Full text
ISSN: 2582-4686 SJIF 2021-3.261,SJIF 2022-2.889, 2024-6.875 ResearchBib IF: 9.948 / 2024 VOLUME-5, ISSUE-10 157 AKSIOLOGIK MAZMUNDAGI FRAZEOLOGIZMLARNING SEMANTIK-PRAGMATIK ASPEKTI Qilichboyeva Xurshida, Toshkent iqtisodiyot va pedagogika universiteti, Mustaqil izlanuvchi, Chirchiq, O‘zbekiston Annotatsiya: Mazkur maqola aksiologik mazmunni ifodalovchi frazeologik vositalar tahliliga bag‘ishlangan. Baho ifodalovchi frazeologizmlarni lingvopragmatikasini o‘rganish alohida ahamiyatga ega. Frazeologizmlar sotsiolingvistika, psixolingvistika, etnolingvistika, lingvokulturologiya kabi bir qator zamonaviy soha mutaxassislarining tadqiqotlarida asosiy mavzulardan biri. Muloqot jarayonida obrazli-ekspressiv frazeologizmlarning namoyon bo‘lishi, so‘zlovchining adresat bilan emotsional munosabati kabi masalalarni o‘rganish uchun ham muhim va dolzarb hisoblanadi. O‘zbek badiiy matnida baho ifodalovchi frazeologik birliklarning turli sharoitlarda, muayyan tamoyillar asosida, har xil vaziyatlarda turli maqsadlar bilan semantik, pragmatik xususiyatlari o‘rganilgan. Kalit so‘zlar: lingvopragmatika, baho, frazeologizm, ekspressiv baho, illokutiv nutqiy akt, perlokutiv akt, nutq vaziyati, predikat, komparativ frazeologizm, denotativ ma’no, konnotativ ma’no. Aksiologik baho – bu insonnning tabiiy va ijtimoiy olam qadriyatlarini anglash vositasi va uning voqelik faktlariga o‘z shaxsiy-individual qiziqishlari hamda manfaatlari nuqtai nazaridan ahamiyatini belgilashdir. Baho ifodalashda faol ishtirok etuvchi lisoniy vositalardan biri frazeologizmlar hisoblanadi. Frazeologizmlar o‘zining funksional-semantik xususiyatlariga ko‘ra ham baho ifodalash xususiyatiga ega bo‘lgan boshqa lisoniy vositalardan ajralib turadi. Ularning nutq jarayonida o‘rinli, maqsadga muvofiq holda qo‘llanishi esa pragmatik (hosila) ma’nolarning vujudga kelishi bilan bog‘liq. Pragmatika tilshunoslikning nazariy va amaliy tarmoqlaridan biri sifatida insonning ijtimoiy faoliyatini o‘zida mujassamlashtirgan nutqiy jarayon, nutqiy vaziyat ta’siri bilan namoyon qo‘llanuvchi kommunikativ niyat bilan bog‘liq tushunchalarni o‘rganadi. Pragmatika nutqiy aktning bevosita matn (kontekst) bilan munosabatini o‘rganadi. Nutqiy akt bilan kontekst (matn) o‘rtasidagi o‘zaro xilma-xil munosabat pragmatikaning asosiy o‘rganish obyekti sanaladi [4]. Ma’lumki, tildagi frazeologik birliklarni so‘zlar kabi nomlovchi va baholovchi xususiyatlarga ajratish mumkin. Frazeologizmlarda nomlashdan ko‘ra, baholash imkoniyati ancha yuqori turadi. Bunday frazeologizmlarda atash – denotativ ma’no, tasvirlash – konnotativ ma’no bilan uzviy aloqada bo‘ladi. Frazeologizmlar semantik strukturasida konnotativ ma’no baho bilan qavatlangan bo‘ladi. Shuning uchun ham munosabat ifodalanishida baho frazeologizmlar semantik strukturasining bir qismi sanaladi. So‘zlovchining ichki kechinmalarini ifodalovchi va tinglovchining hislariga ta’sir qiluvchi narsa ham xuddi ana shu holat bilan belgilanadi. Baholovchi frazeologizmlar strukturasidagi emotsionallik ham, ekspressivlik ham nutq jarayonida ta’sirchanlikni ta’minlovchi asosiy elementlar sanaladi. Aynan frazeologizmlarni lisoniy birliklardan farqli holda ob’ektiv reallikdagi muayyan voqea-hodisani nomlash uchun emas, balki unga nisbatan modal munosabatni ifodalash maqsadida yuzaga kelishi ham shu bilan belgilanadi. Badiiy adabiyot tili uchun ekspressivlik - obrazlilikning eng yuqori darajasi. Bunga til birliklarini (leksik, sintaktik, morfologik, fonetik) mahorat bilan qo‘llash orqali erishish mumkin. Emotsiya inson
ISSN: 2582-4686 SJIF 2021-3.261,SJIF 2022-2.889, 2024-6.875 ResearchBib IF: 9.948 / 2024 VOLUME-5, ISSUE-10 158 tomonidan ob’ektiv haqiqatni anglash jarayonida til, so‘zlar orqali aks etadi. So‘zlovchi insonning ruhiy, axloqiy, intellektual xususiyatini, xatti-harakatlarini baholashda frazeologizmlarga ham murojaat qilinadi. O‘xshatish oborotlar asosida yuzaga kelgan frazemalarda obrazlilik kuchli bo‘ladi: «tomdan tarasha tushganday», «bir qoshiq suv bilan yutguday», «oyog‘i kuygan tovuqday», «uzukka ko‘z solganday», «xamirdan qil sug‘urganday», «it bilan mushukday», «yog‘ tushsa yalaguday», «og‘ziga tolqon solganday», «osmondan tushganday», «to‘ygan qo‘ziday» kabilar. Bunday birliklar tilshunoslikda komparativ frazeologik birliklar deb yuritiladi[2]. Badiiy nutqda baholash vazifasiga ega bo‘lgan iboralar metaforalar va o‘xshatishlar bilan bir qatorda obrazlilik hosil qilishga bo‘ysundiriladi: «Qarshisida qadah, ushlab, yolborib turgan yigit respublikaning eng atoqli, eng o‘ktam, pichog‘i keskir, qo‘li uzun kishilaridan edi» (S.Ahmad. Jimjitlik). So‘zlovchining voqelikka nisbatan subyektiv bahosi salbiy yoki ijobiy munosabatda bo‘lishi mumkin. Ijobiy ottenkali aksiologik iboralarda quyidagi munosabat ma’nolari ifodalanadi: a) xursand ma’no munosabati ifodalanadi: Kanizaning mavqei o‘sib, viqor bilan boshlab borishi, qaynona va qaynotasining boshi osmonda, o‘zlarini qaerga qo‘yishni bilmay, qayta-qayta to‘shak, yakandoz solganlari, boobro‘ kuyovlarining ko‘ngli tog‘day o‘sganligi ko‘rinib ketdi.(T.Jo‘raev. Bozor dunyo) b) erkalash munosabati:-O‘sha qaynotangda, qurib ketgur, beldor, polvon yigit edi-da, bir kuni qurtga mayda barg terib yursam, ro‘paramdan chiqib qoldi, bir sinab ko‘ray dedim. (T.Jo‘raev. Bozor dunyo) v) kuchaytirish ma’nosi: U Kanizaning suq yonayotgan ko‘zlarini ko‘rib xavotiri yana oshdi.( T.Jo‘raev. Bozor dunyo) Salbiy ottenkali iboralarda quyidagi munosabat ma’nolari ifodalanadi: a) qarg‘ish:“Iching yonmay o‘l-a!” zimdan bir nigoh tashlab o‘yladi Kaniza.( T.Jo‘raev. Bozor dunyo); O‘lsin, og‘zini suvi oqmay, baytal ko‘rmagan ayg‘irga o‘xshaydi-ya, dedi Kaniza. (T.Jo‘raev. Bozor dunyo, 93-bet; -Bosib olgan bug‘doyizi gapirmaysiz? Imi-jimida sotib, ho‘ ajdaho o‘g‘illarizi domiga tiqyapsiz, bitta kenja qiz o‘libgina ketsin, ko‘ziga yosh oldi Kaniza. (T.Jo‘raev. Bozor dunyo) b) xushomad ma’nosi: - Hay, hay, hay, suf, ko‘z tegmasin-yey, tishga bosadigan bo‘lib ketibsiz-a, - suyildi, - palak tozada, palak. So‘ng Kanizaning yangi tovusini silarkan, qo‘shimcha qildi: - Hay, hay, ko‘z tegmasin-a, tuf-tuf! (T.Jo‘raev. Bozor dunyo) v) kinoya: Mana shu qora mag‘iz qishloqini poshshomizning ko‘ngillari tusab qolibdi.( T.Jo‘raev. Bozor dunyo) Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romanida Xadichaxon, Poshshaxon va Fazilatning suhbati jarayonida Xadicha va Poshshoxonlarning ko‘z harakatlari orqali kichik kundoshlari Sultonxonga munosabatini shunday mahorat bilan tasvirlaganki, ularning qalbidagi bor his-tuyg‘ulari, orzuistaklari noverbal vositalar (ko‘z harakatlari) orqali ifoda etilayotganini kishi ko‘z o‘ngida namoyon etadi: Ikkala kundoshning ko‘zlari birdaniga, o‘g‘il ko‘rganini xabar olgan otaning ko‘zlariday, ravshan bir olov bilan charaqladi. (50-bet). Bu misolda Cho‘lpon o‘xshatish orqali ikkala kundoshga ijobiy baho berish bahonasida ular ko‘zlarining charaqlashlari Sultonxonga nisbatan salbiy baho ekanligini yashirin tarzda ko‘rsatadi. Yoki ko‘z yordamida bir-birlariga sevinchli xabar berishlari, qutlashlari ikkala katta kundoshlarning o‘zaro munosabatlarida ijobiy baho ma’nosini ifoda etsa, shu bilan birga
ISSN: 2582-4686 SJIF 2021-3.261,SJIF 2022-2.889, 2024-6.875 ResearchBib IF: 9.948 / 2024 VOLUME-5, ISSUE-10 159 ularning Sultonxonga yana salbiy bahosini ham namoyon etmoqda. Lahza tasviri yakunida ikki kundoshning o‘sha ayyor ko‘zlari bilan bir-birlariga qarashi, quvonishlari orqali Sultonxonga salbiy bahosining hidi sezilib turibdi. Shuningdek, «hushi boshidan uchmoq», «gapi qochmoq», «sevinchi ichiga sig‘madi», «yuragida ot o‘ynamoq», «sichqonning ini ming tanga bo‘ldi», «ko‘ngli joyiga tushmaslik», «boshi toshga tegdi» singari ikki bosh bo‘lakli sodda gap modelidagi iboralar og‘zaki so‘zlashuv nutqida, badiiy va publitsistik asarlarda baholash-aniqlash, xarakterlash funksiyasini reallashtiradi: «Bo‘taboy qo‘shiqqa quloq solib ancha vaqtgacha uning xarakatlaridan ko‘z uzolmay qoldi. Devor mingan bu yigitning yuragida ot o‘ynaydi» (S.Ahmad. Hukm) Ekspressivlik munosabati doim semantik xarakterga ega. Ekspressivlikni bunday izohlash bemalol frazeologiyaga ham tadbiq qilinishi mumkin, chunki «frazeologizmlar nominativ ma’no va qo‘shimcha ottenkalarning ajralmas birligidan iborat bo‘lgan maxsus nutqiy figuralardir. Frazeologizmlarning ko‘pchiligi nutqda ma’lum uslubiy maqsadlar, ayniqsa, ekspressivlik uchun xizmat qiladi»[1]. Ko‘pgina frazemalarning semantik strukturasidagi kuchaytiruv semasi ularning ekspressivligini ko‘rsatishga vosita bo‘ladi. Bunday iboralarning ma’nosini, semantik strukturasini aniqlashda «juda, g‘oyat, kuchli, eng» kabi kuchaytiruv so‘zlaridan foydalaniladi. Masalan, quyidagi frazemalar kuchaytiruv semasiga ega, ular ekspressiv funksiya bajarishi bilan ajaralib turadi: «oralaridan qil ham o‘tmaydi» - juda inoq; «tilni yoradi» - ta’mi nihoyatda shirin: «ichidan qirindi o‘tib ketdi» - qattiq tashvishlandi; «yog‘ tushsa yalaguday - niqoyat darajada toza, ozoda»; «ko‘ziga dunyo qorong‘ilashdi» - qattiq xafa bo‘ldi; «o‘pkasi og‘ziga tiqilib» - ortiq darajada hayajonlanib; «yuk ham bo‘lmaydi» - nihoyatda oz, kam; «yutaman deydi» - juda vahimali, qo‘rqinchli kabilar. Lekin shuni ham unutmaslik zarurki, FBlarning ekspressivligi faqat ularning semantik strukturasida kuchaytiruv ottenkasining mavjudligiga bog‘liq emas. Shunga ko‘ra, ekspressivlikni faqat semantik kategoriya deb hisoblab bo‘lmaydi. Masalan, ibora tarkibidagi fonetik, leksik va grammatik o‘zgarishlar ekspressivlik darajasining kuchayishiga sabab bo‘ladi va pragmatik yuk oladi: a) fonetik o‘zgarish tufayli ekspressiv baho munosabatining kuchayishi: sochi tikka bo‘ldi - sochi tip-tikka bo‘ldi; ko‘ngli qora - ko‘ngli qop-qora; ko‘ngli toza - ko‘ngli top-toza; joni chiqib-ketdi - jon-poni chiqib ketdi kabilar; b) grammatik o‘zgarish tufayli ekspressiv baho munosabatining kuchayishi: nafasi ichiga tushib ketdi - nafaslari ichiga tushib ketdi; ko‘zi qiymaydi - ko‘zlari qiymaydi - ko‘zginasi qiymaydi; ko‘zining paxtasini chiqarmoq - ko‘zlarining paxtasini chiqarmoq kabilar; v) leksik o‘zgarish tufayli ekspressiv baho munosabatining kuchayishi: ko‘ngliga urmoq – ko‘ngliga zig‘ir yogday, urmok; ko‘kragi ko‘tarildi - ko‘kragi tog‘day ko‘tarildi; ko‘zi to‘rt bo‘lib – ikk i ko‘zi to‘rt bo‘lib: ko‘zi ochildi – ko‘zi moshday ochildi; ko‘ziga ko‘rinmaslik – ko‘ziga oq-qora ko‘rinmaslik; jigari ezildi - jigar-bag‘ri ezildi; ichi yorilguday bo‘ldi; - ichi tars yorilguday bo‘ldi; jigaridan urmoq – jigar-bag‘ridan urmoq; kovushini to‘g‘rilamoq – kovushiki to‘g‘rilab qo‘ymoq; ichini yemoq – ich-etini yemoq kabilar. To‘g‘ri, frazeologizmlarning ekspressivlik vazifasi leksemalar ekspressivligidan farq qiladi. Frazeologizm tilning estetik vazifasi namoyon bo‘ladigan eng yorqin elementlardan biridir. Frazeologizmlar «ekspressiyani vujudga keltiruvchi eng muqim vositalardan biri» sifatida maydonga chiqadi. Shuning uchun umumiy metaforik ma’noli («qo‘li gul», «oq oltin» kabi) iboralar va emotsionallik xarakterli bo‘lgan («tili tutildi», «baxtini bersin» singari) iboralar tilimizning eng yorqin ekspressiv vositalari hisoblanadi.
ISSN: 2582-4686 SJIF 2021-3.261,SJIF 2022-2.889, 2024-6.875 ResearchBib IF: 9.948 / 2024 VOLUME-5, ISSUE-10 160 Ekspressiv baho munosabati ko‘pgina iboralarning ajralmas tarkibiy qismi sanaladi. Shuning uchun iboralarning ekspressivlik manbalari faqat obrazlilik, emotsionallik va kuchaytiruv semasi bilan cheklanib qolmaydi, balki pragmatik ma’nolarni ifodalaydi. Professor B.Yo‘ldoshev yana quyidagi vositalarni ham iboralar tarkibida uning ekspressiv baholash vazifa bajarishini ko‘rsatib bergan[3]: a) antiteza asosida qurilgan iboralar: «na o‘lik, na tirik», «bir oyog‘i yerda, bir oyogi go‘rda»; g‘am bo‘yinga bog‘langan tosh bo‘lsa, quvonch yelkadan o‘sib chiqqan qanot» kabilar; b) qofiya asosiga qurilgan iboralar: «ishni qiladi Eshmat, lofni uradi, Toshmat», «yo xud, yo bexud», «ipak ko‘ylakka chit yoqa» kabilar; v) giperbola va litota asosiga qurilgan iboralar: «oyog‘i olti, ko‘li yetti bo‘lib», «jonini jabborga berib», «ikki dunyo bir qadam», «suv qilib ichmoq» kabilar; g) so‘z o‘yini asosiga qurilgan iboralar: «qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi», «oyog‘ini to‘rtta qilib qo‘ymoq», «axmoqqa to‘qmoq» kabilar. Ko‘rinadiki, iboralarning asosiy qismi ekspressiv yo‘nalishning mavjudligi bilan xarakterlanadi. Lekin ularning uslubiy qo‘llanishi faqat ekspressiv vazifa bajarish bilan cheklanmaydi. O‘zbek tili frazeologik tizimida uslubiy ma’noli iboralarning xarakterli belgisi bir vaqtning o‘zida bir necha uzual va okkazional ma’no ifodalashi hamda pragmatik vazifalarni bajarishdir. Quyida “O‘tgan kunlar” romanidan olingan parchaga e’tibor qarating: Usta Alimni hikoya tinglamak uchun hozirlang‘an ko‘rgach, Otabek dedi: – Tahoratning sababi yodingizdan ko‘tarildi shekillik! – Ko‘tarilgani yo‘q, Otabek, yomonning janozasidan yaxshining hikoyasi foydalik ko‘rinadir... Qani, so‘zdan keling! (Abdulla Qodiriy. O‘tgan kunlar) Bu diskursda “yomonning janozasidan yaxshining hikoyasi foydalik” okkazional iborasida “yaxshi” bilan “yomon”, “janoza” bilan “hikoya” so‘zlari kontrast holda qo‘llanilgan va o‘ziga xos pressuppozitsion pragmatik yuk olgan. Umuman olganda, frazeologizmlar so‘zlovchining subyektiv munosabatini, fikrini obrazli ifodalashda muhim vosita hisoblanadi. Albatta, frazeologizmlarni kognitiv, stilistik va pragmatik vazifa bajarishi kabi imkoniyatlari muloqot jarayonida, ya’ni nutq matnida aniqlanadi, iboralarning lug‘atlarda beriladigan holati bilan nutq tarkibidagi faoliyati o‘rtasida tenglik yo‘q. Iboralar matnda o‘z ma’no nozikliklarini kengaytiradi, ko‘p ma’noli iboraga aylanadi, ularning komponent tarkibi va ma’nosida o‘zgarish, siljish sodir bo‘ladi hamda turli xil ma’no pragmatik vazifalarni ifodalaydi. Adabiyotlar 1.Абдуллаев А. Ўзбек тилида экспрессивлик ифодалашнинг синтактик усули. – Тошкент: Фан, 1987. – 88 б. 2. Гизатова Г.К. Компаративные фразеологические единицы современного татарскоо литаратурного языка, 1983.- С. 36. 3. Йўлдошев Б. Фразеологик услубият асослари.- Самарқанд. 1999, -Б. 71. 3. Нурмонов А., Ҳакимов М. Лингвистик прагматиканинг назарий шаклланиши // Ўзбек тили ва адабиёти, 2001, 4-сон, 55-бет.