REY BREDBERI VA HOJIAKBAR SHAYXOV IJODIDA BADIIY PSIXOLOGIZM TALQINI
Full text
461 REY BREDBERI VA HOJIAKBAR SHAYXOV IJODIDA BADIIY PSIXOLOGIZM TALQINI Koʻchimov Ulugʻbek Qoʻchqarovich Alfraganus universiteti Xorijiy tillar kafedrasi mudiri, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent. Toshkent, Oʻzbekiston. [email protected] Orcid.ID: 0000-0001-7356-4809 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17272284 Annotatsiya. Mazkur maqolada amerikalik yozuvchi Rey Bredberi hamda oʻzbek yozuvchisi Hojiakbar Shayxov ijodidagi fantastik asarlar misolida badiiy psixologizmning shakllanishi, qahramon ruhiy olamining tasviri va adabiy-estetik funksiyalari tahlil qilinadi. Komparativistik yondashuv asosida milliy va umumjahon qadriyatlar, ayol ruhiyati tasviri, shuningdek, fantastika janrining psixologik komponentlari oʻrganilgan. Kalit soʻzlar: qiyosiy adabiyot, badiiy psixologizm, fantaziya, R. Bredberi, H. Shayxov, qahramon ruhiyati. Аннотация. В данной статье на примере фантастических произведений американского писателя Рэя Брэдбери и узбекского писателя Ходжиакбара Шайхова анализируется формирование художественного психологизма, изображение духовного мира героя и его литературно-эстетические функции. На основе компаративистского подхода исследованы национальные и общечеловеческие ценности, изображение женской психологии, а также психологические компоненты жанра фантастики. Ключевые слова: сравнительное литературоведение, художественный психологизм, фантастика, Р. Брэдбери, Х. Шайхов, психология героя. Abstract. This article analyzes the formation of artistic psychologism, the portrayal of characters' inner worlds, and literary-aesthetic functions in science fiction works by American writer Ray Bradbury and Uzbek writer Hojiakbar Shayxov. Using a comparative approach, the study examines national and universal values, depictions of female psychology, as well as the psychological components of the science fiction genre. Keywords: comparative literature, artistic psychologism, fantasy, R. Bradbury, H. Shayxov, character psychology. Badiiy psixologizm — bu qahramonning ruhiy olamini, ichki kechinmalarini, hissiy va tafakkur jarayonlarini tasvirlash orqali toʻlaqonli obraz yaratishning muhim vositasidir. Quronov, Mamajonov va Sheraliyevalarning taʼrifiga koʻra, u “badiiy asarda toʻlaqonli inson obrazini yaratishning muhim vositalaridan biri, personaj ruhiyatining ochib berilishi, harakat va nutqlarining psixologik asoslanishi, shu maqsadlarga xizmat qiluvchi usul va vositalar jamidir” [1:123]. Psixologizmning amaliy shakllari ichki monolog, ong oqimi, psixologik portret, tashqi xatti-harakatlar hamda imo-ishoralar orqali namoyon boʻladi. Masalan, N. Shodiev “qalb dialektikasi”ni badiiy psixologizmdagi asosiy usul sifatida eʼtirof
462 etib, uning “ichki monolog, nutqiy xarakteristika, psixologik portret, hissiyotlarning tashqi ekspressiyasi, tush va gallyutsinatsiya” kabi vositalarda koʻrinishini taʼkidlaydi [2:30]. Adabiyotshunos O. Zolotuxina esa psixologizmning nazariy holatini tahlil qilar ekan, “psixologizm fenomeni, uning tarkibiy qismlari va asar tizimidagi oʻrni haqida toʻliq tasavvur, shuningdek, metodologik aniqlik hali yetarli emasligini” qayd etadi [3:5]. Bu fikr shuni koʻrsatadiki, psixologizm nafaqat obraz yaratish texnikasi, balki adabiy-estetik kategoriya sifatida ham chuqur tadqiq etilishi zarurdir. Qiyosiy adabiyot doirasida esa psixologizm hodisasi milliy va gʻarbiy adabiyotdagi oʻxshash va farqli jihatlarni ochib berishda alohida ahamiyat kasb etadi. Masalan, Gʻarb adabiyotida J. Joys va M. Prust ong oqimi orqali inson ruhiyatining murakkab qatlamlarini yoritgan boʻlsa, oʻzbek adabiyotida A. Qodiriy va A. Qahhor ijodida “dinamik va analitik psixologizm prinsiplari” [4:115] uygʻunlashgan holda milliy ruhiy kechinmalar tasviriga yoʻnaltirilgan. Demak, badiiy psixologizmni faqat tasviriy vosita sifatida emas, balki qahramon ruhiyatining milliy va universal koʻrinishlarini qiyosiy tahlil qilish imkonini beruvchi nazariy-amaliy konsepsiya sifatida oʻrganish muhimdir. Rey Bredberining ijodida badiiy psixologizm asarlarning mazmuniy va gʻoyaviy qatlamida alohida oʻrin tutadi. Xususan, “Farengeyt boʻyicha 451 daraja” romanida inson va jamiyat oʻrtasidagi keskin ziddiyatlar qahramon Montagning ichki kechinmalari orqali yoritiladi. Asar davomida u ong oqimi uslubi, ichki monologlar va tush tasvirlari orqali oʻziga xos ruhiy parokandalikka duch keladi. Shaxsning davlat nazorati ostida erkin fikrlash imkoniyatidan mahrum boʻlishi, “inson ruhiyatida qoʻrquv va umidsizlikning doimiy hukmronligi” sifatida aks etadi [5:47]. Shuningdek, “Qoqi gulidan sharob” asarida psixologizm estetik-epik tus oladi. Unda yozuvchi bolalik xotiralari, hayot quvonchi va yoʻqotish fojeasini chuqur ruhiy tasvirlar orqali ochib beradi. Bu yerda ong oqimi va tasavvurlar asosida insonning ichki olamidagi evrilishlar poetik obrazlar vositasida aks etadi. “Marsga hujum” kitobida esa insonning kosmik kenglikka chiqishi nafaqat fantastik tasavvur, balki psixologik tajriba sifatida tasvirlanadi. Qahramonlarning Mars bilan ilk uchrashuvi, begona muhitda oʻzini anglash jarayoni, “insonga xos qoʻrquv, hayrat va yolgʻizlik hissi” [6:15] orqali ifodalangan. Bredberining fantastik asarlarida psixologizm texnika va sivilizatsiya xavfi bilan uygʻunlashib, insoniy qadriyatlarni himoya qilish zarurligini koʻrsatadi. Oʻzbek yozuvchisi Hojiakbar Shayxov ijodida badiiy psixologizm milliy anʼanalar va ruhiy-maʼnaviy qadriyatlar bilan chambarchas bogʻlangan. Uning Tutash
463 olamlar” asarida qahramon ruhiyati ijtimoiy muhit va milliy mentalitet bilan uygʻun tasvirlanadi. Qahramonlarning botiniy olamidagi ziddiyatlar tashqi konfliktlar bilan chambarchas bogʻliq holda ochib beriladi. Ikki jahon ovorasi qissasida inson ruhiyati diniy-falsafiy izlanishlar kontekstida talqin qilinadi. Qahramonlarning “maʼnaviy kechinmalari, ezgulik va yovuzlik oʻrtasidagi kurash jarayonida shakllanadi” [7:102]. Bu ruhiy tasvirlar milliy dunyoqarash va diniy qadriyatlar bilan mustahkamlanadi. Shayxovning “Olovdan chiqqan odam” hikoyasida esa ayol obrazlari alohida eʼtibor qozonadi. Ayollarning ruhiy kechinmalari “milliy qadriyatlar va oila-ijtimoiy munosabatlar oʻrtasidagi murakkab ziddiyatlarda yoritiladi. Shu orqali yozuvchi fantastik asarni milliy psixologik xususiyatlar bilan boyitadi. Bredberi va Shayxov asarlarida psixologizmning umumiy va farqli jihatlari yaqqol koʻzga tashlanadi. Xususan, har ikkala yozuvchi fantastik voqealarni qahramon ruhiyati bilan boyitadi; insoniyat taqdiri, texnologiya xavfi va ruhiy erkinlik masalalariga eʼtibor qaratadi. Bu jihatdan ularning asarlari umumjahon tamoyillarini milliy oʻziga xoslik bilan uygʻunlashtiruvchi” xususiyatlarda mushtarak jihatlar ega. Shu bilan birga Bredberida asosan gʻarb sivilizatsiyasi tanqidi, axborot senzurasi va texnologik nazorat orqali shaxs erkinligining yoʻqolishi yoritiladi. Shayxovda esa diniy-maʼnaviy qadriyatlar, milliy mentalitet va folklor unsurlari psixologik tasvirning markazida turadi. Demak, badiiy psixologizm har ikki ijodkor ijodida fantastik voqelikni haqqoniylashtiruvchi muhim komponent boʻlib xizmat qiladi. Qiyosiy adabiyotshunoslik yondashuvi orqali Rey Bredberi va Hojakbar Shayxov ijodida badiiy psixologizm fenomeni ikki turli adabiy muhitda umumiy va oʻziga xos tomonlarga ega ekani yaqqol koʻrinadi. Har ikki yozuvchi fantastik asarlarning badiiy-estetik qimmatini inson ruhiyatini tasvirlash orqali ochishga intilgan. Bredberining asarlarida “inson ongining erkinligi va shaxsning texnokratik jamiyatga qarshi kurashi” [8:214] markaziy oʻrin egallasa, Shayxov ijodida milliy mentalitet, diniy va maʼnaviy qadriyatlarga asoslangan ruhiy tasvirlar alohida ahamiyat kasb etadi. Bredberi qahramonlari ichki monolog, tush va ong oqimi vositalarida tasvirlanib, “insoniyatning texnologiyaga qaram boʻlib qolishi oqibatida yuzaga keladigan ruhiy parokandalikni” [9:112] ifodalaydi. Shayxov esa folklorik va diniy timsollar orqali qahramon ruhiyatini milliy ruhiy olam kontekstida yoritadi. Bu jihatdan ularning asarlarida umumiylik ham mavjud: ikkalasi ham fantastik tasvir
464 vositalaridan foydalanib, “odamzodning ichki dunyosini haqqoniy aks ettirishga intiladi” [10:123]. Shuningdek, ayol obrazining psixologik talqini ham ularni yaqinlashtiradi. Bredberida ayol obrazlari jamiyatdagi insoniy qadriyatlarni himoya qiluvchi kuch sifatida koʻrsatilsa, Shayxovda ular milliy-maʼnaviy muhitni ifodalovchi ruhiy timsollarga aylanadi. Bu, oʻz navbatida, “fantastik asarlarning estetik qiymatini yanada oshiradi va ularni universal insoniy muammolarni yoritishda samarali vosita sifatida shakllantiradi” [11:141]. Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, badiiy psixologizm fenomeni fantastik janrda qahramon ruhiyati tasvirining muhim metodologik omili boʻlib xizmat qiladi. U nafaqat individual ruhiy jarayonlarni ochadi, balki insoniyatning umumiy muammolarini – maʼnaviyat inqirozi, texnologiya xavfi, qadriyatlar yoʻqolishi va ruhiy iztiroblarni yoritishda ham alohida estetik ahamiyat kasb etadi. Bu jihatdan, Bredberi va Shayxov ijodi qiyosiy adabiyot uchun boy nazariy-amaliy material boʻlib xizmat qiladi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Қуронов Д., Мамажонов З., Шералиева М. Адабиётшунослик луғати.Тошкент:, Академнашр, 2013. 123-Б. 2. Шодиев Н. Руҳият рассоми. – Тошкент:, Фан, 1977. Б.30. 3. Золотухина О. Психологизм в литературе: пособие по спецкурсу для студ. – Гродно. – ГрГУ, 2009. 5 с. 4. Умуров Ҳ. Психологизм проблемаси ва ўзбек романи: Филол. фан. д-ри ... дисс. – Т.:, 1983. 115 Б. 5. Bloom H. (ed.). Ray Bradburyʼs Fahrenheit 451. – New York: Bloomʼs Literary Criticism, 2008. – 47 p. 6. Новикова В. Фантастическая новелла Р. Брэдбери. Автореф. канд. филол. наук Нижний Новгород. 1992. 15 с. 7. Қўчимов У.Қ. Фантастик асарларда бадиий психологизм концепцияси (Рэй Брэдбери ва Ҳожиакбар Шайхов ижоди мисолида): диссертация ... филол. фан. фалс. докт. – Тошкент, 2021. – 102 б. 8. Bloom H. (ed.). Ray Bradburyʼs Fahrenheit 451. – New York: Bloomʼs Literary Criticism, 2008. – 214 p. 9. Freedman C.H. Critical Theory and Science Fiction. – Middletown, Conn.: Wesleyan University Press, 2000. – 206 p. 10. Қуронов Д., Мамажонов З., Шералиева М. Адабиётшунослик луғати.Тошкент:, Академнашр, 2013. 123-Б. 11. Қўчимов У.Қ. Фантастик асарларда бадиий психологизм концепцияси (Рэй Брэдбери ва Ҳожиакбар Шайхов ижоди мисолида): диссертация ... филол. фан. фалс. докт. – Тошкент, 2021. – 141 б.