scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZBEK MAQOLSHUNOSLIGIDA HODI ZARIFOV O'RNI

Yo'ldosh RAHMATOV

Full text

7 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman O‘ZBEK MAQOLSHUNOSLIGIDA HODI ZARIFOV O‘RNI Yo‘ldosh RAHMATOV Filologiya fanlari doktori(Dsc), O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklor inistituti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17381324 Annotatsiya: Mazkur maqola o‘zbek xalq maqollarining to‘planishi va o‘rganilishida o‘zbek folklorshunosligining asoschisi, atoqli olim Hodi Zarifovning hissasi to‘g’risida bo‘lib, unda o‘zbek xalq maqollarining ilk bor folklorshunoslik nuqtayinazardan tadqiq etilishi va nashr etilish ishlari haqida fikr yuritiladi.Xalq maqollarining janriy tabiati, ularni to‘plash, saralash va maqollar to‘plam lug‘atlarini yaratishdagi muammolar haqida nazariy ma’lumotlar yoritiladi. Kalit so‘zlar: tafakkur, maqol, tarix, madaniyat, hikmatli so‘z, hukm, xristomatiya, lug‘at. Аннотaция. Данная статья посвящена вкладу выдающегося учёного, основоположника узбекского фольклористики Ходи Зарифова в сбор и изучение узбекских народных пословиц. В ней рассматриваются первые исследования узбекских пословиц с точки зрения фольклористики, а также процессы их публикatsiи. Также освещаются теоретические сведения о жанровой природе народных пословиц, проблемах их сбора, отбора и составления словарей пословиц. Ключевые слова: мышление, пословица, история, культура, мудрост изречение, суждение, хрестоматия, словарь. Abstract. This article is devoted to the contribution of the prominent scholar and founder of Uzbek folkloristics, Khodi Zarifov, to the collection and study of Uzbek folk proverbs. It examines the early research of Uzbek proverbs from a folkloristic perspective, as well as the processes involved in their publication. The article also highlights theoretical insights into the genre-specific nature of folk proverbs and discusses issues related to their collection, selection, and the compilation of proverb dictionaries. Keywords: thinking, proverb, history, culture, wise saying, judgment, anthology, dictionary. Maqol - asrlar osha kelayotgan xotira, xalqning dunyoqarashi, ruhiyati, hayot haqidagi falsafiy xulosalari, tarixi, madaniyatini o‘zida aks ettiruvchi ixcham shaklga ega ibrat. U o‘zida o‘tmishni jam etish jihatdan bugun va kelajak uchun dastur bo‘la oladi. Shu bois o‘z tarixi, o‘z qadriyati, tafakkur rivoji uchun qayg‘urgan xalq maqollarni og‘zaki yoki yozma nutqda qo‘llash orqali uni asrashga, to‘plash, o‘rganish va ommalashtirishga intiladi. Maqollarga qiziqish va ularni xalq hayoti qonuniyatlari sifatida qabul qilish ilk yozma manbalar shakllangan davrdayoq yuzaga kelgan. Izlanishlarimiz bugun maqol deb qaraladigan ibratomuz fikrlarning bitiktoshlar, tarixiy solnoma, yozma manbalarda u yoki bu shaklda uchrashini tasdiqlaydi. Buni esa o‘z davri uchun muhim xulosaviy xarakterga ega fikrlarning keyingi avlodlarga еtkazilishidagi ilk harakat sifatida baholash mumkin. Dastlab asosiy mazmunni dalillash, fikrni quvvatlash maqsadida manbalarga kiritilgan ibratli hukmlarga keyinchalik alohida hodisa sifatida qarash, 8 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman ularga nisbatan fikr bildirish va bu fikrlarni xalqning nodir xazinasi sifatida qayd etib borish lozim ko‘rilgan. Xususan, xalq maqollariga o‘zbek folklorshunosligi fani shakllanganidan so‘ng xalq ijodining alohida janri sifatida qarash va ularning haqiqiy tadqiqi boshlanib ketdi. “El adabiyoti” deb qaralgan og‘zaki ijod haqida so‘z yuritilganda, albatta, maqol xususida ham fikr bildirib o‘tildi. Jumladan, Vadud Mahmud xalq og‘zaki ijodining o‘ziga xosligini yoritishda bu ijod namunalari qatorida maqolni ham sanab o‘tadi: “Hech bir doston, maqol, topishmoq, ashula yo‘qki, yigirma kishi o‘ylashib to‘qigan yoki “basta”lagan bo‘lsin. Har bir doston, maqol, topishmoq, ashula, asosan, bir kishi tomonidan chiqoriladir-da, so‘ngra umumiylashib ketadir”[4.15.]. Fitrat esa “Adabiyot qoidalari” risolasidada yozma va og‘zaki ijodni taqqoslab, “Bu ikki turli adabiyot orasidagi farq yozmoq, yozilmaganlikda yoki egasining belgili-belgisiz bo‘lganida ko‘rmak yanglishdir. Shunday bo‘lsa ham, bizning san'atkor adabiyotimizga qarshi o‘zining samimiyligi, soddaligi bilan o‘z borlig‘ini saqlab kelgan bir adabiyotning borligi-da ma'lumdir. Biroq buning ayirmasi yozma bo‘lmasligida, yo egasining ma'lum emasligida emas, o‘zining ruhidadir”[5.69.], - deydi. Fitrat ushbu tadqiqotida xalq og‘zaki ijodi janrlariga va maqol janriga alohida to‘xtaladi. “Elning kun ko‘rgan, ish o‘tkargan sinashli qarilari tomonidan aytilgan hikmatli, qisqa, ma'noli gaplaridirkim, el orasida “yashash qonunlari” kabi hukm surib, tildan-tilga yuriydir”[6.79.], - deb yozadi. Shuningdek, olimning “Devonu lug‘ati-t-turk” asaridagi maqol xarakteridagi ikkiliklarni mavzulashtirib, matn, izoh va lug‘at tarzida tadqiq etgani maqolshunoslik uchun ilmiy-nazariy asos hisoblanadi. O‘zbek xalq maqollari to‘plamidagi ko‘pgina maqollarni shu tasnif esosida (maqol, uning izohi va unda qo‘llangan so‘zning bugungi ma'nosi) o‘rganilish zarurati mavjud. O‘tgan asrning 30-yillaridan ilmga o‘zbek folklorshunosligi atamasini olib kirgan Hodi Zarifov og‘zaki ijod namunalarini to‘plash va nashr ettirish barobarida ularning janriy tabiati va o‘ziga xosligi haqida ham fikr yuritdi. Olim 1939 yilda nashrdan chiqqan “O‘zbek folklori” nomli pedagogik institutlar uchun xrestomatiyasida og‘zaki ijod namunalari ma'lum tartib asosida bo‘lib bergan. U xalq maqollarining qadimiyligi, tuzilishi, ixcham shakl va chuqur mazmun ifodalashini inobatga olib, xrestomatiyani xalq maqollari bilan boshgan. Mazkur kitobda maqollar 3 davrga bo‘lib berilgan. 1bo‘lim “X asrdan XIV asrgacha” deb nomlanib, maqollar qiyosiy uslubda, ya'ni Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘ati-t-turk” asaridan olingan 26 ta maqol va uning hozir (1930 yillar nazarda tutilgan - Y.R.) o‘zbeklarda qo‘llanadigan shakli berilgan. Bu usul bilan Hodi Zarifov maqollar evolyutsiyasini qanday tadqiq etish mumkinligini ko‘rsatadi. Ya'ni maqollarning shakl va mazmundagi o‘zgarishi, yangilanishi, boyishi - umuman, tadrijini “Devonu lug‘ati-t-turk”dagi maqollarni keyingi davrga mansub asarlar tarkibidagi maqollar bilan qiyosan o‘rganish orqali isbotlash mumkin. Masalan, 9 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman “Aƞduz bolsa, at ӧlmäs”[2.59.] maqolining qariyb 14 asrdan keyin (Mahmud Koshg‘ariyning so‘z izohida qo‘llagan misollarning V, VI asrga mansubligi haqidagi e'tirofi inobatga olindi - Y.R.) “Ang‘izli еrda ot o‘lmas”, “Andizli еrda at o‘lmas”, “Iyirli еrda er o‘lmas”[7.48.] tarzida uchrashi maqollarning asliyatdan u qadar uzoqlashmaganini ko‘rsatadi. “Devonu lug‘oti-t-turk”da bu maqol: “Rosan o‘ti yoningda bo‘lsa, ot yo‘lda qorin og‘rig‘idan o‘lmaydi”. Ot og‘rib qolgan taqdirda, u bilan davolash mumkin. Bu maqol safarga chiquvchilarni puxta hozirlanishga undab aytiladi”[2.59.], - deb izohlangan. Bugun nutqimizda qo‘llanadigan “Yo‘lga chiqsang, yo‘l ozig‘ing mo‘l bo‘lsin”, “Otni qamchin bilan emas, еm bilan hayda”, “Arpasiz ot dovon osholmas” kabi maqollar ayni shu mazmunni ifodalaydiki, bu maqollar tarkibidagi so‘zlar davrga mos yangilanishi, o‘zgarishi, biroq mazmun saqlanishi yoki, aksincha, shakl mazmunga ham ta'sir etishi mumkinligini dalillaydi. Hodi Zarifovning qarashicha, Alisher Navoiy davrida ham maqollar alohida ahamiyat kasb etgan va til birligi sifatida yozma adabiyotda erkin qo‘llangan, badiiy asar tarkibida bezak vazifasini o‘tovchi “irsoli masal” badiiy san'atiga asos bo‘lgan. Olim xrestomatiyaning “XV asrdan Oktyabr sotsialistik revolyutsiyasigacha” deb nomlangan 2-bo‘limini ham “Navoiydagi aforizm va maqollar” bilan boshlagan. Alisher Navoiyning asarlaridan olingan mazkur parchalarni Hodi Zarifov “Navoiydagi maqollar” tarzida bermaydi. Chunki “Mahbub ul-qulub”da shoir hikmatlarga shu qadar jilo bergan, ijodiy yondashganki, qaysi maqol, qaysi hadis va qaysi shoirning o‘z talqini ekanini ajratish mushkul. Shunga ko‘ra Hodi Zarifov ham bu munozaradan chetlashish maqsadida “Navoiydagi aforizm va maqollar” deya umumiy nom bilan 25 ta hikmatni keltiradi[1.45.]. Biroq olim Navoiy ijodi tarkibidagi maqollardan saralar ekan, ularning oldinroq ham qo‘llanilganiga e'tibor qaratadi. Kitobxon 1-bo‘limda berilgan “Devonu lug‘ati-t-turk”da qo‘llangan “Ash tatig‘i tuz, yog‘rin еmas” maqoli XV asrda “Suvning mazasi muz bila, oshning lazzati tuz bila” yoki qadimda qo‘llangan “Birin-birin mung bolur, tama-tama ko‘l bolur”[1.333.] maqoli Alisher Navoiy davrida “Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur, Qatra-qatra yig‘ilib daryo bo‘lur”[3.112.] shaklida uchrashini kuzatadi. Bu esa asrlardan-asrlarga o‘tuvchi ba'zi maqollarning bashar tarixi bilan tengligini, u shaklan (so‘z, qo‘shimcha, tuzilish nuqtai nazardan) ma'lum o‘zgarishga uchrasa ham, mazmunan ilk qo‘llanilgan davr bilan ayniyatda bo‘lishi mumkinligi haqida xulosalar qilishga yo‘l ochadi va maqollarni makon-zamonga ko‘ra o‘rganish mumkinligini tasdiqlaydi. Hodi Zarifov “O‘zbek folklori” kitobining 2-bo‘limida xalq og‘zaki ijodi janrlarini alohida ajratib, namunalar kiritgan va o‘sha davrda, ya'ni XX asr boshlarida iste'molda bo‘lgan 263 ta maqolni 22 mavzu asosida bergan[1.384.]. Bu esa o‘zbek maqollarini ilmiy jihatdan o‘rganishda yana bir qadam bo‘ldi va yangicha yondashuv edi. 10 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Maqollarni mavzulashtirishni boshlab bergan V.Dalning ikki jildli “Poslovitsы russkogo naroda” to‘plamida maqollar 174 ta mavzu ostida berilgan. Bunda xalqning e'tiqodi, patriarxat davridan buyon amal qilib kelinadigan udumlari va rus xalqi dunyoqarashiga asoslanilgan. Shunga ko‘ra, V.Dal maqollar to‘plamini “Bog - vera” (Xudo - e'tiqod) mavzusida boshlab, dastlab e'tiqod, din, olamning yaratilishi haqidagi maqollarni keltirgan[8.21.]. V.Ostroumov ham garchand o‘zbek maqollarini rus tiliga tarjima qilib nashr ettirayotgan bo‘lsa ham, Dal ko‘rsatgan yo‘ldan borib maqollarning birinchi qismini “Bog. Sudba. Islam” (“Xudo. Taqdir. Islom”) deb nomlaydi[9.145.]. Biroq Hodi Zarifov hukmron mafkura, sobiq sho‘ro davlati va kommunistik partiya talablaridan chiqib ketolmaydi. O‘sha davr mafkurasi va sotsialistik partiya g‘oyalari asosida maqollarni yangicha mavzuiy guruhlarga bo‘ladi. Din, e'tiqod, Xudo bilan bog‘liq maqollarni xrestomatiyaga mutlaqo kiritmaydi. Holbuki, maqollar xalqning ruhiyati, dunyoqarashi, yashash tarzini ifodalar ekan, albatta, birinchi o‘rinda e'tiqod masalasini qo‘yish, yaratish va yaralish mohiyatini ifodalovchi maqollarni keltirish lozim edi. Zero, har qanday ish, so‘z musulmon e'tiqodiga ko‘ra, Alloh taolo nomi bilan boshlanadi va uning hamdi va Payg‘ambar (s.a.v) na'tlari bilan muzayyan bo‘ladiki, mumtoz adabiyotimizning asriy an'analari ham buni to‘la tasdiqlaydi. Hodi Zarifov xrestomatiyadagi maqollar mavzusini “Mehnat va hunar haqida” deb boshlab, “Otga ahamiyat” sarlavhasi bilan tugallaydi. Tabiiyki, bu maqollarning ko‘pi mehnat va hunar haqidagi kommunistik partiya g‘oyalariga mos keluvchi maqollardan tashkil topgan. Maqollarni mavzu jihatdan tasniflash ularni hech qanday ko‘rsatkichsiz alfavit tartibida berishdan ancha afzal. Chunki bunda xalqning biror-bir masalaga bo‘lgan e'tibori, bahosi, munosabati yaxlit jamlanadi va shu muammo yuzasidan millat dunyoqarashi va epik tafakkuri oydinlashadi. Qolaversa, kitobxonga ham mavzulashtirilgan maqollar to‘plamidan foydalanish qulayroq. Shu bois Hodi Zarifov xrestomatiyasidagi mazkur tamoyil maqollarning keyingi nashrlarida ham izchil davom ettirildi. Mavzulashtirilgan maqollar to‘plami o‘quvchini to‘g‘ri fikrlashga o‘rgatish barobarida uning shu mavzuga oid bilimlarini takomillashtirishga yordam beradi. Ya'ni o‘quvchi bir mavzudagi maqolga murojaat qilar ekan, unga yondosh, mazmunan yaqin maqollarga ham e'tibor qaratadi. O‘z nutqiga mosini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Alfavit tartibida berilgan maqollar to‘plamida bunday imkoniyatlar cheklanadi. Akademik T.Mirzayev ta'kidlaganidek, “Ommaviy kitobxonga mo‘ljallangan alfavit tartibidagi ko‘rsatkichsiz nashr, agar ta'bir joiz bo‘lsa, “o‘lik”, “harakatsiz” to‘plamdir. Bunday to‘plamlarda maqsad aniq bo‘lmaydi, ulardan foydalanish qiyin”[5.10.]. Hodi Zarifovning maqolshunoslik borasidagi keyingi ishi 1947 yilda nashr etilgan “Otalar so‘zi - aqlning ko‘zi”[10.24.] to‘plamidir. Bu to‘plam ham maqolshunoslik, uning nashri uchun muhim o‘rin tutadi. 11 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Umuman olganda, o‘zbek paremiologiyasining shakllanishi va uning takomillashuvida Hodi Zarifovning xizmatlari alohida. Atoqli olim XX asrning 30yillaridayoq ko‘rsatib bergan yozma manbalardagi maqollarni yig‘ish, o‘rganish o‘zbek maqollari tarkibini yangi maqollar bilan boyitish, ularning mavzuiy tasnifini qayta ko‘rib chiqib, mukammallashtirish folklorshunosligimiz oldidagi dolzarb masalalardandir. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati 1. Zarifov H. Oʻzbek folklori / Pedagogik institutlar uchun xrestomatiya. – Toshkent, 1939. – Б. 45. 2. Кошғарий М. Девони луғати-т-турк. – Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги НМИУ, 2017. – Б. 59. 3. Навоий А. Mаҳбуб ул-қулуб. Мукаммал асарлар тўплами. 14-том. – Тошкент: Фан, 1998. – Б. 112. 4. Маҳмуд В. Навоийгача бўлган турк адабиёти // Маориф ва ўқитғувчи. – №1. 1926. – Б.15. 5. Мирзаев Т. Саримсоқов Б. Ўзбек халқ мақоллари ва унинг нашри ҳақида / Ўзбек халқ мақоллари. Икки томлик. 1 том. – Тошкент: Фан, 1987. – Б.10. 6. Фитрат А. Адабиёт қоидалари / Истиқлол қаҳрамонлари. Танланган асарлар/ 5 жилдлик, 4жилд. –Тошкент: Маънавият, 2006. – Б.69. 7. Ўзбек халқ мақоллари. Икки томлик. I том. – Тошкент: Фан, 1987. – Б. 48. 8. Дaль В. Пословицы и поговорки русского нaрода. – М.: Правда, 1987. – 584 с. 9. Остроумов Н.П. Сарты. Этнографические материалы. Выпускь третий. Пословицы и загадки сартовь. – Тошкент: Еипо-Литография торг. Дома. Ф. и. Г. Бр. Каменские, 1895. – 188 с. 10. Оталар сўзи – ақлнинг кўзи. Тўпловчи вa тузувчи: Ҳ. Зарифов. – Тошкент, 1947