scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

SO'ZDA KUYGAN YURAK IZTIROBI ("Buxoro, Buxoro, Buxoro" hikoyasi asosida)

Azimova Ozoda Nodir qizi

Full text

434 SO‘ZDA KUYGAN YURAK IZTIROBI (“Buxoro, Buxoro, Buxoro” hikoyasi asosida) Azimova Ozoda Nodir qizi Buxoro davlat universiteti 2-kurs magistranti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17272262 Annotatsiya: Mazkur maqolada zamonaviy o‘zbek nasrining yorqin vakillaridan biri – Javlon Jovliyev ijodiga, xususan, uning “Buxoro, Buxoro, Buxoro” hikoyasiga tahliliy yondashuv berilgan. Unda ona yurt sog‘inchi, musofirlikda yashayotgan insonning qalb iztiroblari va yurak nidosi badiiy tasvirlangan. Kalit so‘zlar: Buxoro, Javlon Jovliyev, badiiy mahorat, zamonaviy o‘zbek nasri, psixologik tahlil, ona obrazi. Annotation: This article provides an analytical approach to the works of Javlon Jovliyev, one of the prominent representatives of modern Uzbek prose, in particular to his story “Bukhara, Bukhara, Bukhara”. The work artistically depicts the longing for the homeland, the spiritual suffering, and the heartfelt cry of a person living in a foreign land. Keywords: Bukhara, Javlon Jovliyev, artistic mastery, modern Uzbek prose, psychological analysis, image of the mother. Аннотация: В данной статье представлен аналитический подход к творчеству одного из ярких представителей современной узбекской прозы — Жавлона Жовлиева, в частности к его рассказу «Бухара, Бухара, Бухара». В произведении художественно отражены тоска по родине, душевные страдания и сердечный зов человека, живущего на чужбине. Ключевые слова: Бухара, Жавлон Жовлиев, художественное мастерство, современная узбекская проза, психологический анализ, образ матери. Yozuvchilik – bu faqat voqea to‘qish emas, bu yurakdagi so‘zlarni tilga ko‘chirish, ba’zida ichingni yorib tashlaydigan haqiqatni so‘zga aylantirishdir. Javlon Jovliyev ana shunday yozuvchilardan biri hisoblanadi. Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanida 1991-yil 24-iyulda tug‘ilgan bu ijodkor zamonaviy o‘zbek adabiyotiga chuqur psixologik tahlil, ijtimoiy og‘riq va yurakdan chiqqan so‘zlari bilan kirdi. U nafaqat yozuvchi, balki dramaturg, madaniyatshunos va kitobsevar insondir. Uning “Qo‘rqma” romani yoshlar orasida tez tarqalib mashhur bo‘ldi va 2024yilning “Best seller” kitoblari ro‘yxatiga kirdi. Bu roman haqida ko‘plab tanqidlar va maqtovlar eshitgan yozuvchining hikoyalari ham uning badiiy mahorati yuqori ekanligini ko‘rsatib beradi. “Lobar, Lobar, Lobarim mening” hikoyalar to‘plami yurak, muhabbat va rad etilgan tuyg‘ularning ayriliqqa yo‘naltirilgan badiiy xati desak adashmagan bo‘lamiz. Bu hikoyalar o‘zbek nasrida kam uchraydigan darajada 435 beg‘ubor sevgi va yurak ohangini o‘zida ifodalagan to‘plamdir. Bu to‘plam nafaqat sevgini, muhabbat balki Vatan, do‘stlik, mehr-oqibat, qardoshlik kabi tuyg‘ularning jilolangan aksini ko‘rsatadi. Yozuvchi hayotning achchiq damlarini, xiyonat va vafosizlikni shu tarzda ifodalab berganki, bu orqali biz yozuvchining ilmiy saloyihati yuqori ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Uning “Buxoro, Buxoro, Buxoro” hikoyasida Buxoroga talpingan ayolning o‘zga yurtda vafot etganligi, Vatanini ko‘rish armon bo‘lib, Vatan sog‘inchida yurgan oila tasviri beriladi. O‘tgan asrning 1929-1931yillarida mustabid sho‘ro tuzumida yer egalari boy, o‘rtahol dehqon va chorvadorlarni “quloq”, “mushtumzo‘r” nomi ostida atab, sinf sifatida tugatish siyosatini olib borishi natijasida uyidan uzoqlashgan oilalar haqida 7-8 yoshli bola tilidan hikoya qilinadi. Mana shunday Vatanidan uzoqlashgan bolaning oilasi tasviri berilib, oila a’zolarining ichki ruhiy holati yozuvchi tomonidan juda ta’sirli qilib ko‘rsatilgan. Vatan tasviri bilan birgalikda bu hikoyada o‘zbek ayolining obrazi beriladi. Bola onasini shunday ta’riflaydi: “Onam ham yosh, o‘sha paytlar bor bo‘lsa, o‘ttizdan endigina sakragan juvon edi. Qop-qora sochlari uzun, qoshlari qalin, ko‘zlari mehr bilan boquvchi, oppoq yuzlarida kulgichi bor buxorolik ayol edi. Men bilan Oysha onamga, akam esa ko‘proq otamga o‘xshardi”. Bolakay onasining yurtini yig‘lab sog‘ingan lahzalarini ko‘p eslaydi: “Onamning kulgusidan ko‘ra, yig‘isini ko‘proq eslayman” deydi. Hattoki, oddiy o‘rik gullashini ko‘rganda ham yig‘lagan onasining vaziyatini shunday deb bola hikoya qiladi: – Otam tun-u kun ishlab, qornimiz zo‘rg‘a to‘yadigan taom olib kelardi. Oyoqlari og‘rib, oqsab yurar, qo‘llari yorilib, irib ketganlari esimda. Qishlar o‘taverardi, bahorlar o‘taverardi, ammo onamning ko‘z yoshlari ado bo‘lmadi. Hovlimizdagi o‘rik gulladi. Onam buni ko‘rib yana yig‘ladi. – Ona, nega yig‘laysiz ? – Buxoroni sog‘indim, – dedi onam . Aytishlaricha, bobomiz – onamning otalari Buxorodagi eng boy odamlardan bo‘lgan. Onam o‘sha farovonlikda o‘tgan kunlarini juda qo‘msab eslar, eslab yana ... – Uyimga ketgim kelyapti! Uyimga!... – Buxoro qanday joy o‘zi? Nega buncha yig‘layverasiz? Ayting, ona ... Buxoro qanday joy o‘zi? – Yig‘lamaydigan joy, bolam, yig‘lamaydigan ... Har bir kichik narsada, mayda zarrada, qushlarning uchishi-yu chumolining yurishida ham Vatanining har bir joyini esga olib, Buxoroning sog‘inchida yashagan ayolning farzandlariga ham Buxoroga nisbatan mehr-muhabbatni tug‘dirib, o‘zini shu yo‘lda fido qilgan asl Buxorolik ayol qiyofasi yaratilgan bu hikoyada . Buxoro 436 nafaqat geografik hudud, balki umid, tinchlik, osoyishtalik, orzu, najot va ona Vatan timsoli sifatida gavdalantiriladi. Bu asar yurtini, oilasini yo‘qotgan ammo ruhan bukilmagan, orzu va iztirob bilan yashayotgan insonning yurak nidosidir. Hattoki, onaizorning vafotini ham bola shunday deb ta’riflaydi: “Onam juda go‘zal bo‘lib yotardi. Buxoroning go‘zali, parisi”. Haqiqiy buxorolik o‘zbek ayoli qiyofasi yaratilgan. Yosh holida onasidan ayrilgan, hayot girdobiga jon saqlash uchun kirishgan bolaning qismati qiyinchiliklarda o‘tadi. Shunday bo‘lsa ham o‘sha paytda ilm olish va bilimini oshirish uchun harakatdan to‘xtamaydi, hattoki “Adabiyot menga kuchli bo‘lishni o‘rgatgani uchun men undan doim qarzdorman” deb ta’kidlab o‘tadi. Bu nafaqat hikoyada berilgan qahramonning, balki yozuvchi Javlon Jovliyevning so‘zi desak adashmagan bo‘lamiz. Ko‘pgina qiyinchiliklardan o‘tgan bolakay hikoya yakunida: – Mana, nechi yillar o‘tib, nihoyat, qartayib-churtaygan paytimda Buxoroga – ota Vatanimga keldim! 90 yil o‘tib ... Ey Buxoro!!! Mana, men! Mana, men! Sening o‘g‘ling, farzanding, 90 yil o‘tib bag‘ringga keldi! Nega shu paytgacha qaytmadim? Oliy orzuyimni, onamning, otamning armonini nega shu paytgacha bajarmadim? Nimaga? Xayolimdagi, orzuyimdagi, o‘sha bulutlar orasidagi go‘zal, mo‘jizali Buxoroni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqdim. Vatan nimaligini bilmay ketgan chaqaloq, onasi, akasi, o‘tmishi, vatanini qidirib keldi... Hikoya qahramoni Buxoroga qaytgach, o‘z ona yurtini bayrog‘ini chet davlatda, Amerikada, hilpirashidan faxrlanadi. Yurtida aylanib yurar ekan, har bir ayolni onasiga, har bir yigitni akasiga o‘xshatadi. “Sizni topdim, ona! Bozorda ko‘rdim! Do‘ppi sotayotgan ekansiz! O‘xshatdimmi dedim yo‘q, quyib qo‘ygan xuddi o‘zingiz... Keyin qishloqlarda ham ko‘rdim! Buxoroda bir emas, ko‘p ekansiz, onajon! Ha, aniq siz! Akamni ham ko‘rdim! Ayniqsa, novvoy yigit akamga Hasan Husaniga o‘xshaganday o‘xshaydi. Qoyil! Lekin aldagan ekansiz, ona, aldagan ekansiz! Buxoro qanday joy deganimda: “Yig‘lamaydigan joy” degandingiz... Men kelganimdan beri yig‘layapman... Sizni ko‘rib, akamni ko‘rib, Buxoroni ko‘rib... Mana, men keldim, Buxoro!!! 90 yil o‘tib... Inson zoti bor ekan millonlab masofa uzoqlarda yursa ham doim oʻz uyiga, oʻz Vataniga intiladi. Oʻz xalqiga mansub bir kimsani uchratar yoki oʻz tilidan gapirilgan soʻzni eshitar ekan qalbi junbushga kelmasdan iloj yoʻq. Hikoya so‘ngida Vatan tushuncha hamma qiyinchiliklar va yoʻqchiliklar markazida turib voqealarni bir 437 biriga chambarchas bogʻlab turganiga guvoh boʻlamiz.Bu hikoyani o‘qiganingizda Buxoroga bo‘lgan mehringiz yanada oshadi. Hikoya haqidagi xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Buxoro – timsol, ona – ezgu tuyg‘u, aka – yo‘qotilgan kelajak, otaning chekkan zahmati – sabr, bolalik – halovat izlash manbaiga aylangan. Bu musofirlikda o‘tkazilgan, umr haqida yozilgan, yurakdan chiqqan badiiy to‘qimadir. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Javlon Jovliyev “Lobar, Lobar, Lobarim mening” hikoyalar to‘plami 2. Ruxsora To‘laboyeva “Hikoyalarda Vatan konsepsiyasi” maqolasi 3. Amirqulov Sanjar “Javlon Jovliyev ijodida Vatn, millat masalalari” maqolasi 4. https://kh-davron.uz 5. https://mutolaa.com 6. https://ziyouz.uz 7. https://asarlar.uz 8. https://uz.m.wikipedia.org\