KOMPOZITSION YAXLITLIK XUSUSIDA
Full text
232 KOMPOZITSION YAXLITLIK XUSUSIDA Zokir Rahimov Azimovich Farg‘ona davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17272001 Annotatsiya: maqolada o‘zbek tarixiy romanlarida kompozitsion yaxlitlik xususida so‘z borib, Оdil Yoqubov tarixiy romanlarida uning o‘ziga xos, yozuvchi g‘oyasiga hamohang uzviyligi tadqiq etilgan. Kalit so‘zlar: kompozitsiya, badiiy asar, sujet, tarixiy roman, xarakter, tush motivi, obraz. Аннотация: в статье рассматривается композиционная целостность в узбекских исторических романах, исследуется своеобразие и органичное соответствие замыслу писателя в исторических романах Одилa Якубова. Ключевые слова: композиция, художественное произведение, сюжет, исторический роман, характер, мотив сна, образ. Abstract: The article discusses compositional integrity in Uzbek historical novels and examines the uniqueness and organic harmony with the author’s idea in Odil Yakubov’s historical novels. Keywords: composition, literary work, plot, historical novel, character, dream motif, image. Badiiy asarning mukammalligi sujet va kompozitsion yaxlitlikda namoyon bo‘ladi. Kompozitsiya – “badiiy asar qismlarini yaxlit badiiy niyat ijrosi uchun eng optimal holda joylashtirish, badiiy sistemadagi unsurlarni o‘zaro aloqa va munosabatlari ravshan anglashiladigan tarzda butunlikka biriktirish” [5: 141]. Shu bilan birga, “...ijod jarayonida hayotni badiiy ifodalashning muhim vositalaridan, san’at asarining zarur unsurlaridan biridir. ...kompozitsiya badiiy asarning zarur unsuri ekanligini, dastavval, uning sujet bilan uzviy bog‘liqligida ko‘ramiz... Chunki sujet unsurlarining muayyan maqsadda bir-biri bilan birikuvi kompozitsiya hodisasidir...” [1: 137]. Badiiy asarning yaxlitligida shakl va mazmun, mavzu va g‘oya, ba’zan sujetni ham boshqaradigan badiiy unsur – kompozitsiya hisoblanar ekan, Odil Yoqubov tarixiy romanlarida ham uning o‘ziga xos, yozuvchi g‘oyasiga hamohang tarzdagi uzviyligi namoyon bo‘ladi. Hayotiy voqeliklar jarayonida inson xarakteri turli vositalar ta’sirida shakllanib, aniq iroda yo‘nalishiga ega bo‘lgan shaxsga aylanadi: “Shaxs favqulotda murakkab, nodir butunlikdir. U o‘zining ma’naviy olamida insoniyatni ijtimoiy-maishiy, biologik va boshqa jihatlardan muhitga bog‘liqligini mujassam etadi” [2: 11]. “Ulug‘bek xazinasi” romanidagi badiiy psixologizm aniq tarixiy davrdagi shaxslar psixologiyasi bo‘lib, davr ruhini to‘laqonli ochishga, badiiy xarakterning yaxlit shakllanishiga xizmat qiladi.
233 Badiiy xarakterlar asar mukammalligi bilan bir qatorda, kompozitsion butunlikni tashkil etishga ham xizmat qiladi. “Ulug‘bek xazinasi” romani uchun Mirzo Ulug‘bek hayotining so‘nggi damlari asos qilib olinsa-da, real tarixiy voqelik asarda ruhiy-badiiy zamon sifatida o‘z aksini topish bilan birga, Ulug‘bek Mirzo xarakterini yoritishda tarixiylikka asoslanib, uning shohlik, olimlik, otalik jihatlari va ruhiy iztiroblari haqqoniy tasvirlanadi. Bu xususiyatni yuzaga chiqarishda muallif ong oqimi, ichki monolog, tush, mulohaza yuritish, dialog, tabiat tasviri kabi psixologik vositalardan unumli foydalangan. Bu borada tush tasviri nafaqat qahramon ruhiy kechinmalarini, balki qahramon xarakterini ochishga va uni kitobxon tomonidan teranroq anglashiga turtki bo‘lgan. Tush tasviri “Ulug‘bek xazinasi” romanida yetakchi o‘rin egallaydi. H.Umurov ta’kidlaganidek, “u (tush tasviri – R.Z) qahramonlar ichki dunyosini, ularning nozik kechinmalarini ochish maqsadida ishlatila boshlandi” [4: 36]. Romanda tush motivi qismat darakchisi vazifasini ham bajaradi. Tadqiqotda bu doiradagi misollar batafsil tahlil etilgan. Roman kompozitsiyasida tush epizodlari quyidagilarga xizmat qiladi: 1) keyingi voqealar rivojiga asos bo‘ladi; 2) obrazlar ichki dunyosini ochib beradi; 3) konfliktni rivojlantiradi; 4) bosh qahramonning keyingi rejasini amalga oshirishga yordam berib, o‘zini anglashga turtki bo‘ladi; 5) kompozitsiyaning badiiy butunligini ta’minlaydi. Tahlillarning ko‘rsatishicha, Odil Yoqubovning tarixiy romanlarida kompozitsiyaning o‘ziga xos tamoyillari, xususan: 1) voqealar silsilasida; 2) obrazlar badiiy funksiyasida; 3) obrazlarning mantiqiyligi va izchilligida; 4) obrazlar ruhiyatidagi keskin o‘zgarishlarda; 5) qahramon ma’naviy olamining ijodkor g‘oyasiga hamohangligida ko‘rinadi va muallif mahoratini namoyon etadi. Badiiy matnda keltirilgan talqinlardagi obrazli ifodalar zamirida ota va o‘g‘il o‘rtasidagi anglanishi mushkul bo‘lgan holatning yuzaga kelish sabablarini izlash unchalik to‘g‘ri emas. Bu borada Abdullatifning ma’naviy olamini “sovuq bir ifoda”, “alang-jalang ko‘zlar”, “allaqanday sarosima” kabi kalit so‘zlar teranroq ochishga xizmat qilgan.
234 “Kompozitsiyaning ahamiyati turli-tuman qism, bob, bo‘laklarning mavjudligida emas, balki ularning maqsadga muvofiq tarzda uyushuvi va birlashuvi, muayyan tartib va intizomga bo‘ysunishida” [3: 339] ko‘rinadi. “Ko‘hna dunyo” romanidagi kundaliklarda ifodalangan badiiy mushohadalar kompozitsion yaxlitlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Juzjoniy kundaliklarining boshqa retrospektiv epizodlardan farq qiladigan quyidagi jihatlari mavjud: a) asardagi barcha retrospektiv epizodlarda personajning xayolida kechgan voqealar III shaxs tilidan hikoya qilingan bo‘lsa, Juzjoniy kundaligidagi voqealar III shaxs bilan birga, I shaxs – Abu Ubayd tilidan ham bayon etiladi; b) asardagi epizodlarda ro‘y berayotgan voqealarning aniq vaqti, sanasi berilmaydi, kundalik xotiralarda esa ushbu tafsilotlar o‘rin oladi. Bundan tashqari, Odil Yoqubovning tarixiy romanlaridagi kompozitsion markazni tashkil etuvchi ichki dialektik bog‘liqlik: 1) asarlarning badiiy mukammalligini ta’minlagan; 2) barcha unsurlar asardagi asosiy qahramonlar dunyoqarashini ifodalashga xizmat qilgan; 3) tarixiy obrazlar ma’naviy olamini ochishga yo‘naltirilgan; 4) tasvirlangan tarixiy kurashlar, ziddiyatlarning shaxs qismatiga ta’sirini ko‘rsatgan. Yuqoridagilardan korinadiki, tarixiy asarda ilgari surilgan ijodkorning badiiy g‘oyasi qanchalik muhim bo‘lsa, uni yuzaga chiqaruvchi mazmun ham shunchalik dolzarblik kasb etadi, ijodkorning ijodiy individualligini ta’minlovchi badiiy uslubni yuzaga chiqaradi. Uslub adibning barcha tarixiy asarlari namoyon bo‘lishi, o‘tmishga xos hayot haqiqatini badiiy obrazlarda berish, personajlar hayotidagi muammolar yordamida davrning eng murakkab ziddiyatlarini ko‘rsatish, tarixiy romanda davr ruhini namoyon qilish bilan dialektik bog‘liqlikda asar kompozitsiyasi yaxlitligini ta’minlashga xizmat qiladi. Xulosa qilib aytganda, badiiy asar kompozitsiyasi badiiy-ijodiy jarayonning o‘ta muhim halqasi bo‘lib, ijodkordan barcha badiiy unsurlarni o‘z o‘rnidagina qo‘llay olish, obrazlar olamini mantiqiy izchillikda shakllantirishni talab etadi. Bu esa Odil Yoqubov asarlaridagi tarixiy-qiyosiy usul vositasida ijodkorning kompozitsion yaxlitlikni ta’min etishidagi individual mahoratini aniqlash imkonini bergan. Фойдаланилган адабиётлар: 1. Бобоев Т. Адабиётшунослик асослари. Дарслик. – Тошкент: Ўзбекистон, 2002. 2. Сариян С. История. Современность. Личность. – Москва: Наука, 1980. 3. Тўйчиев У. Ўзбек адабиётида бадиийлик мезонлари ва уларнинг маромлари. – Тошкент: Янги аср авлоди, 2011.
235 4. Умуров Ҳ. Ўзбек романчилигида бадиий психологизм. – Тошкент: Ўқитувчи, 1982. 5. Қуронов Д., Мамажонов З., Шералиева М. Адабиётшунослик луғати. – Тошкент: Akademnashr, 2010.