DINIY-DUNYOVIY TAFAKKUR TALQINIDA POETIK NUTQ FUNKSIYASI
Full text
236 DINIY-DUNYOVIY TAFAKKUR TALQINIDA POETIK NUTQ FUNKSIYASI Abdullayev Xamra Dauletbayevich Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti professori DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17272006 Annotatsiya. Mazkur maqolada “Muvozanat” romanidagi badiiy talqin qirralari, diniy va dunyoviy tafakkurning obrazlardagi talqini, poetik nutqni shakllantirishda asaosiy omil bo‘lgan dialog va monologlarning badiiy-estetik funksiyasi ochib berilgan. “Muvozanat” romanidagi poetik nutq xususida fikr yuritilganda, Ulug‘bek Hamdam badiiy tilni faqat shakl yaratish vositasi deb emas, balki unga shakl bilan mazmun birligini ta’minlovchi vosita sifatida yondashganini ko‘ramiz. Kalit so‘zlar: roman, badiiy asar tili, poetik nutq, tush tasviri, dialog, monolog, obraz, qahramon, diniy va dunyoviy tafakkur. Аннотация. В данной статье раскрываются аспекты художественной интерпретации в романе “Мувозанат” (“Равновесие”), трактовка религиозного и светского мышления в образах, а также художественно-эстетическая функция диалогов и монологов, являющихся ключевым фактором в формировании поэтической речи. Рассуждая о поэтической речи в романе “Мувозанат” мы видим, что Улугбек Хамдам подходил к художественному языку не только как к средству создания формы, но и как к инструменту, обеспечивающему единство формы и содержания. Ключевые слова: роман, язык художественного произведения, поэтическая речь, описание сна, диалог, монолог, образ, герой, религиозное и светское мышление. Abstract. This article explores the aspects of artistic interpretation in the novel “Muvozanat” (Balance), examining the portrayal of religious and secular thinking through its characters, and analyzing the artistic and aesthetic functions of dialogues and monologues as key elements in shaping poetic discourse. When considering the poetic speech in “Muvozanat” we observe that Ulugbek Hamdam approaches artistic language not merely as a means of creating form, but as a tool for ensuring the unity of form and content. Keywords: novel, language of literary works, poetic speech, dream depiction, dialogue, monologue, character, protagonist, religious and secular thinking. Ulug‘bek Hamdam uslubiga xos jihatlardan biri shundan iboratki, bu ijodkor asarlarida nafaqat inson ruhiyati, taqdiri, undagi chigalliklarni ifodalash uchun ramz va detallarga ko‘p murojaat qiladi, balki ko‘pincha butun bir asarni ramziylik asosiga quradi, mazmun va g‘oyani detal zamiriga yuklaydi. “Muvozanat” romanida tush tasviri qahramonlarning psixologiyasini, yaqin kelajakda hayotda sodir bo‘ladigan taqdir o‘zgarishlariga ishora vazifasini bajaradi. Faqat bugina emas, qahramonlar taqdirini muayyan davr, ijtimoiy munosabatlar o‘zgarishi bilan ham bog‘liq qilib qo‘yishi mumkin. “Tush orqali yozuvchi, asosan, o‘z qahramonlari ichki dunyosini, ruhiy holatini, kechinma va dramalarini, orzu-
237 xayollarini ochishga intiladi. Tush – obrazlarni individuallashtiruvchi vosita sifatida ham xizmat qiladi”[2: 180]. “Nima bo‘lganda ham, bir tushida yollari uzun va bir tomonga qayrilgan, haybatli oppoq otni jilovidan ushlab turgan payg‘ambarimiz Amirni chorlab: “Kel, o‘tir, sen hali uzoq va hayrli parvozlar qilasan. Hech bir valiyning poyi yetmagan manzillarga yetasan”, - debdi. Amirning yuragi hapriqib, hayajoni bo‘g‘ziga tiqilgancha, asta yurib otga yaqinlashibdi. Otni silabdi, so‘ng uzangiga oyog‘ini qo‘yib, bir siltanishda ustiga chiqqani asnosida uyg‘onib ketibdi… Tushlar Amirning kuchiga kuch g‘ayratiga g‘ayrat, yo‘lining to‘g‘ri ekanligi borasidagi ishonchiga ishonch qo‘shardi… - Tushimga payg‘ambarimiz kirdilar va menga: “Amir chilla o‘tirsin”, - dedilar… demak, hammasi rost, hammasi to‘g‘ri. Tushimda payg‘ambarimizning menga ot mindirgani ham bejiz emas. Shayton payg‘ambarimizning shaklu shamoyiliga kirolmaydi. Demak, mening ham Muxtorning ham tushi haqrost. Chilla o‘tirishim shart!”. Xayolidan o‘tkazdi u. Shundan keyin Amir boshqa hech kimdan maslahat ham yo‘l-yo‘riq ham so‘ramadi, o‘zi bilgancha, o‘zi xohlagancha tayyorgarlik ko‘rdi-da, ertasi azondan chilla o‘tirishni boshladi”[3: 109-110]. Mazkur jarayonda muallif nutqi va personaj nutqi o‘zaro sintezlashib, Amirning ruhiy holatini yoritishga xizmat qilgan. Ushbu tush tasviridan voqealar rivoji jarayonida Amirning taqdirida mudhish hodisa yuz berishi anglashiladi. Keltirilgan matndan anglashiladiki, yozuvchi Amirning mazkur holatini yoqlamaydi. Balki, diniy afsona va rivoyatlar sintezidan iborat ushbu tush tasvirida ozgina bo‘lsada piching seziladi. Chunki, Amirdek oddiy insonning tushida payg‘ambarni ko‘rishi payg‘ambarning Amirga chillaga kir deyishi normal holat emas. Muallifning roman qahramonlaridan biri Amirga, din va shariatga munosabati hikoyachi nutqining turli shakllarida namoyon bo‘lgan. Yozuvchining dinga, Amir kabi dindorlarga munosabati qahramonimizning chillaga kirgandan keyingi voqealar tasvirida aniq ko‘rinadi. Chillaga o‘tirgan Amirning holatini va bu holatning umumiy manzarasini quyidagicha tavsiflaydi: “Bu yo‘l naqadar ulug‘, sehrli va muqaddasdir! Unda inson o‘zgalarga qurol yo musht ko‘tarib maqsadga erishmaydi, aksincha, ongli ravishda o‘zga manzilni ko‘zlaydi va, avvalo, o‘ziga qarshi jangga kirishadi. Ha-ha, aynan o‘ziga qarshi biroq “O‘ziga qarshi” degani bani odamning o‘z nuqsoni va badnafsiga qarshi mujodalasi ekanini unutmaslik kerak. Zero, dunyodagi noqisliklarning barchasi odamzodning qalbi va aqlidagi nuqsonlarning tashqariga urgan aksidan bo‘lak narsa emas! O‘zini
238 o‘zi poklashga kirishgan har bir inson, ayni damda, dunyoni tozalashga bel bog‘lagan zot hamdir. Tasavvufda mana shu hikmat – hayotiy va amaliy haqiqat mavjud. Mohiyatan u boshdan-oyoq odobdir, yomonlikdan yuz o‘girib, yaxshilikka yuzlanmoqdir, insonning o‘z botinidagi nafs ajdariga qarshi sulhsiz, qurolsiz, kurashmoqdir, o‘zining yukini yengillatish va o‘zgaga yuk bo‘lmaslikdir, o‘zining foniy borlig‘idan xalos bo‘lib, Allohning boqiy borlig‘iga qo‘shilmoq va vahdat mayini sipqormoq yoki kamida shu xayrli intilishlar yo‘lidagi azim kurashdir… Xo‘sh, zamonamiz kishisiga nasib bo‘larmikan insonlikning bunday yuksak martabasi? Axir dunyo besh yuz ming oldingidan qanchalar o‘zgarib ketgan, hayotning sur’ati, insonni harakatga keltiruvchi botiniy kuchning shiddati naqadar oshgan bo‘lsa!.. Dunyoqarashlar, qadriyatlar, munosabatlar turlandi, tuslandi… Bu yo‘lning manziliga yetmoq zamonamiz Amiriga, masalan, sakkiz yuz yil avvalgi Amirga nisbatan ancha qiyin bo‘lmasmikan? Ustiga-ustak, pirsiz-rahnamosiz… Umuman, azaliy mazmunga borish uchun azaliy shakldan istifoda etmaklik o‘zini qanchalar oqlaydi? Axir “chiroyli kiyingan” o‘rta asrlar ayoli bilan yigirmanchi yuz yillikning tannoz xonimi kiyimlari naqadar bir-biriga o‘xshamaydi. Lekin mazmun bir – ular o‘z zamonasi tomonidan eng go‘zal deb tan olingan, eng so‘nggi rusumdagi liboslarga o‘rgangan. Demak, g‘oyalar har qancha ulug‘ bo‘lmasin, vaqt o‘tgan sayin ularga ulashmaklik yo‘llari – shakllari o‘zgarib borar ekan. Zero, har bir zamonu har bir davrning o‘z ruhi bo‘ladiki, u shakllarga o‘z muhrini muqarrar ravishda bosib boradi. Hatto mohiyat ming yillardan keyin ham o‘zgarmasa-da, go‘zal kiyinishga – go‘zallikka intilish hanuz o‘sha-o‘sha bo‘lsa-da… Magarki shundoq ekan, u holda nega Amir qalqib-da o‘z zamonasiga qarshi isyon ko‘tardi? Uning temir qafaslarini buzmakka bel bog‘ladi? Ya’nikim, azaliy mohiyatga azaliy yo‘l orqali erishmoqchi bo‘ldi? Jonida qasdi bormidiki, har pallada, palla ne, har nafasda o‘zini bo‘g‘ib tashlashga tayyor turgan dunyo bag‘rida o‘sib-unmakka umid qildi – valiylar rohini tutdi – chilla o‘tirdi?.. Chillaning yettinchi kuni Amir holdan toydi. O‘tirgan bo‘lishiga qaramay, ko‘z oldi qorong‘ilashib, tinib ketaverdi. Hatto xayolan Qur’on oyatlarini takrorlashga tobi yo‘l qo‘ymay qoldi…”[3: 111]. Bugungi dunyo madaniyatlar sintezidan iborat. Hozirgi kunda o‘z qobig‘ida, o‘z hududida qolib ketgan bironta millat, xalq yoki mamlakat bo‘lmasa kerak. Buyuk islohotlar yuz berayotgan yurtimizda inson huquqi, e’tiqodi, uning erki va ozodligi o‘z qadr-qimmatini allaqachon topib ulgurdi. Jamiyatimizdagi tub islohatlar insonning nafaqat zohiriy hayotida balki, botiniy-ma’naviy hayotida ham uyg‘onishni
239 paydo qilmoqda. Davr-yangilanish inson ongini, tafakkurini, madaniyati va psixologiyasini o‘zgartirmoqda. Mana shu yangilanish va o‘zgarishlar romanchilikda ham o‘z aksini topib kelmoqda. Zamonaviy romanlar ustasi Ulug‘bek Hamdamning “Muvozanat” romani adabiy jarayonda va jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu roman bizni hayotimizga, qon-qonimizga singib ketgan ko‘nikma va qoliplardan chiqishga, fikr-mulohazali bo‘lishga undadi. Roman e’lon qilingan yillarda matbuotda, ziyolilar orasida tahlil va talqinlar borasida turli-tuman munozaralar bo‘lib, polifonik xarakter kasb etdi. Ilm ahlining diqqatini o‘ziga tortdi. Ko‘pgina ilmiy-tadqiqot ishlarining obyektiga aylandi. Bundan tashqari U.Normatov, D.Quronov, J.Eshonqul va I.Yoqubov singari adabiyotshunoslar romandagi Amir obrazi atrofida bahs munozara yuritdilar. Ammo, shunday diniy-ma’rifiy tafakkur, e’tiqod, diniy shaxsning ruhiy olami, obrazlarining ma’naviy-axloqiy qiyofasi, Qur’on sura va oyatlari, hadis talqinlari masalasi maxsus ilmiy tadqiqot obyekti va predmeti bo‘lgan emas. Romanda nutq asarning butun geografiyasini, iqlimini, davr va qahramonlar ruhiyatini, ahloqiy-ma’naviy tabiatini ro‘yobga chiqaradigan asosiy omil hisoblanadi. Romanda Yusuf, Said, Mirazim obrazlaridan tashqari Amir obrazi ham borki, bu obraz orqali romanga tamomila yangi bir tip kirib kelgan, desak yanglishmaymiz. Chunki, ijtimoiy hayotimizda Amirga o‘xshagan muttasib, oila, burch, farz kabi bashariy vazifalarini unutib qo‘ygan odamlar toifasi shakllangani ham kunday ayon. Yozuvchi U.Hamdam romanga shunday insonlarning tipik obrazini olib kirish bilan birga, diniy tafakkurni talqinning predmetlaridan biri sifatida falsafiy, badiiy-estetik mulohazaga tortadi. Adib qahramon ruhiyatini ochishda ichki dialog va monolog imkoniyatlaridan ham mohirona foydalanadi. Ichki dialog qahramonning ichki kechinmalarini yorqinroq ifodalashga, uning ruhiyatidagi qarama-qarshiliklar, iztiroblarni ifodalashda o‘z samarasini beradi. Romandagi Amir dindor shaxs. Ammo, u din-islom kononlarining mohiyati va asliyatidan ancha uzoq bo‘lgan, muttasib, muvozanatni yo‘qotgan kishi edi. Uning diniy saviyasini ukasi bilan bo‘lgan dialoglarning ruhiy-notalaridan ham bilsa bo‘ladi: “Gulshoda bolalari bilan chiqib ketgach, Amir Yusufdan so‘radi: - Namoz o‘qimay qo‘yibsan deb eshitdim. Shu rostmi? - Musulmonchilikda birlamchi nima, aka? – savolga savol ila javob qaytardi Yusuf. - Iymon. - Nega unda sizning birinchi savolingiz iymon haqida emas?
240 - Chunki, iymonli odam namoz o‘qiydi. - Lekin namoz o‘qiganlarning hammasi iymonli degani emas, bu. Shu bilan birga namoz o‘qimaganning hammasi iymonsiz degan hukm ham yo‘q islomda [3: 60]. Mazkur diologda aka va uka o‘rtasida dunyoqarashlar to‘qnashuvi yuz beradi. Bundan ko‘rinadiki inson hayotida, ijtimoiy munosabatlarida o‘zgarish bo‘lar ekan, uning tafakkur tarzida, ma’naviy-ruhiy olamida ham o‘ziga xos etiketlar shakllanadi. Dialogdan anglashiladiki bir ijtimoiy muhitda yashayotgan ikkita shaxsda turlicha e’tiqod shakllangan. Yusuf ijtimoiy-ma’naviy jarayonning mohiyatini anglagan, dunyoviy va diniy tafakkur dialektikasini ong-sajiyasida tartibga sola bilgan shaxs bo‘lsa, Amir tafakkur qilishda, munosabat va yondashuvda muvozanatini yo‘qotgan, adashgan banda. Anglashiladiki, yozuvchi romanda diniy va shakllanayotgan dunyoviy tafakkur borasida aniq mualliflik pozitsiyasini ochiqlamaydi. Aksincha, munosabat va yondashuvni kitobxonga havola qilgan holda muhokama-mulohazaga undaydi. Badiiy asarda nutq kitobxonga qahramonning bilim saviyasini, ong sajiyasini, shaxs sifatidagi axloqiy munosabatlarini anglashga ko‘maklashadi. Chunki, personaj va qahramonlar o‘z nutqlari orqali o‘zlarini o‘zlari tavsiflaydilar. Mana shu jarayonda o‘quvchida qahramonga nisbatan pozitiv yondashuv shakllanadi. Xuddi shu ma’noda roman qahramonlaridan biri Yusuf Amir bilan bo‘lgan munosabatda o‘zini o‘zi tavsiflaydi: - “To‘g‘ri, aka; qaniydi menam sizga o‘xshab namoz o‘qisam va bunga ichichimdan ehtiyoj sezsam… Mulohaza qilib qarasam, men qayerda va nima ish bilan mashg‘ul bo‘lmay, hamisha Allohning izmida va unga ibodatda ekanman… Dindan, musulmonchilikdan maqsad nima o‘zi? Nazarimda, men buni o‘zim uchun va o‘zimcha tushungandekman. Xullas, har qanday dinning negizida insonni yaxshi bo‘lishga, yaxshilik qilishga, o‘ziga ravo ko‘rganingnigina o‘zgaga ravo ko‘rishga chaqirib yashash mavjud. Islomda bu narsa Allohning birligi va Muhammadning payg‘ambarligiga suyanilgan holda tushuniladi. Chunki dunyoda muayyan qonunqoidalarga asoslangan, tinchlik va farovon hayotni ta’min etuvchi Oliy nizomga ehtiyoj mavjud” [3: 61]. Ko‘rinadiki, nutq jarayonida qahramonning dinga va e’tiqodga bo‘lgan yondashuvi o‘zgacha. Yusuf davr va zamon taqozasiga ko‘ra e’tiqodiy munosabati o‘ziga xos shakllanayotgan kishi obrazidir. Bu borada u hayotning maromini, muvozanatini topgan insondir. U ham diniy ham dunyoviy tafakkur yuritib chayqalayotgan ummonda langarini to‘g‘ri tutgan dengizchiga o‘xshaydi.
241 Davr inson ongini shiddat bilan o‘zgartirmoqda. Kechagi dahriyona qarashlarni hamda qon-qonimizga singib ketgan islomiy qadriyatlarni ham qayta anglashga to‘g‘ri kelmoqda. Badiiy asardagi qahramonlar nutqining individual va tipik xususiyatlari haqida gapirganda, ayniqsa, prozada monologik va dialogik nutq ko‘rinishlarining alohida o‘rni borligini ta’kidlash kerak. Xususan, monologik nutq badiiy asarda tasvirlanayotgan hayot muammolarining muhimligini kitobxonga uqtiribgina qolmay, qahramon xarakteridagi muhim individual tomonlarni ham ko‘rsatadi. “Muvozanat” romanida yozuvchi realistik adabiyotga xos bo‘lgan tipik xarakterlarni tipik sharoitlarda aks ettirishda monologik nutqdan mohirona foydalangan. Bu ayniqsa, Yusuf obrazi talqinida bo‘rtib turadi. Jumladan, Yusuf o‘z g‘oyasini amalga oshirish uchun oilaviy va ijtimoiy to‘siqlarni yengib o‘tib, kelajak sari intiladi. Xulosa tarzida aytish mumkinki, Ulug‘bek Hamdamning “Muvozanat” romanida diniy va dunyoviy tafakkurning sintezi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bu holat aka va uka diologik nutqlarida jarayon misol badiiy talqin qilinadi. Yusuf va Amir obrazlarida joriy kun va davr ruhiyati ko‘zga tashlanadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Abdullayev X. Roman stilistikasida diniy mifologizatsiya. ‒Toshkent: “Firdavs-shoh” nashriyoti, 2022. 2. Boboev T. Adabiyotshunoslik asoslari. –Toshkent “O‘zbekiston” nashriyoti, 2020. 3. Hamdam U. Vatan haqida qo‘shiq –Toshkent. Akademnashr.: 2019. 4. Jo‘raqulov U. Nazariy poetika masalalari. –Toshkent: G‘.Gulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2015.