NAJMIDDIN KOMILOV TAHLILIDA RANGLARDAGI RAMZIYLIK MASALASI
Full text
413 NAJMIDDIN KOMILOV TAHLILIDA RANGLARDAGI RAMZIYLIK MASALASI Akramova Dilnoza Rustam qizi Samarqand arxitektura-qurilish texnikumi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17272220 Annotatsiya: Ushbu maqolada adabiyotshunos olim Najmiddin Komilov tomonidan Navoiy g‘azallari tahlili va o‘ziga xos jihatlari haqida ham muhim ilmiy-nazariy ma’lumotlar beradi. Kalit so‘zlar: g‘azal, tahlil, voqeaband, oshiqona, orifona, an’ana, tasavvuf, falsafa, obraz, timsol, badiiy san’at. Abstract: This article provides important scientific and theoretical information about the analysis of Navoi's ghazals by literary scholar Najmiddin Kamilov and their specific aspects. Keywords: ghazal, analysis, incident, romance, orifona, tradition, mysticism, philosophy, image, symbol, artistic art. Аннотация: В статье представлены важные научно-теоретические сведения об анализе газелей Навои литературоведом Наджмиддином Камиловым и их отдельных аспектах. Ключевые слова: газель, анализ, событие, роман, орифона, традиция, мистицизм, философия, образ, символ, художественное искусство. Kirish: Alisher Navoiy g‘azallari orasida alohida-alohida ranglar tasviri, ma’shuqning turli rangli liboslarda ko‘rinishi va oshiq ahvoli mujassamlasgan. Navoiy g‘azallarini sharhlash olim ilmiy faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Sharhnavislik bilan muttasil shug‘ullanib, u yana shoirning bir qancha g‘azallarini sharhladi. U sharhlagan ulug‘ shoirning 50 ta g‘azali “Ma’nolar olamiga safar” nomi bilan alohida kitob holida bosilib chiqdi. G‘azallar tahlili bahona nuktadon olim janrning o‘ziga xos jihatlari, vazn xususiyatlari, uning yakpora, voqeaband, oshiqona, orifona ko‘rinishlari, an’ana va yangilik, tasavvuf falsafasi, uning obrazlar olami, asosiy timsol tushunchalari, badiiy san’atlar, xalqona urf-odat va rasm-rusumlar haqida ham muhim ilmiy-nazariy ma’lumotlar beradi[1]. Chunonchi, Alisher Navoiy g‘azallari orasida alohida-alohida ranglar tasviri, ma’shuqning turli rangli liboslarda ko‘rinishi va buning oshiq ahvoli, ruhiyatiga ta’siriga bag‘ishlanganlari ham bor. Masalan, qizil libos kiygan ma’shuqa jamoli bir necha g‘azallarda mavjud. Bulardan: Lolagun to‘n ichra, yo rab, ul g‘azoli Chin erur…… deb boshlanuvchi g‘azalida qizil rangli to‘n kiygan mahbub jamoli tasviri yaratilgan. Ana shu tasvirni bo‘rttirish va ranglar jilosining oshiq qalbiga ta’siri uchun turli poetik qiyoslar, tashbehlar qo‘llanilgan. Chunonchi qizil to‘n, lola, qonli,
414 yosh, bag‘ir qoni, shafaq, guldasta, arg‘uvon daraxti, qizil rang, la’l, qizil may kabi zohiriy ko‘rinishi o‘xshash narsa va hodisalar bilan chog‘ishtiriladi, turli badiiy san’atlar hosil qilinadi, umuman ranglar dunyo go‘zalligining asosiy vositasidir. Ranglar mutanosibligi esa kishining nafaqat ko‘zini, balki qalbini ham quvontiradi. Navoiy g‘azalida ham oshiq qizil libos kiygan mahbub jamolidan sarxush, ammo shoir shunda ham faqat ayni ranglar qo‘zg‘atgan zavqni tasvirlash barobarida oshiqning yuragidagi rango-rang kechinmalarni ham ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ladi. Oshiq yorning qizil to‘ni unga naqadar yarashgani, u xuddi Xitoy va Xo‘tan ohusiday chiroyga to‘lganini aytib, ayni vaqtda bu qonga belangan ko‘z qorachig‘iga o‘xshashini ham qayd etadi. Otashin gul bargidin xil’atki jononimdadur… deb boshlanuvchi g‘azalida ham dastlabki olti bayti olov, gul, o‘t, la’l, xunob, lolagun, shafaqgun, gulgun, gulrang kabi qizil rangli ashyolar vositasida yasalgan tasvirlarga bag‘ishlangan. Bu tasvirlar: 1) yorning qizil libosda go‘zal surat kasb etganini ko‘rsatish; 2) shunga monand tasviriy manzara yaratish va 3)buning lirik qahramonga ta’sirini namoyon etish uchun xizmat qilgan. Bu g‘azalda ham qizil libosli yorning qotilligiga ishora qilingan. Albatta, qatl avvalgi g‘azalda ham, bu yerda ham ko‘chma ma’noda ya’ni oshiqning joni jonona ixtiyorida, u xohlasa oshiq jonini olishi yoki unga jon hadya etishi mumkin. Aslida bundan oshiq ham xafa emas. Majnun Layli ishqida jon berganidan xursand, faqat Layliga yetishsa bas. Ikkinchidan, qizil rang – qon rangi, qurbonlik belgisi. Oshiqi zor qurbon bo‘lish xavfidan qutulmaydi. Jilvamu aylar qizil to‘n birla har yon ul pari… deb boshlanuvchi mazkur g‘azal qizil to‘n kiygan jonon ta’rifiga bag‘ishlangan uchinchi g‘azal. Ammo har bir g‘azalda ushbu ta’rif alohida-alohida tasvirga ega. Har bir g‘azalda qizil rang bilan bog‘liq o‘ziga xos tashbehlar qatori va ular vositasida lavha, holatlarni chizish mahorati ko‘zga tashlanadi. Boshqacha aytganda, jonon uch g‘azalda uch xil lirik timsol qilib gavdalantirilgan. Chunonchi birinchi g‘azalda ma’shuqaning qizil to‘n kiyib chiqishi avval Xitoy ohusiga, keyin guldasta va ichida oq savsan gul o‘sgan arg‘uvon daraxtiga o‘xshatiladi. Ikkinchi g‘azalda qizil to‘n lovullagan olov shu’lasiga o‘xshatiladi-da, keyin lola, la’l, xunoba tashbehlari orqali tasvir rivojlantirilib ma’shuqning oshiq qalbiga solgan iztiroblari bir-bir chizib ko‘rsatiladi[3]. Хusrav Dehlaviy va Hasan Dehlaviy she’rlari orasida ham bittadan «safed» (oq) radifli g‘azal uchraydi. Bularda tasvirning izchilligi ma’lum darajada radifning talabi bilan bog‘langan. Navoiydan oldingi davrdagi turkiy shoirlar ijodida bu tipdagi
415 g‘azallar uchramaydi. Navoiy devonlarida esa bunday g‘azallarning o‘nlab go‘zal namunalarini ko‘ramiz. Adabiyotshunos Yo.Ishoqov ma’lumotlariga ko‘ra “Хazoyin ul-maoniy”da tasvir boshidan oxiriga qadar izchil rang bilan bog‘liq holda yaratilagan 31 g‘azal uchraydi. Shundan, “G‘aroyib us-sig‘ar”da 9 ta, “Navodir ushshabob”da 7 ta, “Badoye’ ul-vasat”da 8 ta, “Faboyid ul-kibar”da 7 tasi o‘rin olgan[3]. Xullas, bunday asarlarda Alisher Navoiyning badiiy so‘zdan foydalanish mahorati, bemisl san’atkorligi yarq etib ko‘zga tashlanadi. Navoiy deydiki, jonim ana shu o‘t ichida yoki o‘tday qip-qizil la’l orasiga qizil lablar qatiga yashiringan. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Komilov N. Ma’nolar olamiga safar. – Toshkent: 2012, 316 bet. 2. Sayyid Ja’far Sajjodiy. Istilohoti urafo. Lug‘atlar to‘plami. 3. Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami, 20 tomlik (9tom). – Toshkent: 1987-2003-y.