TABRIK NUTQIY AKTINING MAVZUI GURUHLANISHI HAQIDA
Abstract
Tabrik nutqi hayotimizda eng ko‘p faoliyatda bo‘lgan epideyktik janrlardan biridir. Mazkur maqolada tabrik nutqiy aktining lingvistik tabiati, hosil bo‘lish omillari, nazariy ahamiyati va baho bilan munosabati kabi masalalar o‘rganilgan.
Full text
ISSN: 2582-4686 SJIF 2021-3.261,SJIF 2022-2.889, 2024-6.875 ResearchBib IF: 9.948 / 2024 VOLUME-5, ISSUE-10 153 TABRIK NUTQIY AKTINING MAVZUI GURUHLANISHI HAQIDA Xoliqulova Shoxista, 30-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Samarqand, O‘zbekiston E-mail: [email protected] Annotatsiya: Tabrik nutqi hayotimizda eng ko‘p faoliyatda bo‘lgan epideyktik janrlardan biridir. Mazkur maqolada tabrik nutqiy aktining lingvistik tabiati, hosil bo‘lish omillari, nazariy ahamiyati va baho bilan munosabati kabi masalalar o‘rganilgan. Kalit so‘zlar: nutqiy akt, baho, intentsiya, ekspressiv vazifa, kommunikativ vaziyat, illokutiv kuch, eksplitsit ifoda, perlokutiv maqsad, perlokutiv samara, pragmatik samara. Ma’lumki, kishilar til vositasida o‘zaro aloqaga kirishar ekanlar, unda qo‘llanilgan til birliklari vositasida tilning munosabat ifodalash, ta’sir qilish kabi xususiyatlari namoyon bo‘ladi. Kishilar til birliklaridan foydalanish bilan turli ruhiy holatlarni, quvonchu istaklari, orzu-umidlarini ifodalaydilar. Bu esa o‘z navbatida tilda ma’lum nutqiy ifodalarni - nutqiy aktlarni yuzaga keltiradi. Ana shunday nutqiy ifodalardan biri bo‘lgan tabrik nutqiy akti so‘zlovchining adresatga ijobiy munosabati, undan minnatdorligi ifodasi sifatida yuzaga keladi. Tabrik – baxt, omad, ezgulik tilash, qutlash kabi mazmundagi ifoda. Biror yaxshi (qutlug‘) kun, sana yoki erishilgan yutuq, yaxshilik munosabati bilan bildiriladigan qutlov so‘zlar[3.629-b.] tabrik aktini yuzaga keltirish uchun asos bo‘ladigan holatlardir. Tabrikning asosiy kommunikativ vazifasi – bu hurmatni ifodalash, xushmuomalalik, odob akti. Kimnidir tabriklash – demak, unga e’tibor qaratish, o‘zining emotsional holatini, simpatiyasini, munosabat nuqtai nazaridan suhbatdoshga bog‘langanligini ifodalash, unda yaxshi kayfiyat hosil qilish, o‘z hurmat-ehtiromiga shohidlik berish, o‘zi haqida eslatish, xullas, adresatda emotsional tuyg‘ular uyg‘otish hisoblanadi. Shunday qilib, mazkur nutqiy aktning asosiy vazifaviy yuki Dj.Syorl terminologiyasi bo‘yicha «ekspressiv vazifa»dir[2.S.184]. Tabrik nutqiy akti adresatga ma’lum bir xabarni yetkazadi: bayram nomi, kunlar nomi, tabrikni nomlash sababi. Shuning uchun tabrik orqali bir nomdagi nutqiy jamlanmada amalga oshiriladigan ikkinchi vazifa – bu informativlik. Bundan tashqari, bu etiketli formulani implitsit tarzda rasmiylashtirish usullari adresant haqidagi turli ijtimoiy xabarlarning mavjudligini ko‘rsatadi. Tabrik nutqiy akti o‘zining mohiyatini ifodalovchi bir qator vaziyatga bog‘liq holda yuzaga keluvchi ta’sirchanlik holatlariga ega: u so‘zlovchining his-tuyg‘ulari va munosabatini ifodalab adresatda oxiroqibatda ijobiy ta’sir uyg‘otishga yo‘naltiriladi. Tabiiyki, tabrik jarayonida adresant va adresat, tabrik uchun kommunikativ vaziyatning bo‘lishi shart bo‘lgan elementlar hisoblanadi. Agar ulardan birortasi mavjud bo‘lmas ekan, mazkur nutqiy akt sodir bo‘lmaydi. Ushbu nutqiy harakatning maqsadi o‘zaro samimiy munosabatni kerakli mezonda ushlab turishni ta’minlash, adresat bilan o‘zi o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni saqlab qolish hisoblanadi. Shu ma’noda, ta’kidlash mumkinki, tabrik muloqotchilar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni tartibga solib turuvchi harakatdir, u bundan tashqari boshqa sotsiativlarni ham – muloqot jarayonida maxsus xushmuomalalik, yaxshi istaklar bildirish muhitini yuzaga keltirish vazifasini ham bajaradi. Tabrikning bunday asosiy xususiyatlarini Yu.N.Marinin mazkur nutqiy aktda ifodaning asosiy «belgilovchi mezonlari» sifatida qaraydi [1.S.10-12]. Muallifning fikricha, bular ichida asosiylari
ISSN: 2582-4686 SJIF 2021-3.261,SJIF 2022-2.889, 2024-6.875 ResearchBib IF: 9.948 / 2024 VOLUME-5, ISSUE-10 154 illokutiv kuchning umumiyligi (hissiyotni ifodalash) va perlokutiv maqsad (javob emotsional ta’sirga erishish)dir. Bu adresatda ijobiy emotsional kayfiyat uyg‘otish va ifodalanishining kommunikativ vazifasidir. Bu tabrik nutqiy aktida eksplitsit ifodalanishi shart bo‘lmagan propozitsiyalarda o‘z aksini topishi mumkin. Bunda adresant tomonidan adresatning hayotidagi ijobiy baholashga arziydigan voqea-hodisalarni qamrab oladi. Tabrik nutqiy aktida vaziyat ijtimoiy xarakter kasb etadi, adresatga hurmat, u bilan aloqani saqlab qolish maqsadida o‘z samimiy hurmatini ifodalovchi leksik birliklarning qo‘llanilishi alohida ahamiyatga ega. Bundan tashqari tabriklarning asosiy o‘ziga xos xususiyatlari ularning takroriy, stereotip, qat’iy odat tusiga kirib qolgan ifodalarga boyligi hisoblanadi. Masalan, kishilar o‘rtasidagi tug‘ilgan kun, milliy bayramlar, tarixiy sanalar bilan bog‘liq tabriklarda asosan adresatning sog‘ligi, ishi, oilasiga aloqador tilak, istak bildiruvchi so‘zlar va jumlalar ishlatiladi hamda ular hayotning maishiy tomonlarini qamrab oladi. Jamiyatda ma’lum bir ijtimoiy mavqega ega bo‘lgan yirik allomalar, davlat arboblari bilan bog‘liq tabriklar ma’no ko‘lamining kengligiga ko‘ra oddiy tabriklardan farq qilsa, davlatlar rahbarlari o‘rtasidagi tabriklar esa siyosiy xarakterga ega bo‘ladi. Shuning uchun ularda rasmiy uslubga xos nutqiy shtamplar, siyosiy terminologiya yetakchilik qiladi va ular tabrik nutqiy akti pragmatik mazmunini belgilab beradi. Tabrik nutqiy aktining umumiy tavsifi quyidagi holatlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Tabrik nutqiy akti o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra bir qator ijtimoiy ekspressivlarni qamrab oladi: u so‘zlovchining adresatga (nutq qaratilgan shaxsga) ijobiy munosabatini va tabrik nutqi amalga oshishi jarayonida yuz beradigan his-tuyg‘ularni o‘zida aks ettiradi. Tabiiyki, tabrik yo‘llovchi va adresat, kommunikativ vaziyatning mavjud bo‘lishi tabrik aktining amalga oshishi uchun shart bo‘lgan elementlar hisoblanadi. Agar ulardan birortasi mavjud bo‘lmas ekan, mazkur nutqiy akt yuzaga chiqmaydi. Mazkur nutqiy harakat maqsadi aloqani kerakli mezonda ushlab turishni ta’minlash, adresat bilan o‘zi o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni saqlab qolish va bunda o‘ziga tegishli bo‘lgan hissiyotlarni, emotsional holatlarni ifodalashdan iborat. Shu ma’noda, ta’kidlash mumkinki, tabrik muloqotchilar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni tartibga solib turuvchi harakatdir, u bundan tashqari boshqa sotsiativlarni ham – muloqot jarayonida maxsus xushmuomalalik, yaxshi istaklar bildirish muhitini yuzaga keltirish vazifasini ham bajaradi. Tabrik klishe variantlari so‘zlovchining o‘z nutqi qaratilgan shaxsga ta’siri samarasining pragmatik qurilishi va uning aks etishini ifodalaydi. Yuqorida qayd etilganlarga asoslangan holda tabrikni jamiyat tomonidan qabul qilingan me’yorlar bilan bog‘liq bo‘lgan, nutq qaratilgan kishiga bo‘lgan ijobiy istakni ifodalovchi va u bilan kelajakda ham aloqalarni saqlab qolish ko‘zda tutilgan alohida nutqiy akt sifatida belgilash mumkin. Tabrik istakdan tan olish, madh etish, xushomad, maqtab aytiladigan so‘zlarga boyligi bilan ham ajralib turadi. Bular adresatning ma’lum bir yutuqlarga erishganligi, muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritganligi va ko‘pchilik tomonidan unga baho berilishi bilan bog‘liq. Masalan tabrik ma’lum bir kishining o‘qishga kirganligi bilan bog‘liq bo‘lsa, unda uning imtihonni muvaffaqiyatli topshirganligi, layoqatiga so‘zlovchining ijobiy bahosi eksplitsit tarzda aks etadi. Xushomad, maqtab aytiladigan gap-so‘zlarni doimo tabrikka nisbat berish yaramaydi, tabrik nutq qaratilgan shaxsning hayotda o‘z faoliyati davomida ma’lum bir yutuqlarga erishganligi yoki adresatning hayotidagi tantanali vaziyatlarni aks ettiradi. Bunda hodisaning natijasi xarakterini belgilovchi mezon – tabrik uchun asos hisoblanadi. Tabrik akti bir qator ekspressiv ifodalardan farqlanadi. Ekspressiv ifodalar nutq sub’ektining psixik holatini, uning nutq qaratilgan shaxsdan tashqari aks etuvchi axloqiy xattiharakati, o‘zini tutishi kabilarni ham ifodalaydi. Tabrik o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra istakdan
ISSN: 2582-4686 SJIF 2021-3.261,SJIF 2022-2.889, 2024-6.875 ResearchBib IF: 9.948 / 2024 VOLUME-5, ISSUE-10 155 ma’lum darajada farq qilib turadi. Bu nutqiy aktlarning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash uchun ularning har biriga xos xususiyatlarni o‘rganib chiqish lozim bo‘ladi. Tabrik va istak nutqiy akti o‘rtasidagi farq dastlab ularning vaqtga munosabatida ko‘rinadi. Tabrik nutq so‘zlanib turgan vaqtdan oldin yoki keyin vaziyatga ishora qilsa, istak esa unga nisbatan keyinroq yuzaga keluvchi, qolaversa, amalga oshishi noma’lum bo‘lgan voqea-hodisaning yuzaga chiqishiga bo‘lgan kuchli xohishni ifodalaydi. Ba’zan esa tabrik va ijobiy istak ma’lum bir nutqiy jarayonda o‘zaro mos kelib qolishi ham mumkin. Bunga tug‘ilgan kun munosabati bilan bildiriladigan tabrik va istaklarni misol qilib olish mumkin. Bu ikki nutqiy harakat voqeaning turli ko‘rinishlariga taalluqli. Istak adresat ishlarining kelgusida yaxshi bo‘lishi, rivojlanishi, muvaffaqiyatlarga erishishiga bo‘lgan umidni ifodalaydi. Tabrik esa quvonchni ifodalaydi. Buning zamirida adresat hayoti bilan bog‘liq quvonchli voqea, ishning yangi holatga kirganligi yotadi. Turli vaqtga taalluqlilik har ikkala nutqiy aktda ham farqlovchi mezonlar – ifodalanayotgan his-tuyg‘ularning har xilligida: tabriklash jarayonidagi ijobiy munosabatning ifodalanishini adresat bilan birgalikda quvonchni baham ko‘rish yoki ajratilgan quvonch sifatida baholash mumkin. Tabrik bildirishda so‘zlovchi adresat hayotida yaxshiliklar bo‘lishini his qiladi. Har ikki nutqiy harakat ham bevosita birin-keyin sodir bo‘ladi, tabrik jarayonida istak ham o‘z aksini topadi. Tabrik istakdan farqli ravishda iqror, maqtov, xushomad elementlariga ega bo‘lishi mumkin. Ular faqat maxsus holatlarda, adresat ma’lum yutuqlarga erishgan holatlarda uni baholashda qo‘llaniladi. Masalan, kirish imtihonini muvaffaqiyatli topshirilganligi uchun tabriklashda adresat imkoniyatlari eksplitsit tarzda ijobiy baholanadi. Tabrik adresat hayotida muvaffaqiyatlarga erishilgani yoki tantanali kun munosabati bilan bildiriladi. Bunda voqeaning natijaviy xarakteri – tabrik uchun asos muhim belgilovchi omil hisoblanadi. Demak, tabrik so‘zlovchining adresatga - nutq qaratilgan shaxsga bo‘lgan yaxshi munosabatining ifodasi deyish mumkin. Vaziyatlar tabrik uchun madaniy an’analar asosida belgilanuvchi sabablardir. Shuning uchun tabrik uchun asos sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin: 1) tug‘ilgan kun kabi odat tusiga kirgan tabriklar; 2) milliy-ma’naviy qadriyatlarni ifodalovchi «Navro‘z», «Qurbon hayiti», «Vatan himoyachilari kuni» kabi bayramlar; 3) adresatning maxsus yutuqlarga, muvaffaqiyatga erishganligi sababi. Masalan, sport, olimpiada kabilarda erishilgan yutuqlar. 3) adresatning to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirokisiz amalga oshgan baxtli voqealar. Tabrik so‘zining qo‘llanishining o‘ziyoq so‘zlovchining adresat hayoti bilan qiziqishidan dalolat beradi. Tabrikning bo‘lmasligi relevant vaziyatlarda so‘zlovchining adresatga qiziqishining susaygani yoki u bilan birgalik hissining yo‘qolganini ko‘rsatadi. Xususiy bayramlar va maxsus hodisalarning ahamiyati haqida ijtimoiy kelishuv tabrik otkritkalarining katta miqdorida aniq ko‘rinadi. Tabrikning bu yozma ko‘rinishidagi shu dalil qiziqarliki, lisoniy birliklarning namoyon bo‘lish imkoniyatlari o‘rni ko‘pincha originallik va rasmiylashtirilish bilan qoplanadi. Tabrik taomil sifatida o‘z navbatida adresatdan taomilga mos keluvchi minnatdorchilik bildiruvchi va perlokutiv samara beruvchi ifodalar bo‘lishini talab qiladi. Masalan o‘zaro aloqalarda yangi yil bilan bog‘liq tabriklarda javob mazmuni quyidagicha bo‘lishi mumkin.: Rahmat, Sizga ham sog‘liksalomatlik, uzoq umr, kelgusidagi ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman. Yangi yil Sizga ham bir qator omad va quvonchlar olib kelsin! kabi. Bunda muallif tomonidan turli til birliklari tanlansa-da, ular mazmunan bir maqsadga – tabrik nutqiy aktining yuzaga chiqishini ta’minlashga bo‘ysundiriladi. Tabrik, bizning nazarimizda, konvensionallashtirilgan nutqiy etiket harakati
ISSN: 2582-4686 SJIF 2021-3.261,SJIF 2022-2.889, 2024-6.875 ResearchBib IF: 9.948 / 2024 VOLUME-5, ISSUE-10 156 hisoblanadi. Chunki, uning ma’lumot yetkazuvchi qismi adresantning ijtimoiy va psixologik xususiyatlariga kam darajada bog‘liq bo‘ladi. Tabrik o‘ziga xos jarayon hisoblanadi. Yuqorida qayd etilganidek, tabriklash jarayoni shuni ko‘rsatadiki, so‘zlovchi adresat hayotidagi ayrim hodisalarni to‘g‘ri ijobiy baholaydi va milliy etiketga ko‘ra tabriklaydi. Demak, aytish mumkinki, tabriklash jarayonida biz turli hayotiy vaziyatlarni yuzaga keltiruvchi omillarga, lisoniy jamoaning madaniy an’analariga muvofiq keluvchi individual baholanuvchi reaktiv nutqiy aktga duch kelamiz. Masalan, uylanish, turmush qurish bilan bog‘liq holatlarda tabrik adresatning faqat uylanishi emas, balki so‘zlovchilarning fikriga ko‘ra uning turmush o‘rtog‘i tanlashda adashmaganligini ham aks ettiradi. Umuman olganda, tabrik nutqiy ifodasi muloqot jarayonida so‘zlovchining nutq qaratilgan shaxsga ijobiy munosabatini ifodalashda muhim ahamiyat kasb etadi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR: 1. Marinin Y.N. Rechekompleks «pozdravlenie». – Avtoref. … kand. filol. nauk: 10.02.19 – teoriya yazыka / Volgograd. gos. ped. un-t. – Volgograd, 1996. S. 10-12. 2. Serl Dj. Klassifikatsiya illokutivnыx aktov // Novoe v zarubejnoy lingvistike. Vыp.17: Teoriya rechevыx aktov. -M., 1986. S. 184. 3. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 3-jild. -Toshkent:O‘ME, 2007.-B.629.