scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

KAL OBRAZINING TIPLASHISH JARAYONIGA DOIR AYRIM MULOHAZALAR

Eshnazarova Nilufar Xasanovna

Full text

140 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman KAL OBRAZINING TIPLASHISH JARAYONIGA DOIR AYRIM MULOHAZALAR Eshnazarova Nilufar Xasanovna O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institute tayanch doktoranti nilufareshnazar[email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17381681 Annotatsiya. Mazkur maqolada o‘zbek xalq og‘zaki ijodidagi Kal tipiga xos obrazlarning o‘ziga xos xususiyatlari, tiplashish jarayonlariga doir ayrim mulohazalar keltirildi. Ertaklar va dostonlarda uchraydigan ayrim obrazlar tipologik nuqtayi nazardan tahlilga tortildi. Kalit so‘zlar: Tip, tipologik tahlil, folklor, masal, ertak, janriy xususiyatlar, personaj, obraz, ertakchilik, ertakshunoslik. Ertaklardagi obrazlar qiyosiy o‘rganilganda kal tipiga oid qahramonlarning barcha xalqlar og‘zaki ijodida mavjudligi va keng miqyosda tarqalganligi, shuningdek, kelib chiqishi uzoq davrlarga borib taqalishi e’tiborimizni tortadi. Nafaqat turkiy xalqlar, balki dunyoning boshqa ko‘plab xalqlari og‘zaki ijodida kal obrazi qatnashgan asarlar mavjudligi ko‘plab folklorshunoslar tomonidan e’tirof etiladi. Ammo tipiklashish jarayoni qaysi davrga yoki qaysi jamiyatga, qolaversa, qanday muhitga bog‘liqigi haqida mukammal ma’lumotlar mavjud emas. Bizga ma’lumki, turkiy xalqlar ertaklari tipologik tahlilini V. Eberhard va P. N. Boratav amalga oshirishgan. Ularning tasniflash ishlari natijasida turkiy ertaklarda 378 ta tip aniqlangan.[1, 167 ] Ammo ajratilgan tiplar keng qamrovda o‘rganilinmagan va qahramonning nomi bilan chegaralangan. Shu nuqtayi nazardan, kal tipi atrofida shakllangan ertaklar ham tipologik jihatdan o‘rganilinmagan. O‘zbek folklorshunosligida ko‘pchilik tadqiqotchilarga ushbu qahramon bilan bog‘liq ma’lumotlar qiziq tuyulsa-da, ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmagan. Turk folklorshunosligida esa kal obrazidagi o‘ziga xoslik, qadimiylik va xalq og‘zaki ijodining ko‘pgina janrlarida bajargan muhim funksiyasi, ahamiyatli missiyasi bir qancha tadqiqotlar olib borilishiga turtki bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. Ushbu tipning kelib chiqishiga doir dastlabki izlanishlar turk folklorshunosligida T. Alangu tomonidan amalga oshirilingan. U yillar mobaynida kal tipiga doir ko‘plab ertaklarni yozib olish, nashr etish ishlari bilan shug‘ullanadi. Yig‘ilgan ertaklarni “Kalo‘g‘lon ertaklari” nomli asarida bir joyga jamlaydi. [2, 168] Qolaversa, ushbu tipga doir qarashlari va mulohazalarini o‘z asari so‘ngida maqola sifatida e’lon qiladi. Unda “kal” qahramonning ayricha xususiyatlariga to‘xtalib, bu tip nafaqat ertak janrida, balki xalq og‘zaki ijodining boshqa janrlarida ham uchrashini ta’kidlaydi. Bu esa xalqning tili, dili va xotirasida uzoq yillar mobaynida yashab kelayotgani bilan bog‘liqligini aytadi. [3, 167 ] Xalq og‘zaki ijodida hech bir obraz shunchaki yaratilmaydi. U xalq orzu umidlari ifodachisi sifatida maydonga keladi. Biror qahramonning yoki obrazning tipiklashish 141 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman jarayoni esa undanda mukammalroq va ko‘proq muhabbatning, qolaversa, unga bo‘lgan ehtiyojning, talab va xohishning mavjudligi sabab yuzaga keladi. Kal tipining ertaklar yoki dostonlarga qaysi jarayonda va qanday mavqe’da kirganligi noma’lum. “Ko‘ro‘g‘li” hikoyalarida, “Oshiq G‘arib”, “Tohir va Zuhra”, “Navro‘zbek” kabi xalq dostonlarida uchrashi uning tarixiy ildizlarini topishda ahamiyatlidir. [4, 42 ] O‘zbek xalq og‘zaki ijodida ham kal tipiga xos obrazlar Go‘ro‘gli turkumidagi “Hasanxon”, “Ravshan” dostonlarida, [5, 188 ] “Qunduz bilan Yulduz” [6, 225 ] kabi dostonlarda ko‘makchi vazifasini bajaruvchi qahramonlar sifatida uchrashi ushbu tipning ilk paydo bo‘lish jarayoni izlaridek ko‘rinadi. Matnlardagi tavsif va tasvirlardan uning o‘ziga xos sifatlarini aniq ko‘ramiz, ammo bu bu hali uning tiplashgan yoki tiplashmaganligi haqidagi xulosani bermaydi. Ya’ni kal obrazini xalq tipik qahramonga aylantirgan-u, dostonlarda izlari xira bo‘lsa-da, ko‘ringan, qolaversa, kal qahramon o‘zining tavakkalchi, topqir, hiylakor, qolaversa, jangovor qahramon sifatidagi gavdasiga ega ekanligi ham uning allaqachon o‘ziga xos sifatlarini mujassam etgani ko‘rinadi. Masalan: Chambil shahrining olti darvozasi bor edi. Bu darvoza oldida yetti posbon bor edi. Boshlig‘ini Sattor kal der edi. Urgani bang, mast qilsa gang, ko‘rgani jang, kayfi bo‘lmasa ahvoli tang edi.” Ushbu qahramon ta’rifi tipga oid boshqaruvchilik, samimiylik, to‘pori hamda qo‘pol bir jangchi sifatida gavdalantiriladi. Uning tilidan aytilgan to‘rtlik ham ayni kal tipiga xos so‘zlik: Hali mening kimligimni bilmaysan, Achchiqlansam-ku, ikkinchi kelmaysan, Bir urayki, yiqilganda turmaysan, Go‘ro‘g‘lidan ruxsat olmay kirmaysan. Obraz tilidan keltirilgan parchada tipga xos jangovorlik, beshafqatlik, to‘porilik shundoq ufurib turibdi. Aytishimiz mumkinki, Go‘ro‘g‘li turkumidagi, “Avazxon” dostonida uchraydigan ushbu kichik personaj hali bosh qahramon darajasiga ko‘tarilinmagan ammo xalq nazdida yaratilgan obrazning mavjudligi, ammo hali tipiklashmaganligini bildiradi. “Go‘ro’gli” dostonlari tarkibiga kiruvchi “Ravshan” dostonida esa asosiy qahramon Hasanxonga Ravshanni qutqarishi yo‘lida aka-uka kallar ko‘mak berishadi. Hasanxonning g‘alabaga erishishi yo‘lida katta xizmat ko‘rsatgan ushbu to‘rt aka-ukalar sifatlarini tahlilga tortganimizda, ushbu tipga xos bo‘lgan sifatlar yanayam aniqlashganining guvohi bo‘lamiz. Kallarning eng kattasi Aynoq kalda barcha ertaklarda tasvirlangan kal obraziga xos bo‘lgan xususiyat - erinchoqlik sifati borligi (“Erinaman kal”, “Hunar o‘rgangan kal”, “Nosir kal”) Aynoq kal nonxo‘r polvon edi deya keltiriladi. Ammo polvonligi urush surish bo‘lganda mingga barobar kelishi bilan ifodalanadi. Keyingi kal Jaynoq ham ushbu obrazga xos sifatlarni o‘zida jamlaydi. Ya’ni masxarabozlik, har turli muammolarni kulgu vositasida hazil mutoyiba yo‘li bilan hal etish mumkinligini ko‘rsatadi. O‘z maqsadiga yetishish yo‘lida yolg‘on gapirishdan 142 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman ham tortinmasligi keltiriladi. Buni juda ko‘p ertaklarda kal tipiga xos xususiyat sifatida kalning yolg‘on ishlatishini goh yaxshilik yo‘lida, goh o‘z maqsadiga erishish yo‘lida foydalanganini ko‘ramiz. “Podshohning qiziga uylangan kal”, “Uch yolg‘onda qirq yolg‘on”, “Kal bilan podshoh”, “Kal G‘idi” , “Nosir kal va Surxi ayyor” ertaklari bunga yaqqol misoldir. Ersak kal juda mergan, Tersak esa juda ham sinchiligi ta’riflanadi. Yilqining tulporini suyagidan tanir edi deyiladi dostonda. Sinchi va mergan sifatlar ham ertaklardagi kal obraziga xos xususiyatlar deb ayta olamiz. “Sinchi kal” ertagidagi bosh qahramon xuddi Tersak kal kabi zakovatli sinchilik kasbini tutgan qahramonligini misol tariqasida keltirishimiz mumkin. Ammo ular dostonlarda ko‘makchi vazifasini bajaruvchi oddiy qahramonlar sifatida keltiriladi. Folklorshunos olim Sh. Turdimov Hasanxon obrazining bosh qahramonga aylanish tadrijini tahlilga tortar ekan, Hasanxonlar ham eng avval kallar kabi ko‘makchi obraz bo‘lib kelganligi, doston syujetining ma’lum bir xalqasida ishtirok etishganligi ehtimoldan uzoq emas, deya alohida ta’kidlab, Hasan Yakdasta, Hasan Ko‘lbar, Hasan Chopsonlarning xarakter xususiyatlariga birma – bir to‘xtaladi. Lekin davrlar o‘tishi bilan mustaqil obrazlarga aylangan [7, 139 ], deya xulosa beradi. Demak, xalq yaratgan har bir obraz davrlar mobaynida qayta-qayta badiiy jilo berilib, sayqallanib borilgan. Ertaklar insoniyat badiiy tafakkurining ilk namunasi sifatida qayd etilar ekan, ulardagi obrazlarning qachon paydo bo‘lganligini aniq davrlar, ma’lum sanalar bilan aniqlashtirish mushkul jarayonligi ko‘zga tashlanadi. Ertaklar qanchalik qadimiy bo‘lsa, undagi obrazlarga ham insoniyat davrlarining turli bosqichlaridagi tafakkur va madaniyat singdirilib borilganining guvohi bo‘lamiz. Kal haqidagi ertaklarda ham xalqlar mifologik motivlari guldastasi mavjud. Birgina kal qiyofasiga kirish motivi ko‘plab ertaklarda uchrashi ushbu obrazning naqadar qadimiyligiga ishoradir. Bahouddin O‘gel o‘zining “Turk mifologiyasi” asarida shimoliy turk ertak va dostonlarida kal bo‘lmagan oddiy alp va bahodirlar katta jang yoki topshiriqqa yo‘l olganda kal qiyofasiga kirishlarini va shu orqali ilohiy kuchga ega bo‘lishlarini ta’kidlaydi.[8, 84 ] Kal qiyofasiga kirish Turk hoqonlari davrida ham qo‘llanilganligini ko‘plab rivoyatlardan o‘qiymiz. Dunyoga tartib va intizom o‘rnatmoqchi bo‘lgan Turk hoqonlari adolatsizliklarga duch kelganlarida Tangri tomonidan berilgan muborak xususiyatlarini ishga soladilar. Tashqi qiyofalarini o‘zgartiradilar: kal, ya’ni tastarakay bo‘lib oladilar. Jamiyatdagi tartibbuzarliklarni shu tariqa aniqlab, jinoyatchilarni jazolaganlar va so‘ng yana o‘z holatlariga qaytganlar. [9, 68 ] Chunki o‘sha davrda qiyofa almashtirish – ilohiylik belgisi deb qaralgan. Faqat eng oliy darajaga yetgan kishigina bir qiyofadan boshqasiga o‘ta olgan. Bu kabi epizodlarni nafaqat xalq rivoyatlari, balki dostonlarda ham uchratamiz. Shoh Ismoil hikoyasida quduqqa tashlangan Shoh Ismoil quduqdan qutulgach, kal qiyofasiga kirib bir tegirmonchining shogirdi bo‘ladi. Dostonlarda ham 143 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman qahramonlarning asirlikdan so‘ng boshqa kiyimga kirishib, qiyofa o‘zgartirishi turkiy xalqlarning qadimgi qarashlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, bu qarashlar dostonlarda ramziy shaklda aks etgan. [10, 65 ] Ko‘plab ertaklarda boshlariga ichak yoki teri bo‘lagi kiyib qiyofa o‘zgartirgan qahramon qarshi taraf bilan zimdan kurashga kirishadi. Yoki o‘z baxtini qidirish yo‘lida vaqtinchalik tebdil yurishga majbur bo‘lib, ota uyini yoki saroyni tark etibgina qolmay kal qiyofasiga kirishni ma’qul ko‘radilar. Bunda e’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan nuqta nega aynan kal qiyofasiga kirilishidir. Ya’ni qahramon ertak davomida kal tipiga xos bo‘lgan xususiyatlar, fazilatlar bilan harakatlanishiga e’tibor qaratishning o‘zi kifoya. Demak, vaziyatlardan oqilona yechim bilan, hech kimga sezdirmasdan, ortiqcha shovqin suronlarsiz, hazil mutoyiba yo‘li orqali sirli yo‘l tutishi ushbu obrazni allaqachon tiplashtirilganligini barcha xalqlar va elatlarda bir xil ayni harakatlanishidan ko‘ramiz. Ertaklardagi obrazlarning paydo bo‘lishi va bu kungacha yetib kelishi xalqning dunyoqarashi, tarixiy taraqqiyoti, siyosiy va diniy mafkurasiga bog‘liqdir. Davrlar o‘tgani sari obrazga yuklangan xususiyatlar qaysidir darajada yangilanib boraveradi. Ammo bu degani mutlaqo o‘zgarib boshqa obraz paydo bo‘ladi degani emas. Qaysidir jihati sayqallanib qandaydir g‘oyaviy ma’no tashishida sezilishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, ma’lum bir davr unsurlari tamoman yo‘qolib ketmaydi. Ammo tushunarsiz sirli ifodalarga aylanib borishi mumkin. Yana obraz harakatlaridagi ba’zi jihatlarning davr uchun muhimligi katta ahamiyatga ega. Ya’ni qaysidir davrda bosh qahramon sifatida ko‘klarga ko‘tarilishi uchun bilagidagi kuch, pahlavonligi muhim bo‘lsa, qaysidir davrda uning aqlligi, topqirligi, vaziyatlarga qarshi oqilona tutumi yetakchi funksiyaga ko‘tarilgani uchun uni bosh qahramonga aylantirgan bo‘lishi mumkin. Bizning kal qahramonimiz ham ma’lum bir davrlarda ko‘makchi qahramon bo‘lgan bo‘lsa, keyingi davrlarda asosiy obrazga aylanib boradi. Bu, ayniqsa, ertak janrida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. W. Eberhard, ve P. N. Boratav, Typen Turkischer Volksmärchen, Viesbaden 1953. 2. Tahir Alangu, Keloğlan Masalları, Istanbul: Afa Yayınları, 1990. S.167. 3. Meriç Harmanci . Türk masallarında Kelöğlan tipi. Doktora tezi. Kocaelı universitesi. S.42 4. O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari. 100 jildlik. 27-jild. T.- 2023. B.188. 5. Ergash Jumanbulbul o‘g‘li. Ikki jildlik. 1-jild.Toshkent. 1971. B.225. 6. Turdimov Sh. Go‘ro‘g‘li dostonlarining genezisi va tadrijiy bosqichlari. “Fan” nashriyoti. Toshkent2011. B. 139-140. 7. Bahaeddin Ögel, Türk Mitolojisi II, Ankara: Türk Tarih Kurumu Yayınları, 1995, s. 84. 8. Pervin Ergun, “Altay Destanlarında ve Anadolu Türk Masallarında Tastarakay Keloğlan”, Millî Folklor, sayı 68, (Kı 2005), s. 79. 9. Eshonqulov Jabbor. “Alpomish dostoni va Dada Korkut asaridagi mifologik motivlar”. Milliy folklor. 52-son. B.65 10. Bakhadirovna, A. J. (2019). The Creative Work and Artistic Repertoire of Professional Uzbek Narrators. ANGLISTICUM. Journal of the Association-Institute for English Language and American Studies, 8(2), 23-32.