scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

BADIIY ASARDA NEKRO-MAKON MOTIVINING IFODALANISHI (NAZAR ESHONQUL ASARLARI MISOLIDA)

Tursunboyeva Shohzoda Kenjaboy qizi

Full text

370 BADIIY ASARDA NEKRO-MAKON MOTIVINING IFODALANISHI (NAZAR ESHONQUL ASARLARI MISOLIDA) Tursunboyeva Shohzoda Kenjaboy qizi Guliston davlat universiteti mustaqil izlanuvchi [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17272163 Annotatsiya. Maqolada “nekro-makon” tushunchasining badiiy-estetik mohiyati yoritiladi. Ushbu tushuncha o‘lim, tanazzul va vayrona ramzlari orqali inson ruhiyati va jamiyat hayotidagi inqirozlarni ifodalashda muhim poetik vosita sifatida tahlil qilinadi. Nazar Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam”, “Farishta”, “Bevaqt chalingan bong”, “Qora kitob” kabi asarlaridan olingan misollar asosida nekro-makonning obraz va xronotop sifatidagi funksiyalari ochib beriladi. Shuningdek, antik, Sharq va Yevropa adabiyoti kontekstida ushbu motivning an’anaviy talqinlari ham ko‘rib chiqiladi. Kalit so‘zlar: nekro-makon, Nazar Eshonqul, xaroba, o‘lik hudud, xronotop, o‘lim poetikasi, tanazzul. Аннотация. В статье раскрывается художественно-эстетическая сущность понятия “некро-пространство”. Данное понятие рассматривается как важный поэтический приём в выражении кризиса человеческой духовности и общественной жизни через образы смерти, упадка и разрухи. На материале произведений Назара Эшонкула — “Человек с обезьяной”, “Ангел”, “Несвоевременный звон”, “Чёрная книга” — анализируются функции некро-пространства как образа и хронотопа. Кроме того, кратко рассматриваются традиционные интерпретации данного мотива в античной, восточной и европейской литературе. Ключевые слова: некро-пространство, Назар Эшонкул, руины, мёртвое пространство, хронотоп, поэтика смерти, упадок. Abstract. The article explores the artistic and aesthetic essence of the concept of “necrospace”. This concept is examined as an important poetic device for expressing the crisis of human spirituality and social life through the imagery of death, decay, and ruin. Based on the works of Nazar Eshonqul – “The man leading a monkey”, “Angel”, “An Untimely Call” and “The Black Book” – the functions of necro-space as an image and chronotope are analyzed. In addition, traditional interpretations of this motif in ancient, Eastern, and European literature are briefly discussed. Keywords: necro-space, Nazar Eshonqul, ruins, dead space, chronotope, poetics of death, decline. “Nekro-makon” (lotincha “nekros” – o‘lim, “makon” – joy, hudud) o‘lim bilan bog‘liq bo‘lgan manzara va muhitni ifodalovchi badiiy motiv. Uni o‘lim semantikasi yuklangan va unga mos atributlar bilan ta’minlangan hudud [3:8] deb izohlanadi. Bu qabriston, jang maydonlari, xarob bo‘lgan joylar, vayron etilgan shaharlar, qishloqlar, uylar yoki inson hayoti bilan bevosita aloqasi bo‘lmagan, ammo zavolga yuz tutish ramzi bo‘lgan manzara va joylardir. Ushbu motiv, asosan, mavjudlikning 371 vaqt, o‘lim, tarix va xotira bilan bo‘lgan ketma-ket munosabatini ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega. [4] Nekro-makon motiviga ijtimoiy ahamiyatini yo‘qotgan va estetik jozibadan yiroq tasvirlangan imorat, bino, uy, hovli, xujra kabi istiqomat o‘rinlarini ham misol sifatida keltirish mumkin. Aynan bunday o‘rinlar zamonaviy o‘zbek adabiyotining yirik vakili Nazar Eshonqul ijodida ko‘p uchraydi. Jumladan, “Maymun yetaklagan odam”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Farishta” hikoyalarida egasi bilan birga keksayib, puturdan ketib, zavolga yuz tutib borayotgan, ammo bir zamonlar hashamatli va mustahkam hisoblangan uy makoni asosiy syujet kechuvchi xronotop bo‘lib kelgan: “Bayna momo kabi uy ham qishloqdagi imoratlar oldida yolg‘izlanib qolgandi”, “Bekasi bilan birga bu makon ham o‘zining oldingi qudrati va viqorini yo‘qotib bo‘lgan, unut va tashlandiq maskanga aylangandi” (1:332), ayniqsa, talaba qizlar Bayna momonikiga kelishganda bu kontrast yaqqol seziladi: “Ular uy oldida paydo bo‘lishlrhari bilan birdan uyning tanazzulga yuz tutgani birdan bilinib qoldi. Ular navqiron va go‘zal edilar, uydan va Bayna momodan chirkinlik va anduh hidi kelar, navqironlik oldida uy ham, Bayna momo ham keksayib qolgandek edilar”.[1: 339] Uy qahramon umri bilan bevosita qiyoslanishi yozuvchining “Farishta” hikoyasida ham uchraydi, Boyqul (Sancho) yashaydigan, bir paytlar bobosi mulla Rahim davrida sirli va mahobatli bo‘lgan uy endilikda “… yuz yillar Sancho tug‘ilganidan beri hijolat va nomuslariga sabab bo‘lib, yilma-yil yangilanib, bo‘yalib, zamonga moslashib borayotgan boshqa uylar oldida bolalar orasida turgan munkillagan cholga o‘xshab qolgan” edi. [1:503] “Bevaqt chalingan bong” hikoyasidagi qahramon yashaydigan xujra ham avval hech kim tashrif buyurmagani, qarovsiz va atrofdagilar uchun qorong‘u, o‘ta besaranjomligi va torligi bilan o‘zida istiqomat qiluvchi kishining “o‘lik umri”ni to‘liq aks ettirar edi. Nekro-hudud motivining badiiy asarda ko‘p qo‘llaniluvchi namunasi “xaroba”lardir. “Xaroba” ramzi yoki tavsifi ham N. Eshonqul asarlarida odatda yuksalishning yoki rivojlanishning muvaffaqiyatsiz tugashini, biror tuzum yoki hayot tarzining buzilishini ifodalash uchun ishlatiladigan, yozuvchi ijodining an’anaviy xronotopi hisoblanadi. Xaroba so‘zi ma’no jihatidan o‘zining ilgari bo‘lgan yuksak davri, go‘zalligi va qudratini yo‘qotgan, endi o‘zining kelajagi bo‘lmagan, vayronaga aylangan, o‘lik joyni anglatib, N.Eshonqul asarlarida yovuzlik, tanazzul, o‘lim va tubanlashuvning ramzi sifatida muhim o‘rin tutadi. Xaroba faqat moddiy yoki geografik obyektlarni emas, balki xato turmush tarzi tufayli yoki yomon boshqaruv, 372 ichki ziddiyatlar sababidan zavolga uchragan odamlar, jamiyatlarning ichki dunyosini, ularning ruhiy va ma’naviy holatlari, umumiy hayotini ham aks ettiruvchi ifodadir. Xaroba tasvirlari N.Eshonqul asarlarining umumiy ruhini yaratishga yordam beradi, ayniqsa, hayotining keskin burilishlarini yoki o‘zini anglash yo‘lida duch kelgan to‘siqlariga dosh berolmagan inson obrazini tasvirlashda ayniqsa, qo‘l keladi. Jumladan, “Xaroba shahar surati”, “Zulmat saltanatiga sayohat” yoki “Bevaqt chalingan bong” hikoyalari, “Qora kitob” qissasida, xaroba nafaqat tashqi dunyoning jismoniy ifodasi, balki qahramon hayotining izomorfidir: “Taqsirim, nega xaroba so‘zini ko‘p ishlatayotganimga xayron bo‘lmang, bu yerda qaytariq yo‘q, aksincha, qalbimning ifodasi, tasviri, ahvoli ruhiyamning, butun odamzotning qiyofasi bor bu so‘zda”[2:572], – deydi “Qora kitob” qissasi qahramoni. Demak, N. Eshonqulning asarlarida bu ramz yordamida insonning ma'naviy xarobasi va hayotidagi tanazzul ko‘rsatiladi. Qahramon va nekro-makon o‘zaro aloqasini tahlil qilish jarayonida ular orasida ikki xil metafizik kontakt mavjudligini kuzatish mumkin. Birinchi holatda: personaj o‘zining og‘ir ruhiy holatini atrof-muhitga ko‘chiradi va u shaxsning ichki kechinmalarini aks ettiruvchi manzaraga aylanadi. Ikkinchi holatda: qahramon terminal hudud domiga tushib qoladi va uning hukmiga bo‘ysunadi [3:8]. “Xaroba shahar surati” hikoyasidagi Tursoriya shahri ikkinchi holatdagi nekrohududga mos keladi. U boy berilgan, barbod qilingan inson hayotining timsolidir. Bu o‘lik hududning asosiy obrazlari qorong‘ulik va soya, shuningdek hidlardir – burqsigan dud va badan hidi. Mutlaq darajadagi vayronalik, qilt etgan hayot nishonasining yo‘qligi va xira ranglar jamlanmasi ham o‘lik makonning muhim xususiyati edi. Vaqt o‘tib asar hikoyachisi “burdalangan jasad”ga o‘xshab chizilgan suratdagi bu hudud aslida “buzilgan va yovuzlashgan dunyoda bir mazmun, ma’no izlab o‘tgan odamning samarasiz umr haqidagi o‘kinchi” [1:55] ekanligi haqida shubhaga bora boshlaydi va bu makonga intiladi, uning maqsadi shunday ifodalangan: “Bir vaqtlar baxt va istiqbol yo‘lida hijrat etishganidek, men ham hayotimning o‘tkinchi sanamlari va ma’budlari qalashib yotgan vodiysidan qalbimning ul olis vodiysiga hijrat etishim, ko‘chalarida vahm, qo‘rqinch uvillab yotgan, xuddi aql-u idrokning vayronasidek yuragim devorida osig‘lik turgan bu xaroba shaharni ertangi kunimni yaratganim kabi qayta tiklashim, to‘xtab qolgan tegirmon parragini yurdirib yuborishim kerak edi…” [1:58] Hikoya qahramoni shu davrgacha hayotidan ma’no topmay, bir ishning boshini, omadning etagini ushlolmay yurgan kishi sifatida keskin harakat qiladi: ilmiy ishini, ijtimoiy muhitini tashlab, Tursoriyani izlab ketadi. Shu jihatdan, hikoya insonning o‘zligini topishi, shaxsiy 373 mustaqillikka intilishi, metafizik tug‘ilish va individualizm g‘oyasini namoyon qilgan. Zero kishi o‘z-o‘zini topmay, bu orqali tashqi dunyo bilan uyg‘unlikka erishmay turib, haqiqiy hayot kechirishi mumkin emas. Umuman, antik adabiyotda o‘limdan keyingi olamni anglatgan nekro-makon tushunchasi, Sharq adabiyotida qabriston manzaralari vositasida “foniy dunyo” falsafasiga yo‘g‘rilgan so‘fiyona talqinlar uchun, Yevropa dekadentlik yoki simvolistik adabiyotidaa esa o‘lim estetikasini madh etish, uni go‘zallikka aylantirish maqsadi uchun muhim detall yoki obraz bo‘lib xizmat qilgan. Nekro-makon N.Eshonqul asarlarida qahramonning ichki dunyosi va turmush tarzi bilan metaforik tarzda tasvirlanadi. Bunda, asarda tashqi geografik hudud sifatida mavjud bo‘lgan o‘lik-makon asardagi inson tabiatining yolg‘izlik, tushkunlik, tanazzul, ruhiyatining intihosini ifodalaydi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Nazar Eshonqul. Saylanma I: hikoyalar. – Toshkent: Akademnashr, 2022. 2. Nazar Eshonqul. Saylanma II: roman va qissalar. – Toshkent: Akademnashr, 2022. 3. Лебедевa В. Ю. Мотив метафизической смерти в романе В. Набокова. автореферат дисc... кандидата филологических наук. Елец, 2009 4. Лебедевa В. Ю. Мотив метафизической смерти в романе В. Набокова “Защита Лужина”. https://cyberleninka.ru/article/n/motiv-metafizicheskoy-smerti-v-romane-v-nabokova-zaschitaluzhina