ALISHER NAVOIY "XAMSA"SIDA SHIRIN OBRAZINING YORITILISHI
Full text
170 ALISHER NAVOIY „XAMSA“SIDA SHIRIN OBRAZINING YORITILISHI Muradova Shodiya Zokir qizi Samarqand shahar 19-sonli maktabning ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17268283 Annotatsiya. Mazkur maqolada Alisher Navoiyning „Farhod va Shirin“ dostoni qahramonlaridan biri ‒ Shirin obrazi tahlil etiladi. Asarda Shirinning tutgan o‘rni, uning xarakter xususiyatlari hamda ma’naviy-axloqiy fazilatlari yoritilib, Navoiyning ayol obrazini badiiy talqin etishdagi yondashuvi ochib beriladi. Kalit so‘zlar: ,,Xamsa“, „Farhod va Shirin“, Shirin, Mehinbonu, ayol, obraz. Annotation. This article analyzes the character of Shirin in Alisher Navoi’s epic „Farhod and Shirin“. The study highlights Shirin’s role in the narrative, her character traits, and moralethical qualities, while also examining Navoi’s artistic approach to depicting the female image. Keywords: Khamsa, Farhod and Shirin, Shirin, Mehinbonu, woman, character. Аннотация. В статье анализируется образ Ширин ‒ одной из героинь эпической поэмы Алишера Навои „Фарход и Ширин“. В произведении освещаются роль Ширин, черты её характера, духовно-нравственные качества, раскрывается подход Навои к художественной интерпретации образа женщины. Ключевые слова: „Хамса“, „Фарход и Ширин“, Ширин, Мехинбону, женщина, образ. Alisher Navoiy „Xamsa“sini oʻrganish davomida undagi beshta dostonda ham ayol qahramonlarni uchratishimiz mumkin. Albatta, bu qahramonlarning har biri tarixiy mavjudlik, badiiy toʻqimalilik, asardagi oʻrni, ijtimoiy-ruhiy holati, feʼl-atvor xususiyatlari bilan ajralib turadi. „Xamsa“ obraz va qahramonlar gallereyasiga juda boydir. Asar tarkibidagi barcha dostonlarda biz asosiy qahramonlarda yoki epizodik qahramonlarda ayol obrazini uchratamiz. Navoiy „Farhod va Shirin“ dostonida Shirinni oʻz xarakter xususiyati bilan Farhoddek teng oʻringa chiqarilgan. U oliyjanob shaxs sifatida gavdalantirilib, bu obraz orqali ham Navoiyning eng ezgu orzu-armonlari namoyon boʻladi. Shirin obrazi Mehinbonu tarbiyasidagi ilmli, aqlli, iffatli bir qiz. U mamlakat obodligini oʻylovchi, xalqni suv bilan taʼminlashni maqsad qilgan. U malika boʻlishiga qaramay boylik, mol-dunyoga oʻch emas, uni inson baxti uchun xizmat qiluvchi amallar qiziqtiradi. U chin insonga muhabbat qoʻyishi ham uning buyuk fazilat sohibasi ekanligidan dalolat: „Menga ne yor-u ne oshiq havasdur,
171 Agar men odam oʻlsam, ushbu basdur“. Nizomiy dostonidagi Shirin va Xusrav harakteri oʻrtasida konflikt mavjud. Biroq Shirin matonati va irodasi bilan bu konfliktni yoʻqotadi. Navoiy dostonidagi Shirin bilan Farhodning orzusi, feʼl-atvori bir. Аlisher Navoiy yaratgan Shirin obrazi tamoman yangi talqinda gavdalanadi. U tashlab ketgan, vafosiz oshiqdan zorlanmaydi. Komil axloq egasi boʻlgan Farhodning shiori asar boshidan oxirigacha vafodorlik edi. Nizomiy, Xusrav Dehlaviyning markaziy qahramonlari oʻz oshig‘ining jafokoʻyligidan, haqoratlaridan nolisa, Navoiy Shirini oʻz oshigʻining pok muhabbati va cheksiz sadoqatidan mamnun boʻladi. Insonning qadr-qimmatini baland koʻtarish gʻoyasi dostonda Shirin obrazida misolida namoyon boʻladi. Navoiy asarda johil, vafosiz, xudbin kishilarni qoralaydi. Shirin Xusrav toʻgʻrisida soʻzlar ekan, qoʻlida tigʻ tutib, muhabbat toʻgʻrisida lof urayotgan kishida insoniy tuygʻu nima ham qilsin deydi: Ki, chekkay tigʻu urgʻay ishq lofin, Musallam kim tutar mundoq gazofin. Chiroyli soʻz oʻyinlari bilan bitilgan quyidagi misralar aforizm darajasiga koʻtarilgan: Quloq ishq ahli solmas bo‘yla soʻzga, Ki shahliq oʻzgadur, oshiqliq oʻzga. Kerak oshiqqa jon ‒ jonon fidosi, Tilarul qilsa jonon ‒ jon fidosi. [1:340] Navoiy dostonida Shirin obrazini yanada ochib beruvchi vositalardan biri ‒ uning Farhod bilan yozishmalaridir. Аyriliq va Xusrav tugʻdirgan falokatlar natijasida Farhod qalbiga hamroh boʻlgan dard-alamlarni oʻz nomasida yoriga bitadi. Shirin Farhod roʻzgorini oʻzining qora sochlaridek qorongʻi deb biladi. Uning „qomati gʻam yuki ostida yangi chiqqan oydek dol boʻlsa kerak“ deya qaygʻuradi. Farhod chekayotgan azob-uqubatlarni Shirin oʻzi tufayli roʻy berayotganligidan afsus-nadomatlar chekadi. Shirin maktubidagi: Ko‘rub xor-u xas oʻrnungda, nihoniy, Sochim birla supursam erdi oni. Chu bilsam garddin koʻnglungda qaygʻu, Yer uzra ashkdin sepsam edi suv… ‒ misralari ilmiy adabiyotimizda aytilganidek, xalq poetik ijodiyotida ming yillar davomida yashab kelayotgan xalq qoʻshigʻini eslatadi. Rivoyatlarda barcha hayvonlar, jonivorlar Sulaymon paygʻambarning farmonida boʻlgan deb aytiladi. Shirin Salosilda kiyiklar-u vahshiy hayvonlar bilan
172 hamdard, doʻst boʻlib qolgan Farhodni oʻsha Sulaymonga, oʻzini esa Sulaymonning xotini Bilqisga qiyoslaydi. Quyidagi misralarda Shirinning ichki kechinmalari Navoiy qalamiga xos mahorat bilan qogʻozga koʻchirilgan: Quyosh yangligʻ boʻlub kunduz qarining, Boʻlub tun soya yangligʻ hamnishining. Tikan kirsa kafinggʻa kiynasidin, Chiqorsam erdi kirpik ignasidin. Аyogʻ sunsang boʻlub gʻamdin xaroshing, Mudom oʻlsa edi qoʻynumda boshing. Koʻrub xor-u xas oʻrnungda, nihoniy Sochim birla supursam erdi oni. Chu bilsam garddin koʻnglungda qaygʻu, Yer uzra ashkdin sepsam edi suv. [1:323] Shirin Farhodga „kunduz kunlari quyoshdek yaqining boʻlsam“, „tunda esa soyadek yoningda yursam“, „agar kunduz kunlari zeriksang, tongda quyosh issigʻi senga ozor yetkazsa, sochim bilan soʻlim bir tun yetkazsam“, „oʻzingni oʼzing koʻrishni istasang, yuzumni oyna qilib seni aks ettirsam“, ‒ deya yozadi. Bu qahramon fazilatidagi xususiyatlar Navoiy qalami bilan shu darajada nafis va goʻzal ishlanganki, hozir ham oʻz qiymatini yoʻqotgan emas. Sharq adabiyotida Navoiygacha yozilgan Shirin qissalari oʻrtasida Nizomiy dostoni dastlabki bosqich boʻldi. Keyinchalik yaratilgan hamma „Shirin va Xusrav“ hamda „Farhodnoma“ dostonlarida Shirin obrazining evolyutsiyasi ravshan koʻzga tashlanmaydi. Navoiy dostonida bu obraz alohida diqqat bilan ishlangan. Shirin dahshatli yov oldida o‘zining shaxsiy erkini himoya qilib mardonavor turadi. Аyol kishining achchiq qismati oldida dam boʻyin ekkan, dam tugʻyonga kelgan Shirin voqealar davomida yaxshilikka umid bogʻlab razolatga qarshi shiddatli eʼtiroz bilan chiqadi. U Farhodga yoʻllagan ikkinchi maktubida sadoqati uchun qasamyod qiladi. Dushman gʻolib kelib qolgan taqdirda Xusravga taslim boʻlmay oʻzini halok etajagini dadil yozadi. Shu oʻrinda akademik Oybek va А. Deychning quyidagi soʻzlarini eslash oʻrinli: „Navoiy ijodida muhabbat problemasi muhim oʻrin tutadi. Shoir uchun muhabbat faqat chuqur shaxsiy tuygʻu boʻlib qolmay, qudratli ijtimoiy faktordir. Muhabbat oʻz zamonida huquqsizlantirilgan ayolni baxti uchun, shaxs hurriyati uchun kurashga ilhomlantiruvchi kuchdir“. Shirin maktublari salaflari asarlaridagi Xusravdan uzoq turgan Shirin maktublaridan, ularning savol-javoblaridan tub maʼnosi bilan farq qiladi. Bu dastlab doston muallifining gʻoyaviy niyati, obraz ustidagi ijodiy ishi bilan bogʻliqdir.
173 Nizomiy Shirinida uning nomalari, Xusrav bilan savol-javoblari koʻpincha pandnasihatlardan, bir-birlariga boʻlgan e’tiroz va tanbehlardan iborat. Shu munosabat bilan Ye.Bertels yozgan edi: „Shirinning (Navoiy Shirini) Farhodni qayta tarbiyalashiga ehtiyoj yoʻq edi. Uning Farhodga muhabbati butun faoliyatining mazmunini tashkil qiladi, unda yuksak darajada hayolilik paydo qiladi. Nizomiy asarida Xusravga nisbatan boʻlganidek, Farhodga nasihat, taʼna darajasida muomala qilishga bu yerda oʻrin yoʻq. Shirin oʻzining latofati, ajoyib aqli, cheksiz sadoqati bilan Farhodni hayajonga soladi. U ideal obraz, oxirigacha xotin-qizlarga xos boʻlgan nazokat-latofat egasi boʻlmish obrazdir“. [3:65] Navoiy oʻz xamsanavis salaflaridan farqli ravishda muhabbat mavzusini keng koʻlamda hal etayotganligi yuqoridagilardan koʻrinib turibdi. Navoiy dostonida Shirin salaflar dostonlaridagiga nisbatan ancha kech paydo boʻladi. Shunga qaramay, u asarning markaziy qahramonlaridan biriga aylanib qoladi. Kichik yoshdan kanal qazish kabi foydali ishga bel bogʻlagan Shirin asarning oxirida juda koʻp oliyjanob sifatlarga ega boʻlgan qahramon sifatida taniladi. Shirin oʻz faoliyati bilan odamiylik nomini baland koʻtaradi. Maʼnaviy jasoratga qarshi isyonkorona maydonga chiqadi. Xulosa qilib aytish mumkinki, Alisher Navoiyning xotin-qizlar haqidagi oʻyfikrlari, orzu-tilaklari koʻp hollarda oʻsha zamon zayliga muvofiq hayotiy voqelik bilan qorishib ketgan. Alisher Navoiy yaratgan ayol timsollari oʻzining goʻzalligi va yorqinligi bilan kishilar qalbini zabt etib kelmoqda va yuksak darajadagi ibrat namunasi hisoblanadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Алишер Навоий. Мукаммал асарлар тўплами. ХХ жилдлик. VIII том. Фарҳод ва Ширин. – Тошкент: Фан, 1991. 2. Алишер Навоий. Фарҳод ва Ширин. Насрий баёни билан. – Тошкент: Ғ.Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти, 1989. 3. Erkinov S. Navoiy «Farhod va Shirin» va uning qiyosiy tahlili. ‒ Toshkent: Fan, 1971. 4. Mallayev N. “O‘zbek adabiyoti tarixi” 1-kitob. ‒ O‘qituvchi nashriyoti,1965. 5. Tohirov S.Q. Xamsanavislik an’anasi va Alisher Navoiy “Xamsa”si. O‘quv qo‘llanma. – Samarqand, SamDU nashri, 2020. 6. Қаюмов Азиз. „Фарҳод ва Ширин“ сирлари: Эзгулик ва севгини улуғловчи мотивлар.‒ Т:. Адабиёт ва санъат нашриёти, 1979.