MAXTUMQULI SHE'RIYATIDA XALQ OG'ZAKI IJODINING O'RNI
Full text
189 MAXTUMQULI SHE’RIYATIDA XALQ OG‘ZAKI IJODINING O‘RNI Ishmuratova Muhayyo Murodboy qizi Urganch davlat universiteti 2-kurs magistranti E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17268298 Annotatsiya. Maqolada turkman va umumturkiy adabiyotning buyuk namoyandasi Maxtumquli Firog‘iy (1733-1782) she’riyatida xalq og‘zaki ijodi an’analarining o‘rni o‘rganiladi. Tadqiqotda Maxtumquli she’rlarida qo‘llanilgan folklor materiallari, xalq og‘zaki ijodiga xos obrazlar, janrlar va badiiy usullar tahlil qilinadi. Maxtumquli ijodining folklor ildizlari chuqur o‘rganilib, uning she’riyati xalq og‘zaki ijodi bilan bo‘lgan o‘zaro aloqasi ilmiy adabiyotlar va olimlarning tadqiqotlari asosida ochib beriladi. Maqolada shuningdek, Maxtumquli merosining turkiy xalqlar madaniyati va adabiyotidagi ahamiyati ham yoritiladi. Kalit so‘zlar: Maxtumquli, xalq og‘zaki ijodi, folklor, an’anaviy obrazlar, xalq qo‘shiqlari, dostonlar, g‘azal, muxammas, tasavvuf, turkiy xalqlar adabiyoti. Аннотация. В статье исследуется роль народных традиций в поэзии великого представителя туркменской и тюркской литературы Махтумкули Фируги (1733–1782). Анализируются фольклорные материалы, использованные в стихах Махтумкули, образы, характерные для народной поэзии, жанры и художественные приёмы. Глубоко исследуются народные корни творчества Махтумкули, на основе научной литературы и исследований учёных раскрывается взаимосвязь его поэзии с народной поэзией. Также в статье подчёркивается значение наследия Махтумкули в культуре и литературе тюркских народов. Ключевые слова: Махтумкули, устное народное творчество, фольклор, традиционные образы, народные песни, эпосы, газель, мухаммасы, мистика, литература тюркских народов. Abstract. The article studies the role of folk traditions in the poetry of the great representative of Turkmen and Turkic literature, Makhtumkuli Firugi (1733-1782). The study analyzes the folklore materials used in Makhtumkuli's poems, the images characteristic of folk poetry, genres and artistic methods. The folk roots of Makhtumkuli's work are deeply studied, and the relationship between his poetry and folk poetry is revealed on the basis of scientific literature and research by scholars. The article also highlights the importance of Makhtumkuli's legacy in the culture and literature of the Turkic peoples. Keywords: Makhtumkuli, oral folk art, folklore, traditional images, folk songs, epics, ghazal, muhammas, mysticism, literature of Turkic peoples. Maxtumquli Firog‘iy – nafaqat turkman, balki butun turkiy xalqlar adabiyotining marvarididir. Uning she‘riyati muhim xususiyatlaridan biri bu xalq og‘zaki ijodi bilan chambarchas bog‘liqligidir. Maxtumquli o‘z she’rlarida xalq og‘zaki ijodining boy merosidan, obrazlaridan, badiiy vosita va janrlaridan samarali foydalangan. Uning she’riyatida xalq qo‘shiqlari, dostonlar, afsonalar, ertaklar, maqollar va topishmoqlardagi obrazlar va motivlar yangi badiiy ma’noga ega bo‘ldi. U xalq og‘zaki ijodini o‘rganib, o‘zining yuqori darajadagi fikrlari bilan boyitdi va bu
190 an’analarni keyingi avlodlar uchun saqlab qoldi. Shu sababli ham Maxtumqulining g‘azallari, pand-nasihatga boy she’rlari xalq tilida tarqalib asrlar davomida saqlanib keldi. Maxtumquli she’riyatida xalq og‘zaki ijodiga xos bo‘lgan obrazlar keng qo‘llanilgan. Masalan, uning she’rlarida „O‘g‘uznoma“ lardagi qahramonlik ruhini, „Dede Qorqut“ dostonlaridagi donishmandlik va mardlik ideallarini, xalq ertak va afsonalaridagi sehrli obrazlarni ko‘rish mumkin. U o‘z she’rlarida Alpomish, Go‘ro‘g‘li, Yusuf va Ahmad, Shohsanam va Oshiq G‘arib kabi xalq dostonlarining qahramonlarini tilga oladi va ular orqali o‘z davrining dolzarb muammolariga to‘xtaladi. Turkman xalq og‘zaki ijodining eng mashhur namunalaridan biri „Go‘ro‘g‘li“ dostonidir. Maxtumquli o‘z she‘rlarida Go‘ro‘g‘lini tilga olib, uning xalq qahramoni sifatidagi obrazini yangi ma’noda kuylaydi: „Go‘ro‘g‘li degan bir pahlavon bo‘pti, Har bir ishga o‘zi rahnamo bo‘pti“. Bu misralarda Maxtumquli xalq qahramonining adolatli va xalq himoyachisi sifatidagi fazilatlarini olqishlaydi. [1:41] Maxtumquli she’rlari oldin og‘zaki shaklda, xalq dili va ruhida shakllangan bo‘lib, she’riyat tilida xalqona iboralar, maqol va maqollar, xalq dostonlarida uchraydigan obrazlar uchraydi . Masalan: „Luqmondek har ishning chorasin bilsang, Rustamdek devlarga hukm-farmon qilsang…“ [4:75] Bunday misralarda turkiy xalqlarning og‘zaki ijodiga xos Luqmon, Rustam obrazlari, „yer bilan yakson bo‘lish“ iborasi o‘ziga xos folklor madaniyati namunasi sifatida talqin etiladi . Maxtumquli she’rlarining ko‘pchiligi xalq qo‘shiqlari ohanglari va hofizlarning kuylash uslubida yozilgan. Uning she’rlari o‘ziga xos musiqiy ritm va ohangga ega bo‘lib, ularni xalq qo‘shiqlaridan ajratib bo‘lmaydi. Bu xususiyat uning she‘rlarining tez xalq orasida tarqalishiga va abadiylashishiga sabab bo‘ldi. Xususan, uning „Zohirim“, „Bilbildim“, „Yaman bo‘pti“ kabi she’rlari xalq qo‘shiqlari sifatida kuylangan va hozirgacha xalq xotirasida saqlanmoqda. Olimlarning ta’kidlashicha, Maxtumquli she‘rlarining 80% dan ortig‘i turli xalq ohanglari va kuylariga qo‘shiq qilib ijro etilgan. Bu holat uning she’riyatining xalq og‘zaki ijodi bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatadi. [2:68] Maxtumquli she’riyatida xalq og‘zaki ijodiga xos bo‘lgan tashbeh, istiora, mubolag‘a kabi badiiy san’atlar keng qo‘llanilgan. Uning she’rlarida xalq maqollari va matallarining ko‘plab misollarini topish mumkin. Masalan, „Yomon yo‘ldosh
191 yulduzga qarar“, „Yaxshi so‘z – temir darvozani ochar“. Uning she’rlarida turkman xalqining urf-odatlari, an’analari, maishiy hayoti, turmush tarzi aks etgan. Shuningdek, folklorga xos bo‘lgan oddiy, tushunarli, ammo chuqur ma’noli tili uning ijodi asosiy xususiyatidir. Maxtumquli she’riyatida tasavvufiy mavzular bilan xalq e’tiqodlari uyg‘unlashgan. Uning she’rlarida xalq orasida keng tarqalgan diniy tasavvurlar, avliyolar, muqaddas joylar haqidagi rivoyat va afsonalarning aksini ko‘rish mumkin. Xalq og‘zaki ijodidagi donishmandlik an’analari bilan tasavvufiy falsafaning uyg‘unlashuvi Maxtumquli she’riyatining o‘ziga xos xususiyatidir. Shoirning ijodiy asosida Qur’on-tafsir, hadis, tasavvuf falsafasi, mumtoz adabiyot ham, xalq og‘zaki ijodi ham hamohang tarzda mujassamdir. Masalan, Maxtumqulining „Soya bo‘lib o‘tdi“ she’rida shunday misralar mavjud: „Mansur: „Anal haq!“ dedi-yu ul dorga osildi Yusufni qul dedilar, ko‘ring qayda, sotildi…“kabi. [3:15] Maxtumquli she’riyatida xalq og‘zaki ijodining o‘rni chuqur va ko‘p qirrali. Uning she’rlari xalq og‘zaki muhiti, folklor, tasavvuf falsafasi va mumtoz adabiyot unsurlarini o‘zida mujassam etdi. Bu ijodiy doimiylik va ifodachilikning sababi bo‘lib, Maxtumquli merosini turkiy xalqlar madaniyati va adabiyotida umrboqiy qildi. Dastlabki og‘zaki shakldagi elementlarning mazmuniy-badiiy uyg‘unligi, xalq dilidan quloqqa yetib boradigan kuchini yaratadi. Shu bois, xalq og‘zaki ijodi Maxtumquli she’riyatining jozibasi va umrboqiyligini ta’minlovchi muhim manba bo‘lib xizmat qildi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Bekmurodov A. Turkman adabiyoti va xalq ijodi. ‒ Toshkent: Fan, 2001. 2. Ismoilov Sh. Sharq she’riyati va folklor poetikasi. – Toshkent: Ma’naviyat, 2017. 3. Maxtumquli Firog‘iy. Saylanma. – Toshkent: O‘zbekiston, 2008. 4. Maxtumquli. Saylanma. – Toshkent O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi: Fan. 5. Qurbon Muhammadrizo. Maxtumquli va Qur’on. – Toshkent, 2023. 6. Sapayeva F. Tarjimashunoslik: matn va mahorat. – Cho‘lpon nomidagi nashriyot matbaa-ijodiy uyi. ‒ Toshkent, 2016.