Full text
“INTERNATIONAL CONFERENCE ON INNOVATIVE DEVELOPMENT OF EDUCATION” 2025/1 44 DOI: https://10.5281/zenodo.17270781 XIX ASR YEVROPALIK SAYYOHLAR, MOHIR DIPLOMATLARNING ASARLARIDA BUXORO AMIRLIGINING TARIXI VA MADANIYATIGA OID MA’LUMOTLAR TAHLILI Alimova Farida Kenja qizi Mang‘it qabilasi Buxoro xonligida hokimiyatga kelgan va 1756-1920 yillarda davlatni boshqargan davrda Buxoro amirlik deb nom olgan va shu nom bilan Sharqda ham G‘arbda ham yozilgan manbalarda tilga olingan. G‘arbiy Yevropadagi sanoat inqilobidan, kapitalistik munosabatlarining jadallashuvidan orqaga qolgan mintaqa xalqlari qishloq xo‘jaligida xom-ashyo manbalari, tabiiy boyliklarga boyligi, agrar sohaning yetakchiligi va arzon ishchi kuchining ko‘pligi hamda yirik sanoat korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarini sotishda qulay tashqi bozor vazifasini bajarishi nuqtai nazaridan ham G‘arbiy Yevropaning e’tiborida bo‘lib keldi. Boisi, birinchidan, O‘rta Osiyo mintaqasi qishloq xo‘jaligiga asoslangan agrar davlatlar bo‘lganligidan, davlatning asosiy daromad manbai yetishtirilgan hosil hisobidan olinadigan soliqlar tashkil etgan. Shuningdek, xonliklar hududi sanoat uchun xomashyo yetishtiruvchi manbalarga boy edi. Ikkinchidan, Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklari ham G‘arbiy Yevropada sanoat inqilobi natijasida tez rivojlanayotgan sanoatlashuv jarayonlaridan chetda bo‘lganligi, yon atrofdagi davlatlarda ham agrar sohaning ustunligi faqat mahalliy sanoat, ya’ni qo‘l mehnati asosida mahsulot ishlab chiqarishga asoslangan manafaktura asosida faoliyat yuritadigan, bozor uchun emas balki kundalik ehtiyojlarni qondirish uchun mahsulot ishlab chiqarish xizmat qilganligida edi. Bunday qoloqlik G‘arbiy Yevropaning industrial davlatlari manfaatlariga mos edi. Sababi sanoatda ortiqcha ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlarini sotish uchun tashqi bozor vazifasini bajarar edi. Uchinchidan, xonliklarda istiqomat qilib keladigan aholining ko‘pligi kelgusida ulardan arzon ishchi kuchi sifatida foydalanish imkonini berardi.
“INTERNATIONAL CONFERENCE ON INNOVATIVE DEVELOPMENT OF EDUCATION” 2025/1 45 XIX asrda Buxoro amirligining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti bilan kengroq tanishish Angliya va AQSH tarixshunoslarining fikricha bu mintaqa xalqlarining qadimgi va o‘rta asrlar tarixini yoritishda muhim ahamiyatga ega. G‘arbiy Yevropa va AQSHning turli ilmiy tadqiqot markazlarida XX asr davomida O‘rta Osiyoning xonliklari bilan bog‘liq ilmiy izlanishlarda asosiy manba sifatida so‘nggi o‘rta asrlarda Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklarida sayohatda bo‘lgan sayyohlar tomonidan yozib qoldirilgan kundaliklar, sayohatnomalar, estaliklar hamda hisobotlar, shuningdek, xonliklar tarixini muayyan darajada yoritgan asarlari e’tirof etiladi. Chunki, G‘arb mamlakatlaridan tashrif buyurgan sayyohlar, diplomatlar turli soha kasb egalari bo‘lib Markaziy Osiyo tarixini o‘rganishga katta e’tibor berib, o‘zlari guvoh bo‘lgan voqea-hodisalarni qo‘lyozma yoki asarlar shaklida bayon qilganlar. Yevropa mamlakatlarida bu mintaqaga nisbatan qiziqish Rossiya imperiyasi bosqinidan ancha ilgari vujudga kelgani bejis emas edi. Zero, O‘rta Osiyo xalqlarining uzoq o‘tmishda bosib o‘tgan tarixiy yo‘li, bebaho ma’naviy merosi, tabiiy boyliklari, madaniyati bunga sabab bo‘lgan. XIX asrning birinchi yarmidan boshlab ikki yirik mustamlakachi davlat: Buyuk Britaniya va Rossiya imperiyasining manfaatlari Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklari ustida to‘qnashib, raqobatchilik kuchayib, vaziyat keskinlashib bordi. Ikkala mamlakat ham O‘rta Osiyoda o‘z ta’sir doiralarini kengaytirish maqsadida o‘zlarining vakillari hamda ayg‘oqchilarini yubora boshlashdi. Bu vaqt ichida Byuk Britaniya mustamlakachilik imperiyasi Hindistonni bo‘ysundirib, o‘zining manfaatlariga mos tartiblarni o‘rnatgan bo‘lib, navbatdagi vazifa sifatida Afg‘onistonga va u orqali O‘rta Osiyo xonliklariga kirib borish belgilandi. Rossiyaning O‘rta Osiyo xonliklarida ta’sirini pasaytirish, ularni Britaniyaga xayrixoxligini oshirish yo‘li orqali o‘z ta’sir doirasiga kiritishni maqsad qilganligi ma’lum edi. Shuning uchun ham Britaniya hukumati va hukmron doiralari xonliklarga taalluqli har qanday ma’lumotlarni, xususan, ulardagi ichki vaziyat, qo‘shnilar bilan munosabatlari, yo‘llar, tabiiy boyliklarini aniqlash, xonlar bilan aloqa o‘rnatishga intilib maxsus ekspeditsiyalar tashkil etdi. Ekspeditsiyalar zimmasiga berilgan topshiriq va ko‘rsatmalar bilan birga mahalliy nufuzli amaldorlar bilan aloqaga kirisha olish vazifasi ham topshirildi. Garchi
“INTERNATIONAL CONFERENCE ON INNOVATIVE DEVELOPMENT OF EDUCATION” 2025/1 46 Britaniya nomidan kelgan vakillar o‘z maqsadlariga erisha olmagan bo‘lsalarda, ular O‘rta Osiyo haqida o‘z asarlari va esdaliklarida juda muhim ma’lumotlarni yozib qoldirishgan. O‘rganilayotgan davrda inglizlar Hindistonda o‘z mavqelarini mustahkamlab, endi Afg‘oniston va O‘rta Osiyo uchun kurash boshlashga tayyor edilar. Angliya hukumati ucnun O‘rta Osiyo xonliklarining, xususan Buxoro amirligining siyosiy ahvoli, geografik o‘rni, aholisi, qo‘shin tuzilishi, uning yaqin qo‘shnilari Xiva va Qo‘qon xonliklari bilan munosabatlari haqida o‘ta muhim ma’lumotlarni to‘plash, ularni o‘rgangan holda aniq takliflarni bildirish uchun turli lavozim hamda harbiy unvonlarga ega vakillarini ekspeditsiyalarga raxbar sifatida tayinlab xonliklarga yubordi. 1819-1825 yillarda bu borada ingliz savdogarlari, harbiylar va tadqiqotchilardan iborat birinchi ekspeditsiyasi tashkil etilib, katta mablag‘ bilan ta’minlanib Britaniya hukumati maxsus topshiriqlar, ko‘rsatmalar bergan holda Villiam (Uilyam) Murkroft va Georg Trebek boshchiligida ayg‘oqchilar guruhini Hindistondan Buxoroga yubordi. O‘z davri xujjatlarida xususan, Murkroft esdaliklarida[1] ekspeditsiyaning maqsadi Ost-Indiya kompaniyasida xizmat qiladigan otliq askarlari uchun “zotli otlar axtarishdan” iborat bo‘lgan deb qayd etilsada, aslida u Amurdaryo daryosi orqali xonliklar hududiga inglizlarning o‘tishi mumkin bo‘lgan yo‘lni aniqlash uchun yuborilgan edi. Angliya hukumatining vakillarini O‘rta Osiyoda mavjud hech qanday “zotli otlar” emas, balki uning bozorlarida ingliz mahsulotlarini taklif etish va qancha miqdorda sotilish masalasi qiziqtirardi. Murkford ekspeditsiyasi davomida Angliya hukumati uchun juda qimmatli ma’lumotlar to‘plashga erishadi. Jumladan, Murkford tomonidan yozilgan kundalikning 2-jildining 5-bobida O‘rta Osiyoda yashab kelayotgan aholining, xususan, o‘zbek, qozoq, hamda tojiklarning joylashuv manzillari, shu bilan birga yirik madaniy markaziy shaharlaridan Buxoro, Qarshi, Urganch haqida ma’lumotlar bergan. Ayniqsa, amirlik aholisining etnografiyasi, ma’muriy boshqaruvi, shuningdek, mahalliy aholining mashg‘ulotlariga oid xabarlari qimmatlidir. Angliyaning “Ost-Indiya” kompaniyasi oltinga, paxtaga boy bo‘lgan muhim strategik ahamiyatga ega O‘rta Osiyoda o‘z hukmronligini o‘rnatish uchun ham tajribali shaxslardan foydalangan. Shunday shaxslardan biri 1831-1832 yillarda yurtimizga
“INTERNATIONAL CONFERENCE ON INNOVATIVE DEVELOPMENT OF EDUCATION” 2025/1 47 tashrif buyurgan leytenant, diplomat, sayyoh va tadqiqotchi Aleksandr Byorns bo‘lib, uning “Buxoroga sayohat” nomli asarida yurtimiz tarixiga oid qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Aleksandr Byorns fors va hind tillarini yaxshi bilganligi, bu tillardagi manbalarni o‘qish va o‘rganishda unga yordam bergan. Byorns Hindistondan O‘rta Osiyoga boradigan yo‘llarni aniqlash, Britaniyaning bu yerdagi bozorlarni egallash imkoniyatini o‘rganish maqsadida o‘z safarini Hindiqush tog‘lari orqali boshlab, Afg‘oniston, Eronga keladi. So‘ngra Buxoro amirligiga tashrif buyurib o‘zini arman savdogari sifatida tanishtiradi. Buxoroga tashrifi davomida A.Byorns qushbegi bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ladi va bu yerda u bir oy davomida o‘z hamrohlari bilan izlanishlar, kuzatishlar olib boradi. Uning amirlikda tashrifi vaqtida aniqlagan ma’lumotlari asosida yozgan kundaligini yirik ingliz noshiri Jon Myurrey sotib oladi va 1834 yilda 3 jildli “Travels in to Bukhara” nomli asar shaklida tayyorlab nashr etadi. Asar juda katta shuxrat keltiradi. Byorns asarida[2] o‘zbeklarning 92 urug‘dan tarkib topganini aytib, ularning ba’zilarini joylashgan hududlari bilan qayd etib o‘tadi. Xususan, Buxoroda mang‘itlar, Q’oqonda yuzlar, Boysunda qo‘ng‘irotlar, Qobadiyonda durmanlar, Maymanada minglar, Xorazmda qo‘ng‘irotlar[3] yashashini bayon etadi. Shuningdek, Aleksandr Byorns Buxoro amirligining XIX asrdagi geografik hududi, chegaralari, xalqining milliy tarkibi, qishloq xo‘jaligida yetishtiriladigan mahsulotlarning turi, hunarmandlar tomonidan tayyorlanadigan buyumlar, xususan, sopol idishlar, mamlakatdagi siyosiy tuzum va uning xalq hayotiga ta’siri, ichki va tashqi savdosi aloqalari, ayniqsa Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlarga yuboradigan savdo karvonlari, qo‘shini va uning tarkibi, amirlikning qo‘shni Xiva hamda Qo‘qon xonliklari bilan o‘zaro munosabatlari, xalqlarning urf odatlari haqida ma’lumot bеruvchi qimmatli manba sanaladi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI: (REFERENCES) 1. “W.Moorcrroft and G.Trebeak. Travels is Himalayan provinces of Hindustan and the Panjab; in Ladakh and Kashmir; in Peshawar, Kabul, Kunduz and Bokhara from 1819 to 1825”. [ Moorcrroft W, Trebeak G] Volume I. – London, 1841.
“INTERNATIONAL CONFERENCE ON INNOVATIVE DEVELOPMENT OF EDUCATION” 2025/1 48 2. Burnes Alexandr. Travels into Bukhara:being account of a journey from India to Cabool, Tartary and Persia; a voyage on the Indus, with presents from the king of Great Britain; performed under the orders of the supreme government of India, in the years 1831,1832 and 1833 by lieutant Alexandr Burnes; Volume I,II,III. London. 1834. 3. Холов В.Ўзбекистон миллий кутубхонаси нодир нашрлар фонди адабиётларининг мамлакатимиз тарихини ўрганишдаги ахамияти. 4. Эшов Б.Ж. Ўзбекистонда давлат ва маҳаллий бошқарув тарихи. Биринчи китоб.–Тошкент: Янги аср авлоди, 2019. 5. Тураев Ш. Ўрта аср Европа сайёҳлари асарларида Ўрта Осиё тарихи ва маданиятининг ёритилиши. Тарих фанлари бўйича фалсафа доктори (PhD) илмий даражасини олиш учун ёзилган диссертация.–Қарши. 2022 йил 6. Ҳамраев С. ХХ асрнинг 20 – 50 йилларидаги тадқиқотларда Бухоро ва Россия дипломатик муносабатлари тарихи. Т.: Ўтмишга назар. № 6 2021.