scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

MULOQOTDA DIQQATNI JALB QILISH VA UNI BOSHQARISH

Zarifa Normurodova; Jomg'irova Nilufar

Abstract

Ushbu maqolada professional muhitda muloqot jarayonida diqqatni jalb qilish va uni boshqarishning zamonaviy usullari, strategiyalari va ahamiyati tahlil qilinadi. Bugungi raqobatbardosh ish muhitida har qanday mutaxassis uchun samarali muloqot yurita olish, ayniqsa, suhbatdosh yoki auditoriya e’tiborini o‘ziga qaratish va uni ushlab turish ko‘nikmasi juda muhim sanaladi. Maqolada og‘zaki va noverbal muloqot vositalari orqali diqqatni boshqarish, ovoz ohangi, tana tili, savol-javob shakllari, muloqotda samaradorlikni oshiruvchi texnikalar haqida fikr yuritiladi.

Full text

280 ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 10 MULOQOTDA DIQQATNI JALB QILISH VA UNI BOSHQARISH Zarifa Normurodova Termiz davlat universiteti o‘qituvchisi. Jomg‘irova Nilufar Termiz davlat universiteti 3-bosqich talabasi. https://doi.org/10.5281/zenodo.17344031 Annotatsiya. Ushbu maqolada professional muhitda muloqot jarayonida diqqatni jalb qilish va uni boshqarishning zamonaviy usullari, strategiyalari va ahamiyati tahlil qilinadi. Bugungi raqobatbardosh ish muhitida har qanday mutaxassis uchun samarali muloqot yurita olish, ayniqsa, suhbatdosh yoki auditoriya e’tiborini o‘ziga qaratish va uni ushlab turish ko‘nikmasi juda muhim sanaladi. Maqolada og‘zaki va noverbal muloqot vositalari orqali diqqatni boshqarish, ovoz ohangi, tana tili, savol-javob shakllari, muloqotda samaradorlikni oshiruvchi texnikalar haqida fikr yuritiladi. Kalit so‘zlar: diqqatni jalb qilish, muloqot, kommunikatsiya, professional muhit, nutq madaniyati, tana tili, ovoz ohangi, tinglovchi psixologiyasi, ta’sirchanlik. ATTRACTING AND MANAGING ATTENTION IN COMMUNICATION Abstract. This article analyzes the importance and strategies of attracting and managing attention in communication within a professional environment. In today’s competitive world, the ability to effectively capture and hold the listener's attention has become a key skill for professionals. The article explores verbal and non-verbal communication techniques, tone of voice, body language, question-and-answer formats, and attention-enhancing methods. Keywords: attracting attention, communication, professional environment, speech culture, body language, tone of voice, communication effectiveness, psychology of li stening, influence. ПРИВЛЕЧЕНИЕ И УПРАВЛЕНИЕ ВНИМАНИЕМ В ОБЩЕНИИ Аннотация. В статье анализируются современные методы, стратегии и значение привлечения и управления вниманием в процессе профессионального общения. В современной конкурентной рабочей среде умение эффективно общаться, особенно умение привлекать и удерживать внимание собеседника или аудитории, считается крайне важным для любого специалиста. В статье рассматривается управление вниманием посредством вербальных и невербальных средств коммуникации, тона голоса, языка тела, вопросно-ответных форм общения, а также приёмов, повышающих эффективность коммуникации. Ключевые слова: привлечение внимания, диалог, общение, профессиональная среда, культура речи, язык тела, тон голоса, психология слушателя, впечатлительность. Insonning kundalik hayoti muloqotsiz kechmaydi. Har qanday faoliyat – o‘qitish, rahbarlik, ijod, hatto oddiy hayotiy munosabatlar ham samarali muloqotga tayanadi. Muloqotning muvaffaqiyati esa faqatgina so‘z boyligiga emas, balki uni to‘g‘ri yetkazish, tinglovchini jalb etish va emotsional aloqa o‘rnatish ko‘nikmalariga ham bog‘liq. Shu sababli, bugungi kunda samarali muloqot insonning ijtimoiy, kasbiy va shaxsiy muvaffaqiyatining asosiy omillaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Bugungi kunda har qanday soha vakili uchun samarali muloqot yurita olish qobiliyati, ayniqsa diqqatni jalb qilish va uni boshqarish – muvaffaqiyat garovidir. 281 ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 10 Zamonaviy ish muhitida shaxsiy fikrni aniq, tushunarli, qiziqarli va ta’sirchan tarzda yetkazish – nafaqat aloqa samaradorligini ta’minlaydi, balki professional obro‘, jamoa ichidagi ishonch va yetakchilik sifatlarining shakllanishiga ham xizmat qiladi. Professional muhitda muvaffaqiyatga erishishda samarali muloqot muhim o‘rin egallaydi. Ayniqsa, suhbat davomida tinglovchining diqqatini jalb qilish va uni boshqarish – bu nafaqat notiqlik san’ati, balki psixologik tushuncha, ishonch uyg‘ota olish, ta’sirchanlik va auditoriya bilan bog‘lanish qobiliyatini ham talab etadi. Muloqot jarayonida suhbatdoshning diqqatini jalb qilish bir nechta asosiy vositalar orqali amalga oshiriladi. Ta’lim samaradorligiga erishishda diqqatning o‘rni beqiyosdir. Diqqati kuchli bo‘lgan o‘quvchilar, talabalar darslarni yaxshiroq tushunadi, bilimlarni tezroq egallaydi va mustaqil ishlashda muvaffaqiyatga erishadi. Shu bois ta’lim jarayonida diqqatni rivojlantirish va uni boshqarish metodlarini qo‘llash ta’lim sifatini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Bu maqsadga erishishda muloqotning usullarining ham alohida o‘rni bor. Avvalo, muloqotni ta’sirchan boshlash tinglovchining e’tiborini darhol o‘ziga qaratishda muhim ahamiyatga ega. Suhbat boshida hayratlantiruvchi fakt, qiziqarli savol yoki qisqa, mazmunli hikoya orqali diqqatni o‘ziga tortish mumkin. Bu suhbatga kirishishni osonlashtiradi va tinglovchini faol tinglovchiga aylantiradi. Insonda yuzaga keladigan har xil ehtiyojlarni maqsadga muvofiq ravishda qondirish muloqot maromiga bog‘liq bo‘lib, shaxslararo munosabat barkamol avlod, komil inson g‘oyalari qaror topishiga xizmat qiladi. Muloqot muvaffaqiyatining negizi shaxsning ruhiy dunyosi, ehtiyojlari motivatsiyasi, xarakter xislati, individual-tipologik xususiyati, qobiliyati, e’tiqodi kabi fazilatlar, sifatlar namoyon bo‘lishi, rivojlanishi hisoblanadi 1 . Demak, muloqotda shunchaki so‘zlash uchun emas, balki, tinglash madaniyatini ham shakllantira oladigan vosita sifatida yondashish maqsadga muvofiqdir. Muloqotning afzalligi, suhbatdosh uchun foydalari haqida donolarning ham qarashlari mavjud. Abulqosim Zamaxshariy “Tilingdan chiqqan sadaqang (ya’ni pandu nasihating va ma’viza-yu hasanang) ba’zan qo‘lingdan chiqqan sadaqangdan xayrliroqdir deganida nutqning tinglovchi uchun nihoyatda muhim ekanligiga urg‘u bergan edi. Albatta, muloqotni boshqarishda suhbatdosh uchun kerakli maslahatlar va tavsiyalar berish uning uchun qimmatli bo‘lishi turgan gap. Keyingi muhim vosita bu – ovoz ohangi va nutq tempi. Bir maromda davom etuvchi nutq tinglovchini charchatadi, qiziqishni so‘ndiradi. Aksincha, ohangdor, baland-pastlik bilan boyitilgan nutq diqqatni uyg‘otadi. Zarur joylarda pauza qilish esa aytilgan fikrni chuqurroq anglashga imkon yaratadi. Nutq tempi esa juda tez yoki sekin bo‘lmasligi, balki tinglovchi uchun qulay darajada bo‘lishi lozim. Shuningdek, tana tili – noverbal kommunikatsiya vositalari ham katta rol o‘ynaydi. Ko‘z bilan aloqa qilish, ochiq holatda turish, qo‘l harakatlari, yuz ifodasi – bularning barchasi tinglovchida ishonch hissini uyg‘otadi va sizga bo‘lgan e’tiborni mustahkamlaydi. Harakatlar nutq mazmuni bilan uyg‘un bo‘lishi, sun’iylikdan holi bo‘lishi kerak. Diqqatni jalb qilishda yana bir samarali usul bu – interaktiv muloqot olib borishdir. Tinglovchiga savol berish, uning fikrini so‘rash, qisqa munozara tashkil etish orqali suhbat davomida faol ishtirok ta’minlanadi. Bu esa nafaqat tinglovchining fikrlash faoliyatini uyg‘otadi, balki diqqatni jamlashga xizmat qiladi. Shuning bilan birgalikda, diqqatni jalb qilish bilan birga uni boshqarish ham muloqotning samaradorligini ta’minlaydi. Buning uchun bir nechta strategiyalar mavjud: 1 Maxsudova M. Muloqot psixologiyasi: O‘quv qo‘llanma. –Toshkent : TURON-IQBOL, 2006. B. 10. 282 ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 10 Birinchidan, mavzudan chalg‘imaslik zarur. Muloqot davomida asosiy g‘oyadan chetga chiqmaslik, reja asosida fikr yuritish tinglovchining diqqatini bir nuqtada jamlab turadi va muloqotning mantiqiyligini ta’minlaydi. Ikkinchidan, qisqa va lo‘nda gapirish diqqatni bir joyda jamlashda muhim omil hisoblanadi. Keraksiz fikrlardan qochib, aniq va mazmunli gapirish orqali tinglovchi e’tibori doimo faol holatda ushlab turiladi. Uchinchidan, emotsional ta’sir vositalaridan foydalanish tinglovchining ruhiy holatiga bevosita ta’sir etish vositasidir. Hayotiy misollar, hissiy jihatdan kuchli hikoyalar, o‘xshatishlar, iboralar orqali tinglovchi bilan ichki aloqa o‘rnatiladi va uning diqqatini uzoq davom etuvchi tarzda boshqarish mumkin bo‘ladi. To‘rtinchidan, zarurat bo‘lsa, vizual vositalardan foydalanish ham diqqatni kuchli jalb qiladi. Grafikalar, rasm va diagrammalar orqali mavzuni ko‘rgazmali ifodalash tinglovchi tushunchasini mustahkamlash bilan birga, e’tiborni faol saqlab turadi. Kishilararo muloqot ham bamisoli yo‘l harakatiga o‘xshaydi. Bilimli, farosatli, kamtarin kishilar hech qachon muloqot jarayonida mulzam bo‘lib qolmaydi - muloqot qoidalarini buzmaydi. Ular qachon, qanday vaziyatda, kimlarning huzurida nutq so‘zlayotganini yaxshi anglaydilar. Masalan, madaniyatli kishi o‘zi bilmagan, yetarli ma’lumotga ega bo‘lmagan narsa haqida gapirmaydi, hukm chiqarmaydi. Yoki muhokama qilinayotgan, suhbat mavzusi bo‘lgan masala haqida zarur bilimga ega bo‘lsagina, suhbatga aralashadi. Muloqotda farosat muhim rol o‘ynaydi. U madaniylik unsurlarining tarkibiy qismi bo‘lsa-da, asosiy o‘rinda turadi, ular sirasida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Boshqacha aytganda, farosatli kishi bilmasdan gapirmaydi, yuksak farosat kishini kamtarin qilib qo‘yadi 2 . Professional muhitda muvaffaqiyatli muloqot yurita olish – bu shunchaki gapira olish emas, balki suhbatdoshning diqqatini jalb qilish va uni boshqarish san’atidir. Bu ko‘nikmalar har bir mutaxassis uchun zarurdir, chunki diqqat bilan boshqarilgan muloqot ta’sirchanlikni oshiradi, professional obro‘ni mustahkamlaydi va jamoa bilan samarali hamkorlik qilishga yo‘l ochadi. Muloqotda diqqatni boshqara oladigan shaxs o‘z o‘rnini topadi, hurmat qozonadi va yetakchilik salohiyatini namoyon eta oladi. Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” ning “Tilning fazilatlari, foyda va zararlari haqida” nomli bobida quyidagilarni bayon etadi: “Odam so‘z tufayli ulug‘likka erishadi, podsho bo‘ladi, ko‘p va ortiqcha so‘z esa yuzni yerga qaratadi. Odam ikki narsa tufayli qarimaydi: bin yaxshi fe’li, ikkinchisi esa ezgu so‘zi”. Muloqotda so‘zni to‘g‘ri tanlash suhbatni yanada samarali qiladi. Suhbatdosh kim bo‘lishidan qat’iy nazar, nutq tozaligiga e’tibor berishi va g‘ayriadabiy til unsurlaridan xoli bo‘lishi muloqotning samarali kechishiga xizmat qiladi. Suhbat davomida iloji boricha, sheva, varvarizm, konselyarizm, professionalizm, akademizm, vulgar (qo‘pol, haqoratomuz, so‘kinishlar) va parazit (anaqa, haligi, hmm, anovi kabi so‘zlar) so‘zlarni ishlatmaslikka harakat qilish muloqotdagi asosiy qoidalardandir. Suhbatlashayotganda ortiqcha takalluf qilishdan, noo‘rin mulozamat qilishdan saqlanish kerak. Bu holat atrofdagilarda xunuk taassurot qoldiradi. “So‘zlayotganingizda eshituvchining ko‘z o‘ngida tasviriy manzara hosil qila olsangiz, obrazli fikr yuritsangiz, o‘z so‘zingizga ishontira olsangiz, qiziqtirsangiz – deb ta’kidlaydi notiq R.Jumaniyozov, nutqingiz ravon bo‘ladi va ta’sir darajasi oshib boraveradi” 3 . Muloqot jarayonida diqqatni jalb qilish va uni samarali boshqarish insonlar o‘rtasidagi tushunishni, fikr almashinuvini va ijobiy ta’sirni kuchaytiradi. 2 Raupova L. Nutq madaniyati: Darslik.– Toshkent: INNOVATSIYA-ZIYO, 2019. B. – 11. 3 Rahimboy Jumaniyozov. Nutqiy mahorat. Т.: Adolat, 2005. B.– 55 . 283 ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 10 Shu bois, har bir shaxs o‘z kommunikativ madaniyatini, nutqiy mahoratini hamda emotsional intellektini rivojlantirish orqali samarali muloqot ko‘nikmalarini shakllantirishi lozim. Natijada diqqatni to‘g‘ri jalb etish va boshqarish insonlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni mustahkamlaydi, hamkorlik va ishonchni kuchaytiradi. Diqqatni jalb etish jarayoni nutqiy, emotsional va noverbal vositalarning uyg‘un qo‘llanilishi orqali amalga oshadi. Uni boshqarish esa suhbat davomida diqqatni maqsadli ravishda yo‘naltirish, suhbatdoshning qiziqishini saqlab turish hamda muloqotning mantiqiy izchilligini ta’minlash bilan bog‘liq. Shu asosda aytish mumkinki, diqqatni jalb qilish va boshqarish usullarini chuqur o‘rganish, ularni nutqiy amaliyotda qo‘llash kommunikativ kompetensiyani rivojlantiradi, shaxsning ijtimoiy faoliyatida muvaffaqiyatga erishishiga xizmat qiladi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Maxsudova M. Muloqot psixologiyasi: O‘quv qo‘llanma. –Toshkent: TURON-IQBOL, 2006. – 120 b. 2. Raupova L. Nutq madaniyati: Darslik.– Toshkent: INNOVATSIYA-ZIYO, 2019. – 140b. 3. Jumaniyozov R. Nutqiy mahorat. Т.: Adolat, 2005. – 75 b.