scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

"HURLIQO VA HAMRO" DOSTONI QAHRAMONLARINING XARAKTER XUSUSIYATLARI

Ozodova Nafosat Sherxon qizi

Full text

192 „HURLIQO VA HAMRO“ DOSTONI QAHRAMONLARINING XARAKTER XUSUSIYATLARI Ozodova Nafosat Sherxon qizi Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti o‘zbek tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishi 4-kurs talabasi Ilmiy rahbar: dots. H.Allambergenov DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17268304 Annotatsiya: Maqolada dostondagi qahramonlarning xarakter xususiyatlari va ezgu, insoniy fazilatlar aks ettirilganligi, insonlarning hayotida muhim ahamiyatga egaligi, yaxshilik va yovuzlik o‘rtasidagi kurash, qahramonlarning turli xil xarakterlari misolida koʻrsatib berilganligi haqida soʻz yuritiladi. Kalit soʻzlar: Hurliqo va Hamro, Xusrav podshoh, hamroning akalari, Hurizafaron, vazir, yaxshilik, yomomlik, mehr, sadoqat, xarakter, obraz. Abstract: The article discusses the character traits and noble, human qualities of the heroes in the epic, their importance in people’s lives, the struggle between good and evil, and the examples of the different characters of the heroes. Keywords: Hurlika and Hamra, King Khusraw, Hamra’s brothers, Hurizafaran, minister, goodness, evil, love, loyalty, character, image. Oʻzbek folklori oʻzining qadimiy, boy tarixi, ezgulik, mehr-oqibat, yaxshilik va yomonlik oʻrtasidagi kurash, milliy qadriyatlar, insonparvarlik gʻoyalari aks etgan ijod namunalari bilan xalqimizning qalbida doimo oʻchmas iz qoldirib kelgan. Xususan, „Oshiqnoma“ turkumi dostonlariga kiruvchi „Hurliqo va Hamro“ dostoni ham oʻziga xos jihatlari, qahramonlarining xarakter xususiyatlari orqali xalqimizning orzu-umidlari, ezgulikka boʻlgan intilishlarini ifoda etadi. ,,Chindan ham, dostonlarda tarixni xalqona tushunish, uni jonlantirish mavjud. Ularda xalqimiz boshidan kechirgan ijtimoiy-siyosiy voqealarning, etnik birlik va mustaqillik uchun olib borilgan kurashlarning tarixiy mohiyati badiiy bayon etilgan” [1:229]. Dostonlarda qahramonlar xarakteri, ichki kechinmalari, har bir holati tarixiylik, badiiy bezaklar asosida jonlantiriladi. „Hurliqo va Hamro“ dostonining ham nafaqat Xorazm versiyasi, balki qoraqalpoq versiyasi ham oʻziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Lekin ikkala versiyaning hajmi, qahramonlari soni, xarakterlari birbiridan deyarli farqlanmaydi. Chunki asardagi har bir obrazning asar voqealariga mos ravishda xarakterlari ochib berilgan. Jumladan, Hurliqo, Hamro, Xusrav podshoh, Qosim vazir, Xusravning farzandlari, Xizr, hakimlar, chiltanlar va boshqa qahramonlar asar voqealari rivojining ketma-ketligi va oʻquvchiga tushunarli, maʼnosini chuqur anglashga yordam beradigan goʻzal tasvirlar asosida ochib berilgan. 193 Asarning bosh qahramonlaridan biri Xusrav podshoh bo‘lib, u aqlli, dono va xalqparvar inson sifatida tasvirlanadi. Xusrav obrazida insoniy fazilatlarning yorqin ko‘rinishlari: adolatli bo‘lish, xalq dardiga befarq qolmaslik, boylik va umrning o‘tkinchi ekanini anglash kabi g‘oyalarga alohida urg‘u beriladi. Uning siymosida zimmasiga yuklangan mas’uliyat – xalq hayotini yaxshilash, ularning ahvolidan xabardor bo‘lish va adolatni qaror toptirish kabi ulkan vazifalarni o‘quvchi ko‘z o‘ngida jonlantirib beriladi. Shu tariqa Xusrav timsolida shohlikning nafaqat qudrat, balki og‘ir mas’uliyat ekani ham teran ifodasini topadi. Bundan tashqari, farzandlari uchun jonini berishga ham tayyor ota obrazini ham koʻrsatib bergan. Quyida asardagi Xursav podshoh nutqidan keltirilgan parchada ham qaygʻuga botgan ota timsoli tasvirlangan: ,,Yozik kunlar tushti maning boshima, Xudoga „Bir nazar sol“, deb yig‘larman. Agar maning faryodima yetmasang, „Bargan omonating ol“, deb yig‘larman“[2:96]. Asarda Hamro obrazi mardlik va jasorat timsoli sifatida gavdalanadi. U aqlli, insofli, ko‘ngli ochiq, atrofidagilarga yordam qo‘lini cho‘zishga doim tayyor inson sifatida tasvirlanadi. Hamroning xarakterida insoniylikning eng yuksak fazilatlari mujassam. Uning har bir qadamida fidoyilik, halollik va samimiyat ko‘zga tashlanadi. Shuning uchun ham mazkur obrazda xalq orasidan chiqqan, el-yurt kelajagi uchun yashaydigan, ularning dardini o‘z dardi deb biladigan chin inson siymosi gavdalanadi. Shuning uchun ham u safari davomida yeyish uchun hech narsasi qolmagan, nochor aholiga yordam beradi. Boshiga ish tushgan paytda qilgan yaxshiligi oʻziga yaxshilik boʻlib qaytadi. Bundan anglashimiz mumkinki, dostonning ma’naviy-ma’rifiy maqsadlaidan biri uning samimiyligi, mard va jasur yigit ekanligini yoritish orqali tinglovchi – o‘quvchini ushbu insoniy fazilatlar egasi bo‘lishga da’vat qilish bo‘lgan. Asarda bosh qahramon Hamroning koʻzi koʻrmay qolganida yordam bergan vafodor yor sifatida Hurliqo obrazi alohida o‘rin tutadi. Alifdek qomatli, oy yuzli pari deya taʼriflangan qahramon harakatidagi o‘zgalar haqida qayg‘urish, mushkulini oson qilishga yo‘naltirilgan faoliyat oddiy yordam emas, balki insoniylik, mehrmuhabbat va sadoqatning yorqin ko‘rinishidir. U Hamroning hayotini saqlab qolish orqali o‘zining jasorati va fidoyiligini namoyon etadi. Bu tasvirda nafaqat ayollikka xos nazokat, balki qahramonlarga xos matonat va qat’iyatni ham ko‘rsatadi. Voqealar rivojida akalar Hamroni chohga tashlab, otasiga uning vafot etgani xabarini berishgan chog‘larda ham Hurliqo yigitning koʻzi ojiz boʻlib qolishiga 194 qaramay, yordam berishga, oyoqqa turishiga harakat qiladi. U Hamroni ogʻir vaziyatga tushgan paytida ham tashlab ketmaydi. Shunday qilib, hayoli, vafodor yor sifatida gavdalangan Hurliqo obrazida goʻzallik va jasorat, sevgi va sadoqat uyg‘unlashib, inson qalbining yuksak badiiy ifodasini o‘zida namoyon etadi. Hamroning akalari doston davomida unga ko‘p yomonliklar qilishadi. Ular orasida aka-ukalik mehri, hasad va sinovlar ham bor. Ammo kenja o‘g‘il ko‘pincha o‘zining halolligi, jasorati va mardligi bilan ajralib turadi. Hamroning akalari uni yoʻllariga toʻsiq boʻladi, taxtga oʻtiradi deb koʻzini oʻyib, chohga tashlab ketishadi. Bu kabi qabihlik, mehrsiz akalarning qoʻlidan keladi. Dostonning voqealari rivojida Hurizafaron obrazi ham o‘zining qabih ishlari, yolg‘onchiligi, o‘z singlisiga qilgan yomonliklari bilan salbiy xarakter egasi sifatida tasvirlangan. Dostonda har xil xarakterdagi qahramonlarining borligi, asarning voqealari mazmunli, ta’sirchan bo‘lishiga xizmat qiladi. Yani turli fe’l-atvor egalari va ularning to‘qnashuvlari, o‘zaro munosabatlar orqali kitobxonga asarning mazmumi, ma’naviy xususiyatlarini yanada chuqurroq o‘rganishlariga sabab bo‘ladi. ,,Hurliqo va Hamro“ dostonining ikkala versiyasi qoraqalpoq va xorazm versiyalaridagi voqealar rivoji, qahramonlarning xarakter xususiyatlari, tarixiyligi, xalqning intilish va orzuumidlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida qilingan jasoratlilik, asarning g‘oyasi va voqealar bir-biriga mos kelishi bularning barchasi bir xil bo‘lsada, ayrim tasvir va ifoda uslublarida ozgina o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Xulosa qilib aytganda, „Hurliqo va Hamro“ dostoni faqatgina qahramonlarning sarguzashtlaridan iborat emas, balki chuqur ijtimoiy va axloqiy gʻoyalarni ham oʻzida mujassam etgan. Dostonda ezgulik, mehr-oqibat, yaxshilik va yomonlik oʻrtasidagi kurash, milliy qadriyatlar va insonparvarlik, xalqparvarlik kabi mavzular qahramonlarning har xil xarakter va sifatlari timsolida yoritilgan. Doston ushbu qahramonlar orqali yaxshilikning ,albatta, gʻalaba qozonishi va insoniy fazilatlarning naqadar muhim ekanligini koʻrsatadi. Insonlarning bir-biriga mehr-oqibatli bo‘lishga, doim yaxshilik qilishga, har bir insonni qadrlashga chorlaydi. Zero, har bir badiiy ijod mahsuli, insonlarni ma’naviy jihatdan boy bo‘lishga, tafakkurini o‘stirishga xizmat qiladi. Foydalangan adabiyotlar: 1. Safarov O. O‘zbek xalq og‘zaki ijodi. – Toshkent: Musiqa, 2010. 2. Roʻzimboyev S., Eshchanova G., Ahmedov A. Oshiqnoma. l-kitob. – Urganch: Xorazm, 2006. 3. Ziyo.uz.kutubxonasi.