DOSTONLARNING ADABIY OBZORLARDAGI TAHLILI: BADIIY YONDASHUV VA ESTETIK IZLANISHLAR
Full text
58 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman DOSTONLARNING ADABIY OBZORLARDAGI TAHLILI: BADIIY YONDASHUV VA ESTETIK IZLANISHLAR Jamolova Zilola Nizomovna filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) e-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17381474 Annotatsiya: Mazkur maqolada adabiy obzorlarda dostonlarning badiiyati keng qamrovda tahlil qilinadi. Zamonaviy dostonchilikda modernistik yondashuvlar, yangi badiiy izlanishlarning o‘rni o‘rganiladi. Tadqiqot davomida dostonlarning qahramonlari, badiiy uslub va tahlil mezonlari, shuningdek, adabiy obzorlarda poetik tasvir va estetik qadriyatlarning qanday ochib berilishi asosiy masala sifatida ko‘rib chiqiladi. Kalit so‘zlar: doston, adabiy obzor, badiiy tahlil, poetika, falsafiy mazmun, qahramon obrazi, zamonaviy doston. Annotation: This article provides a comprehensive analysis of the artistic aspects of epics in literary reviews. The role of modernist approaches and new artistic explorations in contemporary epic poetry is examined. The study focuses on the characterization of epic heroes, artistic style, analytical criteria, and how poetic imagery and aesthetic values are revealed in literary reviews. Keywords: epic, literary review, artistic analysis, poetics, philosophical content, hero image, modern epic. Аннотaция: В данной статье проводится всесторонний анализ художественной составляющей эпоса в литературных обзорах. Рассматривается роль модернистских подходов и новых художественных поисков в современном эпосе. В ходе исследования изучаются характеры эпических героев, художественный стиль, критерии анализа, а также то, как поэтические образы и эстетические ценности раскрываются в литературных обзорах. Ключевые слова: эпос, литературный обзор, художественный анализ, поэтика, философское содержание, образ героя, современный эпоc. Adabiy obzorlar tahlil obyekti sifatida turli janrdagi asarlarni qamrab olishi mumkin, bu esa janrning imkoniyatlari adabiy tanqidning boshqa janrlariga nisbatan ancha yuqoriligini ko‘rsatadi. Shuningdek, mamlakatimiz prezidentining quyidagi fikrlari ham juda muhim ahamiyatga egadir. Ya`ni: “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish bugungi kunda dunyo adabiy makonida yuz berayotgan eng muhim jarayonlar bilan uzviy bog‘liq holda tahlil etib, zarur ilmiyamaliy xulosalar chiqarish, kelgusi vazifalarimizni belgilab olish katta ahamiyatga ega” ekanligi kun tartibida ekan, zamonaviy oʻzbek adabiyotshunosligida, tanqidchiligida adabiy obzorlarni tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu maqolada ma`lum bir davrda yaratilgan dostonlar tahlil qilingan adabiy obzorlar haqidagi munosabatlar, ularning yutuq va kamchiliklari, adabiy obzorlarda dostonlarni tahlil qilishning badiiy va estetik jihatlari yoritilgan. Avvalo, dostonlar haqida ikki og‘iz so‘z yuritsak, doston – o‘zbek va jahon adabiyotining eng qadimiy va muhim janrlaridan biri bo‘lib, u epik hikoyalovchi she’riy asar hisoblanadi. U xalq og‘zaki ijodidan boshlab yozma
59 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman adabiyotga qadar rivojlanib kelgan bo‘lib, bugungi kunda ham o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmagan, insoniyatning ruhiy-ma’naviy dunyosini boyitib, tarixiy xotirani saqlab qolishda muhim ahamiyat kasb etadi. Dostonlar xalqning tarixiy xotirasi, madaniy qadriyatlari, qahramonlik va axloqiy fazilatlarini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, asrlar davomida og‘zaki va yozma shaklda rivojlanib kelgan. Maqolada 80-yillar va mustaqillik davrida yaratilgan dostonlar tahliliga bag‘ishlangan adabiy obzorlar haqida so‘z boradi. Mana shunday adabiy obzorlardan biri To‘ra Sulaymon qalamiga mansub, “Xalqimizning qaynar buloqlari” adabiy obzoridir. Adabiy obzorda xalq og‘zaki ijodining yorqin yo‘nalishi dostonchilik masalasidagi o‘y-fikrlar keltiriladi. Dostonlarning ajdodlardan avlodlarga еtib borishida xalq baxshilarining o‘rni beqiyos bo‘lib, ulardan dostonlarni yozib olishning ham o‘ziga xos qiyinchiliklari borligi aytiladi. Adabiy obzorda dostonchilikda alohida maktab yaratgan ijodkorlar (Ergashjumanbulbul, Ulbosh, Oycha kampir, Begmat bobo, Nasibali, Oysara chechan, Norqol opa)ning ijodlari, ular qoldirgan boy adabiy merosni to‘plash ishlari еtarli darajada emasligi shoirni iztirobga soladi. Bugungi kunga kelib shoirning orzulari ushaldi, 2019-yildan boshlab “Xalqaro baxshichilik san`ati festevali” har ikki yilda bir marta o‘tkazilib kelinmoqda. Baxshichilik va dostonchilik tarixi, ularning ijodini chuqur o‘rganish, xalq og‘zaki ijodiga doir asarlarni to‘plash, baxshi-shoir, oqinlar ijodining sharq madaniyati va san`atidagi o‘rnini va ahamiyatini oshirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Dostonlar, bir tomondan, tarixiy haqiqatni aks ettiruvchi epik yodgorlik sifatida, ikkinchi tomondan esa, inson kechinmalari, ma`naviy izlanishlar va falsafiy mushohadalar uyg‘unlashgan badiiy janr sifatida qadrlanadi. Adabiy obzorlarda dostonlarning badiiy jihatlari chuqur tahlil qilinmoqda. Xususan, poetik shakl, qahramon xarakteri, falsafiy g‘oyalar, badiiy vositalarning roli va zamonaviy dostonlar tahliliga alohida e`tibor qaratilmoqda. Dostonlar an`anaviy tarzda she’riy shaklda yozilgan bo‘lib, ularning poetik uslubi dostonlarning badiiy jihatini belgilovchi asosiy omillardan biridir. Ibrohim G‘afurovning “Doston ustuni” adabiy obzorida Usmon Azimning “Quyoshli olam” dostoni romantik poetika bilan ajralib turishi qayd etiladi. Ushbu doston ritmik uyg‘unlik, poetik ifoda va ramziy timsollar orqali kitobxonga ta’sir o‘tkazadi. Biroq munaqqid shoir obrazining kurashchanlik jihati sust ekanligini tanqid qiladi. Bundan tashqari, Sulton Akbariyning “Ko‘kan sho‘ro” dostonida G‘afur G‘ulom yaratgan obrazning qayta yoritilishi badiiy izlanish namunasi sifatida baholanadi, ammo arxaik so‘zlarning ortiqcha ishlatilishi dostonning o‘qish qiyinligini oshirgani tanqid qilinadi. Bulardan tashqari, adabiy obzorda Jumaniyoz Jabborovning “Muhabbat naqqoshi” va Yevtushenkoning “Santyago kabutari” dostonlari tahlil qilingan biroq, bu dostonlar tahlilida olim mafkura tazyiqidan chiqib ketolmagan.
60 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Dostonlarning badiiyatida qahramon obrazlarining badiiy yuksakligi muhim ahamiyat kasb etadi. Adabiy obzorlarda doston qahramonlari xarakteri, ularning hissiy kechinmalari va dramatik to‘qnashuvlari o‘rganiladi. Dostonlar qahramonlarning ichki dunyosini ochib berishi, qahramonlararo ziddiyat va dramatik burilishlarni ko‘rsatishi, qahramonlarning xalq ongida ideal sifatida gavdalantirilishi zarur. Masalan, Ibrohim G‘afurovning “Mo‘jizalar har kuni kerak” adabiy obzorida doston qahramonlari ma`rifatli shaxslar siymosi sifatida ko‘rsatilishi ta`kidlanadi. Jumladan, Abdulla Oripovning “Hakim va ajal” dostonidagi hakim obrazi Ibn Sino, Erkin Vohidovning “Ruhlar isyoni” asaridagi Hindistonning milliy qahramoni Nazrul Islom, Barot Boyqobulovning “Shukuhli karvon” dostonidagi bosh qahramon Alisher Navoiy obrazining ramziy yondashuv bilan yaratilgani qayd etiladi. Muhammad Alining “Boqiy dunyo” dostonida bayonchilik asosiy poetik uslub sifatida ajralib turadi, ammo bu ba’zan zerikarli epizodlarga sabab bo‘lishi adabiy obzorda ta`kidlangan. Adabiy obzorlarda xulosa va sarlavhaning mos kelishi muhim janriy belgilaridan biri bo‘lib, bu obzor xulosa qismida olim Asqad Muxtorning she`ridan parcha keltiradi, she`riy parcha nafaqat janriy belgi sanaladi, balki asarning yanada o‘qishli bo‘lishini ta`minlaydi. Bu parcha yosh ijodkorlaga yanada ijod qilishdan tolmasliklari uchun, ularni yuksak marralarga erishishlari kichik natijalarga bog‘liqligini aks ettiradi: Razm sol, o‘yga tol, hayratda talpin, Bir zum loqayd tepmasin yurak. Kattasini kut-u kichigidan qolma, Kichik mo‘jizalar har kuni kerak! Adabiy obzorlarda tahlil qilingan dostonlar nafaqat badiiy, balki ijtimoiy, tarixiy va falsafiy mazmunga ham boy. Ular insoniy axloq, adolat, ma`naviy poklik kabi masalalarni qamrab oladi. Masalan, Umarali Normatovning “Doston va zamon” adabiy obzorida 80-yillarda yaratilgan dostonlar ijtimoiy va siyosiy muammolarni yoritish nuqtayi nazaridan tahlil qilingan. Erkin Vohidovning “Istanbul fojeasi” dostoni vijdon azobi va insoniy dramalar bilan ajralib turadi. Omon Matjon qalamiga mansub “Gaplashadigan vaqtlar” dostonida qahramon fojeasi aslida u tushgan muhitda va bu muhitdan chiqib ketolmaganida, o‘ta go‘l va atrofdagilar bilan tez chiqishib ketolmasligida, unda iste`dodlarini ro‘yobga chiqarishda sabot, tadbirkorlik еtishmaydi. Biroq bu adabiy obzorda munaqqid doston mualliflarini ayabmi, yoki istihola qilibmi negadir dostonlardagi kamchiliklar haqidagi mulohazalarini bildirmaydi. Xulosalangan adabiy obzorda umumiy dostonlarga xos kamchiliklar haqida bir qur eslab o‘tiladi, bularga fikrlashda eski qoliplardan chiqa olmaslik, falsafiy mushohadakorlikning torligi, doston janri imkoniyatlaridan еtarli darajada foydalana olmaslik kabilarni keltirish mumkin. Bunday fikrlar umumiy bo‘lib, aynan qaysi asarda qanday kamchilik borligi mavhumligicha qolgan.
61 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Bugungi dostonchilik modernistik yondashuvlar bilan uyg‘unlashib bormoqda. Adabiy obzorlarda zamonaviy dostonlardagi badiiy izlanishlar lirik qahramonning ichki dunyosini ochib berishda, ramziy obrazlarning ko‘payishida, no`annaviy kompozitsiyadan foydalanishda namoyon bo‘ladi. Nafosat O‘roqovaning “Zamonaviy dostonlarda noan’anaviy tasvir uslubi” obzorida Ikrom Otamurodning “Qush” va “Dog‘” dostonlari ramziy ifoda va ichki monolog asosida qurilgani ta’kidlanadi. Ikrom Otamurodning “Sopol siniqlari” dostonida qarshilantirish san’ati asosiy poetik tamoyil sifatida xizmat qilgani ko‘rsatiladi: Siniq ko‘za… Siniq ko‘ngil… Do‘ppaygan qabr… Nimjon nihol… Adhambek Alimbekovning “Doston she`riyat – gultoji” adabiy obzorida tahlil qilingan dostonlarda ham ramziy ifodalar uchraydi. Adabiy obzor 2011-yilda yaratilgan dostonlar tahliliga bag‘ishlangan. Ikrom Otamurodning “Qush” dostonida qush timsolida shoir o‘z ko‘ngil kechinmalarini ifodalaydi va inson o‘z ko‘ngliga teran nazar solishi, ko‘ngilga ko‘ngil ko‘zi bilan boqish lozimligi doston g‘oyasini tashkil etadi. Dostonning ayrim o‘rinlarida ko‘p nuqtalar so‘zdan oldin ham, so‘zdan keyin ham keladi, bu nuqtalar bejiz emas, o‘quvchi tafakkuridan kelib chiqib nimanidir qo‘shishi ham mumkin. Natijada, doston kitobxonni fikrlashga chorlaydi: ……….Qushuch – avval…….. ……….Qushuch – kunj……… ……….Qushuch – raqam ……. ……….Qushuch – imdod……... ……….Qush – uch – harakat……. ……….Qush – uch – manzil…….. She`riyat olamida modern yo‘nalishdagi ijod namunalari bilan kitobxonlar e`tiboridagi shoir Nodir Jonuzoq bo‘lib, shoirning “Kuzgi yaproqlar” dostoni jami 6 she`rdan iborat. Kuz fasliga munosabatini do‘stiga munosabatday ifodalaydi, unga dardlarini izhor qiladi, kuz ham uni eshitib savollariga javob qaytaradi. Kuzgi xazonlarni yoqish kuzning jon berishiga mengzaydi. “Yer kichkina ko‘mib bo‘lmaydi” satrining o‘zida kuz fasliga yuklangan poetik ma`noning zalvori ulkan: Kuz! Tushungin, Qismating gulxan, O‘zgasiga ko‘nib bo‘lmaydi. Axir sening vujuding ulkan
62 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Yer kichkina ko‘mib bo‘lmaydi. Adabiy obzorda muallif dostonlar sharhi, syujeti masalasida, ulardagi yangiliklarni, o‘ziga xosliklarni ifodalashga harakat qilgan, biroq tanqidiy fikrlar, yanada yaxshi badiiy asar namunalarini yaratishda nimalarni inobatga olish haqida jimlikni ma`qul ko‘rgan. Bu kabi misollar zamonaviy dostonlarning badiiy-estetik imkoniyatlarining kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, dostonlar adabiy obzorlarda poetik shakl, qahramon xarakteri, dramatik voqealar, falsafiy teranlik va zamonaviy yondashuvlar asosida tahlil qilinadi. Doston janri zamonaviy poetik izlanishlar bilan uyg‘unlashib bormoqda, bu esa uning badiiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Adabiyotlar ro‘yxati: 1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi // Xalq so‘zi, 2018yil 8-avgust. 2. Ахмедова Ш. Ўзбек адабий танқидчилиги жанрлари.-Тошкент: Фан, 2008.-Б. 180. 3. Alimbekov A. Doston she`riyat – gultoji. Sharq Yulduzi // 2012. №3 4. Норматов У. Достон ва замон // Шарқ Юлдузи. 1987. №10 5. Тўра Сулаймон. Халқимизнинг қайнар булоқлари // Шарқ Юлдузи. 1980. №10 6. Ғафуров И. Мўжизалар ҳар куни керак // Шарқ Юлдузи. 1981. №7 7. Ғафуров И. Достон устуни // Шарқ Юлдузи. 1982. №8