O'ZBEK XALQ MAQOLLARIDA MAKON LINGVOMADANIY KODLARINING XUSUSIYATI
Full text
196 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman O‘ZBEK XALQ MAQOLLARIDA MAKON LINGVOMADANIY KODLARINING XUSUSIYATI Muqimova Zohida Rasulovna, O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti еtakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17381764 Annotatsiya. Ushbu maqolada o‘zbek xalq maqollari tarkibida qo‘llangan makon lingvomadaniy kodlarining xususiyati yoritilgan. Kalit so‘zlar: obraz, lingvomadaniyat, lingvomadaniy kod, maqol, topishmoq, zoomorf lingvomadaniy kod, antropomorf lingvomadaniy kod. Аннотaция. В данной статье рассматриваются особенности пространственных лингвокультурных кодов, представленных в узбекских народных пословицах. Ключевые слова образ, лингвокультура, лингвокультурный код, пословица, загадка, зооморфный лингвокультурный код, антропоморфный лингвокультурный код. Annotation. This article examines the features of spatial linguocultural codes represented in Uzbek folk proverbs. Key words: image, linguistic culture, linguistic and cultural code, proverb, riddle, zoomorphic linguistic and cultural code, anthropomorphic linguistic and cultural code. Til va madaniyatning o‘zaro ta’sirida shakllangan birliklar – obrazlar (ramzlar) tilning tarkibidir. “San’at va mifning tili bitta – ramzlarga asoslanadi” (1). Aytish joizki, ramz – inson ruhiyatining tili, lingvomadaniy kod ham xuddi shunday. Demak, insonni qurshab olgan atrofidagi olam uning lisoniy xotirasida maxsus nom bilan ramzlanadi. Muayyan nomlarga ramzlangan tushunchalar esa uning tili vositasida namoyon bo‘ladi hamda ular “maxsus lisoniy ifodalar” (2) orqali boshqa tushunchalardan farqlanadi. Shunday ekan, u yoki bu millat mentaliteti, madaniyati, olamning idrok etishdagi intizomi uning tilida yaqqol ifodalanadi. Har qanday millatning lingvomadaniyatini to‘liq idrok etish uchun uning lingvomadaniy kodlarini anglash taqozo etiladi. Jumladan, makon lingvomadaniy kodlarini ham. Makon lingvomadaniy kodi “muayyan madaniy axborotning verbal usulda kodlashtirilishida milliy-madaniy jihatdan makon, o‘rin-joyni anglatuvchi so‘z (yoki so‘zlar, so‘z birikmasi) tayanch komponent bo‘lgan lisoniy (nutqiy) birlik; lingvomadaniy kod turlaridan biri. Issiq o‘rnini sovitmoq, hushini joyiga keltirmoq” (3). Makon lingvomadaniy kodi lingvomadaniyatshunoslikda asosiy kodlardan biri hisoblanadi. Lingvomadaniy kodlarning bu turi ham o‘zida o‘zi tegishli xalq madaniyatini yorqin aks ettiradi. O‘zbek xalq maqollarida makon lingvomadaniy kodlari ham o‘z o‘rniga ega. O‘zbek lingvomadaniyatida bog‘, tog‘, uya kabi so‘zlar makon lingvomadaniy kodi
197 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman sifatida ko‘p qo‘llanadi. Masalan: Boqsang – bog‘, boqmasang – tog‘; Bog‘bonga tog‘ yarashmas, Biyobonga – bog‘; Bog‘ni boqsang – bog‘ bo‘lur, Botmon dahsar yog‘ bo‘lur; Arslonni ovlamoq uchun arslon uyasiga kirmoq kerak; Qush uyasida ko‘rganini qiladi kabi. Yomg‘ir yog‘sa to‘ning ho‘l bo‘lar, otang o‘lsa, uying cho‘l bo‘lar maqolida cho‘l makon lingvomadaniy kodi fayzsiz xonadonni ifodalagan. Aytilmoqchiki, ota bo‘lgan joy – gullab-yashnagan obod makon, yashil daraxtlar bilan burkangan bog‘, otasizlik – cho‘l-u sahro, ya’ni mehrga tashnalik demakdir. Cho‘l makon lingvomadaniy kodi vositasida ota farzandi uchun suyanch, mador ekanligi, uni borida qadrlash lozimligi, agar buning aksi bo‘lsa, farzand hayoti ota tirikligidagiday emas, balki armon bilan o‘tishi uqtirilgan. El qadrini er bilar, o‘rmon qadrini sher bilan maqolida o‘rmon makon lingvomadaniy kodi tug‘ilib o‘sgan yеr, vatan obrazi, sher zoomorf lingvomadaniy kodi el qadrini biladigan insonlar ramzidir. O‘rmon makon lingvomadaniy kodi vositasida har bir kishi uchun o‘z vatani, xalqi, yaqinlari aziz ekanligi, uni “sherlar” asrashi, qadrlashi yoritilgan. Ma’lumki, Shoqol zoomorf lingvomadaniy kodi o‘zbek tili maqollarida vafosiz, sadoqatsiz kishilarga nisbatan qo‘llaniladi. Bu mazmun O‘lgisi kelgan shoqol, iniga qarab uvullar maqolining ko‘chma ma’nosida yaqqol anglashiladi. In makon lingvomadaniy kodi oila, tuz totilgan joy, kishi faoliyat yuritadigan biror-bir tashkilot yoki korxona ma’nosida qo‘llanilgan. Bu lingvomadaniy kodlar orqali oilasidagi yoki o‘z jamoasidagi gapni ko‘chaga tashuvchi, o‘z muammolarini doston qiluvchi kimsalar qiyofasi ko‘rsatilgan. Ushbu maqoldagi shoqol zoomorf lingvomadaniy kodi Tulki iniga qarab ulisa, qo‘tir bo‘lar; Tulki inidan nolisa, o‘ziga nomus maqollaridagi tulki zoomorf lingvomadaniy kodi bilan bir xil vazifani bajaradi. O‘zbek xalq topishmoqlarda ham makon lingvomadaniy kodlari ko‘p kuzatiladi. Masalan, Bir hujra, Bir hujraning ichida hujra, Qirq hujraning ichida mullabachchalar (Anor va uning donachalari) topishmog‘ida anor va uning oq mayin parda bilan o‘ralgan qismlari hujra makon lingvomadaniy kodi bilan, anor mevasi donalari mullabachchalar antropomorf lingvomadaniy kod orqali yorqin tasvirlangan. Bu topishmoq Uvaysiyning mashhur anor haqidagi chistonini yodga soladi. Ma’lumki, bu chistonda gumbaz so‘zi lingvomadaniy kod vazifasini bajarib kelgan edi. Tuyaga qanot bitsa, tomingni buzadi maqolida tom so‘zi sinekdoxa usulidagi makon lingvomadaniy kodi bo‘lib, uy-xonadon (vatan)ni ifodalaydi. Bunda tuya
198 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman zoomorf lingvomadaniy kodi yuqori mansab egasi, manmanlik qiluvchi kimsaning obrazidir. Ag‘yorning sirli mehmonxonasidan do‘stingning somonxonasi yaxshi maqolida mehmonxona makon lingvomadaniy kodiga zid tarzda somonxona makon lingvomadaniy kodi qo‘llanilgan. Mehmonxona makon lingvomadaniy kodi nozne’matga to‘la dasturxonni, somonxona makon lingvomadaniy kodi esa hashamatli bo‘lmagan bechorahol xonadonni ifodalaydi. O‘zbek tili barqaror birliklarida ko‘l, o‘rmon, to‘qay, bog‘, tom, uya, devor makon lingvomadaniy kodlari tug‘ilgan joy, vatan, oila ramzi sifatida ifodalanadi. Jumladan, Elidan bezgan er o‘ngmas, Ko‘lidan bezgan g‘oz o‘ngmas; Yolg‘iz daraxt o‘rmon bo‘lmas; To‘qayga o‘t tushsa, ho‘l-u quruq baravar yonar; Baxtli bilan bahslashma, Tomlik bilan tenglashma; Baxilning bog‘i ko‘karmas; Yomondan dog‘ qoladi, yaxshidan bog‘ qoladi; Qush uyasida ko‘rganini qilar (4) maqollari va to‘rt devor ichida yashamoq iborasi bunga dalildir. Kiradigan eshigingni qattiq yopma maqolida esa eshik narsa-buyum lingvomadaniy kodi makon, ya’ni xonadon ma’nosini ifodalaydi. Bir kun tuz ichgan joyga qirq kun salom ber maqolida joy makon lingvomadaniy kodi xonadonni ifodalaydi. Joy makon lingvomadaniy kodining tuz ichgan aniqlovchisi milliy-madaniy ma’noga ega. Tuz ichgan joy lingvomadaniy kodi vositasida o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, mehmonning izzatini joyiga qo‘yishi yoritilgan. Xalqimiz ushbu maqol bilan mehmon kutuvchini ham hurmat qilish lozimligini ta’kidlagan. Tog‘ hamda tog‘ yoki tepalikning baland, ammo oshib o‘tsa bo‘ladigan qulay joyini atovchi dovon makon lingvomadaniy kodlari Boqimsiz bog‘ tog‘ bo‘lar, Yurakbag‘ring dog‘ bo‘lar; Boqsang – bog‘, boqmasang – tog‘; Arpasiz ot dovon osholmas; Donoga ergashgan dovondan oshar maqollarida parvarishsiz, qarovsiz joy; biror bor qiyinchilik, balo-yu ofatni ifodalagan bo‘lsa, Jon kuydirmasang, jonona qayda, Tog‘ga chiqmasang, do‘lana qayda maqolida tog‘ lingvomadaniy kodi mehnat, harakatni bildiradi. O‘zbek tili barqaror birliklarida qo‘llanuvchi jahannam, zindon, do‘zax, mozor, go‘r, changalzor, ko‘cha makon lingvomadaniy kodlari salbiy bahoni aks ettiradi. Masalan, Zolimning joyi – jahannam; Bolalik uy – xandon, bolasiz uy – zindon; ko‘cha xandon, uy zindon; Bolali uy – bozor, bolasiz uy – mozor; Yaxshi ro‘zg‘or – jannat, yomon ro‘zg‘or – do‘zax; Birovga go‘r qazisang, o‘zing yiqilasan; go‘r azobi, go‘r azobida, bir oyog‘i to‘rda, bir oyog‘i go‘rda, yo‘lidan go‘ri yaqin, [o‘z] go‘riga tortmoq, qay(si) go‘rga, hammasi (yoki bari) bir go‘r; Rejasiz daraxtzor – changalzor; ko‘cha bolasi kabi. Do‘sting kelsa dolonda kut, Dushman kelsa – ayvonda; O‘zganing toq-u ravoqidan o‘zingning ayvoning yaxshi maqollarida ayvon makon lingvomadaniy kodi
199 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman dolon, toq-u ravoqli, hashamatli binodan ko‘rksiz bo‘lgan joyni ifodalash uchun qo‘llangan. Onaning ko‘ngli bolada, Bolaning ko‘ngli dalada maqolida dala makon lingvomadaniy kodi parvoyi falak: beparvo, beg‘am ma’nosini ifodalagan. Har qanday millatning lingvomadaniyatini to‘liq idrok etish uchun uning lingvomadaniy kodlarining, jumladan, makon lingvomadaniy kodlarining ham ahamiyati kattadir. O‘zbek tili makon lingvomadaniy kodlari o‘zbek millatiga xos madaniyatni o‘zida yaqqol ifodalaydi. Adabiyotlar ro‘yxati: 1. Eshonqul J. Folklor – millatning boqiy tarixi / https://ziyouz.uz 2. Odilov Y. Til va tafakkurning o‘zaro munosabati // O‘zbek tili va adabiyoti. – Toshkent, 2021. – № 6. – B.4. 3. Xudoyberganova D. Zamonaviy tilshunoslik terminlarining izohli lug‘ati. – Toshkent: Bookmany print, 2024. – B. 52. 4. Shomaqsudov Sh., Shorahmedov Sh. Ma’nolar maxzani. – Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti, 2018. – 480 b.