SHE'RIY NUTQDA TOVUSHLAR GARMONIYASI VA DIALOGIZM
Full text
242 SHE’RIY NUTQDA TOVUSHLAR GARMONIYASI VA DIALOGIZM Matyakupov Sa’dulla Gaipovich filologiya fanlari doktori, Nukus davlat pedagogika instituti professori E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17272015 Annotatsiya: maqolada she’riyatda dialog yaratish hamda uning vujudga kelish omillari, lirik va dramatik tasvir sintezi, badiiy ifoda shakllari, ijodkor badiiy mahorati masalalari tadqiq etiladi. Kalit so‘zlar: lirika, dialog, monolog, lirik tasvir, badiiy ifoda. Аннотация: в данной статье рассматривается вопросы создания диалога в поэзии и условия его появления, синтез лирического и драматического описания, формы литературной выразительности и литературная способность создателя. Ключевые слова: лирика, диалог, монолог, лирическое описание, художественное сознание. Annotation: There article deals with the issues of creating a dialogue in poetry and the ways of its appearance, synthesis of lyric and dramatic description, types of literary expression and the skills of a creator. Keywords: Lyrics, dialogue, monologue, lyric description, literary mind. She’riy tafakkurda dialog tushuncha poetik mohiyatini ochib beradigan asosiy estetik vosita, badiiy muloqot so‘z – g‘oya – matnni anglash uchun tayanch markaz vazifasini o‘taydi. Munosabat hamda talqin esa lirik ifoda tabiatini belgilaydi. Unda muallif va qahramon, tasavvur va taassurot bir-biriga qorishadi. “Badiiy matnda dialogizm muallif va personajlarning fikrlash tipi bo‘lib, badiiy-nutqiy shaklda kommunikativ (muloqotiy) qurilma vazifasini bajaradi, inson ongini shaxslararo muloqotga olib kiradi... M.Baxtinning fikricha, muallif MEN va O‘ZGA dialogida qatnashadi” [1: 10]. Shu ma’noda, ijodkorning ichki hissiyot boshqaruvi va tashqi muhit bilan o‘zaro muloqoti badiiy idrok imkoniyatlarini shakllantiradi. Mazkur jarayon voqelikka nisbatan munosabatli nutq sifatida (men, sen, o‘zga) aks etadi. To‘g‘rirog‘i, aniqlik va mavhumlikaro mutanosiblashgan tasvir hamda tasavvur uyg‘unligini hosil qiladi. Zero, “Badiiy asar kitobxon bilan muloqotga kirishishi natijasida matn va resipient bir-birini to‘ldiradi, boyitadi. Bunday adabiy muloqot jarayonida adresant (muallif) bilan adresat (kitobxon) qatnashadi. Bu jarayondagi dialogiyaviylik muallif tomonidan tavsiya etilgan matnning mazmunini o‘zgartirmaydi, balki uni qabul qilishning turlichaligi tufayli matn talqinida mazmunning yangi-yangi qirralari ochiladi” [1: 12-13].
243 Rus adabiyotshunosi Viktor Jirmunskiy ilmiy xulosalariga ko‘ra: “She’riy kompozitsiya qurilishi faqat marom va urg‘ularning tizimli taktlari bilangina emas, balki undagi sintaktik guruhlarning uyg‘un taqsimlanishi bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi” [3: 151]. Yuzaki qaraganda, olimning ushbu xulosalarida faqat lirik kompozitsiyaning lingvistik xususiyatlari, lirik uslubga xos formal jihatlar haqida so‘z yuritilayotgandek tuyuladi. Biroq ushbu sitataga diqqat bilan yondashilsa, jumlaning ikkinchi qismida aks etgan fikr she’riy matnlar (satrlar, rukn, turoq kabi satr bo‘laklari) o‘rtasidagi bog‘lanishlar faqat marom va urg‘u kabi shakliy vositalar orqali emas, mazmuniy-sintaktik vositalar orqali ham paydo bo‘lishiga ahamiyat qaratilayotgani aniq bo‘ladi. Ya’ni, she’riy matn ichidagi sintaktik bog‘lanishlar gap, gap bo‘laklari, gapdagi ibora, so‘z bo‘laklari vositasida ma’no ko‘chishi hodisasini yuzaga keltiradi. Olim ushbu hodisani fransuzcha enjambement termini bilan nomlaydi. Lirik matnda enjambement hodisasining turli shakllari uchrashi mumkin. Birinchi holatda sintaktik taqsimot turoqlar taqsimoti bilan muvofiq kelishi mumkin; ikkinchi holatda ritmik bo‘linish sintaktik bo‘linishga mos kelmasligi mumkin; uchinchi holatda she’r matni ichida sintaktik pauza vujudga keladi. V.Jirmunskiy tomonidan she’rshunoslikka olib kirilgan ushbu hodisani o‘zbek adabiyotshunosi, professor Bahodir Sarimsoqov keyinchalik Alisher Navoiy lirikasiga muvvafaqiyatli tatbiq etdi. Olim ta’kidlaydiki, “Poetik sintaksis masalalari o‘zbek adabiyotshunosligida juda kam o‘rganilgan ilmiy sohadir. Holbuki, poetik nutq va uning shakllari, badiiy kechinmaning ifodalanishida ijodkorning mahorati nazariy poetikaning dolzarb muammolarini tashkil etadi. Chunki badiiy so‘z san’atida favqulodda poetik fikr kashfiyoti qanchalar muhim bo‘lsa, ana shu fikrni o‘ziga xos tarzda ifodalash ham shunchalar ahamiyatli” [5: 6]. Alisher Navoiy ijodiy merosini kuzatib shoir murojaat qilgan badiiy vosita va usullar, badiiy san’atlar hamda asarlaridagi yuksak insoniylik g‘oyalariga har qancha tahsin aytsak arziydi. Zero, shoir har bir fikr hamda tuyg‘ularini san’atkorona ifodalab, xilma-xil badiiy vosita, usullar, she’riy san’atlardan o‘rinli va samarali foydalanadi. Bu Navoiy badiiy tafakkurining nihoyatda kengligidan dalolat beradi. Ma’lumki, Alisher Navoiy she’riyati ko‘p qirrali, ko‘plab lirik janrlarni qamrab oladi. Ularga xos poetik sintaksis ham shu nuqtai nazardan turli-tuman. Shuning uchun shoir she’riyatidagi har bir janrni poetik sintaksis yuzasidan ham yagona nazariy qolipga sig‘dirib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham B.Sarimsoqov Navoiy she’riyatidan, g‘azal misolida fikr yuritishni ma’qul topadi. Negaki, g‘azal janriga xos poetik sintaksisning ham ikki aspektdagi tadqiqot yo‘nalishi mavjud. Birinchisi – g‘azal matlasidan boshlab maqtasigacha bo‘lgan baytlarning sintaktik shakllari, ular
244 o‘rtasidagi mazmuniy hamda mantiqiy aloqadorlikni ochish. Ikkinchisi – g‘azal tarkibidagi har bir bayt sintaktikasi va uning ikki misrada ifodalanishidan iborat” [5: 8]. Ko‘rinadiki, B.Sarimsoqov Navoiy she’riyatida V.Jirmunskiy kashf etgan enjambement (fikriy ko‘chuv hodisasi) hodisasi keng planda aks etganligi, ularning har bir turi alohida o‘rganilishi lozimligini alohida ta’kidlaydi va o‘zi g‘azal bayti doirasidagi ko‘rinishlariga ahamiyat qaratadi. Olim izlanishlarida V.Jirmunskiy terminini bir oz o‘zgartirib “anjambeman” tarzida qo‘llaydi. Bu bilan terminning talaffuz etilish va yodda qolishi uchun o‘quvchiga qulaylik tug‘diradi. Alisher Navoiy g‘azallarida fikriy ko‘chuv hodisasi nihoyatda ko‘p va xo‘b qo‘llanganligi, ulardagi fikriy oqimning nihoyatda teran, murakkab va o‘ziga xos ekanligidan dalolatdir. Viktor Jirmunskiy fikricha, “She’riy nutqqa xos poetik priyomlarni tizimli o‘rganish, she’rshunoslik nazariyasini haqiqiy vazifasiga tomon izchil tarzda olib boradi” [4: 28]. She’riy priyomlarning eng kichik va asosiy birligi bo‘lgan tovushlar faqat alliteratsiya yoki ritmiko-sintaktik garmoniya emas, badiiy muloqotning o‘ta murakkab shaklini ham maydonga keltiradi. Olim tovush poetikasini shu nuqtayi nazarga ko‘ra uch asosiy guruhga ajratib tasniflaydi: A) ritm hamda vaznni unli va undosh tovushlarning sonlari orasidagi navbatma-navbat kelish tengligi orqali ta’minlanishi; B) tovushlarning sifatli tarzda joylashtirilishi; V) tovushlar intonatsiyasi [4: 35]. Demak, she’riy nutq hosil qiluvchi vositalarning eng kichik strukturaviy birligi bo‘lgan tovush masalasi (fonetika)dan kelib chiqilmas ekan, she’r kompozitsiyasining tashkillanishi va mazmunning izchil ifodasiga erishib bo‘lmaydi. Shu ma’noda lirikada tovushlarning ritmik-sintaktik garmoniyasi muayyan tovush alliteratsiyasi orqali hosil qilingan uzviylikda dialogik holat hosil qiluvchi vosita sifatida namoyon bo‘ladi. Xuddi shu hodisa Alisher Navoiyning mashhur: Ko‘zing ne balo qaro bo‘lubtur – Kim, jong‘a qaro balo bo‘lubtur... matla’sida tovush poetikasining individual va o‘ta murakkab ko‘rinishiga duch kelamiz. Matla’ qo‘shqofiyali bo‘lib, birinchi misradagi “balo qaro” ikkinchi misradagi “qaro balo” bilan mukammal qofiyani tashkil etgan. “Bo‘lubtur” esa matla’ radifi vazifasini bajargan. Bu baytning tashqi tuzilishi. Tashqi tuzilishning bunday mukammallik kasb etgani baytga haddan ortiq mukammallik, ohangdorlik bag‘ishlaydi. Baytdagi sintaktik markaz vazifasini “ko‘z” so‘zi bajaryapti. Ammo bu so‘z boshqa so‘zlar bilan ritmik munosabat tashkil etishi jihatidan unchalik faol emas.
245 U bilan fonetik jihatdan parallellik hosil etgan so‘zlar baytda boshqa uchramaydi. Ammo bayt sintaktik tizimida bu so‘zning o‘rni juda katta. Baytda enjambement (birinchi misradagi fikrning ikkinchi misrada davom etishi) hodisasini maydonga keltiruvchi asosiy ritmiko-sintaktik komponent ham aynan shu “ko‘z” so‘zi hisoblanadi. Birinchi misrada bu so‘z ochiq kelgan, to‘g‘ridan to‘g‘ri “ko‘z” so‘zi tilga olingan. Ikkinchi misrada esa bu so‘z ochiq-ravshan, grafik ifodada aks ettirilmagan bo‘lsada, jonga ofat soluvchi “qaro balo” sifatlashi aynan ko‘zga tegishli. Klassik tildagi “kim” qo‘shimchasi grammatik nuqtai nazardan zamonaviy uslubdagi “ki”ni bildiradi. Ammo bu baytda “ya’ni” ma’nosida kelgan. “Kim” bog‘lovchi qo‘shimcha sifatida ikkinchi misrada “ko‘z” so‘zining vazifasini bajargan. Natijada ikkinchi misra birinchi turog‘ining boshidan e’tiboran enjambement hodisasi yuz bergan. Baytdagi fonetik tizimning hosil bo‘lishi, ritmik-sintaktik garmoniyaning yuzaga kelishini “o” tovushi ta’min etgan. “Balo”-“qaro”, “qaro” - “balo” juftliklarida aks etgan bu tovush ikki misra ichida tizimli takrorlanishi natijasida ma’shuqa ko‘zining qaroligi, oshiq joniga shu qarolik ishq otashini solgani, oqibatda uni balolarga giriftor etgani haqidagi lirik holatni ifodalagan. Ayni paytda bu ikki juftlik ham ma’shuqaga murojaat mazmunini ifodalaydi. Bayt “ko‘zing” so‘zi bilan boshlangan bo‘lsa-da, so‘zdagi egalik qo‘shimchasi (ing) uning oldida “yor”, “dildor”, “dilorom”, “go‘zal”, “parizod” singari ma’shuqani sifatlovchi so‘zlar borligidan dalolat beradi. Baytda aks etgan bunday murojaat tipi uning birinchi misraning ilk komponentidayoq she’riy matn va o‘quvchi orasida o‘zaro muloqotni vujudga keltiradi. Aleksandr Blok 1906-yilda chop etilgan bir maqolasida shunday yozgan: “Har qanday she’r – bir necha o‘tkir so‘z ustiga tortilgan choyshabdir. Bu so‘zlar she’r osmonida yulduzdek charaqlab turadi. She’r shu so‘zlarning hisobigagina mavjuddir” [2: 40]. Navoiyning tahlil etilgan g‘azali matl’asidagi e’tirof etilgan so‘zlar xuddi A.Blok aytgan vazifani bajaruvchi “o‘tkir so‘zlar”dir. Ko‘rinadiki, badiiy nutqning o‘ziga xosligi uning badiiy formantlari tizimidir. Boshqa tomondan badiiy nutq badiiy asarning ichki, yopiq tuzilishi, bir butun mustahkam qal’asini tashkil etuvchi materiallar jamlamasidan iboratdir. Bunda so‘z, ibora, gap va badiiy nutqning eng kichik birligi bo‘lgan fonetik tizimlar she’riy nutqdagi obrazlar bilan ichki aloqaga kirishadi. Natijada, she’r strukturasidagi ichki dialogni tashkillanishi, tashqi kompozitsion qurilish mukammalligi, ritmik-sintaktik garmoniya, “men” va “boshqa” o‘rtasidagi poetik aloqadorlikning o‘ziga xos tarzda jonli muloqot bosqichiga chiqishi uchun muhim poetik vosita bo‘lib xizmat qiladi.
246 Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Болтабоев Ҳ. ХХ аср адабиётшунослигида диалогизм ва Михаил Бахтиннинг адабийэстетик таълимоти // Филология масалалари. – Тошкент, 2016. – № 4. 2. Виноградов В.В. О теории художественной речи. – Москва: Высшая школа, 1971. 3. Жирмунский В.М. Теория стиха. – Ленинград: Советский писатель, 1975. 4. Жирмунский В.М. Теория литературы. Поэтика. Стилистика. – Ленинград: Наука, 1977. 5. Саримсоқов Б. Алишер Навоий поэтик синтаксисидаги бир усул хусусида // Ўзбек тили ва адабиёти, 2001. – №2.