LIRIK TUR JANRLARINING SHAKLLANISH BOSQICHLARI
Full text
253 LIRIK TUR JANRLARINING SHAKLLANISH BOSQICHLARI Oripova Gulnoza Murodilovna filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent Farg‘ona davlat universiteti, O‘zbekiston [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17272028 Annotatsiya. Maqolada lirik turga xos janrlarning qadimiy elementlari va shakllanish bosqichlari haqida fikr yuritilgan. Lirik janrlarning paydo bo‘lishi va tarixiy shakllanish bosqichida “Avesto”dagi qo‘shiqlar va qasidalarning ahamiyati yoritilgan. Kalit so‘zlar: so‘z san’ati, sinkretizm, mif, poetik tafakkur, qasida, lirik tur, janr. Аннотация. В статье рассматриваются древние элементы и этапы формирования жанров, характерных для лирического типа. Подчеркивается значение песен и од “Авесты” в возникновении и историческом становлении лирических жанров. Ключевые слова: словесное искусство, синкретизм, миф, поэтическая мысль, ода, лирический тип, жанр. Abstract. The article discusses the ancient elements and stages of formation of genres specific to the lyrical type. The importance of songs and odes in the “Avesta” in the emergence and historical formation of lyrical genres is highlighted. Key words: word art, syncretism, myth, poetic thought, ode, lyric type, genre. So‘z san’ati sinkretizmi borasida fikr yuritganda marosim va maishiy hodisalar bilangina cheklanib bo‘lmaydi, chunki muammoni o‘rganishning ichki aspekti miflarga borib taqaladi. Bu borada XX asrning birinchi yarmida Dj.Frezer, U.Robertson-Smit, R.Xarrison, F.Reglan, S.Xuk, E.Djeyms kabi jahon olimlari izlanishlar olib borgan. Qadimgi she’rning ritm bilan verbal ijro etilishi jarayonida miflarning ahamiyatini ham unutmaslik zarur. Miflar faqat verbal ijro etilgan. Ayni paytda miflar yoki mifologik tasavvurlarni qamrab olgan qadimgi she’rlar tasviriy san’atni ham o‘z ichiga olgan. Keng ma’noda bularni she’riyat deb qarash mumkin. Inson o‘z hissiyotlari: sevgi, quvonch, g‘azab, qayg‘usini ifodalash imkonini miflardan o‘zlashtirgan. Chunki qo‘shiqlarda inson ruhiy-psixologik dunyosi aks etgan. Qo‘shiqlarning ritmi, ohangi (quvonchli, qayg‘uli)ga ko‘ra ruhiy holatlar ifodalangan. Shunday ekan, o‘zbek xalq lirikasining ilk xomashyosi bo‘lgan totemizm, shomonlik, magiya, hosildorlik kultlari, irmlarga inonchlar asosida ham ma’lum darajada mifologik tasavvurlar yotishi folklorshunos olim A.Musaqulov izlanishlarida tadqiq etilgan. Uning nazariy qaydlarida, “tarixiy asoslarga ko‘ra qadimiy inonch-tasavvurlar, ayniqsa, hosildorlik kultlari, xalq marosimlari, irmlari kundalik maishiy turmush bilan uzviy bog‘langan, kuy va raqslar bilan birga paydo
254 bo‘lib, kuy bilan munosabatini barqaror saqlab qolgan lirik xarakterdagi she’riy san’at” qo‘shiq ekanligi izohlangan [1: 11]. Ko‘rinadiki, mifologik tasavvurlarning badiiy ifodasi asosida lirik janrlarning belgilari paydo bo‘la boshlagan. “O‘zbek xalq lirikasining kurtaklari insonning o‘zini va urug‘doshlarini bir olam vakillari deb tushungan davrlar, totemistik inonchlar tug‘ilgan paytlar bilan bog‘liq. Qo‘shiqlarning tarixiy ildizlari haqida gap ketar ekan, xalqning ko‘p asrlik tarixiy jarayonlar davomida magik-mifologik dunyoqarashdan poetik tafakkurga qo‘shiqning maishiy-etnografik hodisadan badiiy-estetik hodisaga aylanish evolyutsiyasini ko‘rsatib berish masalasi paydo bo‘ladi” [1: 15-16]. Olim A.Musaqulov xalq lirikasining paydo bo‘lishi va rivojini magik-mifologik tafakkur (marosimlar) – mifopoetik tafakkur – poetik tafakkur tarzida ko‘rsatgan. Albatta, bu hodisalar til, tarixiy ong taraqqiyoti tufayli qadim inonch-tasavvurlarning maishiy turmush voqealarini qayta mushohada qilish, poetik idrok bilan bog‘liq. Darhaqiqat, A.Musaqulov o‘zbek lirikasining paydo bo‘lish evolyutsiyasi jarayonini “magik-mifologik tafakkur (marosimlar) – mifo-poetik tafakkur – poetik tafakkur” tarzidagi zanjirli sxemada ko‘rsatishi bejiz emas. Mazkur zanjirli sxemaning “magik-mifologik tafakkur (marosimlar)” evolyutsion bosqichi so‘z magiyasi bilan bog‘liq turli marosim aytimlari va qo‘shiqlari asosida o‘zbek xalq lirikasining paydo bo‘lishiga zamin yaratgan. Lirik janrlarning tarixiy-genetik ildizi so‘z magiyasi bilan bog‘liq turli marosim aytimlari va qo‘shiqlari, marosimlarda o‘tkaziladigan o‘yinlar bilan bog‘liq holda sekin-asta maqol, topishmoq, tez aytish kabi janrlarga tutashgan. Bu kabi folklor namunalari lirik janrlarning shakliy qurilishi, vazn, qofiya, bandning shakllanishida muhim vosita hisoblangan. Professor U.To‘ychiyev tatar olimi X.Usmonovning tadqiqotlaridagi ilmiy xulosalari asosida quyidagilarni ta’kidlaydi: “Emotsional takror (so‘z) avval maqol, qo‘shiq va topishmoqlarda paydo bo‘ldi. Takrorlar tufayli qatorlar va misralar ajrala boshladi. Bu misralar asta-sekin metrik bo‘laklarga bo‘lindi, ular matnda vertikal «ustun»lar hosil qildi. Oqibatda band shakllana boshladi. Maqol, qo‘shiq va topishmoqlarda emotsional takror tarkibidan alliteratsiya tug‘ildi: so‘z takrori, alliteratsiya sintaktik parallelizmning kelib chiqishiga, ular esa bandning paydo bo‘lishiga yo‘l ochdi. Ritmik-sintaktik parallelizm sodda bandlarning tuzilishiga, ularning to‘ng‘ichi bo‘lgan ikki misrali bandning tug‘ilishiga sababchidir” [2; 32]. Misra va bandlarning shakllanishi qadimiy lirik janrlarning belgilari edi. Qadimiy she’rlar o‘zining kompozitsiyasiga ega bo‘la boshladi. Bu esa xalq qo‘shiqlarining shakily-strukturaviy tuzilishida muhim omil edi. O‘zbek xalq lirikasining paydo bo‘lishi, uning tarixiy ildizlari folklor elementlari va janrlari sinkretizmiga tutashgan. Bu tutashuv nuqtasi sekin-asta xalq
255 qo‘shiqlarining paydo bo‘lishiga zamin yaratgan. Bir qancha yaratilgan tadqiqotlarda ham buni kuzatish mumkin. Xususan, olim D.Rajabovning ilmiy izlanishlarida xalq qo‘shiqlarining o‘ziga xos she’riy tuzilishi, ularning kompozitsiyasiga aloqador spetsifik jihatlar va obrazlilik masalalari tadqiq etilgan bo‘lsa [3: 145]., R.Nosirov xalq qo‘shiqlari kompozitsiyasini ilmiy jihatdan tekshirgan [4; 128]. Olim X.Sharafiddinov o‘zbek xalq maqollari poetik strukturasida qofiyaning funksiyasi haqida ilmiy mushohadalarni ilgari surgan bo‘lsa [5: 114], olima M.Oymatovaning fard janri poetikasi, tarixiga oid izlanishlarida fardlarning paydo bo‘lishida o‘zbek xalq maqollarining o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritilgan [6: 139]. Olima Z.Husainovaning tadqiqotida topishmoq janrida turfa xil vaznlar va qofiyalarning yaratilishi haqidagi fikrlari ko‘zga tashlanadi [7: 119]. Xalq qo‘shiqlari “jamoaviy subyektivlik”ka asoslanganligi, his-tuyg‘ularning ifodalanishi, so‘zning kuchiga inonch, improvizatsiyaning erkinligi bilan xarakterli hisoblangan. Masalan, bahorgi marosimlarning o‘tkazilishi, ayniqsa, bahor oylarida yomg‘ir yog‘may, qattiq qurg‘oqchilik boshlanishi “osmon suvlari xudosining g‘azablanib, o‘z ixtiyoridagi suvlarni bermay qo‘yishidan, qadimgi zoroastrizm e’tiqodiga ko‘ra, yomg‘ir tangrisi Tishtriyaning dev Apaushadan ustun kela olmay qolganligidan ko‘rishgan”i [8: 68] va “insonning yomg‘ir hadya etuvchi xudolarga iltijo va sig‘inishlari maxsus marosim hamda unda ijro etiluvchi iltijonoma xarakteridagi qo‘shiqlar, aytimlar tarzida shakllangan”ligida [8: 58] namoyon bo‘lgan. “Avesto”ning “Tishtr yasht”i (sharafnomasi)dagi mifga ko‘ra, yomg‘ir xudosi Tishtriya dev Apausha ustidan g‘alaba qozongan va mazkur yasht boshdan oxir Tishtriyani sharaflovchi tantanavor qo‘shiqdan iborat bo‘lgan: Tishtriya sha’niga, Porloq yulduz nomiga, Yuksak zot qudratiga… [9: 72]. “Avesto”ning birinchi qismi “Goh”lar beshta qo‘shiqdan, yashtlar esa qasidalardan iborat ekanligi professor N.Raxmonov tomonidan aytib o‘tilgan. “Goh” so‘zi ko‘hna pahlaviy tilida qo‘shiq ma’nosini bildirgan. Qadimiy insonlarning olqishlari, iltijolari, g‘azab-u nafratlari shu tariqa qo‘shiqlarga ko‘chgan. Ularda takrorlar orqali ta’kidning kuchayishi, ritmning roli ortishi, metrik bo‘laklarning misralarni hosil qilishi she’r musiqiyligini ta’minlagan. Bu esa misralardagi so‘zlarning o‘lchovli bo‘lishiga va vaznning yaralishiga asos bo‘lgan. A.O.Makovelskiy “Avesto”dagi she’rlarning barchasi barmoq vaznidagi poeziyaga juda yaqinligi, ular ko‘pincha 8-9, ba’zan esa 11-12 bo‘g‘inli misralardan tashkil topishi [10; 43]. haqida qayd etgan. Darhaqiqat, “Avesto”ning “Got”lar va
256 “Yasht” qismi she’r bilan bitilgan bo‘lib, hijolar miqdori tamoyili asosida tuzilgan. Masalan: Yiməhüö hşətre aürəhüö Nöid aötəm əöнhа nöid gərməüöм Nöid zaürva əöнhа nöid merətüş Nöid arəskö daüövo datö (Yasna, IX. 5) Ko‘rinadiki, lirik janrlarning paydo bo‘lishi va tarixiy shakllanish bosqichida “Avesto”dagi qo‘shiqlar va qasidalar muhim ahamiyatga ega. Professorlar T.Mirzayev va M.Jo‘rayev yomg‘ir chaqirish maqsadida o‘tkazib kelingan “Sust xotin” marosimining tarixiy-hayotiy asoslari “Avesto” mifologiyasiga bog‘lanishini qayd etganlar. “Sust xotin” yomg‘ir chaqirish marosimini o‘tkazishda so‘z, kuy, ritmik harakat birligi orqali osmon suvlari xudosiga iltijo qilingan [11: 49]. Ma’lumki, o‘zbek etnosi tarkibiga kirgan urug‘ va qabilalar juda qadim zamonlardan qishloq xo‘jaligining ikki shakli: dehqonchilik hamda chorvachilik bilan shug‘ullanib kelganlar. Aholi uchun bahor va yozning dastlabki kunlarida yomg‘ir yog‘ishiga katta ehtiyoj seziladi. Qadimgi O‘rta Osiyo xalqlari bahor oylarida qurg‘oqchilik boshlansa “Sust xotin”, “Sut xotin”, “Suv xotin”, “Chala xotin” kabi bir necha nomlar bilan yuritiluvchi yomg‘ir chaqirish marosimlarini o‘tkazishgan. “Sust xotin” qo‘shig‘i yomg‘ir chaqirish marosimida ishtirok etgan ayollarning barchasi tomonidan aytiluvchi quyidagi naqarot bilan boshlanadi: Sust xotin, suzma xotin Ko‘lankasi maydon xotin! O‘zbek lirikasiga xos bo‘lgan elementlar xalq marosimlari doirasida birlashgan ibtidoiy sinkretik san’at negizida paydo bo‘lgan. Shu o‘rinda folklorshunos olim B.Sarimsoqovning mehnat qo‘shiqlari genezisiga oid qarashlarini keltirish joiz. Olimning ta’kidlashicha, mehnat qo‘shiqlari qadimiy shakllar sirasiga kirib, ularning eng qadimiy namunalari garchi bizga qadar yetib kelmagan bo‘lsa-da, biroq insonning til va ongga ega bo‘lgan eng sharif zot sifatida shakllanganligiga qarab aytish mumkinki, bu qo‘shiqlar ham ibtidoiy jamoa tuzumining ilk bosqichlaridayoq vujudga kelib, insondagi ong va til taraqqiyoti bilan bog‘liq holda bevosita mehnat jarayonida sekin asta shakl, mazmun jihatdan taraqqiy etib kelgan. Xullas, lirik janrlarning paydo bo‘lishi va ildizi tarixiy-madaniy jarayonlardagi shakllanish bosqichiga ega bo‘lib, o‘ziga xos tarixiy taraqqiyot rivojiga ega.
257 Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Мусақулов А. Ўзбек халқ лирикасининг тарихий асослари ва бадиияти: Филол.фан.докт… дисс. – Тошкент, 1995. 2. Тўйчиев У. Қадимги туркий шеър тузилиши // Ўзбек тили ва адабиёти. – №1. – Тошкент, 1986. 3. Ражабов Д. Ўзбек халқ қўшиқлари тузилиши: композиция ва образлилик: Филол.фан.докт(DSc)... дисс. – Тошкент, 2019. 4. Носиров Р. Ўзбек халқ қўшиқлари композицияси: Филол.фан.номз... дисс. – Тошкент, 2004. 5. Шарафиддинов Х. Ўзбек поэзиясида қофия. – Фарғона: Classik, 2021. 6. Ойматова М. Ўзбек адабиётида фард жанри поэтикаси ва тарихи: Филол.фан.номз... дисс. – Тошкент, 1999. 7. Ҳусаинова З. Ўзбек топишмоқлари. – Тошкент: Фан, 1966. 8. Саримсоқов Б. Ўзбек маросим фольклори. – Тошкент: Фан, 1986. 9. Авесто: Яшт китоби. / М.Исҳоқов таржимаси. – Тошкент: Шарқ, 2001. 10. Маковельский О.А. Авеста. – Баку: Издательство Академии наук Азербайджанской, 1960. 11. Мирзаев Т., Жўраев М. “Авесто” ва халқ оғзаки ижоди // “Авесто” ва унинг инсоният тараққиётидаги ўрни” мавзусидаги халқаро илмий конференция материаллари. – Тошкент, 2001.