scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

"MOMOLARDAN MEROS" ERTAKLAR VA BOLALAR ADABIYOTI

Rahmatulla Barakayev

Full text

170 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman “MOMOLARDAN MEROS” ERTAKLAR VA BOLALAR ADABIYOTI Rahmatulla Barakayev, filologiya fanlari nomzodi, professor, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, katta ilmiy xodim, [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17381730 Annotatsiya: maqolada o‘zbek bolalar adabiyotida xalq og‘zaki ijodi an’analarining o‘rni muammosi o‘zbek bolalar she’riyatining taniqli namoyandasi Tursunboy Adashboyev ijodi tahlili misolida ilgari suriladi. Kalit so‘zlar: bolalar she’riyati, lof, xalq ertaklari, adabiy ertak, ballada, arman afsonasi. Аннотация: В статье рассматривается роль и место устного народного творчества в узбекской детской литературе на примере произведений известного детского поэта Турсунбая Адашбаева. Ключевые слова: детская поэзия, искусство лофа, народные сказки, литературная сказка, баллада, армянская легенда. Annotation: The article explores the problem of the place of folk oral traditions in Uzbek children’s literature, using the creative works of Tursunbay Adashbayev, a distinguished figure in Uzbek children’s poetry, as an example. Keywords: children’s poetry, lot art, folk tales, literary tale, ballad, Armenian legend Hozirgi o‘zbek bolalar she’riyatining taniqli namoyandasi, marhum T.Adashboyev, o‘zi e’tirof etganidek, maktabda o‘qib yurgan paytida «Qizil O‘zbekiston» gazetasida folklorshunos H.Zarifov nomidan gazetxonlarga murojaat qilinib, ertakchi bobo-buvilari hamda baxshilardan o‘zbek xalq og‘zaki ijodi namunalarini yozib olib, tahririyatga jo‘natish va shu bilan xalq og‘zaki ijodining xalqimiz orasidagi nodir namunalarini saqlab qolishdek xayrli ishga hissa qo‘shish tashabbusi bilan chiqilgan ekan. Yosh o‘quvchi T.Adashboyev qalbida bu tashabbus, ehtimolki, endi-endi nish urib kelayotgan badiiyatga oshnolik tuyg‘ularini uyg‘otib yuboradi. U peshqo‘rg‘onlik Olim baxshi Soyibboyevdan «Yozi bilan Zebo» dostonini yozib olib, Toshkentga yuboradi va ko‘p o‘tmay folklorshunos olimlar H.Zarifov va Muzayyana Alaviyadan yangi izlanishlarga undovchi minnatdorchilik maktubi ham oladi [Adashboyev T. Ma’rifat, 2005]. Baxshilardan, bobo-buvilardan eshitilgan ertagu rivoyatlar, dostonu qo‘shiqlar, tez aytishu topishmoqlar T.Adashboyev qalbiga, o‘zi aytganidek, «cho‘g‘ solgan bo‘lsa, ajab emas» [Adashboyev T. Ma’rifat, 2005]. Ma’lumki, kichik yoshdagi bolakaylarning xayolot olami tizginsiz, ko‘klarda parvoz qiluvchi bo‘ladi. Ular had-hudud bilmas xayolot qanotida oyoq еtmas o‘lkalarga sayohat qiladilar, g‘ayritabiiy sarguzashtlarni boshdan kechiradilar, inson zotining qo‘lidan kelmaydigan ishlarni amalga oshiradilar. T.Adashboyev ham xalq og‘zaki 171 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman ijodidagi «qirq yolg‘ondan bir yolg‘on» tarzidagi hajviy she’rlar turkumini yaratish bilan o‘zbek bolalar she’riyatida ushbu yo‘nalishni yangi pog‘onaga ko‘tardi. Shoir ijodida dastlabki shunday qahramonni «Jo‘nataman quyoshni» to‘plamidagi «Lof emas» she’rida uchratamiz. She’r qahramoni chumolini taqalab, anhor yoqalab qamish o‘rishga chiqadi. Aksiga olib, havo issiq, dim, ishchi kuchi kam, bu ham еtmagandek, chigirtkalar chirillayverib uning g‘ashiga tegadi, ishdan qoldiradi. Shunda u sherigi Hoshimga imlab, chigirtkalarning to‘rttasini ushlab, ot qilib, qog‘ozdan qanot qilib, aravaga qo‘shadi: So‘ragaysiz, xo‘sh endi? Baraka kirib ishga, Oq saroyni to‘ldirdik, Ko‘k saroyni to‘ldirdik [Adashboyev, 1982: 37]. Bu tasvir usuli, aslida, xalq og‘zaki ijodidagi loflarga hamda lof va uydirmalar asosida yaratilgan «Qirq yolg‘on», «Uch yolg‘onda qirq yolg‘on» tipidagi ertaklarga o‘xshab ketsa, she’r qahramonining sherigi Hoshim ham, nazarimizda, begona emas. U nomidan X.To‘xtaboevning «Sehrli qalpoqcha» asari orqali yosh kitobxonlarga yaxshi tanish, sarguzashtlarga o‘ch, xayolparast Hoshimjonni eslatadi. T.Adashboyev ijodidagi ikkinchi shunday qahramon bilan 1985 yilda chop etilgan «Oqbura to‘lqinlari» to‘plamidagi «Latifjonning loflari» she’rida uchrashamiz. Xalq og‘zaki ijodining lof janri o‘ziga xos turli shakllarda namoyon bo‘ladigan Farg‘ona vodiysining farzandi T.Adashboyev «Lof emas» va «Latifjonning loflari»dan boshlangan ushbu yo‘nalishni «Orzularim – qo‘sh qanotim» saylanmasida yanada rivojlantirib, “qirq yolg‘on” tipidagi uydirma, loflarga asoslangan alohida turkum darajasiga ko‘taradi. «Saylanma»ning “Ovning gashti”, “Barchasi yodimda”, “Poyga zavqi”, “Beshta sanoch”, “Shirmon kulcha”, “Yugan solib, egar urib” singari she’rlardan tashkil topib, “Uchqur tulpor” deb nomlangan ushbu fasli, o‘z nomi bilan, xayolotning bepoyon olamiga sayohatlardan tashkil topgan. Shoir aytmoqchi, «bizga azaliy yo‘ldosh» bo‘lgan loflar yosh kitobxonni ham xayolotning uchqur tulpori yanglig‘ o‘z orqasidan ergashtiradi, uning xayolot olamini boyitadi. Ushbu turkum she’rlarning bosh qahramoni Latifjonning uydirmalar bilan to‘lib-toshgan g‘ayritabiiy sarguzashtlari shu boisdan ham teng-to‘shlarini beixtiyor o‘z orqasidan ergashtirib ketadi, ularni ham ushbu sarguzashtlar ishtirokchisiga aylantiradi. Latifjon tabiatan ozgina lofchiroq bo‘lsa-da, aslini olganda, uning loflari odamlarning og‘irini еngil qilishga yo‘naltirilganligi bilan hayotbaxsh, ishonarli. Chunki u ko‘zi xiralashib qolgan sakson yoshli buvisi uchun ignaga ip o‘tkazuvchi asbob o‘ylab topmoqchi bo‘ladi, onasiga guruchning kurmagi va toshini ajratib beradigan maxsus magnit yaratmoqchi bo‘ladi, odamlar silliq, dum-dumaloq tarvuzni ko‘tarishda qiynalmasinlar deb tarvuzning maxsus tutqich-sopli turini kashf qilmoqchi 172 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman bo‘ladi. Masalaning mohiyatiga yanada chuqurroq kiradigan bo‘lsak, bu «kashfiyot»lar buvisining ignasiga ip o‘tkazaverish, onasiga guruchning toshi va kurmagini tozalab berish, bozordan qiynalib tarvuz ko‘tarib kelishdan bezor bo‘lgan bolaning o‘z yukini еngillatish maqsadidagi o‘y-fikrlari hamdir. Barchasi yodimda, esimda, Hali tug‘ilmagan kezimda, Bobomning yilqisin boqardim, Xarsang toshga qoziq qoqardim satrlari bilan boshlanadigan «Barchasi yodimda» she’rida Latifboyning tug‘ilmagan paytidanoq bobosining yilqisini boqqanligi xususidagi g‘ayritabiiy voqea bayonidan boshlangan sarguzasht davomi ham kitobxonni sehrlab qo‘yadigan darajada o‘ta g‘aroyibdir. U yo‘qolib qolgan to‘riq baytalni bog‘dan, tog‘dan, xullas, hamma yoqdan qidiradi. U paytlarda oy ham yotmas ekan, quyosh ham botmas ekan, bulut bo‘lmasa ham do‘l yog‘ar ekan, buvisi qisir echkini sog‘ar ekan. «Yugan solib, egar urib» she’rida Latifboy chigirtkaning erkagiga yugan solib, egar urib, qamishdan nayza yasab, otquloqdan qalqon qilib ovga chiqadi. She’rdagi Xayri xolaning tovuqlariga qiron keltirgan tulki ovi tasviri ham yuqoridagilardan kam emas. Chigirtkani rosa еmlab, tolga bog‘lab qo‘ygan Latifboy peshin chog‘i o‘lja ilinjida kelgan begemotday tulkini qamishdan yasalgan o‘q-yoyidan otib o‘ldiradi. Quyrug‘i ikki quloch bo‘lib ketgan tulkining tanasini to‘rt pahlavon shiladi, mo‘ynasidan ko‘nchilar o‘nta po‘stin tikadilar, ikki quloch quyrug‘idan qirqta telpak tayyorlaydilar [Adashboyev. 2003: 135]. Xullas, «lof gaplarga suyagi yo‘q» Latifboyning sarguzashtlari shu tariqa davom etaveradi. «Beshta sanoch» she’rida u bo‘rdoqiga boqqan beshta chivinni guzardagi qassoblarni ishga solib so‘ydiradi, qo‘radagi bir chivinni jo‘ralaridan ajratib olib chiqquncha ikki qassob qora terga tushadi, so‘yilgan chivinning terisidan beshta sanoch (qimiz solinadigan idish) chiqadi. «Poyga zavqi» she’rida burgani taqalatib, oq qand berib ovutgan, arpa berib boqqan, yo‘rg‘alashga o‘rgatgan Latifboy poygada barcha tulporlarni ortda qoldirib, marraga birinchi bo‘lib еtib keladi [Adashboyev. 2003: 136]. Endi ushbu she’rlarni «Qirq yolg‘on» va «Uch yolg‘onda qirq yolg‘on» ertaklariga qiyoslaylik: «Bor ekan, yo‘q ekan, bir katta to‘qay bor ekan. Bu to‘qayning ichida na cho‘p va na giyohdan asar bor ekan. U to‘qayning ichida uchta mergan, topganini har kuniga bergan, to‘kilib qolsa tergan, qulochini kergan… Suvi yo‘q ariqdan baliq ovlashib, o‘t yoqmasdan baliqni pishirishib, uni еmasdan ilgari lunjini ishirishib, maslahatni bir joyga qo‘yib yurgan ekanlar… Miltig‘ini olibdi, еlkasiga solibdi, ekilmagan katta tolning soyasiga еtib olibdi. U еrda dam olib o‘tirgan ekan, haligi ikkita mergan ikkita yo‘q quyonni ushlashib kelib qolibdi» [Luqmoni hakim. 1990: 95-96]; «Otadan bitta edim, o‘la-o‘la uchta qoldik. Uchala og‘a-ini birov-birovimizni bilmas 173 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman ekanmiz. Bir kuni topishib, so‘rashib qoldik. Bunday qarasam, birimizning yoqamiz, birimizning еngimiz, birimizning etagimiz yo‘q… Soyga qarasak, uchta baliq yotipti, ikkitasi o‘lik, bittasining joni yo‘q. Joni yo‘g‘ini olib, etagi yo‘qning bariga soldik… Oldimizdan uchta uy chiqdi: ikkitasining tomi yo‘q, bittasi yap-yalang‘och. Yapyalang‘ochiga kirib borsak, uchta qozon turipti, ikkitasi teshik-teshik, bittasining tagi yo‘q. Tagi yo‘g‘ida etagi yo‘qning baridagi joni yo‘q baliqni solib.., o‘t yoqmasdan baliqni pishirdik, o‘tinni ayamay qo‘yaveribmiz-qo‘yaveribmiz, suyaklari hil-hil bo‘lib ketipti. Go‘shtiga issiq o‘tmabdi, uch og‘ayni еyaveribmiz-yeyaveribmiz, to‘yib ketibmiz, ketamiz deb eshikdan sig‘may, teshikdan chiqib jo‘nab qoldik» [Zumrad va Qimmat. 1988; 247-248]. Har ikkala ertakdagi uydirma, loflar qanchalik bir-biriga ulanib, bir yolg‘on ikkinchisini keltirib chiqaraversa, Latifjonning loflaridagi holat ham aynan shunday. Jumladan, tug‘ilmasidan avval bobosining qo‘yini boqish epizodi, aslida, xalq ertaklaridan kelib chiqqan. Uni T.Adashboyev «Barchasi yodimda» she’ri syujetidan kelib chiqib, «yilqisini boqish» tarzida qayta ishlagan. Burgani taqalatish, boqib semirtirish so‘yish, terisi, go‘shti, yog‘ining olam-jahonni tutib ketishi «Burgam» tipidagi ertaklarda uchraydi. Uni shoir «Poyga zavqi» she’rida burgani taqalatib, poygada chopiladigan ot o‘rnida qo‘llash sifatida aynan saqlab qolsa, «Lof emas» she’rida chumolini taqalash tarzida, «Yugan solib, egar urib» she’rida chigirtkaning erkagiga yugan solib, egar urib, ovga chiqish tarzida ijodiy qayta ishlaydi. Burgani boqib semirtirib so‘yishni ijodkor «Beshta sanoch» she’rida chivinni boqib semirtirib so‘yish shaklida ijodiy o‘zgartirsa, «Yugan solib, egar urib» she’rida kampirning tovuqlarini еb begemotday semirgan tulki tarzida qayta ishlagan. Demak, xalq og‘zaki ijodi an’analarini ijodiy qo‘llash, ayniqsa, Farg‘ona vodiysiga xos lof va uydirmalar asosida mutlaqo yangi, yosh kitobxonni o‘ziga sehrlab qo‘yadigan, orqasidan ergashtirib ketadigan badiiy mukammal asarlar yaratish T.Adashboyev ijodida alohida o‘rin tutadi, bolalar she’riyatimizni ushbu yo‘nalishdagi asarlar bilan yanada boyitadi, yosh kitobxonlarning fikrlash doirasini, xayolot olamini kengaytiradi. Yuqorida T.Adashboyev hali maktab o‘quvchilik paytidayoq xalq og‘zaki ijodi namunalarini yig‘ish bilan shug‘ullanganligi haqida to‘xtalib o‘tilgan edi. Yosh bolalik paytida bo‘lgusi ijodkor qalbida xalq og‘zaki ijodining minglab yillik nodir namunalariga nisbatan paydo bo‘lgan mehr-muhabbat shoir asarlarida xalq og‘zaki ijodiga murojaat qilish, undan ilhomlanish tuyg‘usi darajasiga o‘sib еtdi. U nafaqat yuqorida tahlil qilingan asarlarida, balki ballada, ertak va dostonlarida ham xalq donoligining ushbu timsollariga qayta-qayta murojaat etdi, xalq og‘zaki ijodida jo bo‘lgan betakror ma’rifiylik-tarbiyaviylikdan ilhom oldi va ularni o‘z asarlariga ko‘chirdi. 174 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Shoirning salkam ellik yillik ijodi davomida turli mavzulardagi «Qismat», «Adolatli qozi», «Oriyatli xo‘roz», «Oltin yolli tulpor qissasi», «Roston xola – doston xola» esingari adabiy ertak va dostonlari xalq og‘zaki ijodi ta’sirida yaratilgan. Jumladan, «Oltin yolli tulpor qissasi»da Olabuqa qishlog‘idan o‘n chaqirim naridagi Chotqol tizma tog‘larining etagida joylashgan, «chor atrofini archazorlar kiprik misol to‘sgan» Tulporko‘l bilan bog‘liq afsona qalamga olinadi. Ertakning xalq og‘zaki ijodiga aloqadorligini shoirning o‘zi: Ushbu ertak momolardan Meros bo‘lib qolgandir. Tulporko‘lning afsonasi Es-hushimni olgandir [Adashboyev. 1985: 92] deyish bilan e’tirof etadi. Bu adabiy ertakda inson tabiatidagi azaliy ochko‘zlik, boriga qanoat qilmaslik oqibatlari nihoyatda ishonarli, ta’sirchan tasvirlangan. Chotqol tomondan baytalini еldirib ovuliga qaytib kelayotgan cholning ayni peshin chog‘iida Tulporko‘l bo‘yiga еtib kelishi keyingi voqealar zanjirining tabiiyligini ta’minlashi bilan e’tiborga sazovor. Chunki chol, avvalo, issiqdan tolganligi sababli bir pas ko‘lning yam-yashil qirg‘og‘i salqinida dam olish ehtiyoji borligi tabiiy. Bundan tashqari esa, u peshin namozini o‘qib olishi kerak edi. Xullas, chol namoz o‘qishni boshlabdi. Shu payt ko‘lning o‘rtasidan oltin yolli tulpor chiqib, «ko‘kka sapchib pishqirib, ko‘zi yonib, shaylanib», bo‘z baytal atrofidan uch bor aylanibdi. Cho‘pon esa beg‘am, befarq Ibodatin buzmasdan – Turib boqsa duldul ayg‘ir Sho‘ng‘idi ko‘l qatiga. Oradan o‘n ikki oy o‘tib, cholning baytali oltin yolli qulun tug‘ibdi. Bu holdan chol hang-mang, «mol-dunyoga hirs qo‘ygan» kampiri esa yana bitta shunday qulunli bo‘lish dardida qaysar cholni avrab-aldab, yana Tulporko‘lga borishga ko‘ndiribdi. Chol baytalini minib, ko‘l tomonga yo‘l olibdi, oltin yolli toychoq ham onasining ketidan qolmay, ularga ergashibdi. Chol yana avji peshin chog‘ida ko‘l bo‘yiga еtib kelibdi va: Yozdi shoshib chakmonini Olib-olmay tahorat. Chol shunchaki, nomi uchun Namoz o‘qib o‘tirar. Oltin yolli ot tashvishi Yuragini o‘pirar. 175 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Bu galgi voqealar rivoji boshqacharoq kechadi. Ko‘ldan chiqqan tulpor toychoqning bo‘ynidan tishlab, o‘zi bilan ko‘l ostiga olib ketadi. Chol esa barmog‘ini tishlab qolaveradi. Ertak voqealari mantiqan asosli, ishonarli. Chunki dastlabki sarguzasht rostdan ham tasodifiy ravishda ro‘y bergan edi. Cholning tahorat olishi, namozini buzmasligi, ko‘ldan chiqqan tulporga e’tibor bermasligi ham tabiiy. Demak, bechora cho‘ponga Ollohning rahmi kelib, g‘ayritabiiy ravishda o‘z marhamatini inoyat qilgan edi. Ikkinchi sarguzasht esa zo‘rma-zo‘rakilik, ochko‘zlik, boriga qanoat qilmaslik oqibati. Shoir cholning peshin namoziga tahorat olib-olmay (chala tahorat qilib) o‘tirishi, biroq xayoli namozda emas, ko‘ldan chiqishi lozim bo‘lgan oltin yolli tulporda ekanligini bejiz ta’kidlamaydi. Mol-dunyoga hirs qo‘ygan kampirining ta’magirligiga qarshi chiqolmagani, unga qo‘shilib, o‘zining ham niyati buzilganligi uchun chol jazosini oladi, boridan ham ayrilib, ikki qo‘lini burniga tiqib qolaveradi. E’tibor berilsa, bu ertak qaysidir jihatlari bilan A.S.Pushkinning «Baliqchi va baliq haqida ertagi»ga ham o‘xshab ketadi. U ertakda ham oltin baliq dastlab kambag‘al chol-kampirga ko‘p narsalar inoyat qiladi. Biroq kampirning ta’magirligi haddan oshavergach, oxir-oqibat, o‘sha teshik tog‘orasi bilan qoladi. Demak, bundan ta’magirlikning xunuk oqibati oqibati haqidagi ertaklar turlicha syujetlarda turli xalqlar og‘zaki ijodlarida uchrashi va ulardan har bir xalq ijodkori o‘zicha ilhomlanib, o‘ziga xos yangi asar yaratishi haqidagi umumlashma xulosaga ham kelish mumkin. «Qismat» balladasi T.Adashboyevning mustaqillik davri ijodiga taalluqli. Balladada hikoya qilinishicha, 1990 yilda Qrimning To‘ng‘iztog‘ qishlog‘ida dam olayotgan paytida shoir bir arman va turkman ijodkori bilan do‘stlashib qoladi hamda ularga «Temurnoma» kitobini sovg‘a qiladi. «Temurnoma» bahona, arman shoiri Yuriy Saakyan Amir Temur haqidagi bir afsonani aytib beradi. Ballada o‘sha afsona asosida yaratilgan [Adashboyev, 2003: 171-174]. Balladada tasvirlanishicha, Sohibqiron Amir Temur Tabrizga yurish qilgan paytida Xayastonni еngib, Arpali degan joyga еtganida bug‘doyzorda sarak (o‘rilganda tushib qolgan boshoq) terib yurgan bir chol-kampir va boshoqlarni to‘qmoq bilan yanchayotgan ikki nevarasini ko‘rib qoladi. Amir Temur ular bilan salomlashib, sabrtoqat tilaydi, chol esa sarkardani ko‘moch, soqchilarini bir ho‘plamdan atala-umoch bilan siylaydi. Dasturxonga duo qilingach, Amir Temur farmon berib, yigitlarini cholga bir kun yordam berish, boshoq terish va somon to‘plashga buyuradi. Son-sanoqsiz lashkar terib, yanchgan arpa-bug‘doy cholning hovlisiga sig‘may ketadi. Saharda Amir Temur lashkari o‘z yo‘liga ravona bo‘ladi. Oradan oylar, yillar o‘tib, Amir Temur lashkarining yo‘li yana Araratga – Arpali tomonga tushibdi va sohibqiron o‘sha cholning hol-ahvolidan xabardor bo‘lay deb yo‘qlatibdi, ikki choparni ovulga jo‘natibdi. Lekin kampir choparlarni chorbog‘iga yo‘latmabdi, qarg‘ay-qarg‘ay darvozani 176 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman tambalab, uyiga kirib ketibdi. Shundan keyin cholni ko‘rgani hukmdorning o‘zi boribdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ko‘zini shira bosgan cholning burni osmonda, nimadandir domangir, katta bo‘lib, davangir yigitlarga aylangan nevaralar esa Amir Temurga o‘dag‘aylab chiqib kelibdilar. Bu holdan darg‘azab bo‘lgan sohibqiron chol ovulining ko‘lini ko‘kka sovurtiribdi. Ballada syujeti shundan iborat. Asarning e’tiborga sazovor jihati shundaki, Amir Temur dushmanlariga qarshi qo‘shin tortar ekan, oddiy xalq bilan emas, lashkar bilan jang qiladi. Biroq urush o‘z nomi bilan urush-da. O‘rmonga o‘t ketsa, ho‘lu-quruq baravar yonganiday, urush paytida oddiy xalqning ahvoli ham yomonlashadi, bola-chaqasining rizqi deb ekkan ekin-tikini lashkar oyoqlari va otlarning tuyoqlari ostida nobud bo‘lib, rizqidan judo bo‘ladi. Shu sababli ham dalada mashoq terib yurgan chol-kampir va ikki norasida nevarasiga ko‘zi tushgan ulug‘ hukmdor ulardan hol-ahvol so‘rashni, sabr-toqat tilashni o‘zining insoniy burchi deb hisoblaydi. Kambag‘al chol dasturxonga qo‘ygan bitta ko‘moch va soqchilarga bergan bir ho‘plamdan atala-umochi evaziga yurishni to‘xtatib, butun lashkarini cholga bir kunlik yordamga tashlaydi. Albatta, Amir Temur yurishlari chog‘ida, har qanday harbiy yurishda bo‘lgani kabi, boshqalar qatori arman yurti, xalqi ham ko‘p aziyatlar chekkan. Biroq oddiy xalq hech qachon ezgulikning kichik bir zarrasini ham esidan chiqarmaydi. Sohibqironning kambag‘al chol-kampir va ularning norasida nevaralariga ko‘rsatgan ulug‘ himmati arman afsonasida o‘zining qanchalik haqqoniy ifodasini topgan bo‘lsa, urush paytining og‘ir kunlarida ulug‘ hukmdor saxovati bilan uyi bug‘doyga to‘lgan, kutilmaganda ega bo‘lgan boylik ko‘zini shira bostirgan chol-kampir va nevaralarining noshukurligi, yaxshilikni bilmasligi oqibatida Amir Temur farmoni bilan ovulining kuli ko‘kka sovurtirilishi ham shu qadar xolis tasvirlangan. Shu sababli ham arman afsonasining xulosasi Amir Temurni emas, ochko‘z, yaxshilikni bilmaydigan cholni qoralaydi. Chunki Amir Temur cholni ko‘rishga ikkinchi marta kelganida, uning uyida mehmon bo‘lish, ziyofatini еyish uchun emas, balki urush kasofati bilan boquvchisiz qolgan oilaning hol-ahvolidan xabar olishdek oddiy insoniy burchini o‘tash uchun kelgan edi. Mustaqillik sharofati bilan Amir Temurning davlatchiligimiz tarixida tutgan muhim o‘rni, markazlashgan davlat yaratish borasidagi ulug‘ tashkilotchilik faoliyati va insoniy fazilatlari haqida haq gapni aytish imkoniyati yaratilgan ekan, T.Adashboyevning Amir Temur haqidagi arman afsonasi asosidagi balladasi ham istiqlol davrida sohibqironning haqqoniy timsolini yaratish borasidagi muvaffaqiyatli izlanishlardan biri sifatida o‘zbek bolalar adabiyotini boyitishga xizmat qiladi, yosh kitobxonlarga ulug‘ jahongirning insoniy fazilatlari haqida haqqoniy ma’lumot berishi bilan o‘ziga xos ma’rifiy-tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. 177 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Адашбоев Т. Отам гул тергани кетган эди… // Маърифат. 2005. 27 июль. 2. Адашбоев Т. Жўнатаман қуёшни. – Тошкент: Ёш гвардия, 1982. 3. Адашбоев Т. Оқбура тўлқинлари. – Тошкент: Ёш гвардия, 1985. 4. Adashboyev T. Orzularim – qo‘sh qanotim. – Toshkent: Sharq, 2003. 5. Луқмони ҳаким. Ўзбек халқ ижоди. – Тошкент: Адабиёт ва санъат, 1990. 6. Зумрад ва Қиммат. Ўзбек халқ ижоди. – Тошкент: Адабиёт ва санъат, 1988.