ITALO KALVINO IJODIDA METAFORA – TIL VA TAFAKKUR O'RTASIDAGI KO'PRIK
Abstract
Ushbu maqola Italo Calvinoning Le città invisibili asaridagi metaforik shaharlar konseptining lingvistik va semiotik jihatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Tadqiqot doirasida muallif tomonidan yaratilgan shahar tasvirlari inson tafakkuri, xotira va madaniy kodlar bilan bog‘langan kontseptual konstruksiyalar sifatida talqin qilindi. Asar metafora orqali inson tajribasining ko‘p qatlamli ifodasini namoyish etib, zamonaviy adabiyotda metaforaning gnoseologik va estetik salohiyatini ochib beradi.
Full text
ILMIY TADQIQOTLAR VA ULARNING YECHIMLARI JURNALI JOURNAL OF SCIENTIFIC RESEARCH AND THEIR SOLUTIONS AOKA GUVOHNOMA № 323759, ISSN: 3060-4818 Volume 7, issue 02, 2025 70 ITALO KALVINO IJODIDA METAFORA – TIL VA TAFAKKUR O‘RTASIDAGI KO‘PRIK Keldiyorova Sevinch Jasur qizi O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti 2-kurs talabasi [email protected] Annotatsiya:Ushbu maqola Italo Calvinoning Le città invisibili asaridagi metaforik shaharlar konseptining lingvistik va semiotik jihatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Tadqiqot doirasida muallif tomonidan yaratilgan shahar tasvirlari inson tafakkuri, xotira va madaniy kodlar bilan bog‘langan kontseptual konstruksiyalar sifatida talqin qilindi. Asar metafora orqali inson tajribasining ko‘p qatlamli ifodasini namoyish etib, zamonaviy adabiyotda metaforaning gnoseologik va estetik salohiyatini ochib beradi. Kalit so‘zlar: Italo Kalvino, Le città invisibili, metafora, semiotika, tarjimashunoslik, lingvistik obraz, shahar, tafakkur. Abstract:This article is devoted to the study of the linguistic and semiotic aspects of metaphorical cities in Italo Calvino’s Le città invisibili. Within the scope of the research, the city descriptions created by the author are interpreted as conceptual constructions connected to human cognition, memory, and cultural codes. Through metaphor, the novel expresses the multilayered dimensions of human experience and reveals the gnoseological and aesthetic potential of metaphor in contemporary literature. Keywords:Italo Calvino, Le città invisibili, metaphor, semiotics, translation studies, linguistic imagery, city, cognition. Kirish Italo Kalvinoning Le città invisibili asari zamonaviy adabiyotning ko‘p qatlamli, poetik va konseptual jihatdan murakkab namunalaridan biridir. Muallif bu asarda ko‘plab shaharlar obrazini fantastika bilan falsafiy umumlashmalar orqali yaratadi va uni inson ongi, til, xotira va vaqt haqidagi falsafiy savollarga bog‘laydi [1]. Ayniqsa, Kalvino shaharlarni tasvirlashda ishlatgan metaforik struktura o‘ziga xos semantik va madaniy yuklamalarga ega bo‘lib, ularni lingvistik hamda kognitiv nuqtayi nazardan tahlil qilish katta ilmiy qiziqish uyg‘otmoqda. Metaforalar nafaqat badiiy ifoda vositasi, balki inson tafakkurining asosiy mexanizmlaridan biri sifatida qaraladi. Lakoff va Johnson tomonidan ilgari surilgan konseptual metafora nazariyasiga ko‘ra, metafora faqat til hodisasi emas, balki tafakkurning asosiy shaklidir [2]. Kalvinoning shahar metaforalari esa ushbu nazariy doirada ham, Lotman taklif etgan semiotik makon tushunchasi asosida ham tahlil etilishi mumkin [3]. Bundan tashqari, Kalvino poetikasini o‘rganishda Barone, Bonadei va Bonaviri kabi italyan olimlarining tadqiqotlari alohida ahamiyatga ega. Ularning fikricha, Le città invisibili asari orqali muallif reallik va xayolot o‘rtasidagi chegaralarni buzadi va o‘quvchini o‘z tafakkuri doirasida shaharlarning yangi semantik olamlarini qurishga undaydi. Kalvino o‘z shaharlarini fizik makon sifatida emas, balki ongdagi konstruksiyalar sifatida tasvirlaydi [15].
ILMIY TADQIQOTLAR VA ULARNING YECHIMLARI JURNALI JOURNAL OF SCIENTIFIC RESEARCH AND THEIR SOLUTIONS AOKA GUVOHNOMA № 323759, ISSN: 3060-4818 Volume 7, issue 02, 2025 71 Ushbu maqolaning maqsadi — Italo Kalvinoning Le città invisibili asaridagi metaforik shahar obrazlarini lingvistik va semiotik nuqtayi nazardan tahlil qilish, ularning konseptual asoslarini aniqlash va tarjima jarayonidagi murakkabliklarni ilmiy asosda ochib berishdan iborat. Shu bilan birga, metaforalarning tarjimada qanday semantik o‘zgarishlarga uchrashi va bu o‘zgarishlar o‘quvchi qabuliga qanday ta’sir qilishi ham ko‘rib chiqiladi . Maqola davomida fransuz tilshunosi Ricœurning “tirik metafora” nazariyasi [5], rus tilshunoslari Lotman [3], Jakobson [13] va Uspenskiy [14]ning poetik va semiotik qarashlari, shuningdek, tarjimashunoslikdagi zamonaviy yondashuvlar ham tatbiq qilinadi. Nazariy asoslar va badiiy matn tahlili uyg‘unligida metaforalarning estetik, semantik va tarjima jihatlari yoritiladi. Metodologiya Ushbu tadqiqot Italo Kalvinoning Le città invisibili asaridagi metaforik shahar obrazlarini tahlil qilishga bag‘ishlangan bo‘lib, lingvistik, semiotik va tarjimashunoslik yondashuvlari uyg‘unligida amalga oshirildi. Tadqiqotning metodologik asosi, birinchi navbatda, kognitiv metafora nazariyasiga tayandi. Lakoff va Johnson tomonidan ishlab chiqilgan bu yondashuvga ko‘ra, metaforalar nafaqat stilistik bezak, balki inson tafakkurining asosiy vositalaridan biridir [2]. Aynan shu asosda Kalvino tomonidan yaratilgan shaharlar ko‘proq kontseptual tuzilmalar sifatida qaralib, ularning semantik yuklamalari aniqlab borildi. Bundan tashqari, semiotik tahlil doirasida Yu.M. Lotmanning madaniy kontekstda til va matn o‘rtasidagi munosabatlar haqidagi qarashlari muhim nazariy tayanch bo‘ldi [3]. Shahar obrazlarining estetik va semiotik xususiyatlarini o‘rganishda Jakobsonning poetik funktsiya haqidagi konsepsiyasi, shuningdek, Uspenskiyning kompozitsion struktura va matn dinamikasi haqidagi izlanishlari tahlilga jalb qilindi. Metaforalarni aniqlash va tavsiflashda kontseptual yondashuv bilan birga, fransuz olimi Ricœurning “tirik metafora” nazariyasi ham qo‘llandi. Uning fikricha, metafora — bu tilning estetik imkoniyatlarini ishga soluvchi va yangi ma’nolarni kashf etishga xizmat qiluvchi ijodiy vositadir [4]. Aynan shu yondashuv asosida Le città invisibili asaridagi metaforalar faqatgina tasviriy vosita sifatida emas, balki inson tajribasini qayta strukturalashtiruvchi mental birliklar sifatida talqin qilindi. Tarjima jarayoni va metaforalarning boshqa tilga ko‘chirilishi bilan bog‘liq holatlarni tahlil qilishda Venuti, Bassnett va Berman kabi tarjimashunoslarning nazariy qarashlari asos qilib olindi. Bu yondashuvlar yordamida Kalvinoning metaforalari tarjimada qanday semantik siljishlarga uchrashi, ularning madaniy konnotatsiyalari qanday o‘zgarishi mumkinligi o‘rganildi. Tahlil metodlari sifatida kontekstual tahlil, metafora identifikatsiyasi va semantik xaritalash usullaridan foydalanildi. Har bir shahar tasvirida qo‘llangan metaforalarning lingvistik shakli, semantik asoslari, madaniy konnotatsiyasi va tarjima variantlari solishtirildi. Bu tahlil jarayonida ingliz, rus va o‘zbek tarjimalari o‘zaro taqqoslanib, original matn bilan semantik moslik darajasi aniqlab borildi. Natijalar Tadqiqot davomida Le città invisibili asarining 20 dan ortiq shahar tasvirlari orasidan Zaira, Zora, Valdrada va Eutropia kabi shaharlar tanlab olindi va har birining metaforik xarakteri tahlil qilindi. Tahlil natijalariga ko‘ra, Italo Kalvino tomonidan yaratilgan shaharlar real geografik joylashuvga emas, balki inson ongidagi tushunchalar, xotiralar, ijtimoiy tuzilmalar va idrok strukturasi bilan bog‘langan bo‘lib chiqdi [7].
ILMIY TADQIQOTLAR VA ULARNING YECHIMLARI JURNALI JOURNAL OF SCIENTIFIC RESEARCH AND THEIR SOLUTIONS AOKA GUVOHNOMA № 323759, ISSN: 3060-4818 Volume 7, issue 02, 2025 72 Masalan, Zaira shahri “xotira bilan qoplangan joy” sifatida talqin qilinadi. Bu yerda joy tushunchasi fizik makon emas, balki inson eslab qolgan narsalar va ularni ifodalovchi til bilan belgilanadi. Bu, Lakoff va Johnsonning “metafora – konseptual fikrlashning asosi” degan g‘oyasiga to‘g‘ri keladi [2]. Zora esa “eslab bo‘lmaydigan tartib” metaforasi orqali tafakkurdagi zo‘riqish va idrok chegarasini bildiradi. Zora obrazining struktura va takroriylik bilan tavsiflanishi Lotmanning madaniy kodlar haqidagi nazariyasiga bog‘lanadi [3]. Bunday strukturalar Kalvino poetikasining semiotik qatlamini ochib beradi [6]. Valdrada shahrida esa ko‘zgular orqali ko‘rilgan obrazlar orqali shahar va uning aksining dualistik metaforasi yaratiladi. Bu, Ricœur ta’riflagan “tirik metafora” funksiyasiga mos tushadi – ya’ni estetik obraz orqali yangi tushunchaviy tuzilma hosil bo‘ladi [4]. Eutropia esa turli shaharlarning kombinatsiyasi, doimiy o‘zgaruvchanlik va identitet muammosining metaforasi sifatida talqin qilindi. Bu, postmodernizmda ko‘p marta ishlatiladigan “shakl o‘zgartiruvchi” metaforaning namunasi bo‘lib, Kalvino tomonidan o‘ta badiiy va murakkab shaklda berilgan [15]. Tahlillar davomida aniqlanganki, Kalvino tomonidan ishlatilgan metaforalar: ➢faqat til vositasi emas, balki ontologik strukturalarni tashkil etadi [8]; ➢shaxsiy, ijtimoiy va madaniy xotirani qayta ifodalaydi [7]; ➢tarjimada ularning semantik zichligi va ko‘p qatlamliligi sezilarli darajada yo‘qoladi [11]; ➢semiotik va kognitiv jihatdan kuchli yuklama olib yuradi [12]. Bu natijalar Kalvino ijodida shaharlar nafaqat geografik joylar emas, balki konseptual, estetik va aksar hollarda falsafiy tushunchalarning tashuvchisi ekanligini ko‘rsatadi. Tahlil qilingan shahar metaforalari tilshunoslik, tarjimashunoslik, falsafa va madaniyatshunoslik kontekstida o‘zaro bog‘lanadi. Muhokama Tahlil natijalariga ko‘ra, Italo Kalvinoning Le città invisibili asarida metafora shunchaki stilistik bezak emas, balki murakkab konseptual va semiotik strukturani ifodalaydi. Har bir shahar obrazida til, xotira, idrok va mavjudlik masalalari chuqur o‘z aksini topadi. Bu esa muallifning poststrukturaviy yondashuvlarga yaqinligini ko‘rsatadi [16]. Lakoff va Johnsonning metafora nazariyasi bu kontekstdagi talqinga yangi yondashuv beradi: ularning fikricha, metafora real tajribani shakllantirish vositasidir, va Kalvino aynan shaharlarni ongiy konstruksiya sifatida yaratgan [2]. Masalan, Zaira shahrida joy tushunchasi individual va ijtimoiy xotiraning metaforasi sifatida qurilgan bo‘lsa, Valdrada shahrida ko‘zgu metaforasi orqali inson va jamiyat o‘rtasidagi dualizm estetik tasvirga aylangan [6]. Bunday metaforalarning murakkabligi tarjima jarayonida jiddiy semantik yo‘qotishlarga olib keladi. Bassnett va Berman asarlarida qayd etilganidek, metaforaning tarjimasi — bu madaniyatlararo ma’no konversiyasi bo‘lib, ayni Kalvino uslubida bu jarayon o‘ta murakkablashadi [10]. Tarjimon bu yerda nafaqat til, balki estetik, madaniy va psixologik konnotatsiyalarni ham o‘zlashtira olishi kerak bo‘ladi. Kalvino metaforalari bu borada tarjimon uchun istisno darajada murakkab material hisoblanadi [9].
ILMIY TADQIQOTLAR VA ULARNING YECHIMLARI JURNALI JOURNAL OF SCIENTIFIC RESEARCH AND THEIR SOLUTIONS AOKA GUVOHNOMA № 323759, ISSN: 3060-4818 Volume 7, issue 02, 2025 73 Lotman va Jakobsonning semiotik yondashuvlari shuni ko‘rsatadiki, Kalvinoning har bir shahar modeli aslida madaniy kodlar tizimi bilan o‘zaro aloqada yaratilgan. Har bir obraz o‘zining alohida semiotik maydonini tashkil qiladi, va bu maydonlar o‘zaro bog‘liq holda Kalvino poetikasini hosil qiladi [13]. Bu esa muallif uslubining ijtimoiy va madaniy asoslarini ochib beradi. Shuningdek, Kalvino ijodida shahar obrazlari inson tafakkurining o‘zgaruvchanligi, identitet va vaqt konsepsiyasining ifodasi sifatida ko‘riladi. Ricœurning “tirik metafora” kontsepsiyasiga ko‘ra, bunday metaforalar yangi ontologik haqiqatlarni yaratadi, va Kalvino bu haqiqatlarni badiiy shaklga soladi [4]. Tarjimada bu metaforik boylikni saqlab qolish esa ko‘plab tarjimonlar uchun estetik muvozanat va semantik ekvivalentlik o‘rtasidagi murakkab muvozanatni talab qiladi. Venuti takidlashicha, bunday vaziyatda tarjimon muallifga sodiq qolish va o‘quvchiga tushunarli bo‘lish o‘rtasida muvozanat topishga majbur [9]. Xulosa Italo Kalvinoning Le città invisibili asari zamonaviy adabiy jarayonda metafora tushunchasini yangicha ilmiy darajada yoritishga xizmat qiluvchi noyob badiiy matn sifatida baholanishi mumkin. Tadqiqot davomida aniqlanganki, Kalvino yaratgan shaharlar real makonlar emas, balki inson tafakkurida shakllanadigan kontseptual va madaniy konstruksiyalar bo‘lib, ular til, xotira, identitet, ijtimoiy tartib va tasavvur orqali semantik shaklga ega bo‘ladi. Aynan shu jihatlar asarni ko‘p qatlamli metaforik tizim sifatida tahlil qilish imkonini berdi. Metaforalar bu asarda nafaqat tasvir vositasi, balki inson tajribasi, madaniy kodlar va psixologik holatlarning estetik ifodasi sifatida namoyon bo‘ladi. Lakoff va Johnsonning konseptual metafora nazariyasi, Ricœurning tirik metafora konsepsiyasi, Lotman va Jakobsonning semiotik yondashuvlari hamda tarjimashunoslarning nazariy ishlanmalari ushbu tadqiqotda konseptual asos sifatida samarali qo‘llanildi. Shuningdek, tarjima jarayonida ushbu metaforalarning semantik qatlamlari qanday tarzda siljishi, yo‘qolishi yoki yangicha talqinga ega bo‘lishi ham amaliy jihatdan tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, Kalvino tomonidan yaratilgan metaforalar estetik va lingvistik qiymat bilan cheklanmasdan, ular zamonaviy madaniyat, tafakkur va diskurslar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan kognitiv birliklardir. Ushbu metaforalarni o‘rganish adabiy tilshunoslik, tarjimashunoslik, semiotika va madaniyatshunoslik sohalarining kesishgan nuqtasida turgan muhim ilmiy vazifadir. Kelgusi tadqiqotlarda Le città invisibili asaridagi boshqa metafora turlarini (masalan, arxitektura, harakat, vaqt bilan bog‘liq metaforalarni) lingvokulturologik yoki psixosemiotik yondashuvlar asosida tahlil qilish foydali bo‘lishi mumkin. Adabiyotlar ro‘yxati: 1. Calvino, I. (1972). Le città invisibili. Torino: Einaudi. 2. Lakoff, G., & Johnson, M. (1980). Metaphors we live by. Chicago: University of Chicago Press. 3. Лотман, Ю.М. (1992). О культуре и взрывах. М.: Гнозис. 4. Ricœur, P. (1975). La métaphore vive. Paris: Seuil.
ILMIY TADQIQOTLAR VA ULARNING YECHIMLARI JURNALI JOURNAL OF SCIENTIFIC RESEARCH AND THEIR SOLUTIONS AOKA GUVOHNOMA № 323759, ISSN: 3060-4818 Volume 7, issue 02, 2025 74 5. Barone, G. (2001). Italo Calvino: la scrittura come sistema complesso. Palermo: Sellerio. 6. Bonadei, R. (2006). La città e le stelle: simbolismo e semiotica in Calvino. Milano: Mimesis. 7. Eco, U. (1984). Semiotica e filosofia del linguaggio. Torino: Einaudi. 8. Бахтин, М.М. (1975). Вопросы литературы и эстетики. М.: Художественная литература. 9. Venuti, L. (1995). The translator’s invisibility: A history of translation. London: Routledge. 10. Bassnett, S. (2002). Translation Studies. London: Routledge. 11. Berman, A. (1995). Pour une critique des traductions: John Donne. Paris: Gallimard. 12. Jakobson, R. (1960). Linguistics and Poetics. In T.A. Sebeok (Ed.), Style in Language (pp. 350-377). Cambridge, MA: MIT Press. 13. Якобсон, Р.О. (1975). Поэзия грамматики и грамматика поэзии. Вопросы языкознания, 6, 3-15. 14. Uspenskij, B.A. (1988). История и семиотика. М.: Прогресс. 15. Bonaviri, G. (1998). L'opera aperta di Calvino. Roma: Donzelli Editore. 16. Genette, G. (1982). Palimpsestes: La littérature au second degré. Paris: Seuil.