scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

"INTIZOR" DOSTONINING IKKI VARIANTI HAQIDA

Munis Jo'rayeva Yunusovna

Full text

42 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman “INTIZOR” DOSTONINING IKKI VARIANTI HAQIDA Munis Jo‘rayeva Yunusovna O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD) Elektron pochta: munis.jurayev[email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17381427 Annotatsiya: O‘zbek xalq dostonlari xalqimizning paydo bo‘lishi, davlatchilikning shakllanishi va rivojlanishi, ajdodlarimizning turmush tarzi, ma’naviy dunyoqarashi, boy tafakkuri borasida muhim ma’lumotlar poetik ifodalagan og‘zaki yodgorlik sanaladi. “Go‘ro‘g‘li” turkumiga mansub dostonlar ana shu merosda o ‘ziga xos o ‘ringa ega. Ushbu maqolada turkumlikdagi o‘zbek xalq eposining eng sara namunalaridan biri “Intizor” dostonining ikki varianti xususida, o‘ziga xosliklari haqida so‘z boradi. Tayanch so‘zlar: Avazxon, doston, baxshi, variant, qahramon, personaj, ijod, badiiylik, tasviriy vosita. Аннотaция: Узбекские народные эпосы являются устным памятником, поэтически выражающим важные сведения о происхождении нашего народа, формировании и развитии государственности, образе жизни предков, их духовном мировоззрении и богатом мышлении. Дастаны, относящиеся к циклу «Гуругли», занимают особое место в этом наследии. В данной статье речь идет об одном из лучших образцов узбекского народного эпоса из этого цикла – дастане «Интизoр» и его двух вариантах, а также об их особенностях. Ключевые слова: Авазхон, эпос, бахши, вариант, герой, персонаж, творчество, художественность, изобразительное средство. Annotation: Uzbek folk epics are oral monuments that poetically convey important information about the origin of our people, the formation and development of statehood, the lifestyle of our ancestors, their spiritual worldview, and their rich way of thinking. The epics belonging to the “Gorogly” cycle hold a special place in this heritage. This article discusses one of the finest examples of Uzbek folk epic tradition within this cycle – the “Intizor” epic, focusing on its two versions and their distinctive features. Keywords: Avazxon, epic, baxshi, version, hero, character, creativity, artistry, figurative device. O‘zbek xalqining nodir ma’naviy xazinasida xalq dostonlarining o‘rni beqiyos. Xususan, necha-necha yillar davomida epik ijodkorlar tomonidan sevib kuylab kelingan “Go‘ro‘g‘li” turkumiga mansub dostonlar o‘zbek eposshunosligining durdonasi sanaladi. Nafaqat o‘zbek folklori, balki O‘rta Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq xalqlari og‘zaki ijodida alohida o‘rin tutgan “Go‘ro‘g‘li” turkumidagi dostonlar mohiyatan juda ko‘p qadrli an’analar mujassamligi, g‘oyaviy mukammalligi, mazmunan boyligi, badiiy jihatdan yuksakligi bois bu qadar keng tarqalib, uzoq yillar davomida yashab kelmoqda. “Go‘ro‘g‘li” turkumiga mansub, o‘zbek dostonchiligida mashhur bo‘lgan “Avazxon”, “Avazning arazi”, “Avazning uylanishi”, “Qunduz bilan Yulduz”, “Bo‘tako‘z”, “Intizor”, “Zulfizar”, “Gulixiramon”, “Malikai ayyor”, “Balogardon” kabi dostonlar Avazxon nomi bilan bog‘liq bo‘lib, ushbu dostonlarda Avazxonni bosh 43 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman qahramon sifatida ko‘rish mumkin. Mazkur dostonlarda o‘zbek xalqining sevimli qahramoni Avazxonning biografiyasi yoritiladi, aniqrog‘i Go‘ro‘g‘lining Avazxonni Chambilga olib kelishidan tortib, uning mardonavor jangu jadallari, bahodirlik safarlari, turli afsonaviy mamlakatlarning go‘zallarini olib kelishdagi jasoratlariga qadar hikoya qilinadi. Garchi Avazxon haqidagi dostonlar alohida turkumlikni tashkil etsa-da, ularda Go‘ro‘g‘li еtakchi obraz sifatida ishtirok etadi. “Avazxon” turkumligida ikkala obraz bir-birini to‘ldirgan holda, Avazxon otasi xizmatiga hamisha shay bo‘lgan mard va jasur, sodiq farzand, deya ta’riflansa, Go‘ro‘g‘li farzandi uchun qalqon bo‘la oladigan, uning mushkulini oson qilish uchun jonini ham ayamaydigan mehribon ota sifatida gavdalanadi. Mazkur maqolada “Avazxon” nomi bilan bog‘liq epik syujetlar asosida yaratilgan dostonlar silsilasidagi “Intizor” dostonining Boyqo‘chqor Ahmedov kuylagan varianti xususida fikr yuritmoqchimiz. “Intizor” dostoni “Avazxon” biografik turkumligida alohida o‘ringa ega bo‘lib, ularda Avazxonning qahramonligi va sarguzashtlari tasvirlangan. Hozirda O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining Folklor arxivida “Intizor” nomi bilan ataluvchi dostonning uchta varianti saqlanadi. Bular Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li [1], Abdumo‘min Ibragimov [2] va Boyqo‘chqor Ahmedov[3] tomonidan kuylangan variantlari. Dostonning chechan xalq baxshisi Fozil shoir repertuaridagi variant bir necha bor turli hajmda nashr qilingan va bu variantga doir tadqiqotlar qilingan [4]. Qolgan ikkita varianti nashr etilmagan. Bugungi kunda chop etilayotgan “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligi tarkibiga kiritish maqsadida nashrga tayyorlanyapdi. Abdumo‘min Ibragimovning “Intizor” dostoni. Dostonning o‘ziga xos bu varianti Mirzacho‘l tumanida istiqomat qilgan Abdumo‘min Ibragimov tomonidan ijro qilingan, 1958 yili baxshining o‘zi yozib topshirgan. Abdumo‘min Ibragimov varianti Folklor arxivida inv№.1478 raqam ostida saqlanadi. Doston matni bitta 48 varaqli kulrang, ikkita 12 varaqli yashil va kulrang yo‘l-yo‘l chiziqli daftarlarga siyoh ruchkada yozilgan. Uchinchi daftar so‘ngida aytuvchi ismi, manzili va yozilgan sanasi (16-mart 1958 yil) yozilgan. Mazkur “Intizor” dostoni o‘zining syujet qurilishi, motivlar tizimi va mazmuniy asoslariga ko‘ra Fozil shoirdan yozib olingan “Intizor” dostonining varianti hisoblanadi. Biroq mazkur variantning o‘ziga xosliklari ham bor. Abdumo‘min Ibragimovning “Intizor” dostonining epik syujetidagi o‘ziga xoslik Go‘ro‘g‘lining karvonboshidan Intizor xabarini eshitib, “Shul qizni ham olib kelib bersanglar bir ko‘rsam, zora farzand bo‘lib qolarmikan?!” – deya yigitlariga maslahat qilishi lavhasi tasvirida ko‘zga tashlanadi. Chunki “Intizor” dostonining boshqa variantlarida Avazxon tushida Intizorni ko‘rib, oshiq bo‘lib qolishi bayon qilinadi. Boshqa variantlardan farqli ravishda Abdumo‘min Ibragimov o‘g‘li ijro etgan bu dostonda Avazxon Intizorni o‘zi sevib qolib safarga otlanmaydi, balki otasi Go‘ro‘g‘li uchun Intizorni izlab yo‘lga tushadi. 44 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Dostonning bu variantida tasvirlanishicha, Go‘ro‘g‘li Isfihon shahri podshosi Jannatxonning qizi Intizorni olib keltirish uchun qirq yigitidan sado chiqmaganidan so‘ng Avazxonning Isfihonga o‘zi borib, Intizorni otasiga olib kelib berish istagi bilan unga G‘irotni topshirib, safarga kuzatadi. Avazxon Isfihonga еtganida tuhmat bilan shu еrlarga qo‘nib topgan, Isfihon podshosining yaqin maslakdoshi bo‘lgan Go‘ro‘g‘lining tog‘asi Ashirbek sardorni uchratadi. Dostonning mazkur variantida boshqa variantlaridan farqli ravishda Ashirbek sardorning doston yakuniga qadar Avazxonga ko‘mak berishdagi faolligi ko‘zga tashlanadi. Tutingan o‘g‘li sifatida qabul qilib, hatto Avazxonni yashiringanligi siri ochilganda Avazxon o‘rniga o‘z o‘g‘lini boshini kesib Jannatxonga topshiradi. Abdumo‘min Ibragimov epik qahramonning boshiga tushgan voqealarni bayon qilar ekan, an’anaviy syujetni takomillashtirib, o‘ziga xos badiiy talqin qilishga harakat qilgan. Go‘ro‘g‘lining Asqarni tanasiga jon ato etishini so‘rab qilgan nidosi Yaratganga еtib, Jabroil orqali uni tiriltiradi. Boshiga mushkul ish tushgan har bir o‘rinda Avazxonni bu tangliklardan Ashirbek sardor qutqarib qoladi. Dostonning bu variantida Ashirbek sardor ko‘makchi obraz sifatida yaqqol gavdalangan. Fozil shoir variantidan farqli ravishda yana bu variantda Isfihon shahriga kirish oldi voqealar turlicha bayon qilinadi: Arpacho‘ldagi Go‘ro‘g‘li va qirq yigitning jang lavhalari, ularning bandi bo‘lishi va Hasan ko‘lbarning Isfihon lashkarlari bilan bir o‘zining jang qilib еngishi o‘rinlari Abdumo‘min Ibragimov variantida uchramaydi. Avazni izlab Isfihonga yo‘l olgan Go‘ro‘g‘li va uning yigitlari tunda osongina shaharga kirib, Isfihon lashkarlarini boshini tanasidan judo qilishadi. Go‘ro‘g‘li: Tong yorishgan paytida, Jannatxonning bul taxtiga, Oti bilan chiqib bordi, Hech narsadan xabari yo‘q, Mast uyquda yotgan еrda, Jannatxonning kallasini, Shartta endi yulib oldi. Betashvishda Jannat podsho, Armon bilan o‘lib qoldi. Mazkur variant syujetining tugallanmasi ham Fozil shoir variantidan farq qiladi. Fozil shoir variantida ikki yurt podsholari o‘zaro kelishib, bir-biriga hadyalar berib to‘ytomosha qilib, xullas, yaxshilik bilan yakun topsa, bu variantda boshi olingan Jannatxon o‘rniga Isfihon taxtiga Ashirbek sardorning o‘g‘li Asqarni Go‘ro‘g‘li Isfihon taxtiga podsho, otasini vazir qilib tayinlab, Chambilga qaytadi. “Intizor” dostonining Boyqo‘chqor Ahmedov varianti. Iste’dodli yosh baxshi Boyqo‘chqor Ahmedov Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi Almat qishlog‘ida 1974 yilda tug‘ilgan. Shu qishloqdagi 18-sonli o‘rta maktabning 4-sinfida 45 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman o‘qiyotgan paytidan do‘mbira nag‘malarini o‘rgana boshlagan. Uning otasi Shodi Ahmad o‘g‘li, tog‘asi Mengli Mamat o‘g‘li xalq orasida tanilgan baxshilardan bo‘lib, ko‘pgina an’anaviy doston va termalar aytib kelganlar. Uning akalari Boymurod va Ziyodulla Ahmedovlarning ijodi, san’ati unga turtki bo‘lgan. Do‘mbira nag‘malarini chertishda otasi Shodi bobo ustozlik qilgan. 1990 yilda o‘rta maktabni tamomlab, ustozi Abduqahhor baxshidan doston va termalar aytish sirlarini o‘rgana boshlagan. 2007 yilda Chiroqchi tumanida baxshi-shoir, oqin va jirovlar ko‘rik-tanlovida Madaniyat va sport ishlari Vazirligining diplomi bilan taqdirlandi. Hozirgi vaqtda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Egrisuv qishlog‘ida yashab, “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi”, “Kuntug‘mish”, “Rustamxon”, “Orzigul”, “Nurali va qari Ahmad”, “Olomon bilan Qoramon”, “Erali va Sherali”, “Qiziljar”, “Intizor” kabi dostonlar hamda o‘zi yaratgan “O‘zbekiston”, “Qashqadaryo”, “Tulpor” kabi termalarni xalqqa taqdim etib kelayapti. “Intizor” dostonini Qashqadaryo baxshichilik an’analarini davom ettirib kelayotgan yosh baxshi Boyqo‘chqor Ahvedovdan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Nuriddin Aminjonov tomonidan yozib olingan. Ushbu doston hajman qisqaroq bo‘lsa-da (audiodan elektronlashtirganda 27 betni tashkil qilgan), syujetdagi voqealar tugal va ravon uslubda bayon qilingan. Doston nashr qilinmagan. Mazkur variantda Fozil shoir varianti kabi Avazxon tushida Intizorni daragini bilib safarga otlanadi. Isfihon sari yo‘lga chiqqan Avazxonga ilk bor Olatovdagi o‘tovda yashovchi Toshotar degan polvonga duch keladi. “Yo‘ldan o‘tayotgan karvonlarni tosh bilan urib, kallasini ezib, molu dunyosini tortib olib yotar edi. Kelayotgan Avazxonni ko‘rib Toshotar joyidan turib qo‘liga ikkita katta toshni olib Avazxonga qarab do‘g‘u siyosat qilib: “Eshitmayman nolishingni, ko‘zingdan to‘kaman yoshingni, otingni bermanga burib kelaberma, Avazjon, oqizaman qoningni, urib ezaman boshingni!” Avaz uni еngadi. Toshotarning qog‘ozdan qanoti bor Qog‘ozoyim degan xotini bo‘lib, u “qahrlansa osmondagi burgutday, qushday bo‘lib uchar edi. Toshotar yo‘lda ovlab yotsa, Qog‘ozoyim osmonda uchib ketib, qushlarni, ko‘ringan-ilingan narsalarni ushlab, bu osmondan ovni qilib kelar edi”. Erini o‘lib yotganini ko‘rib g‘azablanib u ham Avazxonga hujum qiladi. Avazxon G‘irot yordamida Qog‘ozoyimni еngib, yo‘lida davom etadi. Isfihon darvozasiga еtib, o‘zini Chambildan kelganligi va el-yurtini ko‘rmoqchiligini aytib darvozabondan eshik ochishini so‘raydi. Mazkur variantda ham Ashirbek sardor Isfihonga musofir ekanligi aks etadi, u shahar darvozasi egasi deyilgan. Uning ko‘makchilik faoliyati shu еrdan boshlanadi. Avazni, G‘irotni tanib, bahriga bosib, uning maqsadini bilib, unga yordam beradi. Intizorning ot olmoqchiligini bilib, ot savdosini tashkil qiladi va Avazxonning dastlabki maqsadi amalga oshadi, Intizorni olib qochadi. “Qoraxon podshoning Elamas degan polvoni bor edi. Elamas shunday Elamas edi, bilganiday qilar edi. Qo‘liga yoyini olar edi, chumchuqning ko‘zidan urar edi. 46 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Lekin podsho Elamasga shu Intizor parini beraman, deb va’da qilib yurar edi”. Ularning ortidan qo‘liga kamon-yoyini olib Elamas polvon quvadi. U Avazni yaralaydi, hushini yo‘qotgan Avaz otdan yiqiladi va bir g‘orga berkinadi. G‘irot Intizorni Chambilga olib ketadi. Aytish joizki, mazkur variantdagi voqealar ketma-ketligi Abdumo‘min Ibragimov variantiga qaraganda Fozil shoir variantiga juda o‘xshash. Boyqo‘chqor Ahmedov ijrosida yozib olingan variant epik syujetning qadimiy shakliga mansub motivlarni saqlab qolganligi, jumladan, epik qahramonning tushida sevgilisini ko‘rishi, uni izlab safarga otlanishi, yo‘lda mifik xususiyatlarga ega obrazlar uchrashi va ularni еngishi singari arxaik tasavvurlar bilan bog‘liq o‘rinlar dostonning badiiy ko‘lamini kengaytirgan. Mazkur variantda Janubiy O‘zbekiston vohasi baxshichilik an’analariga xos she’riy qismlarning badiiy jihatdan puxta, pishiq ishlanganligi, baxshining so‘z qo‘llashdagi o‘ziga xos iqtidori yaqqol namoyon bo‘lgan. Umuman olganda, “Intizor” dostoni variantlarining barchasida ko‘rsatgan turkumlik dostonlariga xos qahramon (Avazxon, Go‘ro‘g‘li) bahodirliklari keng tasvirlanadi. Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li tomonidan kuylangan “Intizor” dostoni tilining tushunarli, aniq va obrazliligi, boshqa variantlarga nisbatan mukammalligi bilan alohida ajralib turadi. Unda mardlik, jasorat, tantilik, insonparvarlik, olijanoblik kabi yuksak ma’naviy g‘oyalar betakror badiiy tarzda tarannum etilgan. Doston badiiyatini boyitgan turli va qator tasviriy vositalar ular kuylagan baxshi badiiy mahoratini ochib berishi bilan bir qatorda, tinglovchiga estetik zavq ham ulashadi. Avaz timsolida mashaqqatli yo‘lidagi har qanday to‘siqlarni еnga oladigan, o‘z maqsadiga sobitqadam barkamol obrazni ko‘rish mumkin. Yurti parokanda bo‘lishi oldini olgan, oilaviy munosabatlarni tiklashga harakat qilgan, otasi qayg‘usini aritishni o‘zining farzandlik burchi deb bilgan Avaz obrazi chin ma’noda qahramon sifatida namoyon bo‘ladi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Folklor arxivi, inv №10. 2. O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Folklor arxivi, inv № 1478. 3. O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Folklor arxivi, inv № 2380. 4. Фозил Йўлдош ўғли Интизор (достон). Нашрга тайёрловчи ва сўзбоши муаллифи М.Афзалов. – Тошкент, 1949. – 187 б.; Фозил Йўлдош ўғли Интизор (достон). Нашрга тайёрловчи М.Афзалов // Шарқ юлдузи. – Тошкент, 1949. – 3-сон. – Б.53-67.; Фозил Йўлдош ўғли Интизор (достон). Нашрга тайёрловчи H.Зарифов. – Тошкент, 1949.; Фозил Йўлдош ўғли Интизор (достон). Нашрга тайёрловчи М.Алавия. – Тошкент, 1956. – 161 б.; Фозил Йўлдош ўғли Интизор (достон). Нашрга тайёрловчи М.Алавия // Ўзбек халқ достонлари. II том. I нашри. – Тошкент, 1957. – Б.299-456.; Фозил Йўлдош ўғли Интизор (достон). Нашрга тайёрловчи М.Алавия. Томларни тузувчи H.Зариф. – Тошкент, 1964. – Б.3-188.; Алавия М. “Интизор” достони ҳақида // Фозил Йўлдош ўғли. Интизор (достон). – Тошкент, 1949. - Б.36; Собиров О. Икки достонининг ғоявий мундарижаси // Фозил шоир (ўзбек халқ ижоди бўйича тадқиқотлар). 3-китоб. – Тошкент, 1973. – Б.59-67.; Жўраева М. “Интизор” достони ҳақида мулоҳазалар // Илм сарчашмалари. – 2019. ‒ №1. ‒ Б.69-72;