scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

ADABIY ALOQALAR TARAQQIYOTIDA BADIIY TARJIMA

Azilova Zuhra Gulmon qizi

Full text

484 ADABIY ALOQALAR TARAQQIYOTIDA BADIIY TARJIMA Azilova Zuhra Gulmon qizi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Nukus davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi. [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17272305 Annotatsiya. Maqolada o‘zbek-qoraqalpoq adabiy aloqalari taraqqiyotida badiiy tarjimaning roli qardosh tillardan tarjima jarayonidagi qulayliklar va qiyinchiliklar, adabiy aloqa, adabiy ta’sir va badiiy tarjimaning o‘zaro bog‘liqligi masalalariga munosabatlar bildirilgan. Kalit so‘zlar: badiiy tarjima, adabiy ta’sir, qardosh xalqlar, adabiy aloqa, adabiy muhit, milliy madaniyat, vositachi til. Annotation. In the article, the role of artistic translation in the development of UzbekKarakalpak literary relations is expressed in the attitude to the issues of convenience and difficulties in the process of translation from sister languages, literary communication, literary influence and the relationship of artistic translation. Keywords: literary translation, literary influence, sister nations, literary communication, literary environment, national culture, intermediary language. Аннотация. В статье отражена роль художественного перевода в развитии узбекско-каракалпакских литературных связей, рассмотрены проблемы и трудности перевода с родственных языков, вопросы взаимосвязи литературного общения, литературного влияния и художественного перевода. Ключевые слова: художественный перевод, литературное влияние, братские народы, литературное общение, литературная среда, национальная культура, язык-посредник. Badiiy adabiyot taraqqiyoti tarixiy tadrijidan ma’lumki, muayyan xalqlar orasida adabiy aloqalar shakllanishi va rivojlanishida badiiy tarjima, adabiy ta’sir, o‘zaro ijodiy hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, qardosh xalqlar adabiyotini o‘rganish, o‘sha xalq buyuk namoyandalari ijod namunalarini tarjima qilish har ikki xalq adabiyotining ma’naviy xazinasiga aylanadi. Shu ma’noda, adabiyot va jamiyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida adabiy aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib kelinadi. Negaki, “Biror bir adabiyot o‘z qobig‘iga o‘ralgan holda rivojlana olmaydi. Milliy adabiyotlar hamisha bir-biriga ta’sir ko‘rsatib, bir-birini to‘ldirib rivojlanib kelgan. Bunda o‘zaro aloqa vositasi sifatida tarjima maydonga kelgan. O‘zbekiston mustaqillikka erishishi sharofati bilan biz nafaqat jahon so‘z san’atining ilg‘or tamoyillari va tajribalarini o‘zlashtirish, shuning barobarida, milliy adabiyotimiz yutuqlarini dunyo miqyosiga kengroq olib chiqish imkoniyatiga kengroq ega bo‘ldik. Bu esa xalqaro aloqa vositasi bo‘lmish tarjimasiz amalga oshmaydi” [5:3]. 485 Darhaqiqat, adabiyotda yuz beradigan shakllanish va yangilanishlar o‘zaro ijodiy munosabat hamda mazkur jarayonda bir-biridan ta’sirlanish, o‘rganish asosida yuzaga keladi. Shu ma’noda, o‘zbek va qoraqalpoq adabiyoti ko‘p yillardan buyon o‘zaro adabiy aloqalarga tayangan holda adabiy muhitlarda yuz bergan hodisalar, adabiy-ma’naviy meroslaridan oziqlanib keladi. Ta’kidlash kerakki, har bir adabiyotning tayanchi sanalgan buyuk namoyandalari mavjud. Ular faqatgina o‘zlari mansub adabiyot taraqqiyotigagina hissa qo‘shib qolmasdan, balki jahon adabiyma’naviy xazinasiga noyob meroslar qoldiradi. Bunday adabiy meroslar esa muayyan bir xalq adabiyotiga sig‘magan holda umumbashariyat mulkiga aylanadi. O‘zbek-qoraqalpoq xalqlari azaldan qon-qardosh xalqlar bo‘lib, tili, urf-oldat va dasturlarida ham o‘xshashliklar ko‘p. Zero, “O‘zbek va qoraqaloq xalqlari azaldan bir zaminda yashab, bir daryodan suv ichib, ming yillik quvonch-u tashvishlarni birga boshdan kechirib, bir-birini qo‘llab-quvvatlab, betakror adabiyoti va bezavol madaniyatini uyg‘un tarzda rivojlantirib, bir-birining intelektual olamini boyitib keladi. Ikki buyuk xalqning “Kuntug‘mish” va “Qirqqiz”, “Go‘ro‘gli” va “Shaxriyor” kabi dostonlari bilan birga yozma adabiyoti ham yonma-yon yuksalib, bir-biridan quvvat olib kelmoqda” [4:6]. Yurtimizda 2023-yilda “TURKSOY – xalqaro turkiy madaniyat tashkilotining 30 yilligiga bag‘ishlab “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100 jildlik kitoblar turkumi nashr etildi. Bu jildliklarga 450 dan ziyod adiblarning asarlari qatorida qoraqalpoq ijodkorlarining asarlari ham kiritildi. Kitoblar turkumi 100 jildligining 34-38-jildlarida mumtoz qoraqaloq shoirlari va zamonaviy ijodkorlari asarlari jamlangani muhim yangilik bo‘ldi. Milliy madaniyat va adabiyotlarning yuksalishida muhim omillardan hisoblangan o‘zaro aloqalar ta’siri, hamda bir-birini boyitib borish jarayoni ko‘p millatli adabiyot va san’atni bir-biriga yaqinlashtirib kelgan. Ta’kidlash kerakki, adabiy aloqalar mustahkamlanishida muayyan bir davr yoki alohida shoir yoki yozuvchilar ijodi muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbek qoraqalpoq adabiy aloqalari taraqqiyotida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ijodining o‘rni beqiyosdir. Zero, Prezidentimiz Sh.Mirziyovev aytganlaridek: “Alisher Navoiyning bebaho ijodiyilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi. Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarini, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam o‘rin egalladi” [1:1]. 486 Ma’lumki, adabiyot tashqi ta’sirlarsiz faqatgina o‘z folklori va yozma adabiyoti ta’siridagina rivojlanmaydi. Milliy madaniyat va adabiyotlarning yuksalishida muhim omillardan hisoblangan o‘zaro aloqalar ta’siri, hamda bir-birini boyitib borish jarayoni ko‘p millatli adabiyot va san’atni bir-biriga yaqinlashtirib kelgan. Tarjimashunos olim G‘.Salomov ta’biri bilan aytganda, “Boshqa xalqlar adabiyotidan voqif bo‘lmaslik, g‘ofillik milliy mahdudlikka olib keladi... Adabiy aloqalar orqali adabiyotlar bir-biriga ta’sir qilib, boyib boradi. O‘z folklori va yozma an’analari asosidagina rivojlanadigan, har qanday “tashqi” ta’sirdan xoli “sof” milliy adabiyotni topish qiyin” [4:18]. Bu borada shuni alohida ta’kidlash lozimki, bir-biriga yaqin qardosh tillardan tarjima qilish, uzoq tillardan tarjima qilishga qaraganda, tarjimon bir qancha qulayliklarga ega. Bunda faqat so‘z o‘xshashligi emas, umumiy ramz va timsollar, turli xil obrazlar, an’ana va urf-odatlar, ruhiy yaqinlik, folklordagi umumiylik, fikrlash va hayot tarzidagi uyg‘unliklar muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, bu jarayonda ham ayrim xato va kamchiliklar vujudga kelishi mumkin bo‘lib, adabiyotshunos olim E.Ochilov ularnining quyidagi uch xilini alohida e’tirof etadi: “1. Asliyat tilini yetarli darajada bilmaslik. 2. O‘xshash so‘z, ibora tushunchalarning tarjimonni aldab qo‘yishi. 3. Beparvolik, ma’suliyatsizlik, faromushxotirlik orqasida bilmay xatoga yo‘l qo‘yish [2:54]. Avvallari o‘zbek tiliga ko‘plab asarlar, jumladan, qardosh xalqlar adabiyoti na’munalari vositachi til ya’ni rus tili orqali tarjima qilingan. Bu jarayonning o‘ziga xos tomonlarini keng tahlil qilgan holda professor G‘.Salomov qardosh tillardan vositachi til orqali o‘girishni keskin qoralaydi: “Tarjimachilik amaliyotida kam uchraydiga bir tajriba so‘zsiz qoralanishi darkor: bu – qardosh tillarda yaratilgan kitoblarni ularning grammatik qurilish jihatidan uzoq tillarga qilingan tarjimasi orqali o‘girishdir” [4:71]. Darhaqiqat, bu jarayonda istaymizmi, yo‘qmi ikkinchi tilning ta’siri keyingisiga o‘z aksini ko‘rsatadi. Bu, albatta, asar mazmuniga ta’sir etmasdan qolmaydi. Demak, tarjima adabiyotlar shakllanishi, taraqqiyoti uchun muhim hodisa bo‘lib, muayyan xalqlarning ma’naviyati boyishida, bir-birlarini tushunishida, insonlarning o‘zaro ishonchi, insoniy fazilatlar uyg‘unlashuvida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, xalqlar orasidagi adabiy ko‘priklarni tarjimasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Tarjima adabiyotlar, ijodiy jarayonlar, adiblar, xalqlarni yaqinlashtirishga, qardoshlik, do‘stlik, hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishiga, milliy til va adabiyotlarning taraqqiy etishiga xizmat qiladi. Tarjima orqali barcha xalqlar bir-birining ma’naviy meroslaridan bahramand bo‘ladi. 487 Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Davlatov O. Adl ila olam yuzini obod qildim // Jadid adabiy, ilmiy-ma’rifiy gazetasi, 2024. – № 7. 6-b. 2. Ochilov E. Tarjima nazariyasi va amaliyoti. – Toshkent: Sharqshunoslik instituti, 2012. 124 b. 3. Қўчқоров Й. Жозибадор 100 жилдликнинг жилолари // Янги Ўзбекистон газетаси, 2023. – № 123. 6-б. 4. Саломов Ғ. Таржима назариясига кириш. – Тошкент: Ўқитувчи, 1978. 219 б. 5. Яркинова Б. Туркий тиллардан таржимада тарихий колоритнинг акс эттирилиши (Қирғиз адиби Т.Қосимбековнинг “Синган қилич” романи таржимаси мисолида): Филол фан. номз... дисс. – Тошкент, 2002.