scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

AZIMXO'JA ESHON HIKMATLARIDAGI AYRIM UNLI HARFLARNING IMLO XUSUSIYATLARI

Zarifov Akramjon Sherbobo o'g'li

Abstract

Mazkur maqolada Azimxo‘ja eshon qalamiga mansub “Hikmat” asarining fonetik-imlo jihatlari, xususan, ayrim unli harflarning yozuvda ifodalanish o‘ziga xosliklari tahlil qilinadi. Tadqiqotda “a”, “o”, “u”, “e” va “i” unlilarining eski o‘zbek yozuvida (arab grafikasida) qo‘llanish xususiyatlari, ularning so‘z boshida, o‘rtasida va oxirida ifodalanish shakllari misollar asosida yoritilgan. Shuningdek, imlo uslubi Chig‘atoy yozuv an’analariga tayanib shakllangani, lekin xalq tili fonetikasi bilan uyg‘un holda rivojlanganligi ilmiy jihatdan asoslanadi. Maqola natijalari Azimxo‘ja eshon asarlarining til xususiyatlarini o‘rganishda, shuningdek, eski o‘zbek yozuvini o‘rganish metodikasida muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Full text

9 https://www.asr-conference.com/ II SHO‘BA: Sun'iy intellekt va insoniy munosabatlar transformatsiyasi: shaxsdagi muvaffaqiyatlar va rivojlanish istiqbollari AZIMXO‘JA ESHON HIKMATLARIDAGI AYRIM UNLI HARFLARNING IMLO XUSUSIYATLARI Muallif: Zarifov Akramjon Sherbobo o‘g‘li 1 Affiliyatsiya: Karabuk universiteti Turk tili va adabiyoti fakulteti magistranti 1 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17359744 ANNOTATSIYA Mazkur maqolada Azimxo‘ja eshon qalamiga mansub “Hikmat” asarining fonetik-imlo jihatlari, xususan, ayrim unli harflarning yozuvda ifodalanish o‘ziga xosliklari tahlil qilinadi. Tadqiqotda “a”, “o”, “u”, “e” va “i” unlilarining eski o‘zbek yozuvida (arab grafikasida) qo‘llanish xususiyatlari, ularning so‘z boshida, o‘rtasida va oxirida ifodalanish shakllari misollar asosida yoritilgan. Shuningdek, imlo uslubi Chig‘atoy yozuv an’analariga tayanib shakllangani, lekin xalq tili fonetikasi bilan uyg‘un holda rivojlanganligi ilmiy jihatdan asoslanadi. Maqola natijalari Azimxo‘ja eshon asarlarining til xususiyatlarini o‘rganishda, shuningdek, eski o‘zbek yozuvini o‘rganish metodikasida muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Kalit soʻzlar: Azimxo‘ja eshon, “Hikmat” asari, imlo, unli harflar, fonetika, eski o‘zbek yozuvi. KIRISH Azimxo‘ja eshon tasavvufiy shoir bo‘lib, uning ijodi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar sanoqlidir. Azimxo‘ja eshon shuningdek, Azimxo‘ja, Azimiy kabi nomlar bilan ham tanilgan bo‘lib, u XVIII asr oxiri XIX asrning birinchi yarmida Qo‘qon shahrida yashagan. Uning qalamiga mansub “Hikmat” asari eski o‘zbek yozuvida bitilgan bo‘lib, uning qo‘lyozma va bosma nusxalari xalq orasida, xususan, tasavvufiy tariqat doiralarida keng tarqalgan va e’tibor qozongan. Biroq bugungi kunga qadar yetib kelgan qo‘lyozma nusxalar soni ancha cheklangan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, asarning hozircha ma’lum bo‘lgan eng muhim manbalaridan biri — 1993-yilda Sayfiddin Rafiddinov tomonidan tayyorlanib, Toshkentda “O‘zbekiston” nashriyoti tomonidan “Hikmat” nomi bilan chop etilgan bosma nusxadir[1]. Azimxo‘ja eshon qalamiga mansub “Hikmat” asari til va uslub jihatidan klassik devon adabiyoti an’analarini hamda xalq uchun tushunarli, sodda va bevosita ifoda uslubini birlashtirgan betakror badiiy tuzilishga ega. Asarda mahalliy unsurlar bilan bir qatorda forscha va arabcha ildizga ega so‘zlar, tasavvuf terminlari tez-tez uchraydi[2]. Shunga qaramay, Azimxo‘ja eshonning ifoda uslubi xalq bevosita anglay oladigan soddalikda, o‘lchovli va ma’no jihatdan chuqur mazmunli misralar bilan boyitilgan. Azimxo‘ja eshon tomonidan yozilgan “Murod ul-oshiqin” nomli devonda ham hikmatlar o‘rin olgan. Sarvinoz Azizxonova o‘zining nomzodlik dissertatsiyasida Otabek Jo‘raboyev olib borgan izlanishlarga tayanib, devonning yetti qo‘lyozma nusxasi aniqlangani va mazkur yetti nusxaning har birini batafsil tavsiflab o‘tilganini qayd etadi[3]. “RAQAMLI TRANSFORMATSIYA DAVRIDA PEDAGOGIK TA’LIMNI RIVOJLANTIRISH ISTIQBOLLARI” 10 https://www.asr-conference.com/ II SHO‘BA: Sun'iy intellekt va insoniy munosabatlar transformatsiyasi: shaxsdagi muvaffaqiyatlar va rivojlanish istiqbollari ASOSIY QISM A unlisi: matnda “a” unlisining ifodalanishi klassik Chig‘atoy yozuv an’analariga muvofiq ravishda, asosan, alif (ا) yoki ha (ه) harfi bilan ko‘rsatilgan. Biroq ba’zi hollarda, ayniqsa, birinchi bo‘g‘inda, bu unli yozuvda umuman ifodalanmagan holatlar ham uchraydi. Xususan, so‘z boshida kelgan “a” unlisining odatda alif harfi bilan ochiq tarzda belgilangani kuzatiladi. Masalan: andin (171/14), ayta bersam (163/7), aning uchun (163/6). So‘z o‘rtasida esa “a” unlisining ifodalanishi ba’zan alif bilan, ba’zan esa alifsiz yoziladi. Unlining harf bilan ko‘rsatilmagan holatlari odatda birinchi bo‘g‘inda kuzatiladi: barcha (173/15), qatla (165/2), boray (164/7). So‘z oxirida ba’zan ha (ه) bilan ba’zan esa alif bilan yoziladi: yo‘lg‘a (172/11), kuyg‘anlarg‘a (168/14), yo‘llarda (169/11), so‘ngra (182/17), qulunga (170/4). O unlisi. “O” unlisi Chig‘atoy turkchasi an’anasiga ko‘ra alif (ا) bilan ifodalanadi va ayniqsa forscha-arabcha so‘zlarda bu qoida saqlanadi. So‘z boshida odatda maddali alif bilan yoziladi. Bu holatni ham diniy, ham adabiy so‘zlarda uchratishimiz mumkin: obod (198/17), ogoh (183/7), oxiratka 203/12, onchunon (205/9). So‘z o‘rtasida va oxirida alif bilan yoziladi: jonni (205/13), anosir (183/4), hijob (183/4), tamom (183/4), balo (174/13). U unlisi. “U” unlisi so‘z boshida alif (ا) va vov (و) harflari birga qo‘llangan holda ifodalanadi: urush (194/3), unutkanlar (192/1). So‘z o‘rtasida va oxirida “u” unlisi vov (و) bilan yoziladi. Biroq ba’zi hollarda so‘z o‘rtasida belgisiz qo‘llanilgan holatlar ham uchraydi: yo‘luqsa (195/13), bulut (177/13), burun (206/10), bu (165/1). E unlisi. Bu unli so‘z boshida, ko‘pincha, alif bilan yoziladi: ey do‘stlarım (208/1). So‘z o‘rtasida “e” unlisi ba’zan yozilmasa-da, odatda, alif bilan ochiq tarzda ifodalanadi. Asosan, “e” unlisi yozilmaydigan holatlar birinchi bo‘g‘inda uchraydi: suyaluk (205/8), yetolmayin (205/4), suygan (174/11). So‘z oxirida alif (ا) va ha (هـ) bilan yoziladi. Madinaga (165/17), ila (171/14), etsa (176/17). I unlisi. Bu unli so‘z boshida ba’zan alif (ا) va yoy (ى) harflari bilan, ba’zan esa faqat alif (ا) bilan yoziladi. ikki (165/9), işler (208/6), istep (202/19). So‘z o‘rtasida ba’zan belgisiz, ba’zan esa yoy (ى) bilan ifodalanadi. Ko‘ngilni (170/11), o‘tkandin (198/2). 11 https://www.asr-conference.com/ II SHO‘BA: Sun'iy intellekt va insoniy munosabatlar transformatsiyasi: shaxsdagi muvaffaqiyatlar va rivojlanish istiqbollari So‘z oxirida esa odatda yoy (ى) bilan yoziladi: kishi (176/10), bo‘rkini (184/9), kimni (188/11). XULOSA Azimxo‘ja eshonning “Hikmat” asaridagi unli harflarning imlo xususiyatlarini o‘rganish natijasida quyidagi asosiy xulosalarga kelish mumkin. Birinchidan, matnda “a”, “o”, “u”, “e”, “i” unlilari turlicha, ammo aniq bir tartib va an’anaga mos ravishda ifodalanadi. “A” unlisi ko‘proq alif (ا) yoki ha (ه) bilan, ba’zan esa birinchi bo‘g‘inda ifodalanmasdan keladi. “O” unlisi so‘z boshida maddali alif bilan, o‘rtasi va oxirida esa alif bilan ifodalanadi. “U” unlisi boshida alif va vov harflari bilan birga yozilsa, o‘rtasi va oxirida, asosan, vov bilan ifodalanadi, ba’zi hollarda belgisiz ishlatiladi. “E” unlisi so‘z boshida alif bilan, o‘rtasida ba’zan yozilmaydi, oxirida esa alif yoki ha (ه) bilan yoziladi. “I” unlisi so‘z boshida alif va yoy (ى) bilan, ba’zan faqat alif bilan ifodalanadi; o‘rtasida belgisiz yoki yoy bilan keladi, oxirida esa, odatda, yoy bilan yoziladi. Shu orqali, Azimxo‘ja eshonning imlo uslubi klassik Chig‘atoy an’analari bilan uyg‘un bo‘lishi, shuningdek, so‘zning fonetik ifodasi va talaffuzini matnda aniq aks ettirishga xizmat qilishini ko‘rishimiz mumkin. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI 1. Azimxo‘ja eshon, Hikmat, nashrga tayyorlovchi Sayfiddin Rafiddinov (Toshkent:O‘zbekiston, 1993) 2. Devoni Azimiy, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshidagi Sharqshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti, 189-raqamli qo‘lyozma. 3. Азизхонова Сарвиноз, Азимийнинг “Мурод-ул-ошиқин” девони ва унинг матний-қиёсий тадқиқи, ф. ф. ф. д. дисс, ЎзР ФА Алишер Навоий номидаги давлат адабиёт музейи, 2023. –b 30.