LIRIK INKOR VA FALSAFIY IQROR UYG'UNLIGI: "MEN EMASMAN" SHE'RI TAHLILI
Full text
364 LIRIK INKOR VA FALSAFIY IQROR UYG‘UNLIGI: “MEN EMASMAN” SHE’RI TAHLILI Qodirov Umidbek Shavkat o‘g‘li Nukus davlat pedagogika instituti mustaqil izlanuvchisi (PhD) E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17272153 Annotatsiya. Mazkur maqolada zamonaviy o‘zbek she’riyatining yorqin namunalaridan biri bo‘lgan “Men emasman” she’ri poetik-falsafiy jihatdan chuqur tahlil etilgan. Undagi inkor orqali ifodalangan ichki iqror, lirik qahramonning ruhiy kechinmalari, ramzlar tizimi va badiiy vositalar o‘zaro uyg‘unlikda ko‘rib chiqilgan. She’r bandma-band tahlil qilinar ekan, undagi poetik obrazlar, psixologik dramatizm va madaniy arxaikalar o‘quvchiga teran ruhiy va falsafiy manzarani ochib beradi. Kalit so‘zlar: inkor orqali iqror, lirik qahramon, ruhiy kechinma, zamonaviy o‘zbek she’riyati, poetik dramatizm, ramz, obraz, falsafiy she’r, lirik tafakkur. Аннотация. В данной статье проводится глубокий поэтический и философский анализ стихотворения «Men emasman» («Я не я»), являющегося ярким образцом современной узбекской поэзии. Рассматриваются внутренняя исповедь, выраженная через отрицание, душевные переживания лирического героя, система символов и художественные средства. Поэтапный анализ каждого куплета раскрывает перед читателем сложные поэтические образы, психологический драматизм и культурные архетипы, создавая глубокую духовнофилософскую картину. Ключевые слова: признание через отрицание, лирический герой, духовное переживание, современная узбекская поэзия, поэтический драматизм, символ, образ, философское стихотворение, лирическое мышление. Annotation. This article presents a deep poetic and philosophical analysis of the poem “Men emasman” (I Am Not), a remarkable example of modern Uzbek poetry. The study explores the internal confession expressed through denial, the protagonist’s emotional experiences, symbolic system, and artistic devices in an interconnected manner. Through a line-by-line interpretation, the poem reveals layers of poetic imagery, psychological drama, and cultural archaism, offering readers a profound spiritual and philosophical landscape. Keywords: confession through denial, lyrical hero, spiritual experience, modern Uzbek poetry, poetic dramatism, symbol, image, philosophical poem, lyrical thinking. Adabiyotning barcha janrlarida inson ruhiyatining turli qirralari aks etadi. Ammo she’riyatda bu holat yanada teran, yanada nafis tarzda ifodalanadi. Ayniqsa, lirik janrning asosiy elementi – lirik qahramon orqali shoir qalbi, uning o‘y-fikrlari, his-tuyg‘ulari badiiy shaklga aylanadi. Lirik qahramon – bu nafaqat shoirning ichki ovozi, balki u orqali umuminsoniy kechinmalar, davr ruhi, madaniy-estetik qarashlar ham ifodalanadi. Lirik asarlar muallifning ichki kechinmalari, qalb iztiroblari, umid va umidsizlik, muhabbat va nafrat, sevgi va ayriliq kabi qarama-qarshi holatlarning badiiy ifodasidir. Lirik asar muallifning ichki kechinmalari, qalb iztiroblari,
365 quvonchlari, muhabbat va nafrat, sevgi va ayriliq kabi qarama-qarshi holatlarning badiiy ifodasidir. Biroq bu jarayon faqat umumiy tuyg‘ularni ifodalash bilan chegaralanmaydi. Adabiyotshunos Ibrohim Haqqul ta’kidlaganidek, badiiy ijodning hal qiluvchi omili – bu shoir yoki adibning shaxsiyatidir. [1: 31] Shaxsiyat – boshqa birovnikiga o‘xshamaydigan, mustaqil va erkin xarakterdir. Aynan shu kuch ijodkorni boshqalardan ajratib turadi, asarlarga betakrorlik baxsh etadi. Demak, lirik qahramonning individual qiyofasi ham shoirning o‘ziga xos dunyoqarashi va shaxsiyati bilan uzviy bog‘liqdir. Modernizm adabiy oqimida esa ushbu kechinmalar yanada chuqurlashib, insonning ruhiy iztiroblari, ong oqimi va ichki qarama-qarshiliklarini tasvirlashga alohida e’tibor qaratiladi. Shu bois, modernistik lirik asarlarda lirik qahramon ko‘proq o‘z ichki olamiga boqadigan, zamon va jamiyatdan yiroqlashgan holda tasvirlanadi. Agar an’anaviy lirikada lirik qahramon jamiyat muammolari, muhabbat, vatanparvarlik kabi mavzularda qat’iy va ishonchli ohangda so‘z yuritsa, modernistik lirikada u shubha, yolg‘izlik, begonalik va iztirob kayfiyatlari bilan to‘la bo‘ladi hamda ko‘pincha o‘z “Men”i bilan ziddiyatga tushgan holda namoyon bo‘ladi. Bu holat modernizm adabiy oqimining asosiy xususiyatlaridan biri sifatida namoyon bo‘ladi. Adabiyotshunos Qozoqboy Yo‘ldoshov modernizm haqida shunday deydi: “Modernizm – falsafa, san’at va adabiyot sohasidagi noklassik qarashlar tizimini umumlashtiruvchi atama. Kunbotish mamlakatlarida yuzaga kelib, fransuzcha “eng yangi”, “zamonaviy” ma’nolarini anglatuvchi modernizm o‘zini o‘sha zamon hamda kelajakdagi yagona haqiqiy estetik va falsafiy yo‘nalish hisoblab, olamni falsafiybadiiy idrok etish, izohlash va tasvirlash borasida mavjud bo‘lgan an’anaviy yondashuvlarni inkor qilish bilan ajralib turadi. Modernizm olam hodisalari va odamga munosabat, ulardagi turli-tuman holatlarni izohlash va tasvirlashda o‘ziga xoslikka intilib, klassik yondashuv yo‘sinini inkor etish yo‘lidan borgan g‘oyat ko‘p tarmoqli falsafiy-estetik hodisadir”.[3:377] Shu bois, modernistik adabiyotda, xususan, lirik asarlarda qahramonning o‘ziga xos, murakkab va ko‘p qirrali ruhiy kechinmalarini tasvirlash markaziy o‘rinni egallaydi. Go‘zal Begimning “Men emasman” nomli she’ri ham shunday murakkab ichki ziddiyatlar va inkor orqali ifodalangan ichki iqror motivlari bilan ajralib turadi. She’r o‘z strukturasi, obrazlar tizimi va badiiy vositalari jihatidan chuqur poetik-falsafiy tahlilni taqozo etadi. Go‘zal Begimning “Men emasman she’ri lirik qahramonning o‘zini oqlash, histuyg‘ulardan yiroqlashish, biroq ayni paytda ichki azob va inkor orqali iqrorni ifoda etishiga asoslangan. Har bir bandda u qandaydir ruhiy jarohatni, sevgi yo‘qotilishini
366 yoki ruhiy falokatni o‘ziga aloqador emas deb ko‘rsatadi. Biroq, bu inkor vositasi orqali aynan o‘sha hislar qahramon ruhiyatida mavjudligini, u boshidan kechirayotganini o‘quvchi yaqqol his etadi. Bu esa she’rni klassik lirika va zamonaviy psixologik she’riyat oralig‘ida turgan noyob asarga aylantiradi. Inkor orqali iqror – bu she’rning asosiy estetik prinsipi. “Men emasman uringan vijdoning og‘rig‘ini yuragim og‘rig‘iga bandu band etgan”.[5] She’rning ilk satridayoq kuchli ruhiy holat aks ettiriladi. Vijdon og‘rig‘i va yurak og‘rig‘i – bu ikki muhim tushuncha o‘zaro mutanosib holda bog‘langan. “Bandu band etgan” ifodasi aslida lirik qahramon yuragiga boshqa bir insonning vijdonini ko‘chirib olgani, u azobni o‘ziga yuklagani g‘oyasini ilgari suradi. Bu bandda yurak va vijdon og‘riq orqali ruhiy mas’uliyat aks ettirilganiga guvoh bo‘lamiz. Lirik qahramon o‘zini azobdan yiroq tutishga urinadi, lekin ayni paytda o‘sha azobning ichkarisidadek. “Bandu band etgan” – bu yurakka zanjirband etish, azobni qabul qilish obrazidir. Lirik qahramon esa she’rda aks etuvchi hissiy va ruhiy holatlarning markazida turgan obraz bo‘lib, u bevosita shoirning shaxsiga to‘g‘ri kelmasligi mumkin, ammo uning hissiyotlari, qarashlari va kechinmalari orqali shoirning ichki dunyosi badiiy ifodasini topadi. Lirik qahramon ko‘pincha birinchi shaxsda so‘z yuritadi va shu orqali o‘quvchi bilan bevosita muloqot o‘rnatadi. Bu jihat lirik janrga xos bo‘lgan subyektivlik va samimiyatni ta’minlaydi. Umuman olganda, modernistik asarlarda lirik qahramonning ichki dunyosi, uning ruhiy kechinmalari va ong oqimi markaziy o‘rinni egallaydi. Muhayyo Yo‘ldosh modern adabiyoti haqida shunday deydi: “Modern adabiyotda odamning ichki olami birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Asardagi barcha narsa: ramzlar, voqealar tasviri, so‘zlar, musiqiylik faqat odam ruhiyatini ochishga qaratilishi kerak degan qarash bu yo‘nalish vakillari tayanadigan bosh tamoyildir. Modern ijodkorlar qo‘llagan ramzlar ongli va mantiqiy, juda san’atkorona, matematik jihatdan g‘oyat aniq edi. Asar tahlili ham matematik formulani yechish jarayoniga o‘xshay boshladi: asar avval qismlarga bo‘linadi, har bir so‘z va tovush alohida-alohida ko‘rib chiqiladi, ular bir-biriga uyg‘otgan tuyg‘u aql bilan o‘lchab, mantiqini anglashga intiladi”.[2:42] Shu bois, modernistik lirik asarlarda lirik qahramon – bu inson ruhiyatining eng nozik qatlamlarini ochib berishga xizmat qiladigan murakkab va ko‘p qirrali obraz sifatida namoyon bo‘ladi. She’rning ikkinchi bandiga e’tiborimizni qaratar ekanmiz “...ismingni eng harir libosday kiyib...”, – deydi shoira. “Ism” timsoli lirik qahramon hayotining ajralmas qismiga aylanganini bildiradi. Ism libosdek kiyiladi – ya’ni shaxsiyat, kimlik, ong darajasidagi bog‘liqlik tasvirlanadi. Bu yerda ism timsoli – sevgining mohiyatidir.
367 Uni libosdek kiyish – shaxsiy hayotga chuqur singdirish. “Hur kiyim” – beg‘ubor tuyg‘ular ramzi. Uni yechib irg‘itish – xotiraning yo‘q qilinishi, sevgi qadrsizlanishi. “Hur kiyim” esa bu sevgining muqaddasligi va pokligini anglatadi. Uni “yechib irg‘itgan” iborasi xiyonat, rad etish, sevgining qadrsizlanishi motivini ochadi. Bu jarayonlar orasida o‘zini aloqasiz deb ko‘rsatgan qahramon, aslida har bir detaldan xabardor, ya’ni u voqea markazida. Ko‘plab adabiyotshunoslar, jumladan M.Baxtin, V.Vinogradov, A.Qahhor singari olimlar lirik qahramonni shoirning “alter egosi” deb ta’riflaydi. Bu obraz orqali shoir o‘zining ichki kechinmalarini umumlashtiradi, uni badiiy timsollar vositasida ifodalaydi. Shunday ekan, har bir she’rda lirik qahramon shoirga o‘xshash bo‘lishi mumkin, lekin u har doim ham shoirning o‘zi emas. U ko‘pincha ramziy, timsolli, ko‘p qatlamli obraz sifatida shakllanadi. Lirik qahramonning ichki dunyosi turli badiiy vositalar orqali ochiladi: metafora, tashbeh, epitet, parallelizm, ritmik qurilish – bularning barchasi lirik qahramon ruhiy holatining estetik shakllanishiga xizmat qiladi. Adabiyot faqat estetik zavq uyg‘otuvchi emas, balki inson tafakkurini o‘ylashga undovchi hodisadir. Bu borada yozuvchi va shoirlarning qarashlari o‘ta muhimdir. Xususan, Asqad Muxtor o‘zining “Tundaliklar” asarida shunday deydi: “Chinakam badiiy asar hamma vaqt javobsiz savoldir. Agar yozuvchi unda biror muammo ko‘tarsa ham, bu – hayotiy tajribada to‘liq hal qilib bo‘lmaydigan muammodir. Agar muallif asarda amalda yechim topiladigan vazifa qo‘ysa, bu ko‘proq ocherk yoki maqola bo‘ladi. Yozuvchi esa tashviqotchi emas, balki shoir bo‘lishi lozim”. [4] Mazkur fikr she’riyatning chin mohiyatini ochib beradi. Chunki lirik qahramon ham tayyor javoblarni taqdim etuvchi emas, balki insonni izlanishga, mushohadaga va o‘z-o‘zini anglashga undovchi obrazdir. Shu bilan birga, she’rning ichki ritmi, pauzalar, ovoz ohangi ham lirik qahramonning kayfiyatini aniqlashda muhim ahamiyatga ega. “...yomg‘irning millionta tomchilariga million birinchi rasmingni ilgan”. Yomg‘ir – bu yerda umumiy azob timsoli, har bir tomchi esa bir xotira, bir og‘riq. “Million birinchi rasm” degan ifoda – sevgining beqiyosligi va alohidaligini bildiradi. Bu rasm yomg‘ir tomchilariga ilinadi – ya’ni yurakka, tabiiy voqealarga singib ketgan. Lirik qahramon she’riyatning yuragi, ruhidir. U orqali shoir o‘z ruhiyatini namoyon etadi, shu bilan birga o‘quvchining ichki dunyosi bilan aloqaga kirishadi. Har bir davrda, har bir shoir ijodida bu qahramon o‘ziga xos bo‘ladi – u shoir shaxsiyati, davr ruhi, madaniy qadriyatlar bilan uyg‘unlashgan holda shakllanadi. Shu bois, lirik qahramon tahlili nafaqat adabiy matnni tushunishda, balki inson ruhiyatini anglashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. “Juldurvaqo kiygan qo’riqchi bo’lib...” bu bandda lirik qahramon o‘zini ruhiyatni asraydigan, ammo ojiz,
368 qudratsiz qo‘riqchi sifatida ko‘rsatadi. “Juldurvaqo kiygan” – bu tahqirlanish, past holat. “Yurakxo‘r qushlar” esa dilingni yeb tugatadigan xotiralar yoki odamlar obrazidir. “Sassiz chanqoq” – tilsiz iztirob, “nilufar suvi” – kamyob, shifobaxsh mehr va tushuncha. Lirik qahramon o‘zini ana shu xaloskor deb inkor qiladi, lekin obrazda bu aynan u. Go‘zal Begim she’rlarida lirik qahramon shoirning o‘zidan ajralgan emas, balki ichki monologi sifatida tasvirlanadi. “Men emasman” she’ridagi lirik qahramon shaxsiy iztirob, o‘zligini izlash va o‘zligini yo‘qotish holatlarini boshdan kechiradi. Bu holat lirik subyekt bilan shoirning ruhiy birligi borligini ko‘rsatadi. Beshinchi bandda “baxtning kovushiga baxti sho‘r parilar rasmini chizgan”. “Kovush” – oddiylik, hayotiylik ramzi. Unda “sho‘r baxt” chiziladi – bu baxt mavjud, lekin unda armon ham bor. “Xitoy taomi” deb atalgan “yig‘i” – bu ekzotik, begona, ammo iste’mol qilinayotgan og‘riqni bildiradi. Bu joy zamonaviy madaniyatdagi hissiy zo‘ravonlikni, estetik iztirobni ifoda etadi. “Men emasman” she’rida lirik qahramon – bu o‘zini anglash, rad etish, qayta tiklash yo‘lida azob chekayotgan inson obrazidir. U o‘zining “yo‘qligi” orqali mavjudligini tasdiqlaydi. Bunday yondashuv zamonaviy o‘zbek she’riyatida lirik qahramonning nafaqat hissiyotlar vositachisi, balki falsafiy mushohada subyekti sifatida shakllanayotganini ko‘rsatadi. Shunday qilib, lirik qahramon faqatgina shoirning his-tuyg‘ularini emas, balki zamon va jamiyatning murakkab holatini ham ifodalovchi badiiy timsol sifatida namoyon bo‘ladi. Oltinchi band “g‘ijimlab ochiltirgan atirgullarni...” Bu yerda “g‘ijimlab ochiltirish” zo‘rlik, majburlik obrazidir. “Tikanlarga bayram” – og‘riqdan rohat olish, bu esa ozorlanishga moyil estetikani yodga soladi. “Yo‘q qovurg‘a” – mavjud bo‘lmagan, ammo seziladigan bo‘shliq, ehtiyoj timsoli. Keyingi bandda “sen haqingda quyosh ila gap sotgan...” Quyosh bilan suhbat – sharqona metafora, bu yuksak ruhiy holat. Ammo qahramon bu holatni inkor qiladi. “Kulishni lablariga tika olmagan” – bu hissiy falajlik. “Umidlari chala tug‘ilgan suluv” – tug‘ilmay qolgan orzular, yarim yo‘lda qolgan muhabbat obrazidir. “Asrga ters burilgan Budda ummonni sipqorib...” Budda – sukut va donishmandlik ramzi. “Ters burilgan Budda” – tinchlikdan voz kechgan ruh, g‘azabli donishmand. “Sipqorilgan ummon” – o‘ta kuchli ruhiy to‘lqin. “Olmadan yasalgan Humo” – bir vaqtning o‘zida gunoh (olma), najot (Humo), va go‘zallik (gul) obrazlarini birlashtiradi. “Ko‘ksinggamas, tirnog‘ingga” – mehrga emas, ozor beruvchi, sovuq tomoniga yaqinlashish. “Men emasman yig‘layotgan men emasman kulayotgan... faqat men emas”. So‘nggi bandda “menlik” to‘liq inkor etiladi. Bu parchalanish orqali lirik qahramon aslida o‘zini butunlay fosh etadi. Uning “yo‘qligi” aslida har bir
369 holatda mavjudligini ifoda etadi. Go‘zal Begimning “Men emasman” she’ri o‘zbek zamonaviy lirikasida insonning murakkab ichki olamini, ruhiy iztiroblarini va o‘zligini anglash jarayonini poetik jihatdan yuksak darajada ifodalagan she’rlardan biridir. Unda lirik qahramonning har bir so‘z ortidagi og‘riq, sukutdagi faryod va inkordagi iqror chuqur badiiy vositalar orqali namoyon bo‘ladi. She’rda ramz va metaforalar vositasida ruhiy izlanish, shaxsiy kechinmalar, madaniy va falsafiy qatlamlar bir-biriga bog‘lanib, o‘quvchini fikr yuritishga, his qilishga undaydi. Asardagi lirik qahramon o‘z zamonining ifodachisiga aylangan, u orqali nafaqat individual iztirob, balki universal ruhiy izlanishlar ham ifoda topgan. She’rning poetik strukturasida mavjud bo‘lgan ichki dramatizm, hissiy to‘lqin va badiiy sintez hozirgi davr she’riyatining falsafiypsixologik qirralarini yoritishda muhim manba sifatida xizmat qiladi. Adabiyotlar roʻyxati: 1. Haqqulov I. Ibrohim Haqqul haqiqati. –Toshkent: iBook, 2023. – 31b. 2. Muhayyo Yo‘ldosh. Yangilanishlar manguligi. –Toshkent. Adib, 2011. – 42 b. 3. Yo‘ldosh Q. Badiiy tahlil asoslari. – Toshkent: Kamalak, 2016. – 377 b. 4. kh-davron.uz. – https://kh-davron.uz/yangiliklar/muborak-kin/asqad-muxtor-tundaliklardaftaridan.html. – Kirish sanasi: 2025.10.01. 5. kh-davron.uz. – https://kh-davron.uz/kutubxona/multimedia/gozal-begim-tuproq-isi-kelartomirlarimdan-shoiraning-ozi-ogan. – Kirish sanasi: 2025.10.01.