scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZBEK VA RUS XALQ ERTAKLARIDA SAFAR MOTIVINING QIYOSIY TAHLILI

Igamuratova Dilrabo

Full text

98 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman O‘ZBEK VA RUS XALQ ERTAKLARIDA SAFAR MOTIVINING QIYOSIY TAHLILI Igamuratova Dilrabo O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD) DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17381589 Annotatsiya: Mazkur maqolada o‘zbek va rus xalq ertaklarida safarni ifodalovchi qanday epik formulalar orqali berilgani, ularning badiiy funksiyasi tahlil qilinadi. Ikki xalq ertaklarida safar motivi ertaklarda qahramonning safari, yuzaga keladigan sinovlar, ma’naviy o‘sish, ezgulikka intilish g‘oyalari ochib berilgan. Kalit so‘zlar: xalq ertaklari, safar, epik formula, makon, obrazlilik. Аннотaция: В статье рассматриваются эпические формулы, с помощью которых в узбекских и русских народных сказках выражается мотив пути, а также анализируются их художественные функции. В сказках обоих народов мотив пути символизирует путешествие героя, преодоление испытаний, духовное развитие и стремление к добру. Ключевые слова: народные сказки, путешествие, эпическая формула, пространство, образность. Annotation: This article analyzes the epic formulas through which the motif of journey is expressed in Uzbek and Russian folk tales, as well as their artistic functions. In the folk tales of both peoples, the journey motif reveals ideas of the hero's journey, arising trials, spiritual growth, and aspiration towards goodness. Keywords: folk tales, journey, epic formula, space, imagery. Xalq og‘zaki ijodi namunalari – xususan, ertaklar xalq tafakkuri, dunyoqarashi, estetik qarashlari va ijtimoiy ideallarining badiiy ifodasidir. Ertaklar xalqning dunyoqarashi, axloqiy qadriyatlari, orzu-umidlari va estetik ideallarini badiiy shaklda namoyon etadi. Ular orqali avloddan-avlodga ma’naviy meros, urf-odatlar va hayotiy bilimlar еtkaziladi. Ertaklarda qahramonning safarga chiqishi, turli to‘siqlardan o‘tishi va maqsadga еtishi muhim syujet elementlaridan biri sanaladi. Bunday harakatlar, ko‘pincha, muayyan “epik formula”lar orqali tasvirlanadi. Ular xalq ijodining poetik tizimida takrorlanuvchi, o‘ziga xos estetik yuklamaga ega bo‘lgan ifodalardir. Maqolada o‘zbek va rus xalq ertaklaridagi yo‘l motivining umuminsoniy mohiyati tahlil qilinadi. Har ikki xalq ertaklarida qahramonning safarga chiqishi inson hayotidagi sinovlar, ma’naviy o‘sish va ezgulikka intilish kabi g‘oyalarni ifoda etadi. [Igamuratova, 94-96] Shu nuqtai nazardan, ertaklar tarkibidagi epik formulalar alohida ahamiyatga ega. “Folklor asarlaridagi klishelarning muayyan belgilar vositasida qayd etilgan shartli ifodasi formula hisoblanadi. Ya’ni formula klishelarning o‘ziga xos sxemalardan tashkil topgan belgisi demakdir. Xususan, ertak boshlamasidagi “Qadim zamonda bir chol bor ekan” va “O‘tgan zamonda bir yigit bo‘lgan ekan” klishelarining har ikkalasi ham bir xil – T1 E1 formulasiga asoslanadi. Binobarin, epik formula – 99 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman folklordagi nasriy asarlar matnida uchrovchi sayyor jumlalarning shartli ifodasidir”. [Jumanov, 6] Ular ertak, rivoyat, doston kabi janrlarda syujetning muayyan bosqichlarida paydo bo‘lib, obrazlilikni kuchaytirish, tasvirni umumlashtirish va ma’naviy-estetik ta’sirni oshirish vazifasini bajaradi. Ertaklardagi initsial, medial va final formulalar syujetni qismlarga ajratish va uning tartibini belgilashga yordam beradi. Mazkur jarayonda qahramonning safarga chiqishi markaziy o‘rinni egallaydi. Shuni ta’kidlash kerakki “sehrli ertaklarda barcha qahramonlarning o’z uyidan o’zga olamga safarga chiqishi umumiy o’q ildiz bo’lib, qahramoni safarga otlanmaydigan birorta ertak yo’q”. [Asqarova, 52] “Bulbuligo‘yo” ertagida kichik botirning uzoq va mashaqqatli yo‘lga chiqqani quyidagicha tasvirlanadi: “Kechani kecha, kunduzni kunduz demay cho‘lma-cho‘l, biyobonma-biyobon yo‘l bosib, bir buloq boshiga еtibdi.” “Qahramon va personajlarning uzoq va mashaqqatli safarini ifodalovchi ibora ham o‘zbek xalq ertaklarida keng tarqalgan elementlardan hisoblanadi. Mazkur formuladagi qofiya va ohangdorlik tinglovchilar e’tiborini jalb etadi. [Jumanov, 69] Bu jumla ertakdagi vaqt va makonning noaniqligini ifodalaydi. “Kechani kecha, kunduzni kunduz demay” iborasi orqali qahramonning fidoyiligi, maqsad sari to‘xtovsiz intilishi ifodalanadi. “Cho‘lmacho‘l, biyobonma-biyobon” birikmasi esa makonni kengaytirib, yo‘lning oson emasligini, sahro va biyobonlar orqali o‘tganini bildiradi. Bu epik formulalar syujetda sarguzashtga undovchi bosqichning boshlanishini bildiradi va ertak qahramonining jismoniy va ruhiy sinovlarga tayyorligini ko‘rsatadi. “Shamshirboz” ertagida aka-ukalarning yo‘lga chiqishi quyidagicha tasvirlanadi: “Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, otalari aytganday kech vaqtida oldilaridan bir masjid chiqdi.” [Igamuratova, 69-75] Bu iborada “yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib” degan formula orqali masofa noaniq ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, obrazli jihatdan yo‘lning uzoqligi aniq anglatadi. “Mo‘l yurib” iborasi orqali ortiqcha, ya’ni haddan tashqari ko‘p yo‘l bosilgani ta’kidlanadi. Bu epik formula ham xuddi “Bulbuligo‘yo” ertagidagi kabi makon va masofa tasvirining badiiy vositasi bo‘lib xizmat qiladi. “Qahramonning safaridan murod – manzil. Uning – “yo’l yurishi, yo’l yursa ham mo’l yurishi”da yo’lning uzoqligi ifodalanyapti. U aniq bir chegaraga kelib to’xtaydi. – “Yo’l yurish, yo’l yursa ham mo’l yurish”da aniq belgilangan yo’l yo’qligi, ammo unda uchrashuvning mavjudligi bir-biriga bog’liq. Asosiy yo’lning vazifasi qahramonning safarini boshqa yo’nalishga buruvchi uchrashuvni ta‘minlashdir. Bu uchrashuvlar chegaradagi makonda ro’y beradi”. [Asqarova, 164] “Safar motivini ifodalaydigan “yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi» tarzidagi ibora, aslida insoniyatning bu yorug‘ olamga kelishi va yana boqiy dunyoga qaytishini aks ettiruvchi badiiy vosita sanaladi. Yo‘ldagi mashaqqat kishilarning umri davomida tortadigan ruhiy va jismoniy azoblarining in’ikosidir”. [Jumanov, 120] Bu 100 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman ibora birinchi qarashda oddiy safardek tuyuladi. Go‘yoki kimdir uzoq yo‘lga otlangan, cho‘llardan, tog‘lardan o‘tgan, manziliga еtgunicha ancha mashaqqatni boshidan kechirgandek. Ammo bu ibora nafaqat jismoniy safarni, balki insonning butun hayotini, uning bu dunyoga kelishidan to boqiy dunyoga yo‘l olishigacha bo‘lgan umr yo‘lini o‘zida mujassam etgan. Shu jihatdan u nafaqat badiiy, balki falsafiy va ma’naviy mazmunga ham ega. Syujet bosqichlarini belgilashda epik formulalar muhim burilish nuqtalarini bildiradi (yo‘lga chiqish, sarguzashtning boshlanishi). Qahramon xarakterini ochishda fidoyilik, jasorat, sabr-toqat kabi sifatlar ushbu formulalar orqali ifodalanadi. Sharq xalq ertaklarida safar motivi syujet rivojining asosiy tarkibiy qismi sifatida namoyon bo‘ladi. Bu qahramonning arxetipik safari bo‘lib, uning kamol topishi, sinovlarni еngib o‘tishi va maqsadga erishishi bilan bog‘liq. Epik formulalar, barqaror ifodalar va takrorlanuvchi tuzilmalar ertak matniga nafaqat ma’lum bir ritm baxsh etadi, balki voqealar rivojini kuchaytiradi, yo‘l mashaqqatlari va safar ko‘lamini badiiy ifodalashda muhim vosita vazifasini o‘taydi. “Bulbuligo‘yo” va “Shamshirboz” ertaklaridagi formulalarda bu yaqqol ko‘rinadi. Rus xalq ertaklarida safar – bu shunchaki harakat yoki qahramon bosib o‘tadigan geografik masofa emas, balki sinov, tanlov, o‘zaro aloqalar va ichki metamarfoza maydoni sifatida namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, “Иван-царевич и Серый Волк” ertagida yo‘l qahramonning taqdirini belgilab beradigan, uni turli murakkab vaziyatlar, axloqiy tanlovlar va hayotiy imtihonlar oldida qo‘yadigan muhit sifatida ko‘rinadi. Mazkur ertakdagi epik formulalar: “и отправился он в путь-дорогу…”, “долго ли, коротко ли – шёл он за тридевять земель…”, “на распутье дорог камень лежит: направо пойдёшь – коня потеряешь…” kabi ifodalar nafaqat an’anaviy uslubni shakllantiradi, balki yo‘lning badiiy metafora sifatidagi yukini ham namoyon etadi. Ularning ortida qahramonning tashqi harakati bilan birga, uning ichki dunyosida kechayotgan ma’naviy sinovlar, shubhalar, tanlovlar va еtuklikka intilish jarayonlari yotadi. Yo‘l bu еrda taqdir yo‘li, u orqali qahramon o‘zining kimligini anglaydi, haqiqatni kashf etadi va o‘z shaxsiyatini shakllantiradi. Shu bilan birga, “Василиса Прекрасная” ertagida yo‘lning ma’naviy va psixologik yuki yanada ochiqroq namoyon bo‘ladi. Bu ertakda yo‘l an’anaviy safar yoki jismoniy harakat emas, balki ichki kamolot, ruhiy jasorat va ayol qiyofasining to‘la shakllanish yo‘li sifatida talqin etiladi. “Пошла она в тёмный лес…”, “шла, шла – день, два, три…”, “на пути встретила она страшную ведьму…” kabi iboralar qahramonning tashqaridan ko‘rinadigan harakatidan ko‘ra, uning ichki dunyosida kechayotgan katta o‘zgarishlarni ifoda etadi. Qahramon qizning yo‘li – bu ruhiy qarama-qarshiliklar, qo‘rquv, yakkalik va yovuzlik bilan yuzma-yuz kelgan holda o‘zida jasorat va kurashish salohiyatini kashf etish jarayonidir. Vasilisa to‘siqlar va sinovlar 101 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman orqali o‘tadi, biroq aynan shu sinovlar uning ichki еtilishi, mustaqil qaror qabul qilish qobiliyati va shaxsiy qudratini yuzaga chiqaradi. Bu ikki ertakda yo‘lning turlicha namoyon bo‘lishi uning universal ramz ekanini tasdiqlaydi. “Иван-царевич и Серый Волк” ertagida yo‘l – real harakat, tashqi sinovlar va maqsad sari intilish vositasi bo‘lsa, “Василиса Прекрасная” ertagida u ichki tozalanish, shaxsiy kamolot va ma’naviy o‘zgarish maydonidir. Birinchi holatda yo‘l erkak qahramon uchun tashqi dunyo bilan to‘qnashuv va uni еngish vositasi bo‘lsa, ikkinchi holatda u ayol qahramonning ichki dunyosida kechayotgan his-tuyg‘u, jasorat va o‘zlikni anglash jarayoniga bog‘liqdir. Shu jihatdan yo‘l motivi nafaqat syujetni harakatga keltiradigan vosita, balki ertak qahramonining psixologik va ma’naviy kamolotiga xizmat qiladigan poetik ramz sifatida ham namoyon bo‘ladi. U ertak kompozitsiyasida vaqt va makonni belgilab berish bilan birga, qahramonning ichki evrilishini ham ifodalaydi. Yo‘l motivi orqali ertak matnidagi obrazlilik va xalq tafakkuridagi falsafiy qarashlar mukammal ifoda topadi. O‘zbek va rus ertaklarida yo‘l motivi umuminsoniy mohiyatga ega bo‘lib, har ikkisida inson hayotidagi sinovlar, ma’naviy o‘sish va ezgulikka intilish g‘oyasi ifoda etilgan. Ham rus, ham o‘zbek xalq ertaklarida qahramonning safariga oid epik formulalar universal funksiyalarni bajaradi. Ular qahramonning ko‘p mashaqqatli safari manzarasini yaratish, uning jasorat va fidokorligini yoritish, shuningdek, ertak tuzilishida ma’lum tartib va yo‘nalishni ta’minlash vazifasini o‘taydi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Asqarova J. Oʼzbek xalq sehrli ertaklarida obrazlar tizimi: Filol. Fan. Dokt. (DSc) ... diss. – Toshkent, 2024. – 235 b. 2. Jumanov E. O‘zbek xalq ertaklarida epik formulalar: Filol. fan. bo‘yicha falsafa dokt. (PhD) ... diss. – Toshkent, 2021. – 183 b. 3. Igamuratova D. Ch. Uzbek Folk Tale “Bulbuliguyo”: Plot and Symbolism. International Journal Of Literature And Languages (ISSN: 2771-2834). Vol.05 Issue07 2025. P. 94-96. 4. Igamuratova D.Ch. O‘zbek xalq ertaklarida milliy qadriyatlarning badiiyati. // Qorg’on dostonchilik maktabi va Ergash Jumanbulbul og’li merosi mavzusida ilmiy-amaliy anjumani materiallari. – Toshkent: “Firdavs shoh nashriyoti”. 2025. – b. 104-154. 5. Игамуратова Д.Ч. О сказке «Шамширбоз» и о ее переводе на русский язык. // Научное Обозрение Саяно-Алтая. №3 (43) 2024. (РОССИЯ). (РИНЦ). 69-75-с. 6. Bakhadirovna, A. J. (2019). The Creative Work and Artistic Repertoire of 7. Professional Uzbek Narrators. ANGLISTICUM. Journal of the Association-Institute for English Language and American Studies, 8(2), 23-32.