Full text
9 https://www.asr-conference.com/ I SHO‘BA: Sifatli ta’lim – barqaror taraqqiyot kafolati: xorijiy tajriba va mahalliy amaliyot TURIZM VA MADANIY MEROSNI O‘QITISHDA O‘ZBEKISTON TAJRIBASI VA XALQARO AMALIYOT Muallif: Qodirov Najmiddin Ne’matovich 1, Pardayev Muxriddin Xusniddinovich 2 Affiliyatsiya: Xalqaro Nordik universiteti, Ijtimoiy fanlar va jurnalistika kafedrasi mudiri., t.f.n., dotsent 1, Xalqaro Nordik universiteti, Ijtimoiy fanlar va jurnalistika kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD 2 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17324890 ANNOTATSIYA Ushbu maqolada O‘zbekistonda turizm ta’limi va uning xalqaro tajriba bilan taqqoslanishi tahlil qilinadi. Respublikaga tashrif buyuruvchi xorijiy turistlarning sayohatining asosiy sababi O‘zbekistoning tarixiy va madaniy meros obyektlari bo‘lsa-da, oliy ta’lim tizimi turizm dasturlarida mazkur yo‘nalish yetarlicha aks etmaydi. Tadqiqot metodologiyasi xorijiy universitetlarning “Turizm va mehmondo‘stlik” hamda “Turizm boshqaruvi” dasturlarini O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari dasturlari bilan solishtirishga asoslangan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Avstraliya va Xitoyda oliy o‘quv yurtlari turizm dasturlarida tarix, arxeologiya, san’at va madaniy meros fanlari majburiy yoki tanlov kurslari sifatida o‘qitiladi. O‘zbekistonda esa turizm yo‘nalishlarida ushbu fanlar aksariyat hollarda o‘qitilmaydi, ko‘proq xizmat ko‘rsatish sohasiga kadr tayyorlashga e’tibor beriladi. Maqolada turizm dasturlariga tarixiy-madaniy kurslarni kiritish, maydon amaliyotlari va merosni saqlashga yo‘naltirilgan ta’limni kuchaytirish zarurligi asoslab beriladi. Kalit so‘zlar: Turizm ta’limi, Madaniy meros, Xalqaro tajriba, Oliy ta’lim, O‘zbekiston, Tarixiy turizm, Arxeologiya, UNESCO, Turizm boshqaruvi, Xizmat ko‘rsatish sohasi. KIRISH O‘zbekiston boy tarixiy o‘tmish va madaniy merosga ega davlat sifatida xalqaro turizm bozorida alohida o‘rin tutadi. O‘tgan 2024-yilda respublikaga kelgan xorijiy turistlar soni 10,2 million nafarni tashkil etgan, Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-avgust oylarida turistik maqsadlarda kelgan xorijliklar soni 7,5 million nafardan oshgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 2,5 millionga ko‘p bo‘lib, 49,1 foiz o‘sish demakdir [1; 2]. Mamlakatga sayohat maqsadida tashrif buyuruvchi turistlarning asosiy oqimi tarixiy turizmga yo‘naltirilganligi hech kimga sir emas. O‘zbekiston hukumati va soha vakillarining ushbu sohadagi ustuvor yo‘nalishi va istiqbollari ham aynan qadimgi shaharlar va madaniyat bilan belgilanadi [3; 4]. Shu jihatdan, ushbu sohaga sifatli kadrlar yetkazib berish birlamchi vazifa sanaladi. O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimida turizm sohasi ko‘proq “Turizm va mehmondo‘stlik” hamda “Turizm boshqaruvi” yo‘nalishlari asosida shakllangan. Ushbu yo‘nalishlarda tahsil olgan talabalar xalqaro va milliy turizm industriyasi uchun mutaxassis bo‘lib yetishadi. Ularning faoliyat sohasi turli xizmat ko‘rsatish, boshqaruv, marketing, hamkorlik va turizm infratuzilmasini rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘ladi. Ya’ni ushbu yo‘nalishni tugatgan talabalardan turistik kompaniya va turoperator xodimlari, mehmonxona va “RAQAMLI TRANSFORMATSIYA DAVRIDA PEDAGOGIK TA’LIMNI RIVOJLANTIRISH ISTIQBOLLARI”
10 https://www.asr-conference.com/ I SHO‘BA: Sifatli ta’lim – barqaror taraqqiyot kafolati: xorijiy tajriba va mahalliy amaliyot mehmonxona tarmoqlari menejerlari, restoran va ovqatlanish sohasi mutaxassislari, ekskursovod va gid-tarjimonlar, event-menejerlar va turizm marketingi mutaxassislari yetishib chiqadi. Biroq, mamlakatda asosiy sayyohlar oqimi tarixiy turizm ekanligiga qaramasdan, tarixiy-madaniy meros sohasidagi mutaxassislar, ularni saqlash va boshqarish ishlari bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar tayyorlaydigan “Turizm va madaniy meros” (Cultural Heritage and Tourism) yo‘nalishi rivojlanmagan. Faqatgina, Samarqanddagi Xalqaro Ipak yo‘li universitetida ushbu yo‘nalish bo‘yicha ta’lim berib boriladi. Bundan tashqari, aksariyat turizm yo‘nalishlari dasturlarida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari va arxeologik merosi bilan bog‘liq fanlar na majburiy fanlar va na tanlov fanlari blokidan o‘rin olmagan. Bu esa kadrlar tayyorlash jarayonida madaniy merosni chuqur o‘rganish, obidalarni talqin qilish va saqlash kompetensiyalari yetarlicha shakllanmasligiga olib keladi. Shuningdek, turizmning faqatgina xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlanib, u bir yoqlama harakterga ega bo‘ladi. Bu borada xorij tajribasi va O‘zbekiston amaliyoti bilan taqqoslab tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va takliflar ishlab chiqish ushbu tezisning asosiy maqsadidir. METODOLOGIYA Tadqiqot quyidagi bosqichlarda amalga oshirildi: 1. Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Avstraliya, AQSh va Xitoy kabi mamlakatlarning nufuzli universitetlarida turizm va madaniy meros yo‘nalishlari dasturlari o‘rganildi. 2. O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalaridagi turizm yo‘nalishlari o‘quv rejalari bilan taqqoslandi. 3. Modul nomlari va fanlarning majburiy yoki tanlov fanlari shaklida kiritilishi aniqlab chiqildi. Olingan ma’lumotlar tahlili amalga oshirildi. NATIJALAR Tahlil shuni ko‘rsatdiki, xorijiy universitetlarda “Turizm va mehmondo‘stlik” hamda “Turizm boshqaruvi” yo‘nalishlarida tarix fanlariga ham alohida e’tibor beriladi. Chunki turizmning asosiy mazmuni – madaniy meros, tarixiy obidalar va milliy qadriyatlarni targ‘ib qilish bilan chambarchas bog‘liq. Shundan kelib chiqib, xalqaro universitetlarda madaniy meros va turizm dasturlarida tarix va arxeologiya fanlari markaziy o‘rin tutadi. Jumladan: − De Montfort University (Buyuk Britaniya): Investigating the Past: Theory and Method , Heritage Sites: Interpretation and Management , Tourism, Society and Culture kabi fanlar majburiy hisoblanadi [5]. − University of Westminster (Buyuk Britaniya): Heritage Tourism tanlov fani sifatida, biroq Destination Management va Planning for the Visitor Economy kabi majburiy fanlar orqali madaniy meros ( heritage ) xususiyatlari yoritiladi [6]. − University of Malta: Heritage and Cultural Tourism Management va Heritage Interpretation kabi kurslar turizm dasturlarida mavjud bo‘lib, ayrim hollarda majburiy, ayrim hollarda tanlov sifatida kiritilgan [7]. − Macau University of Science and Technology: Cultural Heritage Management , Museum, Exhibition and Collection Management , Visitor Management and Interpretation kabi kurslar asosiy blok sifatida o‘qitiladi [8].
11 https://www.asr-conference.com/ I SHO‘BA: Sifatli ta’lim – barqaror taraqqiyot kafolati: xorijiy tajriba va mahalliy amaliyot Bundan tashqari, xorijiy universitetlarning Turizm va mehmondo‘stlik” hamda “Turizm boshqaruvi” yo‘nalishlari o‘quv dasturlarida talabalarga quyidagi tarixiy fanlar o‘qitiladi: − World History / World Civilizations – jahon tarixi, qadimgi sivilizatsiyalar haqida umumiy ma’lumot berish uchun; − History of Tourism – turizm tarixining bosqichlari, sayohat madaniyati taraqqiyotini tushunish uchun; − Cultural Heritage and History – madaniy meros, tarixiy yodgorliklar va ularning turizmda o‘rni bilish uchun; − History of Art and Architecture – san’at va me’morchilik tarixi, muzey va yodgorliklarni tushunish uchun; − History and Culture of Destination Countries – aniq mamlakat yoki mintaqaning tarix-madaniyatini (masalan, Yevropada “European History for Tourism” kursi, Osiyoda “Asian Civilizations and Tourism” kursi) bilish uchun; Ushbu o‘quv kurslarini o‘qitishdan sabab talabalarda tarixiy bilim asosida turizm xizmatlarini mazmunan boyitish ko‘nikmasini shakllantirish, gid-tarjimonlar va turoperatorlar uchun ilmiy asoslangan ma’lumot berish imkonini yaratish barobarida turizmni faqat xizmat emas, balki ilmiy-ma’rifiy faoliyat sifatida rivojlantirish maqsadidan kelib chiqiladi. Bundan tashqari, UNESCO, ICOMOS kabi xalqaro tashkilotlar turizmni faqat xizmat ko‘rsatish emas, balki merosni muhofaza qilish va barqaror rivojlantirish bilan bog‘lashni talab qilishadi. Ya’ni ushbu fanlardan munosib bilimlarni egallamagan shaxslar bilan xalqaro grant va hamkorlik loyihalaridan chetda qolish ehtimoli ortadi. Shu sababli ham Yevropa universitetlarida turizm va mehmondo‘stlik, shuningdek, turizm boshqaruvi yo‘nalishlari nafaqat xizmat ko‘rsatish va menejment fanlarini, balki tarix, san’at va madaniy meros bilan bog‘liq kurslarni ham qamrab oladi. Masalan, Italiyadagi Pisa universitetining “Tourism Sciences” dasturida Art History and Museology hamda Contemporary History kabi fanlar majburiy tarzda o‘qitiladi [9]. Ispaniyaning Granada universiteti bakalavriat dasturida esa Cultural Heritage va Spanish-Historical Artistic Heritage fanlari kiritilgan bo‘lib, talabalarni tarixiy-madaniy meros bilan tanishtirishga qaratilgan [10]. Jaen universitetida ham turizm dasturi “History of Art and Geography” bo‘yicha tayanch bilimlarni o‘z ichiga oladi [11]. Germaniyada faoliyat yuritayotgan Brandenburg University of Technology Cottbus-Senftenberg magistratura bosqichidagi “Heritage Conservation & Site Management” dasturida esa Archaeology , Heritage Conservation va Principles of Tourism and Visitor Management kabi kurslar asosiy modullar sifatida o‘qitiladi [12]. Shuningdek, Buyuk Britaniya, Xitoy va Avstraliya davlatlarida ham turizm ta’limi nafaqat boshqaruv va xizmat ko‘rsatish fanlari, balki tarix va madaniy merosga oid kurslarni ham qamrab oladi. Masalan, Buyuk Britaniyadagi University of Surreyning “Tourism Management” dasturida Tourism History and Development fani mavjud bo‘lib, talabalarga turizmning shakllanish jarayonlari va tarixiy rivojlanishini o‘rganish imkonini beradi [13]. Hong Kong Metropolitan University’da “Heritage and Tourism” nomli kurs mavjud. U madaniy merosni saqlash, turizmda o‘zaro bog‘liqlik masalalarini o‘rgatadi [14]. Shuningdek, Avstraliyadagi University of Queensland dasturida History of Tourism hamda Cultural Heritage Management fanlari kiritilgan bo‘lib, turizmni tarixiy taraqqiyot va merosni boshqarish nuqtayi nazaridan tahlil qilish imkoniyati yaratilgan [15].
12 https://www.asr-conference.com/ I SHO‘BA: Sifatli ta’lim – barqaror taraqqiyot kafolati: xorijiy tajriba va mahalliy amaliyot O‘zbekistonda esa holat boshqacha: Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetidan tashqari, boshqa oliy ta’lim dargohlarining dasturlarida madaniy merosga ixtisoslashgan yo‘nalish mavjud emas. Aksariyat universitetlarda turizm dasturlari asosan menejment, marketing va mehmondo‘stlikka yo‘naltirilgan. Tarix va arxeologiya kurslari majburiy blokka kiritilmagan, tanlov fani sifatida ham deyarli uchramaydi. MUHOKAMA Chet el tajribasi shuni ko‘rsatadiki, turizm sohasi nafaqat iqtisodiy jarayon sifatida, balki tarixiy-madaniy resurslarni chuqur anglashga asoslangan holda o‘qitiladi. Talabalarga arxeologiya asoslari, tarixiy metodologiya, merosni interpretatsiya qilish va saqlash, muzeyshunoslik kabi fanlar majburiy tarzda o‘rgatiladi. Bundan tashqari, talabalarning dala amaliyoti ( field trips ), muzey va arxiv ishlarida ishtiroki dastur tarkibida muhim o‘rin tutadi. Natijada, yetakchi xorijiy universitetlarining turizm sohasi talabalari tarixiymadaniy bilimlar bilan ham qurollantiriladi va bu esa ularning professional tayyorgarligini yanada chuqurlashtiradi. O‘zbekistonda esa turizm kadrlarini tayyorlashda tarixiy-madaniy kontekst yetarli darajada hisobga olinmaydi. Bu holat, mamlakatning asosiy turistik oqimi tarixiy turizmga asoslanganini inobatga olganda, strategik jihatdan muammoli vaziyatni yuzaga keltiradi. Jumladan, eng katta muammo tarixiy-madaniy merosni saqlash masalasi bo‘lib, madaniy-merosning boshqaruvi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmasa, tarixiy-arxeologik yodgorliklar va shaharlar ularning holati doimiy o‘rganilmasa va saqlanmasa, bu ularning asta-sekin buzilib ketadi. Bu bilan O‘zbekistonning turistlarni jalb qiladigan asosiy boyligi – madaniy meros yo‘qotiladi. Shuningdek, faqatgina xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlanib, uning mazmuni – tarixiy-madaniy kontenti yetarli bo‘lmaydi. Natijada, turizm faqat ko‘ngilochar-party yo‘nalishga og‘ib, tarix, etnografiya va madaniy qadriyatlar ikkinchi planga tushadi va turizm bir yoqlama rivojlanadi. Nihoyat, agar merosni chuqur biladigan mutaxassislar tayyorlanmasa, gidlar va turizm marketingchilari yuzaki, tarixiy kontekstga ega bo‘lmagan ma’lumotlar bilan cheklanadi va bu xalqaro turistlar ko‘z o‘ngida mamlakatga bo‘lgan qiziqishni susaytiradi. XULOSA O‘zbekistonda turizm dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish zarur. Bunda “Turizm va Madaniy Meros” yo‘nalishlariga urg‘uni kuchaytirish, turizmning boshqa yo‘nalishlarida tarix, arxeologiya, konservatsiya va interpretatsiya fanlari majburiy blok sifatida o‘quv dasturlariga kiritilishi kerak. Talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun arxeologik obidalar, muzeylar va tarixiy shaharlarda maydon amaliyotlarini tashkil etish maqsadga muvofiq. Ushbu takliflar amalga oshirilsa, O‘zbekistonda turizm sohasi nafaqat iqtisodiy samaradorlik, balki madaniy merosni asrab-avaylash va xalqaro miqyosda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash bo‘yicha ham sezilarli yutuqlarga erishishi mumkin.
13 https://www.asr-conference.com/ I SHO‘BA: Sifatli ta’lim – barqaror taraqqiyot kafolati: xorijiy tajriba va mahalliy amaliyot FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1. https://parliament.gov.uz/news/islohotlar-markazida-xalqimiz-farovonligi 2. https://zamin.uz/uz/ozbekiston/161988-ozbekistonga-turistlar-oqimikeskin-oshdi-8-oyda-75-million-kishi-tashrif-buyurdi.html 3. https://strategy.uz/index.php?news=1959&lang=en 4. Mamarejabovna, T. S. (2025). Tourism Growth Challenges and Strategic Development Priorities in Uzbekistan. Academia Open, 10(2), 10-21070. 5. De Montfort University. (n.d.). History, Heritage and Tourism BA (Hons). Retrieved September 30, 2025, from https://www.dmu.ac.uk/study/courses/undergraduate-courses/historyheritage-tourism/history-heritage-tourism.aspx 6. University of Westminster. (n.d.). Tourism Management BA Honours. Retrieved September 30, 2025, from https://www.westminster.ac.uk/tourism-and-events-managementcourses/2026-27/september/full-time/tourism-management-ba-honours 7. University of Malta. (n.d.). Heritage and Cultural Tourism Management (Study Unit TRS2211). Retrieved September 30, 2025, from https://www.um.edu.mt/courses/studyunit/TRS2211 8. Macau University of Science and Technology. (n.d.). Bachelor in Tourism Management — Course Description. Retrieved September 30, 2025, from https://www.must.edu.mo/en/fhtm/programme/bachelors-degreeprogramme/course-description 9. University of Pisa. (n.d.). Tourism Sciences (STRR-L). Retrieved September 30, 2025, from https://www.unipi.it/en/education/courses/bachelor-andsingle-cycle-master-degree/tourism-sciences-strr-l-en/ 10. University of Granada. (n.d.). Bachelor’s Degree in Tourism. Retrieved September 30, 2025, from https://www.ugr.es/en/study/undergraduate/bachelors-degree-tourism 11. University of Jaén. (n.d.). Bachelor’s Degree in Tourism. Retrieved September 30, 2025, from https://www.ujaen.es/estudios/ofertaacademica/en/undergraduate-programs/bachelors-degree-tourism 12. Brandenburg University of Technology Cottbus-Senftenberg. (n.d.). Master in Heritage Conservation and Site Management. Retrieved September 30, 2025, from https://www.mastersportal.com/studies/188828/heritageconservation-and-site-management.html 13. University of Surrey. (2023–2024). Tourism Management (MAN1067). Module Catalogue. Retrieved September 30, 2025, from https://catalogue.surrey.ac.uk/2023-4/module/MAN1067/SEMR2/2 14. Hong Kong Metropolitan University. (2023). CAHT A803F Heritage and Tourism. Retrieved September 30, 2025, from https://www.hkmu.edu.hk/admissions/course-info/caht-a803f 15. The University of Queensland. (n.d.). Heritage Management Postgraduate Program. School of Social Science. Retrieved September 30, 2025, from https://social-science.uq.edu.au/postgraduate/heritage-management