O'ZBEK ADABIYOTSHUNOSLIGIDA FOLKLORIZMLARNING O'RGANILISHI
Full text
120 O‘ZBEK ADABIYOTSHUNOSLIGIDA FOLKLORIZMLARNING O‘RGANILISHI Urazbayev Muratbay Amanbayevich Ajiniyoz nomidagi Nukus DPI O‘zbek adabiyoti ixtisosligi 1-bosqich tayanch doktoranti. E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17268216 Annotatsiya. Mazkur maqolada milliy adabiyotga xos xalq og‘zaki ijodining beqiyos ijobiy o‘rni, ijodkorlarning folklor namunalaridan foydalanish mahorati, folklorizmlarning tadqiqi masalalari va o‘zbek adabiyotshunosligida folklorizmning jiddiy o‘rganilishi kabi zaruriy masalalar yoritilgan. Kalit so‘zlar: Folklorizm, xalq og‘zaki ijodi, yozma adabiyot, „badiiy folklorizm“, „publitsistik folklorizm“; „oddiy folklorizm“, „murakkab folklorizm“, milliy adabiyot. Аннотация. В данной статье рассматриваются особенности народного устного творчества, характерные для национальной литературы несравненное положительное место, мастерство творцов в использовании фольклорных образцов, освещены вопросы исследования фольклоризмов и такие важные вопросы, как серьезное изучение фольклоризма в узбекском. Ключевые слова: Фольклоризм, устное народное творчество, письменная литература, „художественный фольклоризм“, „публицистический фольклоризм“; „простой фольклоризм“, „сложный фольклоризм“, национальная литература. Abstract. This article is devoted to the study of folklore characteristic of national literature, incomparable positive role, creators' skill in using folklore samples, such important issues as the study of folklorisms and the serious study of folklorisms in uzbek literary studies are highlighted. Keywords: Folklore, folklore, written literature, „artistic folklore“, „journalistic folklore“; „simple folklorism“, „complex folklorism“, national literature. Istiqlol sharofati bilan barcha sohalar qatorida adabiyotshunoslik ham tobora takomil topa borib, folklorning yozma adabiyotga ta’sirini turlicha yo‘nalishlarda tahlil va talqin qilish yanada keng tus oldi. Buning adabiyotimiz taraqqiyotidagi o‘rni benihoya muhim bo‘lib, badiiy adabiyot ravnaqi, uning mutolaasi yoshlar ma’naviy kamolotini, ezgulik boqiyligini ta’minlaydi, albatta. Zero, „Kitobsiz taraqqiyotga, yuksak ma’naviyatga erishib bo‘lmaydi. Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi yo‘q“ [1:114] Folklorizm – bu ijodkorning xalq og‘zaki ijodida azaldan mavjud bo‘lgan syujet, obraz, motiv, xalqona uslubni to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chirib qo‘yish emas, aksincha, folklorizm bu – ijodkorning xalq og‘zaki ijodga qayta ishlov berishi, o‘z ijodiy laboratoriyasida ziynatlab, boyitib, to‘ldirib, yangi asar yaratishi yoki asar ichida xalq maqollari va matallari, obrazli, qanotli ifodalarni, idiomalar, afsona,
121 doston, ertak syujetlarini, obrazlarini qayta stilizatsiya qilib, asarga singdirib yuborishidir. Jahon adabiyotshunosligida yozma adabiyot bilan xalq og‘zaki ijodining o‘zaro munosabati, ularning bir-biriga ijodiy ta’siri masalasi, muayyan ijodkorlarning xalq og‘zaki ijodidan foydalanish mahorati, folklorizmlar muammosini aniqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, yozma adabiyotda muayyan ijodkorlarning folklorizm hosil qilishi, folklorizmlarning turlari hamda ularning badiiy asar strukturasi va matnida tutgan ahamiyati, shuningdek, yozuvchi shaxsining folklorizm hosil qilish tajribasi muhim masalalardan hisoblanadi. Dunyo adabiyotshunosligida „folklorizm“lar masalasi deyarli yuz yildan beri o‘rganilib kelinadi. Yozma adabiyot paydo bo‘libdiki, unga xalq og‘zaki ijodining ta’siri, ijodiy an’anasi va har ikki adabiyot turining bir-biriga ijobiy va ijodiy ta’siri shubhasizdir. O‘tgan asrning 50-60 yillaridan e’tiboran, yozma adabiyotning folklordan foydalanishi, ta’sirlanishi „folklorizm“ degan nazariy termin bilan atala boshlandi. Shu bilan birga, „folklorizm“ termini muqim sur’atda qo‘llanilganiga qadar „xalq og‘zaki ijodi va yozma adabiyot munosabati“, „yozma adabiyotda folklor an’analari“, „yozma adabiyotda xalq og‘zaki ijodi an’analari“, „yozma adabiyotda folklor traditsiyasi“ terminlari ham baravar ravishda ishlatildi. Xususan, bu adabiy holat rus, ukrain, o‘zbek, qozoq, tojik, ozarbayjon adabiyotshunosligida keng miqyosda tadqiq etildi. Jumladan, Dimshits, M.Azadovskiy, U.Dalgat, I.Shott, V.Agrba, P.S.Vixodsev, G.A.Levinton kabi sobiq sho‘ro davri olimlarining tadqiqotlarini sanash mumkin [2. 3. 4. 5]. Mazkur monografik tadqiqotlarda muayyan milliy adabiyotga xos xalq og‘zaki ijodining beqiyos ijobiy ta’siri, ijodkorlarning folklordan foydalanish mahorati, folklorizmlarning tadqiqi masalalari jiddiy o‘rganilgan. Shuningdek, sho‘ro davri adabiyotshunosligida shakllanib rivojlanishda davom etgan o‘zbek adabiyotiga xalq og‘zaki ijodining ta’siri, munosabati, ijodkorning folklordan foydalanish mahorati masalasi N.Mallayev, J.Qobulniyozov, G‘.Jalolov, O.Sobirov, M.Amilova, G‘.Mo‘minov tadqiqotlarida Alisher Navoiy, Hamza, Oybek ijodida folklor an’analari, sho‘ro davri adabiyotida folklor va folklor an’analari muammolari monografik tadqiqotlar sifatida yaratilgan. Bu tizimli tadqiqotlar tabiiyki, mustaqillik davri adabiyotshunosligida izchil davom etdi. Binobarin, T.Abdurahmonov, T.Xo‘jayev, D.Quvvatova, M.Imomkarimova, X.Abdullayev, M.Narziqulova, L.Sharipova, D.Xoliqova kabi olimlarning ishlarida folklorizmlar masalasi asosiy ilmiy hadafga aylandi.
122 ХХ asrning 80-yillarida o‘zbek adabiyotshunosligi folklorizmni nazariy jihatdan asoslashga kirishdi. Ayrim nomzodlik dissertatsiyalari folklorizmning adabiy tur va janrlar taraqqiyotidagi o‘rnini tadqiq etishga, uning tiplarini aniqlashga bag‘ishlandi. [6.7.8]. Ammo folklor va yozma adabiyot munosabatlari adabiyotning turli davrlarida o‘zgacha namoyon bo‘lishi, har bir tur va janr doirasida o‘xshashlik kasb etishi, ijodkor mahoratini namoyon etishi, ijodkor uslubining muayyan qirrasiga, asar badiiyatiga ta’sir qiluvchi omilga aylanishini o‘rganish zarurati muammoning dolzarbligini ko‘rsatadi. Albatta, o‘zbek adabiyotshunosligida „folklorizmlar“ muammosining o‘rganilishiga doir yuzdan ziyod maqolalar, tadqiqotlar, risolalar yozilgan. Ularning har birida muayyan bir davr, janr, adiblar ijodi tadqiqot obyekti bo‘lgan. Shuningdek, o‘zbek adabiyotshunosligida yozma adabiyotdagi folklorizmning badiiy-poetik xususiyatlari, tasnifi, tipologiyasi masalalari ulkan adabiyotshunos olim B.Sarimsoqovning qator ilmiy-nazariy maqolalarida yoritildi. Xususan, olimning bu sohadagi izlanishlarini shogirdi I.Yormatov davom ettirdi. Umuman olganda, XX asrdan hozirgacha „folklordan foydalanish“, „folklor an’analari“, „folklor ta’siri“ kabi turlicha istilohiy birikmalar orqali aralash-quralash holda ifodalanib kelinmoqda. Bu atamalar mohiyatan folklorizm tushunchasiga mos keladi. Chunki folklorizmlar yozma adabiyotda folklor ta’sirida folklordan foydalanish tufayli yuzaga keladi. Ammo „folklordan foydalanish, „folklor ta’siri“ atamalari o‘ziga xos alohida ma’nolarga egaki, ularni doimiy ravishda folklorizm tushunchasiga nisbatan qo‘llash qiyin“. Demak, folklorizm – bu ijodkorning xalq og‘zaki ijodida azaldan mavjud bo‘lgan syujet, obraz, motiv, xalqona uslubni to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chirib qo‘yish emas, aksincha, folklorizm bu – ijodkorning folklorga qayta ishlov berib, o‘z ijodiy laboratoriyasida ziynatlab, boyitib, to‘ldirib, yangi asar yaratishi, yoki asar ichida xalq maqollari va matallari, obrazli, qanotli ifodalarni, idiomalarni qayta stilizatsiya qilib, asarga singdirib yuborishidir. „Folklorizmlar“ o‘zbek va jahon adabiyotshunosligida shu kunga qadar „Badiiy folklorizm“, „Publitsistik folklorizm“; Badiiy folklorizmning o‘zi qo‘llanish usuliga ko‘ra „oddiy folklorizm“, „analitik folklorizm“, „murakkab folklorizm“, yangi zamonaviy nazariyotchilar tasnifiga ko‘ra esa „ratsionalistik folklorizm“, „intuitiv folklorizm“, „konstruktiv folklorizm“, „organik folklorizm“ va hokazolarga tasniflangan; O‘zbek adabiyotshunosligida yozma adabiyot va folklorning o‘zaro munosabatlarini monografik tarzda o‘rganish XX asrning 60-70-yillarida birmuncha
123 kuchaydi. Yaratilgan tadqiqotlarda folklor an’analari va motivlaridan foydalanishning o‘ziga xos xususiyatlari, ijodkorlarning folklordan ta’sirlanishi va undan ijodiy foydalanishdagi mahorati, folklorning adabiy jarayonga, yangi oraliq shakllarning yaratilishiga ta’siri, badiiy asarda syujetning folkloriy asoslari singari qator ilmiy muammolar tekshirildi. XX asrning 80-yillarida o‘zbek adabiyotshunosligi folklorizmni nazariy jihatdan asoslashga kirishdi. Ayrim nomzodlik dissertatsiyalari folklorizmlarning adabiy tur va janrlar taraqqiyotidagi o‘rnini tadqiq etishga, uning tiplarini aniqlashga bag‘ishlandi. Ammo folklor va yozma adabiyot munosabatlari adabiyotning turli davrlarida o‘zgacha namoyon bo‘lishi, har bir tur va janr doirasida o‘ziga xoslik kasb etishi, ijodkor mahoratini namoyon etishi, ijodkor uslubining muayyan qirrasiga, asar badiiyatiga ta’sir qiluvchi omilga aylanishini o‘rganish zarurati muammoning dolzarbligini ko‘rsatadi. Istiqlolgacha o‘zbek adabiyotshunosligida folklor va yozma adabiyot munosabatlarining ba’zi qirralarigina tadqiq qilindi. Holbuki, milliy she’riyat folklordan o‘zlashtirgan muayyan jihatlar qay taxlit kechgani, folklor bu xususiyatlar, obrazlar va motivlarni asotir olamidan o‘zlashtirib, ularni o‘z badiiy olamida qayta ishlagani, yozma she’riyat esa folklorga xoslikning ushbu jihatlarini o‘ziga qay darajada singdirgani, yangi poetik vazifalar yuklaganini tadqiq qilish adabiyotshunosligimiz uchun o‘ziga xos xulosalar beradi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Мирзиёев Ш. Буюк келажагимизни мард ва олижаноб халқимиз билан бирга қурамиз. – Тошкент: “Ўзбекистон” НМИУ, 2017. 2. Азадовский М.К. Статьи о литературе и фольклоре. – М.,-Л.: Гослитиздат, 1960. 3. Емельянов Л.И. К вопросу о фольклоризме древней русской литературы / Русский фольклор. Том YII. – Л., 1962. 4. Выходцев П.С. На стихе двух художественных культур (Проблема фольклоризма в литературе) / Русский фольклор. Том XIX. – Л., 1979. 5. Горелов А.А. К истолкованию понятия “фольклоризм литературы” / Русский фольклор. 6. Ярматов И. Типология фольклоризмов в современной узбекской литературе (60-е и начало 80-х годов): Автореф.дисс...канд.филол.наук. – Ташкент, 1985. 7. Нарзиқулова М. “Сабъаи сайёр” достонида фольклоризмлар ва ўзбек фольклоризмидаги Баҳром сюжетининг талқини: Филол.фан.номз...дисс.автореф. – Тошкент, 2006. 8. Шарипова Л. ХХ асрнинг 70-80-йиллари ўзбек шеъриятида фольклоризмлар: Филол.фан.номз... дисс. автореф. – Тошкент, 2008.