiy-estetik ta’sir yaratish, balki muayyan darajada xotirada saqlash va og‘zaki uzatish vazifasini ham bajargan. Xaloskor obrazlarining atalishi ham alohida e’tiborga loyiq: ularning ismlari ko‘pincha ma’lum semantik maydonlarga tegishli bo‘lib, kuch-quvvat, yorug‘lik, poklik kabi tushunchalar bilan bog‘liq. „Alpomish“ dostonidagi Alpomishga berilgan ta’rifda metaforaning go‘zal namunasini ko‘rishimiz mumkin. „Qorajon Murodtepaning ostiga kelib qoldi. Shunday tepaning boshiga qaradi. Tepaning boshida Yusuf tal’atli, Rustam sifatli, bir chovkar otli birov yonboshlab yotibdi“ [3:139]. Epitet va metaforalar tizimi xaloskor obrazlarining o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berishda muhim ahamiyat kasb etadi. Xalq dostonlaridagi xaloskor obrazlarning badiiy talqini shuni ko‘rsatdiki, bu obrazlar nafaqat adabiy jihatdan mukammal yaratilgan, balki milliy mentalitet va qadriyatlar tizimining ham muhim tashuvchilaridir. Ular orqali xalqning estetik ideali, ma’naviy qadriyatlari va ijtimoiy orzulari o‘z aksini topadi. Xalq dostonlaridagi xaloskor obrazlarning chuqur o‘rganilishi milliy adabiyotning boy merosini to‘la anglashga yordam beradi va kelajakdagi adabiy rivojlanish yo‘llarini belgilashda ahamiyati katta. Bu obrazlar orqali o‘zbek xalqining ma’naviy boyligini anglash va uni keyingi avlodlarga yetkazib berish imkoniyati yaratiladi. Adabiyotlar roʻyxati: 1. Jalolov G‘. O‘zbek folklorida janrlararo munosabat. – Toshkent: Fan, 1979. 2. Xalq og‘zaki ijodi. Rustamxon. – Toshkent: Zukko kitobxon, 2021. 3. Xalq og‘zaki ijodi. Alpomish. – Toshkent: Zukko kitobxon, 2023.