HALIMA XUDOYBERDIYEVA BAXSHIYONALARINING O'ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Full text
178 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman HALIMA XUDOYBERDIYEVA BAXSHIYONALARINING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI Pardayeva Nigora Qo‘ysinboyevna Nizomiy nomidagi MPUdotsent v.b, f.f.f.d.,PhD E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17381737 Annotatsiya. Qalam ahli doimo xalq yaratgan sarchashmalardan bahramand bo‘lib ijod etadilar. Zamonaviy adabiyot vakillari ham ana shu buloq suvidan simirib, betakror asarlar yaratib kelmoqdalar. Maqolada o‘zbek she’riyatining yorqin yulduzi Halima Xudoyberdiyeva ijodiga murojaat qilingan. Shoiraning baxshiyona asarlari haqida mulohazalar bildirilgan. Shuningdek, “Tug‘ilish”, “Ona sadoqati va yolg‘iz o‘g‘il armoni qissasi” singari baxshiyonalari tahlil maydoniga olib kirilgan. Kalit so‘zlar: Halima Xudoyberdiyeva, xalq og‘zaki ijodi, baxshiyona, baxshi, sadoqat. Аннотaция. Люди пера всегда черпали вдохновение в народе и создавали его. Представители современной литературы также черпали из этого источника и создавали уникальные произведения. В статье рассматривается творчество Халимы Худойбердиевой, яркой звезды узбекской поэзии. Даны комментарии к произведениям поэтессы в жанре бахшиёна. Также в поле анализа представлены такие бахшиёны, как «Рождение», «Материнская верность и повесть о гармонии одинокого сына». Ключевые слова: Халима Худойбердиева, устное народное творчество, бахшиёна, бахши, садакат. Abstract. People of the pen have always enjoyed the inspirations created by the people and created them. Representatives of modern literature have also been drawing from this spring water and creating unique works. The article refers to the work of Halima Khudoyberdiyeva, a bright star of Uzbek poetry. Comments are made about the poetess's Bakhshiyona works. Also, such Bakhshiyonas as "Birth", "Mother's Loyalty and the Story of the Armony of a Lonely Son" are brought into the field of analysis. Keywords: Halima Khudoyberdiyeva, folk oral work, bakhshiyona, bakhshi, sadaqat. Baxshiyona ruhida yaratilgan asarlar xalqona uslubdagi; xalq og‘zaki ijodi an’analari bilan uyg‘un tarzda dunyoga kelgan ijod mahsulidir. Barcha davr adabiyotida qalam tebratgan ijodkor asarlarida xalq og‘zaki ijodiga murojaat etib, unga hamohang tarzda betakror, go‘zal asarlar yaratishgan. Zamonaviy o‘zbek she’riyatida ham bu an’ana davom etib kelmoqda. Xalqona kuy, xalqona uslub Usmon Azim, Muhammad Yusuf, Hamid Olimjon, Halima Xudoyberdiyeva singari qalam ahli ijodi chetlab o‘tmadi. Halima Xudoyberdiyeva xalq yaratgan asarlarni puxta o‘rgandi. Uning an’analarini zamonaviy she’riyat bilan uyg‘unlashtira oldi. Xalqona uslubda o‘z ijodining gultoj asarlarini yaratdi. Shoira yaratgan baxshiyonalar mazmun ko‘lami va teranligi, uslubi, tasvirning rang-barangligi, misralar ohangdorligi bilan ajralib turadi. Shoira baxshiyonalarini quyidagi ikki guruhga tasniflab tahlil maydoniga olib kirish mumkin.
179 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman 1. Baxshi obrazi mavjud baxshiyonalar: “Baxshining to‘ydagi kurashda aytganlari”, “Ko‘zi borlar to‘g‘ri yo‘ldan yurmasa”, “Bir o‘rim soch tarixi”. 2. Baxshi obrazi mavjud bo‘lmagan baxshiyonalar: “Tug‘ilish”, “Ona sadoqati va yolg‘iz o‘g‘il armoni qissasi”, “Qasam”, “Yo‘qlov”, “Qush tiliga yovuq kelsa qush tili”. Shoira asarlarida o‘z ichki olamini, ruhiyatini, olam xususidagi mulohazalarini tasvirlaydi. Bu xususuda olim H.Ahmedov tubandagicha fikr bildiradi: “Hayotdagi voqea xarakterli voqea hodisalar ijodkorning diqqat-e’tiborini tortib, qalbu shuuriga o‘rnashib oladi, unga orom bermaydi. Uning hayoti va faoliyatiga o‘y surish, mulohaza yuritish muvozanatini buzadi. San’atkorning qalbini zabt etgan, uning oromini huzurhalovatini buzgan ruhiy holat lirik kechinma deb ataladi” [H.Ahmedov] Hayotda baxt va baxtsizlikning, oq va qoraning, yaxshilik va yomonlikning yonma-yon yurishining ko‘p guvohi bo‘lganmiz. Shoira Ashurbekka bag‘ishlab yozgan “Tug‘ilish” asari orqali mana shu haqiqatni ifodalaydi. Asar qahramoni Bobojon raisning majlisda to‘satdan tildan qolib, oyoq-qo‘li ishlamay qolishi, shu vaqtda turmush o‘rtog‘ini dard tutib, farzandining dunyoga kelishi voqeasi tasvirlangan. Bobojon raisning “Vo darig‘! …to‘kilish, tug‘ilish… bir lahzaning ichida” iqrori yuqoridagi fikrimizning tasdig‘i bo‘la oladi. Mazkur hodisa roviy tilidan bayon etiladi. Shoira Bobojon rais qalbini o‘rtayotgan dard-u alamlarini, yuragini kuydirayotgan iztiroblarini ya’ni o‘zining harakatdan qolishi va jigargo‘shasining bu yorug‘ olamga kelishi 8 misrali 3 bandli she’riy qismda bayon etadi. Asarning she’riy qismi xalq termalariga hamohang. Erkakka el kerak, bolam, Seni qurshab el yursin. Yaxshi-yomon kuningda el, Sirib bog‘lab bel, yursin. Endi men yurolmasamam, Elni alqab el yursin. Otang eldan qolgan kuni Eli bo‘lib keldingmi? [6, 434] Urush insoniyat boshiga ne kunlarni, ne savdolarni solmadi. Bolalar ota-onasiz, kelinlar yorsiz, ota-onalar farzandsiz qoldi. Dunyoga kelgan go‘daklar ota so‘zini eshitdi-yu, lekin otasini ko‘rmadi. Shoira urushning beshafqatligini Qayirmalik Mayram momo xotirasiga atab yozgan “Ona sadoqati va yolg‘iz o‘g‘il armoni qissasi” asarida birgina oila taqdiri misolida yoritib beradi. Avval o‘ti kuyushmasa, deb kuyib yurdim, Keyin qulunim qo‘sh bo‘ldi, deb suyib yurdim. Oting o‘chgur bu urusham bir ilinj edi, Bo‘talog‘imni tushda ko‘rib, iyib yurdim.
180 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Enang o‘lsin, kuyganimiz rost bo‘ldiyov, Bolam, qora kiyganimiz rost bo‘ldiyov [6, 424]. Misralarda farzand dog‘idan azob chekayotgan ona fig‘oni, nolasi tasvirlanadi. “Bolam, qora kiyganimiz rost bo‘ldiyov” misrasida qo‘llanilgan “qora kiyganimiz” jumlasi orqali o‘zbek xalqi urf-odatlariga urg‘u berilmoqda. Bilamizki, aza marosimlarida ayollarimiz qora libos kiyishadi. Ushbu misra orqali biz mazkur xonadon a’zolarining azador ekanligini anglab olamiz. She’r bandlarida qo‘llanilgan shevaga xos so‘zlar esa milliy koloritni ta’min etgan. Shuningdek, asarda o‘zbek ayolining sevgi-sadoqati, vafosi, sabr – u bardoshi, hayot sinovlari oldidagi matonati tasvirlanadi. Umrini hamisha qish bo‘lishiga, begona erkak bilan turmush qurgandan jonidan voz kechib, uzun sochlariga o‘zini osishga rozi bo‘lgan Sayram kelin timsolida butun o‘zbek xalqi ayollarining oilaparvarligi-yu, sevgan yoriga so‘nggi nafasigacha sodiqligiga urg‘u beriladi. Shoira xalq og‘zaki ijodini puxta o‘rganadi. Undan ma’naviy ozuqa oladi. Xalq dostonlarini sinchkovlik bilan mutolaa qiladi. “Qush tiliga yovuq kelsa qush tili” baxshiyonasi ijodkorning “Kuntug‘mish” dostoni ta’sirida yozilgan. Doston qahramonlaridan biri karvonboshi Azbarxo‘janing “Do‘stim hamrohing ayol kishi ekan, uni hamroh hisoblamasang ham bo‘ladi” degan so‘zlari shoirani qattiq ta’sirlantiradi. So‘z ekilgan elning dala-tuziga, Har kim tanlar ma’qulini o‘ziga, Ko‘zim tushib manov sarbon so‘ziga, Ich-ichimdan tahqirlangan or keldi [6, 432]. Ijodkor ayollarni kamsitadigan, ularni xo‘rlaydigan, xotin-qizlarga keraksiz buyum singari bepisand qaraydigan kishilardan nafratlanadi. Ayollarning erkaklar kabi teng bo‘lishlarini istaydi. Asli erkak, ayol birday yo‘l izlar, Donish aql, uddaburon qo‘l izlar, Ayting, ayting, kulli o‘tgan azizlar, Nechuk ayol ko‘ngli doim zor keldi. Azbarxo‘ja va u yanglig‘ kishilarning bir kun kelib boshlariga bir kulfat yoki bir dard kelganda, albatta, onalarini yodga olishlarini shoira misralarda alohida ta’kidlaydi. Bu kabi insonlarning hayotda bo‘lishlarini shoira istamaydi. Bunday manfur kimsalar avlodining ko‘paymasligi uchun duo qiladi. Bu esa xalq tilida qarg‘ish deb ataladi. Bittaga ham ko‘paytmasin pushtini, Shuning o‘zi Azbar uchun dor keldi. Halima Xudoyberdiyevaning mazkur mulohazasi XIX asr oxiri XX asr boshlarida yashab ijod etgan, Qo‘qon adabiy olamining vakilalaridan biri Anbar otin fikrlariga
181 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman uyg‘un. Shoira mumtoz adabiyot ijodkorlarining ham asarlarini puxta o‘rganib, ular an’analarining tom ma’nodagi davomchisidir. Anbar otin bir qancha g‘azallarida hamda “Qarolar falsafasi” asarida xotinqizlarni xo‘rlaydigan, ularga nomunosib muomalada bo‘ladigan kimsalarga o‘zining munosabatini ochiq bayon etadi. Fikrimiz tasdig‘i sifatida shoiraning “O‘t tushsin” radifli g‘azalidan quyidagi misralarini keltirish mumkin. “Ayollar sochi uzun, aqli qisqadur”, deganlarg‘a, Tovuqcha aqli yo‘q, axlatni titkonlarga o‘t tushsin. “Xotunlar mol qatori sotiladur”, deb mushtiparlarni, Zulayxo, Layli, Shirinni tan olmagonlarga o‘t tushsin! [1, 92] Adabiyotshunos Qozoqboy Yo‘ldosh ta’kidlaganidek: “She’r ko‘pincha dard ifodasidir. U kamdan kam hollarda quvonchdan tug‘iladi. She’r – qayg‘uning o‘z, quvonchning esa o‘gay bolasi” [2, 245]. Shoira o‘z manfaatini o‘ylab shariat hukmlarini noto‘g‘ri talqin etgan kimsalar orasida iboraga aylanib qolgan “Ayollar sochi uzun, aqli qisqadur” jumlasini keltirib, bu o‘xshatish ayollarga nisbatan haqorat ekanini ta’sirli ifodalaydi. Radifga olingan “o‘t tushsin” birikmasining o‘ziyoq shoira yuragidagi alamli dardni, bunday kimsalardan qanchalar kuchli nafratlanishini ta’sirli ifoda etadi. Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Halima Xudoyberdiyeva baxshiyonalari sodda uslub, ravon tilda hamda folklor an’analariga hamohang tarzda yozilganligi bilan kitobxonni o‘ziga jalb etadi. Foydalanilgan adabiyotlar 1. Ҳусаинова Ф. Анбар Отин. Шеърлар. Рисола. – Т.: Ғ.Ғулом, 1970. 2. Йўлдош Қ. Сўз ёлқини. – Т.: Ғафур Ғулом номидаги НМИУ, 2018. 3. Pardayeva, N.Q.Y. (2024). NIZOMIY GANJAVIY ASARLARI BADIIYATI. Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences, 4(20), 33-36. 4. Pardaeva Nigora. Bilingual poet – Anbar Otin. АКТУАЛЬНОЕ В ФИЛОЛОГИИ. 3 (3), 2021. 5. Koysinboyevna, Pardayeva Nigora. "MY COUNTRY, I SAW HAPPINESS ON YOUR FOREHEAD TODAY!." Modern Science and Research. 4(7), 367-372, 2025. 6. Xudoyberdiyeva H. Yo‘ldadirman. – Toshkent. Sharq, 2006.