BADIIY-ESTETIK QARASHLARNING NAZARIY ASOSLARI HAMDA HALIMA XUDOYBERDIYEVA IJODI BADIIYATI TALQINI
Full text
392 BADIIY-ESTETIK QARASHLARNING NAZARIY ASOSLARI HAMDA HALIMA XUDOYBERDIYEVA IJODI BADIIYATI TALQINI Bobur Nusratov Alfraganus universiteti Sharq filologiyasi kafedrasi o‘qituvchisi GulDU tadqiqotchisi Orcid 0009-0002-4108-6712 [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17272197 Annotatsiya: Ushbu maqolada estetika fanining shakllanish jarayoni va badiiy-estetik tafakkurning tarixiy evolyutsiyasi tahlil qilinadi. Aristotel, Forobiy, Baumgarten, Shklovskiy, Volf va Gegel kabi mutafakkirlarning estetik qarashlari izchil yoritilib, ularning adabiyotshunoslikdagi metodologik ahamiyati ochib beriladi. Shuningdek, zamonaviy adabiyotshunoslikda estetik tahlil usullarining o‘rni va Halima Xudoyberdiyeva ijodida estetik tamoyillarning aks etishi tadqiq etiladi. Maqola milliy adabiyotimizni o‘rganishda badiiy estetik tafakkurning yangi bosqichlarini belgilashga xizmat qiladi. Kalit so‘zlar: estetika, badiiy-estetik tafakkur, mimesis, katarsis, san’at falsafasi, estetik tahlil Аннотация: В статье рассматривается процесс формирования науки эстетики и историческая эволюция художественно-эстетического мышления. Анализируются взгляды таких мыслителей, как Аристотель, аль-Фараби, Баумгартен, Шкловский, Вольф и Гегель, а также раскрывается их методологическое значение для литературоведения. Особое внимание уделяется месту эстетического анализа в современной науке о литературе и отражению эстетических принципов в творчестве Халимы Худойбердиевой. Работа способствует углублённому пониманию роли эстетики в развитии национальной литературы. Ключевые слова: эстетика, художественно-эстетическое мышление, мимесис, катарсис, философия искусства, эстетический анализ. Abstract:This article explores the development of aesthetics as a discipline and the historical evolution of artistic and aesthetic thought. The views of prominent thinkers such as Aristotle, al-Farabi, Baumgarten, Shklovsky, Wolf, and Hegel are analyzed, with emphasis on their methodological significance for literary studies. Furthermore, the role of aesthetic analysis in contemporary literary criticism and the reflection of aesthetic principles in the works of Halima Khudoyberdiyeva are examined. The study contributes to defining new stages of aesthetic thinking in the study of national literature. Keywords: aesthetics, artistic-aesthetic thought, mimesis, catharsis, philosophy of art, aesthetic analysis. Badiiy-estetik qarashlar insoniyat madaniy merosining eng muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Estetika fanining shakllanish jarayoni, tarixiy rivojlanish bosqichlari va yirik mutafakkirlarning badiiy idrok hamda ijod haqidagi
393 qarashlari bugungi adabiyotshunoslikda nazariy va metodologik asos vazifasini bajaradi. Estetika termini ilmiy muomalaga XVIII asrda kirgan bo‘lsa-da, uning mazmun-mohiyati qadim davrlardan boshlangan. Yunon tilidagi aisthesis (“sezgi”, “idrok”) so‘zidan olingan bu atama nemis faylasufi Aleksandr Baumgarten tomonidan “estetika” fanining nomi sifatida shakllantirilgan. U o‘zining mashhur Aesthetica (1750) asarida estetikani hissiy idrok nazariyasi sifatida talqin qilib, inson bilish faoliyatida nafaqat mantiqiy tafakkur, balki his-tuyg‘ular ham muhim o‘rin tutishini asoslab berdi. Shu tariqa estetika nafaqat go‘zallikni idrok etish, balki inson ruhiyatini ilmiy tahlil qilishga qaratilgan alohida fan sifatida shakllandi. Umumiy estetika san’at, go‘zallik va ularga daxldor hodisalarni falsafiy nuqtayi nazardan o‘rganadi. Badiiy estetika esa mazkur umumiy tamoyillarni bevosita adabiyot va san’at tahliliga tatbiq etadi. Uning markazida badiiy obrazlarning yaratilish jarayoni, estetik ideal va poetik vositalarning ta’sirchanlik kuchi turadi. Demak, badiiy estetika san’atning “nima”ligini emas, balki “qanday” yaratilishini o‘rganadi. Qadimgi yunon mutafakkiri Aristotelning Poetika asarida ilgari surilgan qarashlari estetik tafakkur tarixida alohida o‘rin egallaydi. U san’at mohiyatini mimesis – tabiatni taqlid qilish tamoyili bilan izohlagan. Aristotelning nazariyasiga ko‘ra, tragediyaning asosiy vazifasi katarsis – rahm va qo‘rquv orqali tomoshabinni ruhiy poklanishga yetaklashdir. Yana u aytadiki: “san’at inson hayotini qanday bo‘lsa shunday emas, balki qanday bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi”[2:53]. Bu tushunchalar keyingi davrlarda “hayotiylik” va “estetik qabul” kabi kategoriyalarni shakllantirishda poydevor bo‘ldi. Sharq falsafasining buyuk namoyandasi Abu Nasr Forobiy san’atga ijtimoiyma’naviy nuqtai nazardan yondashgan. Uning “Fozil odamlar shahri” asarida she’riyat inson qalbini yumshatuvchi, ruhini yuksaltiruvchi va jamiyatni ezgulikka yetaklovchi vosita sifatida baholab, “badiiy asarning qudrati uning odamlar ongida qanday idrok qilinishida. Asar ularning qalbiga ezgulik va go‘zallikni singdirishi kerak” [1:118] – deydi. Forobiy san’atni nafaqat estetik zavq manbai, balki kuchli tarbiyaviy qudratga ega ijtimoiy hodisa sifatida talqin qilgan. XX asr boshlarida rus formalisti Viktor Shklovskiy san’at mohiyatini yangicha yondashuv asosida izohlab, ostranenie – “ajratib ko‘rsatish” tamoyilini ilgari surdi. Uning ta’kidlashicha, badiiy asarning vazifasi narsalarga yangicha nigoh bilan qarash imkonini berish, odatiylik pardasini yorib o‘tishdir. Bu nazariya modernizm va avangard oqimlari rivojida muhim metodologik asos bo‘ldi. U yana shunday degandi:
394 “Badiiy asarda estetik kechinma mazmundan ustun turadi. Mazmun shakl orqali idrok qilinadi va estetik zavqni uyg‘otadi”[5:30]. Nemis faylasufi Georg Vilgelm Fridrix Gegel estetikani falsafiy tizimning markaziy bo‘g‘inlaridan biri sifatida talqin qildi. U san’atni ruhiy mazmunning moddiy shakldagi ifodasi deb bilib, san’atdagi go‘zallikni tabiat go‘zalligidan ustun qo‘ydi. Gegel nazarida, san’at inson ruhiyatini moddiy shaklda namoyon etuvchi oliy hodisa bo‘lib, “badiiy ijod mazmuni haqida so‘z borganda, o‘ta tiyiqsiz fantaziyaga berilmaslik lozim, san’atda shakl va obraz qancha rang-barang va bitmas-tuganmas bo‘lib ko‘rinmasin, bu ma’naviy maqsadlar uning mazmuni asosini tashkil qiladi”[3:114]. O‘zbek adabiyotshunosligida ham estetik tahlil metodlari ijodkorlarning asarlarini o‘rganishda keng qo‘llanilmoqda. Shoira Halima Xudoyberdiyeva ijodi bunga yorqin misoldir. Uning she’rlarida lirik qahramonning hissiy kechinmalari va ruhiy iztiroblari estetik obrazlar orqali ifodalanadi. Estetik tahlil usuli shoiraning poetik dunyoqarashini ochib berish va uning ijodiy tamoyillarini aniqlashda samarali metod hisoblanadi. Masalan “Dorilamon kunlar keldi” she’rida shunday yozadi: Onaginam! Dorilamon kunlar kuldi, shafakdari ol, Qayon boqsañ, shaylanishlar va sozlashlar tor. Olcha gulin ko‘zlaringga surtasan behol: “Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor”[4:14]. Ushbu she’ridagi ona siymosi millat xotirasi va avlodlar davomiyligining timsoliga aylanadi. Ona obrazida mehr, shukronalik va hayotiy donishmandlik mujassam. Estetik jihatdan, she’r shaxsiy kechinmalarni umumxalq ruhiy tajribasi bilan uyg‘unlashtiradi. Ona so‘zlari hayotning o‘tkinchiligi va insoniy minnatdorlikni teran his etishga chorlaydi. Lirik ohang o‘quvchini o‘z xotirasiga murojaat qilishga va qadriyatlarni unutmaslikka undaydi. U kurtakka aylanganda ilk bahor fasli, Undan yiroq ketgan edi urug‘ tashlagan. Nihol harchand tanish uchun ko‘zlarin tikdi, Tanimadi, tanimadi, tanimadi, yo‘q… [4:123]. Shoira tabiat manzarasi orqali “Nihol” she’rida jamiyatdagi befarqlikni tanqid qiladi. Nihol – umid va mehnat timsoli, ammo uni qadrlashga kelganda, hech kim tan olmaydi. Estetik nuqtai nazardan, bu satrlar inson mehnatining qadrsizligi va jamiyatning shafqatsizligini ramziy obrazlar vositasida ochadi. Qayta-qayta
395 takrorlangan “tanimadi” so‘zi ruhiy iztirobni kuchaytirib, o‘quvchida achinish va ogohlik hissini uyg‘otadi. Tunda yozsang, bo‘sh kelma, sen Tong kelgunicha yozgin. To iymoni qochgan elga Iymon kelgunicha yozgin [4:293]. “Iymon kelgunicha yozgin” she’rida shoira ijodning muqaddasligi va so‘z qudratining beqiyosligi kuylanadi. “Yozgin” so‘zi qayta-qayta takrorlanib, izchil ruhiy buyruqqa aylanadi. Estetik nuqtai nazardan, bu to‘rtlik badiiy so‘zning nafaqat shaxsiy ilhom manbai, balki ijtimoiy-ma’naviy kurash quroli ekanini ko‘rsatadi. She’r yozish jarayoni ezgulikni himoya qilish va xalqning yo‘qolayotgan iymonini qayta uyg‘otish vositasi sifatida talqin qilinadi. “Da’vat” she’rida esa shunday deydi: Qon aslan yorug‘lik. Yorug‘lan, tiz cho‘k. Asl mard Vatanga tiz cho‘kib o‘tar. Qancha qoning bo‘lsa, Vatan uchun to‘k, Qancha shoning bo‘lsa — Vatanni ko‘tar! [4:309]. Bu to‘rtlikda shoira Vatan tushunchasini hayot va sharafning eng oliy timsoli sifatida kuylaydi. Qon – fidoyilik, sharaf – milliy iftixor ramzi sifatida qo‘yiladi. Badiiy-estetik nuqtai nazardan, bu satrlar insonning Vatanni anglashida qudratli ruhiy kechinmalar uyg‘otadi: hayotdan ham qadrli bo‘lgan qadriyatni sevgi va sadoqat bilan ko‘tarish g‘oyasi paydo bo‘ladi. Vatanni ulug‘lash kuchli dramatizm va epik jo‘shqinlik bilan ifodalangan. Xulosa qilib aytganda, Aristotel, Forobiy, Baumgarten, Shklovskiy, Volf va Gegel kabi mutafakkirlarning qarashlari san’atni nafaqat go‘zallik hodisasi, balki inson ruhiyati va jamiyat taraqqiyotining muhim omili sifatida yoritdi. Halima Xudoyberdiyevaning she’rlari aynan shunday, turfa mavzularni qamrab olgan holda ularning barchasini yagona jihat – kuchli badiiy estetik ta’sir birlashtiradi. Vatan fidoyiligi, ishqiy lirika, so‘zning ma’naviy qudrati, tabiat ramzlari, fojeiy manzaralar va ona timsoli orqali shoira inson ruhining eng muhim qatlamlarini yoritadi. Har bir she’r o‘quvchini o‘z ichki olamiga nazar tashlashga, ruhiy sezgirlikni oshirishga chorlaydi. Shoira ijodi nafaqat badiiy-estetik zavq manbai, balki jamiyat va inson ruhiyatini uyg‘otuvchi qudratli kuch sifatida ham qadrlanadi. Bu esa milliy adabiyotimizni chuqur tadqiq etish va estetik tafakkurni yangi bosqichlarga olib chiqish uchun muhim imkoniyatlar yaratadi.
396 Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Abu Nasr Forobiy. Fozil odamlar shahri. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2011. 2. Aristotel. Poetika. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2006. 3. Гегель, Г.В.Ф. Эстетика. Sharq yulduzi, 2014, №1. 4. Halima Xudoyberdiyeva. Saylanma. –Toshkent: “Sharq” nashriyot-matbaa konserni, 2000. 5. Шкловский, В. Искусство как приём. – Москва: Искусство, 1919.