scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

"GUL SANUVBARGA NIMA QILDI?" FORS XALQ QISSASINING O'ZBEK FOLKLORIGA TA'SIRI

Nigora Abdusalomova Shuhratovna

Full text

102 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman “GUL SANUVBARGA NIMA QILDI?” FORS XALQ QISSASINING O‘ZBEK FOLKLORIGA TA’SIRI Nigora Abdusalomova Shuhratovna O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tayanch doktaranti [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17381593 Annotatsiya: “Gul Sanuvbarga nima qildi?” fors xalq qissasi XIII-XIV asrlarda shakllanib, O‘rta Osiyoda keng shuhrat qozongan. Yurtimizda ham “Qissai Sanobar”, “Gul va Sanobar”, “Kitobi Sanobar”, “Shahzoda Sanobar” nomli doston litografiya va qo‘lyozma nusxalarda keng tarqalgan. Maqolada ushbu kitobiy doston syujetini va “Zevarxon” dostonini o‘zaro qiyosladik. Kalit so‘zlar: Sanobar, Semurg‘, doston, qissa, ertak, “Kitobi Sanobar”, rivoyat, Zevarxon. Аннотaция:«Что сделала Гюль с Санобар?» — это персидская народная повесть, сформировавшаяся в XIII–XIV веках и получившая широкую известность в Средней Азии. В Узбекистане эта книжная дастан распространена в виде литографических и рукописных версий под названиями «Киссаи Санобар», «Гюль и Санобар», «Китаби Санобар», «Шахзода Санобар». В статье рассматривается сюжет этой дастана, а также проводится сравнительный анализ с дастаном «Зевархон». Ключевые слова: Санобар, Симург, дастан, повесть, сказка, «Китаби Санобар», легенда, Зевархон. Annotation:" What the Rose did to the Cypress?" is a Persian folk tale that emerged in the 13th–14th centuries and gained widespread popularity across Central Asia. In Uzbekistan, this literary epic exists in both lithographic and manuscript forms under various titles such as “Qissai Sanobar”, “Gul and Sanobar”, “Kitobi Sanobar”, “Shahzoda Sanobar”. This article explores the plot of the written epic and offers a comparative analysis with the epic Zevarxon. Keywords: Sanobar, Simurgh, epic, fairy tale, Kitobi Sanobar, legend, Zevarxon. Folklor va folklor namunalari xalqlarning madaniy merosini saqlab qoluvchi va kelajak avlodlarga еtkazuvchi san’at shaklidir. Dunyoda xalq, millat ko‘p va ularning folklori ham turlicha. Ammo har bir folklor asari o‘z davrining, xalqning oynasidir. Ayniqsa, epik turning go‘zal namunasi bo‘lgan dostonlar bu oynalarning eng ravshanidir. Bir xalqqa mansub bo‘lgan asarda shu xalq turmushi, madaniyati, axloqi aks etsa, boshqa xalq ijodiga o‘zlashganda esa davr, ijtimoiy hayot, o‘sha xalq qarashlarini o‘zida ifodalaydi. O‘zbek xalq baxshilari repertuariga mansub “Zevarxon” dostoni o‘zbek adabiy muhitida shakllanib, “Qissai Sanobar”, “Gul va Sanobar”, “Kitobi Sanobar”, “Shahzoda Sanobar” nomlari bilan litografiya va qo‘lyozma nusxalarda keng yoyilib, shuhrat qozongan kitobiy qissaning versiyasi sifatida qaraladi. Hamda bu qissaning manbalari folklorshunosligimizda fors xalq ijodiga mansub “Gul va Sanobar” qissasiga bog‘lanadi.[6,288] Gul va Sanobar nomlari bilan XIII-XIV asrlarda fors xalqlari ijodida shakllanib, shuhrat qozongan “Gul ba Sanubar che kard?” (Gul Sanobarga nima qildi?) nomli xalq qissasi mavjud bo‘lib, mazkur qissa syujeti o‘z davrida nafaqat forsiy adabiy 103 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman muhitda, balki O‘rta Osiyo xalqlari orasida keng tarqalgan. Sayyor syujetga aylanish orqali hudud, til, madaniyat jihatidan yaqin bo‘lgan turli xalqlar adabiy muhitiga kirib borib o‘z izini qoldirgan. Eron manbalarida “Gul va Sanobar”, “Gul va Sarv”, “Gul Sanobarga nima qildi?” “Gul va Sanobar haqida qissa”[9] kabi nomlar bilan tilga olinuvchi qissa syujeti nafaqat yaqin hududlarda turli nomlarda tarqalgan, balki ingliz, fransuz va nemis tillariga tarjima qilinib, nashr ham qilingan. Jumladan, ingliz tiliga Andrew Lang tomonidan tarjima qilinib, 1904-yilda “The Brown Fairy Book“ kitobida “What the Rose did to the Cypress”[1] (Gul sarvga nima qildi?) nomi bilan chop etilgan. Qissaning Jozef Garsin de Tassi tomonidan “Rose et Cyprus”[3] nomi bilan 1876-yilda fransuz tiliga qilingan tarjimasi yana “Hindiston ertagi” deb ham ataladi. Nemis tilida esa Feliks Libersht tomonidan "Rose und Cypresse"[2] nomi bilan “Orient und Occident”(Sharq va G‘arb) kitobida chop etilgan. Bu qissaning asl nusxasi hozirgacha to‘liq еtib kelmagan bo‘lib, mavjud shakli XX asrning ikkinchi yarmida eronlik folklorshunos Seyyid Qosim Anjavi Shiraziy[4, 351-362] tomonidan 1960–1970-yillarda og‘zaki rivoyatlar asosida yozib olingan va nashr qilingan. Qissa yozib olingan vaqtga qadar uning bir nechta variant va versiyalari shakllangan bo‘lib, ular “birinchi rivoyat”, “ikkinchi rivoyat” tarzida berilgan. Biz ham asliga monand shu tarzda qo‘llashni ma’qul topdik. Nashrdagi matn shaklan ertakka xos bo‘lib, “Bor ekan, yo‘q ekan, Xudodan boshqa hech kim yo‘q ekan…” kabi an’anaviy ifoda bilan boshlanadi. Ehtimol, aynan shu tarzdagi boshlanish, syujetdagi ertakka xos motivlar va hajmining qisqargan holda еtib kelganligi sababli asar Yevropa tarjimalarida “ertak”(fairy tale) sifatida tasniflangan. Ikkala rivoyat ham umumiy syujetga asoslangan bo‘lib, bosh qahramonning (shahzoda yoki Malik Muhammad) noma’lum makonda yashovchi afsonaviy go‘zal pari qiziga bo‘lgan muhabbati, unga erishish yo‘lidagi murakkab sinovlar va jumboqlarni еchish jarayonini tasvirlaydi. Bu еrda еchilishi kerak bo‘lgan asosiy jumboq ham bitta ─ Gul Sanobarga nima qildi? Sanobar Gulga nima qildi? Birinchi rivoyatda syujet ─ ancha ixcham va hikoya an’anaviy ertak ko‘rinishida bo‘lib, ta’qiqning buzilishi, g‘oyibona oshiqlik, safar, jumboq, xiyonat, sadoqat, qasos kabi asosiy motivlar, syujetni tashkil qiluvchi elementlar va ko‘makchi obraz(qush), sehrli buyumlar atrofida shakllanadi. Voqealar syujet jihatidan soddalashtirilgan bo‘lsa-da, ular orqali asosiy axloqiy va ramziy, falsafiy qatlamlar aniq saqlab qolingan. Qahramon faqat bir epik sinov – “Gul Sanobarga nima qildi?” jumbog‘iga javob topish uchun yo‘lga otlanadi va syujet chizig‘i shu atrofda shakllangan. Qissaning mashhur “birinchi rivoyat” nomi bilan berilgan varianti nisbatan qisqaroq. Ikkinchi rivoyatda esa syujet ancha murakkab va ko‘p bosqichli. Unda o‘g‘illar soni uchta, har birining taqdiri tasvirlanadi; mifologik obrazlar (yashil libosli 104 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman kishi, baliq, sehrli buyumlar, dev, Simurg‘ kabi) ko‘proq. Bu shaklda motivlarning ko‘pligi, strukturaviy jihatdan kengligi ushbu rivoyatning og‘zaki an’anada nisbatan to‘liqroq saqlanganidan dalolat beradi. Demak, bu rivoyat nisbatan to‘liqroq va syujet elementlari ko‘proq saqlangan variant sifatida baholanishi mumkin. “Gul Sanuvbarga nima qildi?” qissasi syujetining “Zevarxon” dostoni shakllanishida manba sifatida ko‘rsatiluvchi “Qissai Sanobar”ning shakllanishidagi o‘rnini aniqlash uchun asarning litografik nashrlarini ko‘rib chiqamiz. “Sanobar” dostoni uch xil ─ qo‘lyozmalar, litografik nashrlar va og‘zaki shakllarda tarqalgan. Ushbu shakllar orasida ayniqsa qo‘lyozma va litografik nashrlar asosiy manbaviy ahamiyatga ega bo‘lib, ularning bir qanchasi mamlakatimizdagi ilmiy-tadqiqot institutlari va kutubxonalarida saqlanmoqda. “Kitobi Sanobar”ning aksariyat qo‘lyozma va litografik nusxalari O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining Qo‘lyozmalar fondida saqlanadi. Biz tahlil uchun hajm jihatidan eng mukammal, nasriy va nazmiy qismlari еtukroq bo‘lgan 1906-yilgi nashrni asosiy matn sifatida tanladik. Ushbu nusxa Solih Xo‘ja Buxoriy tomonidan nashr qilingan bo‘lib, 23x15 sm o‘lchamda, 95 betdan iborat va № 4035inventar raqami bilan saqlanadi. Doston boshlanmasi “Kitobi Sanobar”da an’anaviy, ya’ni: Ammo roviyon va axbor va noqlon asor va muharrason dostoni va kahin hushaiy chunon harmani suxan, ammo rivoyat qilibdurlarkim, Chin shahrida Xurshid shoh otlig‘ bir podshoh bor edi. Ammo ani Sanobar otlig‘ bir og‘li bor edi, bag‘oyat sohibjamol erdi va sohib kamol ziyrak erdi[7, 3]. Bu an’anaviy boshlanma va bosh qahramon podshohning yolg‘iz farzandi sifatida tasvirlanishiyoq fors xalq qissasidan kompozitsion jihatdan farqlanishini ko‘rsatadi. “Zevarxon” dostonining boshlanmasi farqli bo‘lsa-da, Zevarxon (Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li), Sanobar (Rahmatulla Yusuf o‘g‘li)lar ham podshohning yolg‘iz o‘g‘li bo‘lishadi. “Kitobi Sanobar”da Sanobar va Gulparizodning ilk uchrashuvi an’anaviy tush motivi asosida sodir bo‘ladi va syujetning rivojlanishiga kuchli turtki beradi. Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li versiyasida bu motiv yo‘q, ammo Rahmatulla Yusuf o‘g‘li versiyasida mavjud. Ahamiyatli jihati shundaki, “Gul Sanuvbarga nima qildi?” nomli fors xalq qissasining har ikkala rivoyatida pari qizlar bilan ilk uchrashuv bog‘da yuz bersa-da, tush motivi butunlay yo‘q. “Kitobi Sanobar”, “Zevarxon”(Rahmatulla Yusuf o‘g‘li)da esa bu motiv muhim ahamiyatga ega bo‘lib, syujetni harakatga keltiruvchi vosita bo‘lgan. Shuningdek, forsiy rivoyatlarda ilk uchrashuvda pari qizlarning bog‘da nima sababdan bo‘lishi borasida hech qanday izoh berilmaydi; ularning mavjudligi shunchaki bevosita qabul qilinadi. “Kitobi Sanobar”da Sanobarning otasi ─ Xurshid shoh o‘g‘lini uzoq va xavfli safarga chiqmaslikka ko‘ndirishga harakat qiladi va uni oldindan ogohlantiradi: “Ul parilar joyidur. Yo‘li yiroq bo‘lsa, uch yuz yillik yo‘ldir. Sani umring anga еtmasa, 105 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman nohaq yo‘lda o‘lib qolsang hech kishi sandan manga xabar еtkurmasa, mani sharmanda qilmasmusan?”[7, 16-17]. Ammo Sanobar so‘zidan qaytmaydi. Agar voqealar oqimi Sanobarning emas, balki otasining xohishi yo‘nalishida rivojlanganida qissa shakllanmagan bo‘lar edi. Shu bois ushbu epizod voqealar rivoji uchun ahamiyatli. Xuddi shunga o‘xshash vaziyat dostonning Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li versiyasida ham kuzatiladi. Bu epizod o‘zbek xalq dostonlari uchun umumiy bo‘lgani holda, forsiy qissada bunday epik qarshilik holati yoki ota-bola o‘rtasidagi konfliktli dialog mavjud emas. “Kitobi Sanobar” da Sanobarning bir qasrda jodugar tomonidan yovvoyi kiyikka aylantirilishi motivi mavjud. Va ayni shunga o‘xshash motiv forsiy qissaning ikkinchi rivoyatida ham mavjud. Ikkinchi rivoyatda, dastlab Sa’d xotini tomonidan itga aylantiriladi. Keyin qassobning xotini, ya’ni amakisining qizi tomonidan asliga qaytarilgach, Sa’d amakisining qizi bergan sarv daraxtining novdasiga o‘xshash ingichka tayoq yordamida xotinini eshakka aylantirib qo‘yadi. Diqqatni tortadigan jihat shundaki, Sa’dning xotini va amakisining qizi(xotinining opasi) parilar yoki jodugar emasligi. Lekin ular sehrni amalga oshirishga qodir bo‘lishlari biror izohga ega emas. Rivoyatda bu holatning qanday sodir bo‘lishi haqida tushuntirish yo‘q. “Kitobi Sanobar” hamda forsiy qissa uchun umumiy bo‘lgan motiv ─ Semurg‘ qushi bilan bog‘liq motivdir. “Kitobi Sanobar”da Sanobar tog‘dagi g‘orda yashovchi Semurg‘ qushining oyog‘iga osilib, u bilan parvoz qiladi. “Kitobi Sanobar”da bu motiv mukofotga eltuvchi vosita sifatida maydonga chiqadi. Semurg‘ obrazi, odatda, ertaklarda bolalarini ajdahodan yoki biror maxluqdan qutqargan qahramonga uzoq yurt bilan bog‘liq topshirig‘ini bajarishda ko‘mak berishi ma’lum. “Kitobi Sanobar”da esa bu epizod tushib qolgan bo‘lishi mumkin, chunki bu еrda Sanobar Semurg‘ga qanday yordam bergani emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri unga osilib uchib ketishi tasvirlanadi. Bundan tashqari, Sanobarning Semurg‘ oyog‘iga osilib uchib ketishi epizodi Sharqning mashhur “Ming bir kecha” to‘plamidagi Sindbod bahriyning[8, 264] rux(devona qush) oyog‘iga bog‘lanib, baland bir joyga borib olishiga juda o‘xshash. Epizodning shu tarzdagi ifodasi “Ming bir kecha” to‘plamining ta’sirida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Forsiy qissaning ikkinchi rivoyatida esa Semurg‘ an’anaga muvofiq tarzda tasvirlangan: u Malik Muhammadning bolalarini qutqarganligi sababli unga yordam beradi. Birinchi rivoyatda esa Semurg‘ obrazining sahnaga chiqishi keksa zohid tomonidan yigitga berilgan pat vositasida bo‘ladi, yigit ushbu patni yoqqanida Semurg‘ paydo bo‘ladi. Fikrimizcha, birinchi rivoyat zamonlar o‘tishi bilan qisqargan, shu bilan birga yigitning Semurg‘ bolalarini qutqarishi tushib qolgan. Shu tariqa, Semurg‘ obrazi har uch manbada ham mavjud bo‘lishiga qaramay, uning syujetdagi roli, talqini va vositachilik vazifasi ancha farqlanadi. 106 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Ikkinchi rivoyatda diqqatimizni tortgan bir voqea bor. Malik Muhammad otasi tomonidan olib ketilgan pari qizining ortidan Semurg‘ ko‘rsatgan yo‘l orqali parilar yurtiga yo‘l oladi. Yo‘lda u bir-biri bilan urishayotgan uchta devning oldiga borib qoladi. Devlar undan uchta buyumni ─Sulaymon ibn Dovudga tegishli gilam, bir dona g‘oyib qiluvchi qalpoq va bir sadafli yoy va o‘qni adolatli taqsimlab berishini so‘rashadi. Malik Muhammad esa o‘q otishini, birinchi bo‘lib o‘qni olib kelgan buyumlarga egalik qilishini aytadi. Devlar o‘qni orqasidan quvlab ketishgach, o‘zi Sulaymon gilamiga o‘tirib, qalpoqni kiyib, kamonni keliga taqib, pari qizning yoniga uchib ketadi. Xuddi shunga o‘xshash voqea “Zevarxon” dostonida ham uchraydi. “Zevarxon”da Zevarxon emas, Malika Xubon(F.Y) va Sanobar(R.Y) qaroqchilar(Rahmatulla Yusuf o‘g‘li versiyasida bosmachilar) qo‘liga tushib qoladilar. Har ikkala holatda ham ayol qahramonlar erkakcha kiyinib, o‘zlari kamondan o‘q(yoki sibqon) otib, mo‘jizaviy tuyaga minib qochib ketishadi Bu motiv “Kitobi Sanobar”da uchramaydi. Buning asosiy sababi shuki, undagi Parizod obrazi ─ parilar malikasi bo‘lib, “faol ayol” emas, balki ramziy mukofotdir. Shuningdek, “Zevarxon” dostonida Malika Xubon(F.Y), Sanobar(R.Y) sarguzashtlari asosida alohida syujet liniyasi rivojlangan bo‘lib, fikrimizcha, bu syujet liniyasiga o‘zbek xalq ertaklari manba bo‘lgan. Qo‘lyozma va tipo-litografik nashrlariga ega bo‘lgan “Kitobi Sanobar” va uning manbasi sifatida qarab kelingan fors xalq ijodiga mansub bo‘lib, XIII-XIV asrlarda keng yoyilib, tanilgan “Gul Sanobarga nima qildi?” qissasi tahlili natijasida ularning g‘oya, kompozitsiya, struktura, obrazlar tabiatidagi tafovutlari asosida forsiy “Gul Sanobarga nima qildi?” qissasi “Kitobi Sanobar”ga bevosita manba bo‘lolmaydi, degan xulosaga keldik; ─ Forsiy qissada(ikkala rivoyatda ham) syujet ixcham, “jumboq” markazga chiqqan va asosan axloqiy tarbiya berish maqsad qilingan; ─ “Kitobi Sanobar” esa o‘zbek xalq dostonchiligiga xos epik sarguzasht, sinovga asoslangan safar va harakat davomiyligi bilan ajralib turadi; ─ Forsiy qissada mavjud bo‘lmagan tush, daryo halokati, og‘zida gavhar olib yurgan ho‘kiz, ro‘dapolar, ilohiy ko‘mak kabi motiv va lavhalar “Kitobi Sanobar”da syujetning asosini tashkil qilib, uni harakatlantirgan; ─ Obrazlar tabiati ham farqli: forsiy rivoyatdagi Sa’d, Gul, Sanuvbar obrazlari ramziy-axloqiy yuklamaga ega bo‘lsa, “Kitobi Sanobar”dagi Sanobar va Gulparizod esa syujet mazkazida faol harakatlanib, bu obrazlarda sevgi, kurash, sabr, sadoqat, vafo kabi tushunchalar mujassamlashtirilgan; ─ Forsiy qissada syujetning markazida jumboqqa javob topish tursa, “Kitobi Sanobar”da ma’naviy-ruhiy еtuklikka erishish yo‘lidagi safar asosiy harakat chizig‘ini tashkil qiladi. 107 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Xulosa qilsak, “Kitobi Sanobar” o‘zining mustaqil epik tuzilmasi, xalq og‘zaki ijodiga xos kompozitsiyasi, g‘oya va obrazlar tizimi ega bo‘lib, “Gul Sanobarga nima qildi?” forsiy qissasining soddalashtirilgan yoki lokal versiyasi emas. Forsiy qissa bilan ba’zi mushtarak motivlarga ega bo‘lishi mumkin, ammo farqli struktura, obraz va g‘oya tizimi bilan mohiyatan boshqa epik qatlamda shakllangan ijod namunasi hisoblanadi. “Kitobi Sanobar”ning struktura, obraz va g‘oya tizimi an’anaviy xalq dostonlarimizga xos. Shu boisdan bu qissa xalq baxshilari auditoriyasida shakllangan ishqiy-sarguzashtik doston sifatida qaralishi lozim. Fikrimizcha, “Gul Sanuvbarga nima qildi?” fors xalq qissasining nomidagi ramziylik sababidan baxshi ijodkorlar Gul va Sanobar nomlarini o‘z repertuarlariga olib kirgan holda “Gul va Sanobar” dostonini shakllantirgan. O‘zbek xalq ertaklari orasida “Gul Sanobarga nima qildi, Sanobar Gulga nima qildi?” nomli ertak mavjud. Bu ertak mazmuni va syujet qurilishi jihatidan birinchi rivoyatga yaqin turadi. O‘xshashliklar faqat umumiy g‘oyada emas, balki syujet bosqichlari, motivlarning joylashuvi va voqealar bayonida ham kuzatiladi. Avvalo, har ikki matnda ham asosiy syujet bir yosh yigitning (ertakda podshoning uchunchi o‘g‘li; forsiy rivoyatda Malik Muhammad) bir bog‘da go‘zal qizga oshiq bo‘lishi, unga еtishish uchun murakkab sinovlarni еngishi va nihoyat jumboqni hal qilib, maqsadiga еtishi atrofida qurilgan. Bu syujet arxetipi ikkala matnda deyarli bir xil ko‘rinishda takrorlanadi. Ertak va rivoyatdagi asosiy struktura va motivdagi farqliliklarni jadval asosida ko‘rsatdik; Birinchi rivoyat Ertak Qahramonlar Boyning yolg‘iz o‘g‘li Podshoning uchunchi o‘g‘li Ta’qiq Bog‘ga kirmaslik “borsa-kelmas” va “borsa-gumon” yo‘llariga bormaslik Kiyik Pari qizga aylanadi Qiz yashaydigan bog‘ga olib boradi(pari emas) Uylanish sharti “Gul Sanuvbarga nima qildi?” jumbog‘iga javob topish Shaxmatda qizni yutish Shartning egasi Pari qiz Qizning otasi Ko‘makchi Semurg‘ qushi Burgut Jazo Gul Sanuvbarni qafasda saqlaydi Sanobar Gulni qushga aylantirib, qafasda saqlaydi Yakun Yigit qizdan qasos olib, uni jazolaydi. O‘zi baxtli yashaydi, ammo uylanmaydi. Yigit qizga uylanadi. Baxtli yakun Rivoyatda voqea bir boy kishining yagona farzandi atrofida rivojlanadi. Ertakda esa an’anaviy uch o‘g‘illi podshoh arxetipi kuzatiladi. Bu, albatta, o‘zbek xalq ertaklarida keng tarqalgan “uchlik tizimi”(katta, o‘rtancha, kenja)dir. Shuningdek, rivoyatda bog‘ga kirishga taqiq mavjud bo‘lsa, ertakda bu motiv kengaytirilgan ─ 108 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman yigitlar otasi tomonidan vafotidan so‘ng “borsa-kelmas”, “borsa-gumon” yo‘llariga kirmaslik haqida ogohlantiriladi. Rivoyatda jumboq ─ “Gul Sanuvbarga nima qildi?” ─ qiz tomonidan yigitning qizga uylanish sharti tarzida o‘rtaga tashlanadi. Ertakda esa qiz yigitni shaxmat o‘yini orqali sinaydi. Jumboqqa javob topish sharti esa qadriyatlarimizga uyg‘un tarzda qizning otasi tomonidan qo‘yiladi. Ammo yordamchi qush tarzida ertakda burgut ko‘rsatilgani biroz mulohazali. Semurg‘ dunyoning ko‘plab xalqlari ertaklarida uchraydi. Jumladan, o‘zbek xalq ertaklarida ham. Har ikkalasida ham axloqiy hukm mavjud bo‘lib, ular deyarli aynan. Faqat ertakda kalla detali ham bor bo‘lib,“Keyin itdan ortib qolgan oshni olib, qushning oldiga qo‘yibdi, qushdan ortganini esa kallani oldiga qo‘yibdi. Kalla еmasa mushtlab urarmish…”[5, 173]. Bu еrdagi kallani mushtlab urish kuchaytirilgan axloqiy jazoni ifodalayapti. Xulosa qilib aytganda, forsiy “Gul Sanuvbarga nima qildi?” qissasi o‘zbek adabiyotida asosiy syujetni saqlagan holda o‘zbek xalq ertaklarining an’anaviy tuzilishi, obrazlar tizimiga mos ravishda lokallashgan. Ushbu ertakni biz birinchi rivoyat asosida o‘zbek xalq og‘zaki ijodi doirasida qayta shakllangan variant sifatida qarashimiz mumkin. Ertakda og‘zaki an’ananing ijodiy kuchi nomoyon bo‘lishi bilan birga xalq og‘zaki ijodida sayyor syujetlar qanday qilib yangi shakl va mazmun kasb etishi namoyon bo‘lgan. XIII-XIV asrlarga oid “Gul Sanuvbarga nima qildi?” fors xalq qissasi o‘zbek xalq og‘zaki ijodiga “Kitobi Sanobar” qissasi yoki “Gul va Sanobar” dostoni tarzida emas, “Gul Sanobarga nima qildi, Sanobar Gulga nima qildi?” ertagi shaklida kirib kelib, o‘zbek xalq og‘zaki ijodi xazinasidan joy olgan. Adabiyotlar ro‘yxati: 1. Andrew Lang. What the Rose did to the Cypress?/ The Brown Fairy Book. London, 1904.─ 360. 2. Felix Liebrecht. Rose und Cypresse.// Orient und Occident. Göttingen,1864. 3. Garcin de Tassy. Rose & Cyprès// Allégories, récits poétiques et chants populaires,1876. 4. Gul be Sanubar che kard?. Nevisande:Seyyed Abolqâsem Anjavi Shirâzi /Ganjine-ye Farhange Mardom-1. - Tehron, 2024.─ 510 bet. 5. Гул Санобарга нима қилди, Санобар Гулга нима қилди?//Ўзбек халқ ижоди ёдгорликлари, 2022. ─466 б 6. Жирмунский В.М., Зарифов Х. Узбекский народный героический эпос. – М., 1947. –518б 7. “Kitobi Sanobar” , inv.№4035. 8. Синдбод баҳрий ҳикоялари//Минг бир кеча, V-том, 1962. ─459 9. https://fa.wikipedia.org/wiki/ربونص_و_لگ 10. Bakhadirovna, A. J. (2019). The Creative Work and Artistic Repertoire of Professional Uzbek Narrators. ANGLISTICUM. Journal of the Association-Institute for English Language and American Studies, 8(2), 23-32.