scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

CHINGIZ AYTMATOVNING "QIYOMAT" ROMANIDA URUSH KISHILARI OBRAZI ("Oltovlon va yettinchi" rivoyati asosida)

Xolmatov Oybek Umarjon o'g'li

Full text

297 CHINGIZ AYTMATOVNING “QIYOMAT” ROMANIDA URUSH KISHILARI OBRAZI (“Oltovlon va yettinchi” rivoyati asosida) Xolmatov Oybek Umarjon o‘g‘li Farg‘ona davlat universiteti Adabiyotshunoslik kafedrasi katta o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17272074 Annotatsiya: Maqolada Chingiz Aytmatovning “Qiyomat” romani, asardagi “Oltovlon va yettinchi” rivoyatida keltirilgan urush talqini tadqiq etilgan. Tahlillar obraz, xarakter, milliylik va umuminsoniylik, badiiy psixologizm kabi ilmiy tushunchalar asosida olib borilgan. Kalit so‘zlar: urush, roman, mavzu, g‘oya, obraz, xarakter, badiiy psixologizm. Abstract: The article examines the interpretation of war in Chingiz Aitmatov's novel “The Judgment” and the story “The Sixteenth and the Seventh” in the work. The analysis is based on scientific concepts such as image, character, nationality and universality, and artistic psychologism. Keywords: war, novel, theme, idea, image, character, artistic psychologism. Аннотация: В статье рассматривается интерпретация войны в романе Чингиза Айтматова «Плаха» и легенди «Шестеро и седьмой». Анализ опирается на такие научные понятия, как образ, характер, народность и всеобщность, а также на художественный психологизм. Ключевые словы: война, роман, тема, идея, образ, персонаж, художественный психологизм. Urush deganda ijtimoiy guruhlar, millatlar, dinlar, davlatlar va harbiy-siyosiy bloklar o‘rtasidagi ziddiyatlarning qurol kuchi vositasida hal qilinishi tushuniladi. Urush hodisasi insoniyat tarixining eng ko‘p kuzatiluvchi jarayonlaridan biridir. Urushlar kelib chiqishining omillari turlicha bo‘lib, bu omillar urushning xususiyati va sodir bo‘lgan davriga bog‘liq. Urushlarni maqsadi, kelib chiqish asosi yoki ko‘lamiga ko‘ra shartli ravishda quyidagi turlarga ajratish mumkin: 1) jahon urushlari; 2) milliy urushlar; 3) fuqarolar urushi; 4) diniy urushlar; 5) ozodlik urushlari; 6) mustamlakachilik urushlari [2: 364]. Urush insoniyatning ijtimoiy, siyosiy va madaniy hayotiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Davlatchilik taraqqiyoti, imperiyalarning paydo bo‘lishi yoki barham topishi, jahon siyosiy xaritasining o‘zgarishi kabi tarixiy hodisalar bevosita urush bilan bog‘liq holda ro‘y bergan. Bu muhim jarayonlar badiiy adabiyotda ham o‘z ifodasini topgan. Chingiz Aytmatov ijodida urush mavzusida yozilgan asarlar salmoqli o‘ringa ega. Jumladan, “Yuzma-yuz”, “Jamila”, “Somon yo‘li” kabi qissalarida Ikkinchi 298 jahon urushi yillaridagi og‘ir hayot, front orti kishilarining mashaqqatli kechinmalari, ayniqsa, urush va ayol masalasi o‘ziga xos badiiy mahorat bilan aks ettirilgan. Chingiz Aytmatov insonparvar adib sifatida urushni kulfat va fojia manbai deb bilgan, mafkura ta’siriga berilgan holda biryoqlama tasvir, urushni muqaddaslashtirish kabi sun’iylikdan holi ravishda ijod qilgan [1: 37]. “Qiyomat” romani ham bundan mustasno emas. Yuqorida sanab o‘tilgan qissalarda Ikkinchi jahon urushi yillaridagi qirg‘iz xalqining turmush manzaralari tasvirlangan bo‘lsa, “Qiyomat” romanida e’tiqod, tabiat va inson munosabatlari, insoniyatning ma’naviy kelajagi kabi global muammolar qatorida fuqarolar urushining fojiali oqibatlari o‘z ifodasini topgan. Yozuvchi bu yo‘lda “hikoya ichida hikoya” usulidan foydalangan. Ya’ni romanning umumiy syujetiga “Oltovlon va yettinchi” deb nomlanuvchi kichik bir rivoyatni mohirlik bilan singdirib yuborgan. Yozuvchi o‘z romanlarida epik tasvir ko‘lamini kengaytirgan holda milliylik chegaralaridan chiqib, umuminsoniy masalalar, jahonning turli mintaqalarida kechadigan voqealar tasviriga jiddiy urg‘u qaratgan. “Oltovlon va yettinchi” rivoyatidagi voqealar Gruziya hududida, XX asrning 20-yillarida kechadi. Parchaning asosiy qahramonlari Sovet hukmronligiga qarshi milliy-ozodlik yo‘lida kurashayotgan Guram Jo‘xadze hamda sho‘rolar tuzumiga xizmat qilayotgan boshqa bir gruzin yigiti Sandro. Ko‘rinadiki, bir millat vakillari ikki dushman lager tomonida turib bir-biriga qarshi kurashmoqda. Bu jonli tarix, o‘tgan asrda bo‘lib o‘tgan voqealarning aks-sadosi sifatida namoyon bo‘ladi. Tarixiy haqiqat va badiiy to‘qima uyg‘unligi vositasida urushning, xususan, fuqarolar urushining salbiy oqibatlari rivoyatning asosiy ahamiyatidir. Sho‘ro hukumatining inqilob yillari o‘tkazgan siyosati zamirida bir millat vakillarini bir-biriga gij-gijlash, mustamlakachi imperiyalarning tarixdan ma’lum bo‘lgan eski uslubi – “bo‘lib tashla, hukmronlik qil” tamoyili yotadi. Guram Jo‘xadze boshliq so‘nggi jangdan omon chiqqan oltovlon ham, ular orasiga josus tariqasida bildirmay kirib olgan chekist Sandro ham aslida bir Vatan tuprog‘ida o‘sibulg‘ayishgan. Shu sababli ham milliy ruh o‘z ifodasini topgan ko‘hna xalq qo‘shiqlari kuylanayotganda ularni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Afsuski, oraga millat tabiatiga yot g‘oya va mafkura tiqishtirilgach, qo‘shiq shafqatsizlarcha uzildi: “Gulxan yonib bitmagandi. Daryo vag‘illardi, o‘rmon va tog‘lar bari o‘z joyida edi, oy yuksaklarda sokin kezardi hech narsa sodir bo‘lmagandek, yolg‘iz uzoq davom etgan taronagina uzildi, uzildi…” [4: 339]. Bevaqt uzilgan narsa aslida qo‘shiqqina emas edi. Yozuvchi tasvirda qo‘shiqda millat ruhiyatining yaxlitligini sezdirish uchun o‘sha ifodani hatto gaplarga ham bo‘lmaydi: “Kimni jondan sevgan eding, kimni titrab- 299 qaltirab kutgan eding, kim seni tashlab ketdi, qanchalar o‘rtanding, kuyding, seni tushunmadilar, bundan ko‘ra o‘lganim yaxshiydi deding, o‘lim oldidan aytgan qo‘shig‘ingni u eshitishini orzu qilding, onang qanchalar erkalardi seni go‘dakligingda, dov va tanti otangning boshi qaylarda qoldi, qanday jang qilishardi jasur do‘stlaring, qaysi xudolarga ocharding beg‘araz va pok dilingni, o‘ylaganmiding hech odam nega tug‘iladi-yu, nega o‘ladi va nega o‘lim doim sen bilan birga, sendan nari jilmaydi va o‘lgandan keyin o‘lim yo‘q, lekin hayot o‘limdan yuqori, dunyoda hayotdan ko‘ra yuqori o‘lchov yo‘q – shuning uchun tirik jonni mahv etma, lekin elingga yov bostirib kelsa, darhol himoyaga otlan, sevganingni nomusini asra xuddi ona-Yerni yotlardan asraganday; ayriliqni hech totib ko‘rganmisan, bilasanmi ayriliqning dushvorligini, xuddi yelkangga cho‘ng tog‘larining yuklari ortilganday; suyganing bo‘lmasa, hech narsa ko‘zingni quvontirolmaydi: na gullar, na nurlar van a kelajak kunlar – ana nimalar kuylanmaydi qo‘shiqda, aytib ado qilib bo‘larmidi barini...” [4: 337–338]. Sho‘ro mafkurasi ajdodlar tajribasini o‘zida mujassam etgan xalq turmushini izdan chiqargan, odamlarni bir-biriga yovlashtirib qo‘ygandi. Guram Jo‘xadze va uning safdoshlari oddiy xalq vakillari – yilqiboqarlar, dehqonlar, hunarmandlardan iborat, ammo ularni o‘z Vataniga bo‘lgan muhabbat, erk va ozodlik ruhi birlashtirib turardi. Ammo dushmanning mafkurasi ta’siriga tushgan, Vatani uchun mana shu mafkura foydali deb o‘ylab, aldangan kishilar ham oz emasdi. Shunday insonlarning umumlashma obrazi bo‘lib Sandro maydonga chiqadi. Sandro o‘ziga berilgan topshiriqni bajardi – o‘z yurtdoshlari, millatdoshlarini halok qildi. Ammo ish bitgach, u o‘zini ham otib o‘ldiradi. Muallif Sandroning o‘lim oldidagi ruhiy holatini tasvirlar ekan, hech qanday ichki nutq yoki monologdan foydalanmaydi. Psixofiziologik tasvirning o‘zi yetarli bo‘ladi: “U hars-hars nafas olar, o‘pkasiga havo yetmasdi. U meshni shart ko‘tardi-da, tagida qolgan vinoni to‘kib-sochib, yutoqib icha boshladi, u ichida yonayotgan olovni bosmoqchi bo‘lardi…” [4: 340]. Sandro fojia yuz berganidan keyingina o‘ziga keldi. Sandro Vatan haqidagi qo‘shiqqa, yurtga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usiga o‘q uzdi va eng muhimi, buni kech bo‘lsa-da o‘z onggi bilan anglab yetdi. Ch. Aytmatov oltovlon va yettinchi haqidagi hikoyani aynan shunday yakunlashi bejiz emas. Uning talqinidan anglashiladiki, tarixda ham, bugun ham va kelajakda ham fuqarolar urushi biron xalqni ro‘shnolikka olib chiqmaydi. Qon ortidan qon, jinoyat ortidan jinoyat ulanib ketaveradi. O‘tkir Hoshimov ta’biri bilan aytganda, “urushning yaxshisi bo‘lmaydi. Ammo eng dahshatli urush – fuqarolar urushi. Negaki, u “avloddan avlodga “meros” o‘tib, abadiy davom etadi” [3: 139]. 300 Xullas, Chingiz Aytmatov “Qiyomat” romanida urushning g‘ayriinsoniy mohiyatini “Oltovlon va yettinchi” rivoyati orqali yana bir bor badiiy aks ettirgan. Bu borada fuqarolar urushi mavzusiga murojaat qilib, tragik pafosni ifodalashda millat va Vatan timsollaridan badiiy vosita sifatida foydalangan. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Солижонов Й. Ҳақиқат ва адолат куйчиси. – Фарғона, 2019. 2. Ўзбекистон миллий энциклопедияси. 10 жилд. – Тошкент: “Ўзбекистон миллий энциклопедияси” Давлат нашриёти, 2000. 3. Ўткир Ҳошимов. Дафтар ҳошиясидаги битиклар. – Тошкент: Янги аср авлоди, 2018. 4. Чингиз Айтматов. Романлар. – Тошкент: Адабиёт ва санъат нашриёти, 1989