O'ZBEK ERTAKCHILIGINING LOKAL XUSUSIYATLARI
Full text
82 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman O‘ZBEK ERTAKCHILIGINING LOKAL XUSUSIYATLARI Asqarova Jamilaxon Baxodirovna O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori (DSc) DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17381557 Annotatsiya. Maqolada o‘zbek xalq ertakchiligi an’analari, professional xalq ertakchilari hamda ertakchilikning lokal xususiyatlari haqida so‘z yuritiladi. Kalit so‘zlar: folklor, ertak, ertakchi, ertakchilik, ijro, ijodkor. Аннотация. В статье говорится о традициях узбекского народного сказительства, профессиональных сказителях и местных особенностях сказительства. Ключевые слова: фольклор, сказка, сказитель, повествование, спектакль, творец. Annotation. The article talks about the traditions of Uzbek folk storytelling, professional folk storytellers and local features of storytelling. Key words: folklore, fairy tale, storyteller, storytelling, performance, creator. Qadim zamonlarda kishilik jamiyatidagi mavjud bilimlarni saqlovchi, tarqatuvchi va ayni paytda estetik zavq beruvchi vositalardan biri – xalq og‘zaki ijodi namunalari bo‘lgan. Bu folklor namunalarining yashash tarzi, avloddan-avlodga o‘tish jarayonlari bevosita ijrochilarga bog‘liq ravishda davom etgan. Ertakda olamni bilish va uni tinglash orqali borliq haqidagi badiiy ifodalangan bilimlarni hissiy anglash birlamchi rol o‘ynaydi. Ertakda xalqning hayotiy va tarixiy tajribalari, quyma xulosalari ramziy, timsoliy bayon etiladi. Folklorshunos olim K.Imomov ertakchi shaxsining shakllanishida shomonlik, qabila, urug‘ga mansub so‘zamol, dono oqsoqollarning ta’siri katta bo‘lganligini ta’kidlaydi: “Ertakchi shaxsining ijodkor sifatida ilk bor paydo bo‘lishi o‘tmish bilan bog‘liq shart-sharoit, real voqelikka munosabatdan boshlangan va uning belgisi sifatida yuzaga kelgan... Ertakchi – ertak kashf etuvchi, san’atkor. Ayni paytda, tajribali ijodkor, ertak an’analarini yaxshi bilgan, chechan, xushta’b, hazilkash va qiziqchi. She’r to‘qishga moyil, so‘z va obraz ma’nolariga amal qilib, jonli nutqi, ravon tili bilan ertak aytish uslubiga ega bo‘lgan iste’dodli shaxs, ertaklarni ta’sirchan, o‘ziga xos shaklshamoyilga ega bo‘lgan asar darajasiga ko‘tarish, avloddan-avlodga olib o‘tishda samimiy xizmatlari benazir, tengi yo‘q ulug‘ zotdir” [2, 190]. Ertakchilik an’analarida muhim sub’ektlardan biri ijodkor ertakchilar hisoblanadi. Ular og‘zaki ijodning ushbu turini o‘z hofizalarida saqlab, badihago‘ylik bilan ijro etadilar. Ertakchi ijrosini bir aktyor teatriga qiyoslash mumkin. Chunki nutqdagi so‘z urg‘usi, mimika, harakatlar, tomoshabin-tinglovchining mavjudligi mo‘jaz bir sahna asarini eslatadi. Iste’dodli ertakchilar ertakka ijodiy yondashib, tayyor qolipga aylangan formulalardan, detallardan unumli foydalanadilar hamda an’analarga amal qiladilar.
83 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Ertakchilik yuzaga kelishi uchun uch asosiy shart – ertak + ijrochi (ertakchi) + auditoriya mavjudligi talab etiladi. Sanab o‘tilgan omillar ertakchilik haqidagi ilmning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Chunki “ertakchilikda ertak voqeasi bilan ohang, ijrochining harakatlari ajralmas birlikni tashkil qiladi” [6, 133]. Shunisi e’tiborliki, qadimda barcha folklor janrlari marosimdan xoli bo‘lmagan. Buni akademik T.Mirzaevning quyidagi fikrlari tasdiqlaydi: “Ertak, doston kabi epik janrlar ham dastlab marosim bilan bog‘liq holda yashagan. Ular maxsus joylarda, belgilangan vaqtda, ma’lum sharoitda, muayyan auditoriyada o‘ziga xos tarzda aytilgan” [4, 10]. Hozirgi kunda ham ertak aytish vaqtiga doir taqiqning saqlangani yuqoridagi fikrlarni tasdiqlaydi. Olimning fikricha, ertak ijrosi bilan bog‘liq talablarning asta-sekin susayishi janrning marosim bilan aloqasi yo‘qolishiga sabab bo‘ldi. Ertakchilik an’analari, professional ertakchilar repertuari va xalq ijodkorlarining badihago‘ylik mahoratini o‘rganish folklorshunoslikda muhim o‘rin tutadi. Ammo bugun o‘zbek ertakchiligi sohasida bir qator muammolar mavjudki, bu esa masalani nazariy jihatdan hal etishga xalaqit beradi: – ertakchi shaxsiyati haqida ma’lumotlarning kamligi; – ertakchining o‘ziga xos ijrochilik san’ati haqida kuzatuvlarning tizimli ravishda olib borilmagani; – matndan tashqaridagi holat, ya’ni ertak aytishga tayyorgarlik, muhit, auditoriyaning psixologik holatiga doir zarur ma’lumotlarning maxsus yozib olinmagani; – ertakchining ruhiy holati, kayfiyati va boshqa faktorlarning ijro jarayoniga ta’siri masalarining еtarlicha o‘rganilmagani; – ertak aytish jarayonidagi turli xil an’analar, rasm-rusumlar va irimsirimlarning tadqiq etilmagani va amaliyotning deyarli unutilgani; – hozirda ertakchilik an’anasini davom ettiruvchi ustoz-shogirdlik munosabatlari yo‘qolib borishi kabi muammolar yuzaga kelgan. O‘rganishlardan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, ertak auditoriyasini asosan ikki tur – kattalar (erkaklar, ayollar) va bolalar tashkil etadi. Katta yoshli tinglovchilarga asosan sehrli tipdagi, epik jihatdan keng qamrovli va “kattalar olami”dagi ijtimoiy munosabatlar aks etgan ertaklar aytilgan. Bolalar hayvonlar haqidagi ertaklar bilan ovutilgan. Tinglovchilar asosan o‘zlari yashayotgan makon va zamon, atrofdagi voqeahodisalar, o‘zlari ishlatadigan narsa-buyumlar hamda ijtimoiy hayotning badiiy tasvirini ertaklarda eshitganlar. Shu sababli “ijrochilar o‘zlari mansub bo‘lgan millatning hayoti, turmushi, urf-odatlarini, talab va ehtiyojlarini sinchkovlik bilan kuzatganlar. Aksariyat ijrochilarning auditoriyasi o‘z qishlog‘i va uning atroflari bilangina chegaralangan” [3, 23].
84 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Ertakchilik an’analari undagi formulalarda ko‘zga tashlanadi. Aynan an’ana ertakning folklor asari ekanligini belgilaydi. Olimlar ertak matnining sifatini aniqlashda qonun-qoidalarga rioya etilganiga e’tibor qaratganlar. Ertaklarning syujet tizimi, an’anaviy formulalarning qo‘llanilishiga ko‘ra, hududiy geografik muhitning o‘zbek xalq ertakchilik an’analariga ta’sirini o‘rganish mumkin. Ertaklar poetikasida ham hududlardagi o‘ziga xoslik ko‘zga tashlanadi. Folklorshunos olim M.Jo‘raevning “O‘zbekistonning har bir hududida o‘ziga xos ertakchilik maktablari bo‘lgan. Ularda ustoz-shogird an’analari asrlar osha rivojlanib kelgan. Ustoz shogirdini ertak aytish san’atining nozik qirralari bilan tanishtirib, unga ertak ijrochiligining sir-sinoatlaridan maxsus saboq bergan” [1, 32] degan fikriga asoslanib, ertakchilar repertuarini hududiy-geografik nuqtai nazardan o‘rganish muhimligini, voha hamda vodiyda ertakchilik an’analari turlicha ekanligini va bu o‘z navbatida qadimda ertakchilik maktablari mavjud bo‘lganini aytishimiz mumkin. Bu fikrni xalq ijodkorlarini jonli jarayonlarda kuzatgan folklorshunos olim M.Murodovning quyidagi so‘zlari ham tasdiqlaydi: “O‘zbekistonning turli joylarida ertakchilarning o‘ziga xos maktablari bo‘lgan. Ularda ustoz-shogird tayyorlashdan tortib, ertakka chuqur hurmat bilan qarash, unga e’tiqodda bo‘lish, ertakni o‘rganish, aytish kabi ertak, ertakchi shaxsi va ertak aytish san’ati bilan bog‘liq bir qator masalalar ishlab chiqilgan. Bu sohadagi yutuqlar umumlashtirilib, kamchiliklar ro‘y-rost ochib tashlangan” [5, 100]. Shuningdek, Xorazm ertaklari genezisini o‘rgangan folklorshunos olim J.Yusupov ham ijro usuli, syujet tarkibi, motivlar tuzilishining o‘ziga xosligiga ko‘ra ertaklarni geografik hududiy tiplarga bo‘lib o‘rganish kerakligini, chunki har bir ertakchilik maktabi o‘zining ijrochilik an’analari, epik bilimi va ijtimoiy-estetik prinsiplariga asoslanishini ta’kidlagan [7,123]. Xulosa o‘rnida aytish joizki, o‘zbek xalq ertakchiligi tarixi qadim davrlarga borib taqalsa-da, biroq ertak aytishning qadimiy ko‘rinishlari, rasm-rusumlari va an’analarini davom ettirib kelgan ertakchilar haqida na yozma, na og‘zaki ma’lumotlar saqlanib qolgan. Bundan tashqari, keyingi yillardagi ijtimoiy taraqqiyot ertakchilik an’analariga ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Hozirgi kunda an’anaviy ertak ijrosi va ertakchilik an’analarining qadimiy shakllari deyarli so‘nib bo‘ldi. Bu ertak ijrosiga nisbatan ijtimoiy talabning so‘nishi, ertaklarning vaqtli matbuot sahifalarida, darsliklarda, shuningdek, kitob hamda to‘plam holda bosib chiqarilishi bilan bog‘liqdir.
85 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Adabiyotlar ro‘yxati: 1. Жўраев М. Ўзбек халқ насри жанрларини тасниф қилиш мезонлари // Ўзбек тили ва адабиёти, 1996, №5. – Б. 32. 2. Имомов К. Эртакчи ва эртакчилик анъаналари / ХХ аср ўзбек фолклоршунослиги. Антология. – Тошкент: 2017. – Б. 190. 3. Мирзаев Т. Халқ бахшиларининг эпик репертуари. – Тошкент: Фан, 1979. – Б. 23. 4. Мирзаев Т. Халқ бахшиларининг эпик репертуари. – Тошкент: Фан, 1979. – Б. 10. 5. Муродов М. Шайхов Х. Ҳаётбахш хаёллар. - Тошкент: Ёш гвардия. 1985. – Б.100. 6. Ўзбек фолклори очерклари. 2-том. – Тошкент: Фан, 1989. – Б. 133. 7. Юсупов Ж. Хоразм эртакларининг генезиси, асосий хусусиятлари ва поетикаси. Фил.ф.док.дисс. Тошкент: 1999. 8. Bakhadirovna, A. J. (2019). The Creative Work and Artistic Repertoire of Professional Uzbek Narrators. ANGLISTICUM. Journal of the Association-Institute for English Language and American Studies, 8(2), 23-32.