BOBUR SHOH RUHIY IZTIROBLARINING BADIIY TALQINI
Full text
226 BOBUR SHOH RUHIY IZTIROBLARINING BADIIY TALQINI Nasirov Azimidin Normamatovich Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, professor, filologiya fanlari doktori DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17271997 Annotatsiya. Tarixiy shaxslar siymosini badiiy talqin etuvchi turli mavzu va janrdagi asarlar mavjud bo‘lib, bularning mohiyatida shaxs va davr muhitining talqinlari yetakchilik qiladi. Shu jihatdan, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti, ijodi, tarix sahifalaridagi faoliyatini badiiylik, tarixiylik jihatdan talqin etgan asarlarga umumiy tarzda tahliliy yondoshilgan. Bu asarlarning tarixiy, biogragik talqinlarida shaxs ifodasining turli qirralariga munosabat bildirilgan. Kalit so‘zlar: badiiylik, tarixiylik, haqiqat, mahorat, iztirob, talqin. Резюме. Существуют произведения различных тем и жанров, художественно интерпретирующие фигуры исторических деятелей, а лидируют по своей сути интерпретации человека и среды времени. В этом плане произведения, интерпретирующие жизнь, творчество и деятельность царя и поэта Захириддина Мухаммада Бабура на страницах истории с художественно-исторической точки зрения, в целом подходят аналитически. В историко-биографических интерпретациях этих произведений выражаются различные стороны выражения личности. Ключевые слова: художественность, историчность, правда, мастерство, страсть, интерпретация. Resume. There are works of various themes and genres that artistically interpret the figures of historical figures, and the interpretations of the person and the environment of the time lead in their essence. In this respect, the works that interpret the life, work, and activities of the king and poet Zahiriddin Muhammad Babur in the pages of history from an artistic and historical point of view are generally analytically approached. In the historical and biographical interpretations of these works, various aspects of personality expression are expressed. Key words: artistry, historicity, truth, skill, passion, interpretation. Dunyo xalqlari jahon sivilizatsiyasiga juda ulkan hissa qo‘shgan bo‘lsa, bu ko‘hna Turon zamini ham buyuk allomalarning yaratgan asarlari bilan jahoniy shuhrat topdi bu taraqqiyotga betakror hissa qo‘shganligi alohida qayd etilmoqda. Bu o‘lka buyuk allomalarni, qomusiy olimlarni, adabiyot va san’at taraqqiyotida betakror o‘ringa ega bo‘lgan o‘nlab shaxslarni tarbiyalab voyaga etkazgan. Mustaqillik yillariga kelib ijtimoiy hayotimizdagi jiddiy o‘zgarishlar bilan bir qatorda, barcha jabhalarda islohatlar yuksak darajada amalga oshirilmoqda. Tariximizga, ma’naviymerosimizga bo‘lgan munosabatlar ham jiddiy o‘zgardi. Buyuk tarixiy shaxslar, tarix sahnasidagi hukmdorlar, madaniy-ma’naviy merosimizning yorqin namoyondalarini hayoti va ijodini haqqoniy o‘rganish va tahlil etish an’analari yuzaga chiqdi.
227 Iste’dodli shoir Xurshid Davron bir o‘rinda shunday yozadi: “Bobolar tarixi ular qoldirgan meros quyoshga o‘xshaydi. Ularga peshvoz yursang, peshonang yorug‘, yo‘ling porloq, umring ibratli, ko‘zlaring nurli bo‘ladi. Agar ulardan orqa o‘girsang, faqat qora soyangni ko‘rasang, xolos”. Haqli ta’kidlanganidek, buyuk avlodlarning qoldirgan ma’naviy merosi, bugungi kunda hayotimizni nurafshon, qalblarimizni imon nuri bilan oziqlantirmoqda. Sharq mamlakatlari, qolaversa, dunyo tarixida etakchi o‘rin egallagan, buyuk sarkarda, iste’dodli so‘z san’atkori, qat’iy iroda egasi, boburiylar sulolasining asoschisi Zahiriddin Muhammad Boburdir. Bu buyuk siymo o‘z hayotini, tarixini, hayot yo‘lini haqqoniy tasvirlab bergan shoh va shoirdir. Bobur-shoir tarixnavis yozuvchi, hukumdor, sarkarda, sayyor tabiatshunos, aruzshunos, etnografiya olim sifatida ko‘z o‘ngimizda jonlanadi. Hindiston tarixida o‘chmas iz qoldirgan, juda katta madaniy me’rosni vujudga keltirgan Z. M. Bobur hayoti va ijodi haqida Javoharlal Neru shunday yozadi: “Bobur dunyoga ma’lum eng madaniyatli va eng dilbar kishilardan” biri deganda o‘z davridayoq mutlaqo haq gapni qayd etgan edi. Tarixda biror hukmdor o‘zga bir yurtni o‘z tasarrufiga olib, u erda hukmronlik qilib tarix sahifalarida ijobiy baholanmagan. Ammo shoh va shoir, Hindistonda boburiylar sulolasiga asos solgan Zahiriddin Muhammad Bobur haqida nafaqat hind tarixchilari, davlat va siyosat arboblari, balki dunyo tarixchilari ham yuksak baho berganligini alohida qayd etmoq zarur. Eron adabiyotining yirik namoyandasi, Amerikada tahsil olgan, Parijda yashab qolgan Iroj Aminiy Boburning Hindistonda Panipat jangi oldidan askarlariga qarata aytgan quyidagi fikrlarni alohida ta’kidlaydi: “Har kimsa bu jahonga kelarkan, oxiri yo‘qlikka ketadi, abadiy qoluvchi yolg‘iz Ollohdir. Hayot majlisiga kirgan odamning har biri oxir-oqibat ajal qadahidan ichadi va tiriklik manziliga kelgan har bir kishi oxiri dunyo g‘amxonasidan kechib ketadi. Yomon nomi bilan tirik yurgandan, yaxshi nom bilan o‘lgan afzal. Tangri taolo bunday saodatni bizga nasib qilibdi va bunday davlatni bizga yaqin aylabdi. O‘lgan – shahid va o‘ldirgan – g‘oziy”. Bu fikrlar zamirida achchiq haqiqat mavjud, Vatandan yiroqda, ortga qaytishga imkon yo‘q bir holati o‘z ifodasini topgan. Hind tarixchisi L. P. Sharma 1988-yilda yaratilgan “Mo‘g‘illar imperiyasi” asarida shunday yozadi: “Bu sulola vakillari (Boburiylar nazarda tutilmoqda) Hindistonni uzoq davr mobaynida mohirlik bilan boshqarib turdi. Mamlakatning juda katta qismida siyosiy birlikni saqlab, bu ulkan imperiyaning tinchlikda gullab – yashnashini ta’minlay oldilar. Bu sulola mamlakatga Boburdan Avrangzebgacha bo‘lgan qobiliyatli hukmdorlarni ketma – ket
228 yetkazib berib turdi… Shuningdek, adabiyot va tasviriy san’atning har sohada o‘sib rivojlanishiga rahnamolik qildilar”. Ko‘rinyaptiki, bu fikrlarda Zahiriddin Muhammad Boburning yetuk insoniy fazilatlari yuksak baholanishga asos bo‘lgan. Shuning uchun ham Boburning tarix sahnasidagi faoliyati turli davrlarda ham ijobiy baholanganligi bejiz emas. Ana shunday buyuk siymo nafaqat hukmdor, balki, o‘z hayot yo‘lining murakkab va ziddiyatlarga boy bo‘lgan iztirobu quvonchlarini, murakkab va mashaqqatli turli xil yurishlarni, botiniy olamidagi qarama – qarshiliklarni haqqoniy aks ettiruvchi “Boburnoma” nomli asarining muallifidir. Bobur shoh taxt tepasiga chiqqan bir davrda o‘zaro ziddiyatlar juda kuchaygan, toju taxt kurashlari avj olgan bir davr edi. Qarama-qarshiliklar keskinlashgan bunday davrda Bobur shoh o‘zligini va g‘ururini, temuriylar saltanatini saqlab qolishga intiladi. Shuning uchun ham o‘z yurtida amalga oshira olmagan bunyodkorlik ishlarini o‘zga yurtlarda yuzaga chiqardi, bu esa asrlar davomida e’zozlanishi uchun asos bo‘lmoqda. O‘zida shohlik, shoirlik xislatlarini mujassamlashtira olgan, ulkan qalb egasi bo‘lmish Zahiriddin Muhammad Bobur hayotining asosiy qismini sargardonlikda, jang-u jadallarda o‘tkazganiga qaramay, beqiyos darajadagi nodir adabiy meros qoldirgan zotdir. Mirzo Bobur tarixda, nafaqat, ulug‘ sarkarda va hukmdor, balki buyuk shoir, tarjimon sifatida ham nom qoldirgan. Tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur hind xalqining iste’dodli vakillari tomonidan yetuk insoniy fazilatlarga ega shaxs sifatida baholangan. Javoharla’l Neru bu haqida so‘z yuritib: “Bobur dilbar shaxs, undanda Akbar dilbarroq shaxsdir”, - deb yozadi. Bobur hayoti davomida Vatanidan olisda, Vatan hajrida hayot kechirganligi bois, ijodining aksariyat qismini Vatanga bo‘lgan muhabbati, Vatan sog‘inchi ifodalangan she’rlar tashkil etadi. Shuni alohida e’tirof etish lozimki, hech bir shoir, aytish joiz bo‘lsa, hech bir shoh Bobur kabi Vataniga bo‘lgan muhabbatini bunchalar ko‘p, bunchalar go‘zal kuylay olmagan. Vatan mavzusi, ayniqsa, Bobur ruboiylarida yetakchi mavzulardan biri hisoblanadi: Ko‘pdin berikim, yor-u diyorim yo‘qtur, Bir lahza-u bir nafas qarorim yo‘qtur. Keldim bu sori o‘z ixtiyorim birla, Lekin borurimda ixtiyorim yo‘qtur. Sizga ma’lumki, Mirzo Bobur Vatanini tark etgach, avval Kobulda, so‘ngra Hindistonda hukmronlik qiladi. Shoir shunday mamlakatning podshohi bo‘lsa-da, ancha vaqtdan buyon “ …diyorim yo‘qtur”, -deydi. Ammo “diyor” so‘zidan oldin
229 qo‘llangan “yor” so‘zi tushunchaga aniqlik kiritadi. Ya’ni bu o‘rinda Bobur yor deya Vatanini nazarda tutadi, boshqa bir yurt hukmdori bo‘lsa-da, diyorim yo‘q deydi, o‘zga yurtda o‘zini musofir ekanligini, bu yurt hech qachon o‘ziniki bo‘lolmasligini, shu sababli ham beqaror bir holatda ekanligini ta’kidlaydi. Bu yerga o‘z ixtiyorim bilan kelgan bo‘lsam-da, o‘z xohish, istagim, niyatim bilan kelmadim, ya’ni majburiyat meni bu yerga olib keldi, deydi. Shohlik taomiliga ko‘ra o‘z vataniga qaytish istagi bo‘lsa-da, ijtimoiy muhit imkon bermasligiga urg‘u beradi. Tole’ yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi, Har ishniki ayladim xatolig‘ bo‘ldi. O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim, Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi. Bobur ilk misralarda tole’sizligi joniga ko‘p ozor yetkazayotganligidan, qanday ish qilmasin xato bo‘lib chiqayotganligidan nola qiladi. Keyingi misralarda mana shu tole’sizligi tufayli o‘z yurtini tark etishga majbur bo‘lishini, Hindiston tomon yo‘nalganligini yuzi qaroliq, xatolig‘ ekanligini, zero, o‘z Vatanidan ketib, o‘zga yurtdan baxt izlaganligi uchun ham yuzi qarolig‘ deya, ta’kidlagan. Boburning Vataniga bo‘lgan muhabbatining cheksiz ekanligini kuzatamiz. Bobur ijodida, ayniqsa, ruboiylarida Vatan, Vatanga bo‘lgan muhabbatni kuylash katta o‘rin egallaydi. Shoir lirikasi turfa xil mavzularda yaratilgan bo‘lsa-da, hasbi-hol xususiyati bilan bir qatorda, qayd qilinganidek, Vatanni kuylash, qalbdagi hasratlarni, alam-u istiroblarni, baxt va baxtizlikni aks ettiradi. Bir-biriga zid bo‘lgan shohlik va shoirlik temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Boburda mujassamlashgan edi. O‘z davrining yetuk shaxsi, tarix sahnasida betakror iz qoldirgan ijodkorlik bilan uzviy birlikda, Hind o‘lkasida hukumdor sifatida katta bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdi. Shuning uchun ham hind xalqi bilan bir qatorda dunyo xalqlari juda yuksak darajada e’zozlaydi. Buyuk siymo obrazini yaratish an’anasi 16-asrlardan boshlangan bo‘lsa-da, XX asrga kelib, yanada teranroq o‘z badiiy talqinini topa boshladi. Iste’dodli ijodkor Oybek “Bobur” nomli tugallanmay qolgan dostonini 60-yillardayoq yaratishga intilgan bo‘lsa, keyinchalik Abdulla Oripov, Xurshid Davron, Asqar Mahkam kabi o‘nlab ijodkorlar she’riyatda uning obrazini yaratdi. Ammo epik talqinda Primqul Qodirov “Yulduzli tunlar” romanini yaratdi. Romanda Boburning taxt tepasiga chiqqan davrdan boshlab, umrining so‘ngi lahzalarigacha bo‘lgan davr talqini o‘z ifodasini topgan. Asarda tarix haqiqati juda go‘zal ifodasini topadi. Birgina tarixiy fakt, yozuvchiga o‘nlab sahifalardagi Bobur ruhiyatini, uning psixologiyasini,
230 xarakterini ochishga, yoritishga xizmat qilganligini kuzatish mumkin. Gulbadan Begimning “Humoyunnoma” asarida qisqa bir jumla bo‘lib, u quyidagicha: “U kishi kasal yotgan vaqtida podshoh hazratlari Hazrat Murtoza Ali (xudo unga karam qilsin) mozoriga boruvchi (kishini) ko‘rishni istadilar. U boruvchini chorshanba kunidan (beri) saqlar edi. O‘zlari istirob va betoqatlik bilan seshanba kuni kuzatdilar. Havo nihoyatda issiq edi. Dil – jigari kuyar edi. O‘sha boruvchidan, xudoyo, agar jon berish mumkin bo‘lsa, menki Boburmen, umri jonimni Humoyunga bag‘ishlaymen, deb duo qilishini so‘radilar. Shu kunning o‘zidayoq jannat makon Hazratning toblari qochib qoldi. Humoyun podshoh esa o‘z boshlaridan suv quyib, tashqariga chiqdilar va ko‘rgani kelganlarni qabul qildilar, podshoh bobomning kasalliklari tufayli ichkariga olib kirdilar. Yaqin ikki-uch oy (kasal bo‘lib) yotib qoldilar” (Humoyunnoma-39-bet). Mana shu faktga asoslangan holda Bobur shohning juda go‘zal ruhiy olamini talqin etadi va kitobxonda unga nisbatan yanada kuchliroq mehrni uyg‘otadi. Romanda muallif talqiniga e’tibor qarataylik: “Hazrati oliylari ko‘p tashvish chekmang, Parvordigor g‘oyibdan shifo yuborgusidir, - dedi. – Tabiblardanki ish chiqmadi, endi xudo yo‘liga dunyo molidan tasaddiq qilmoq kerak. Bobur shayxulislomning gapiga tushunolmay: - Qaysi moldin? – deb so‘radi. - Jon omon bo‘lsa javohir topilur. O‘shal... ashxas olmos yaxshi tasadduq bo‘lg‘ay. Bobur jamna ustida o‘tirganda Humoyun keltirib ko‘rsatgan olmosni esladi. – Ko‘hinurnimi? Shayxulislom tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi. Bobur hushini bir joyga yig‘ib: Taqsir, kimga tasaddiq qilaylik? – deb so‘radi... – Murtoza Ali mozoriga, - dedi. Din yo‘liga. – Taqsir, nazaringizda o‘shal olmos azizmi yoki mening jonim aziz?.. – Undoq olmoslarning yuztasidan sizning bir mo‘yingiz azizroqdir! – Minnatdormen! Undoq bo‘lsa, men Humoyunga jahondagi barcha olmoslardan ham azizroq narsamni qurbon qilmoqchimen. Faqat bu qurbonni sizni bizga o‘xshagan bandalari emas, zarur bo‘lsa, Parvardigorning o‘zi olsin!.. E, Parvardigor! deb iltijo qildi. Menki Boburmen, agar jon berish mumkin bo‘lsa, umri jonimni Humoyunga qurbon qildim! Azroil mening jonimni olsinu Xudo Humoyunga shifo bersin!” Har ikki asarda ham Bobur o‘g‘liga kelgan og‘ir dardni, ya’ni ajalni o‘ziga oladi. Tarixiy manbadagi fakt ijodkor fantaziyasining talqiniga asos bo‘ladi. Chunki Boburshoh farzandi Humoyunga Ko‘hinurdan ham aziz jonini fido qiladi. Bu talqinlarning zamirida o‘g‘lining sog‘ayib ketishigina emas, balki – ertasini ham saqlab qolish, shayxulislom kabi din peshvolaridan bir umr asrab qoladi. Bu esa Boburning donishmandligidan, insoniyligini buyukligidan, jo‘mardligidan, fidoiyligidan – eng asosiysi mehribon ota ekanligidan dalolat beradi. Axir, toju taxt
231 uchun Abdulatif Mirzo otasi Mirzo Ulug‘bekning o‘limiga sababchi bo‘lgan, Husayn Mirzodek hukmdor o‘z nevarasini qatl qilish farmoniga imzo chekkan buyuk bir avlodning tipik vakili sifatida Bobur shoh mutlaq o‘z oilasining metin irodali shaxsi ekanligini tarixda juda ko‘p bor isbotlagan. Xullas, yetuk insoniy fazilatga ega insonni shuning uchun ham dunyo xalqlari e’zozlashi bejiz emasligini, biz avlodlar esa asosli xulosalar chiqarishimiz zarurdir. Buyuk ajdodlarimiz merosi har bir yosh avlod uchun, uning ma’naviy kamoloti uchun asos ekanligini teran anglamog‘imiz ham farz, ham qarzdir. Adabiyotlar: 1. Ağga, Ferruh. Eskı Türkçe kö:k tenri ve kö:k kalık İklemeleri Üzerine. Türk-bilig. İstanbul 2015. 2. Rahmonov N. O‘zbek adabiyoti tarixi (Eng qadimgi davrlardan XV asrning birinchi yarmigacha). O‘quv qo‘llanma. – Toshkent, “Sino-standart” nashriyoti, 2017. 3. Erhan Aydın. Orhon yazıtlarıç. Köl Tegin, Bilge Kağan, Tonyukuk, Ongi, Küli Çor. – Turkıya, İstanbul. Bilge Kültür Sanat. Basım Eylül 2018. 4. Стеблева И.В. Поэзия тюрков VI-VII веков. – Москва, Главная редакция восточной литературы. 1964. 5. Қаюмов А. Қадимият обидалари. – Тошкент, Ғафур Ғулом номидаги бадиий адабиёт нашриёти, 1971. 6. Ökzüz, Yusuf Zıya. Tükçenin Sadeleçme Tarihi Genç kalemler ve Yeni Lısan Hareketi. TDK Yayınları. – İstanbul, Ankara. 1995. 7. Гумилев Л.Н. Древние тюрки. – Москва, “Нука”, Главная редакция восточной литературы. 1967. 8. Davron Xurshid. Samarqand xayoli. – Toshkent, Kamalak, 1992. 9. Шоҳ Исмил Хатоий. Найларам ул жаннати, ичинда дилдор бўлмаса. Табдил ва сўз боши муаллифлари Р.Абдуллаев, С.Ғайбуллаев. – Тошкент, “Lesson press” нашриёти, 2020. 10. Насиров А. Бадиият ва тaрихий ҳақиқат. Монография. – Тошкент, “Фан” нашриёти, 2001. 11. Nasirov A. Badiiylik va hayotiy haqiqat. Monografiya. – Istanbul, KESIT nashriyoti, 2019. 12. Nasirov A. Expression of spiritual expreriences in art // International Jurnal on Integrated Education // Volume 3, Issue XI, November 2020. Impact Faktor 2020: 7.03. 181-182 str. 13. Nasirov A. Artistic chronotope interpretion in Odil Yakubov’s novels // Academicia: An Internatioonal multidisciplinary Research journal ISSN222-49-7137. Impact Faktor SJIF 2020: 7.13. Str. 498-501. 14. Nasirov A. Feature of simbolic interpretation. International Jurnal on Orange Technologies // Indoneziya. 2021 / Mart. 21. 71-76-betlar. https: // jurnals.researchparks.org/index. php / IJOT /issue / view / 63 Impact Faktor-7.15. 15. Насиров А. Характер и художественная интерпретация. Образование, наука и инновационные идеи и мире. Международный научно-образователъный электронный журнал. – Фергана, Каканд, 2022. 34-37-стр. 16. Nasirov A. Turk adabiyoti. Uslubiy qo‘llanma. O‘zbekiston, –Samarqand, SamDU nashri, 2020.