scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

"XOLDORXON" DOSTONIDAGI TAKROR SHAKLLARI

Zuhra YO'LDOSHEVA

Full text

200 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman “XOLDORXON” DOSTONIDAGI TAKROR SHAKLLARI Zuhra YO‘LDOSHEVA filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17381774 Annotatsıya: Go‘ro‘g‘li turkumiga kiruvchi “Xoldorxon” dostoni voqealar silsilasining betakrorligi bilangina emas, lisoniy tashakkulining o‘ziga xosligi bilan ham alohida ajralib turadi. Ayniqsa, dostonda qo‘llanilgan takroriy shakllarning badiiy-estetik ko‘rinishlari diqqatga sazovordir. Takrorlanuvchi birliklar badiiy asarda bir necha vazifani bajarishga moslashgan bo‘ladi. Maqolada takroriy shakllarning tasnifi va badiiy xususiyatlari haqida so‘z yuritiladi. Kalit so‘zlar: “Xoldorxon”, doston, takror, takror shakllari. Аннотация: Эпическая поэма «Холдорхон», относящаяся к циклу «Гёроглу», отличается не только своеобразием событийного ряда, но и своеобразием языковой структуры. Особого внимания заслуживают художественно-эстетические проявления повторяющихся форм, используемых в эпосе. Повторяющиеся единицы выполняют в художественном произведении несколько функций. В статье рассматриваются классификация и художественная характеристика повторяющихся форм. Ключевые слова: «Холдорхан», эпос, повтор, формы повторения. Annotation: The epic poem Holdorkhon, which is part of the Goroglu cycle, stands out not only for the originality of its plot but also for the distinctiveness of its linguistic structure. Of particular interest are the artistic and aesthetic features of the repetitive forms frequently used in the text. These recurring units perform a variety of functions in the poem — from structural and compositional to expressive and emotional. This article examines the classification of these repetitive forms and provides an artistic analysis, revealing their role in shaping the poetic fabric of the work. Keywords: Holdorkhon, epic, repetition, forms of repetition. Adabiyotimizning qadim an’analariga e’tibor bersak, tovush va so‘zlarni muntazam takrorlash orqali o‘ziga xos bir ohang butunligi hosil qilishning keng tarqalganligini ko‘rishimiz mumkin. Xalq dostonlari ham bundan mustasno emas, albatta. Ayniqsa, Ergash Jumanbulbul ijrosidagi “Xoldorxon” dostonida [3,401] tovush, so‘z, so‘z birikmasi va jumla takrori orqali namoyon bo‘lgan ta’sirchan musiqani kuzatish mumkin. Bilamizki, til alohida alohida olingan so‘zlardan tuzilgan aloqa vositasi emas. Ifoda maqsadiga ko‘ra muayyan birliklarning mushtarak maqsad ro‘yobi uchun o‘zaro zich bog‘lanishidan va muntazam aloqalanishidan namoyon bo‘ladigan hodisadir. Lisoniy birliklar bir fikrning tugal ifodasi uchun yakdillik bilan harakat qiladilar. Bu bahamjihatlikning asosida shakliy va mazmuniy jihatdan mukammal butunliklar yaratish maqsadi yotadi. Bunday butunliklarni, tabiiyki, bir gap, bir jumla doirasida tasavvur qilish qiyin. Buning uchun gapdan katta butunliklarga diqqat e’tiborni qaratish lozim bo‘ladi. Zamonaviy tilshunoslikda bunday hodisalar “murakkab sintaktik konstruksiyalar”, 201 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman “murakkab sintaktik butunliklar”, “sintaktik kompleks”, “frazadan katta butunlik”, “super sintaktik butunliklar”, “kommunikativ bloklar”, “matn komponenti” nomi ostida tadqiq qilinib kelmoqda [3,401]. Biz mazkur ta’birlar bilan birga “jumladan katta butunliklar” va “jumla usti konstruksiyalar” atamalarini ham ayni maqsadda qo‘llaymiz. Dostonlar tili bunday butunliklarning lisoniy inkishofi masalalarini o‘rganish uchun g‘oyatda qulay va maqbuldir. Biz bu maqolamizda murakkab sintaktik butunliklarning tashakkul zaminida yotgan bir hodisa - badiiy takrorlarning estetik mohiyati xususida so‘z yuritmoqchimiz. Ma’lumki, jumladan katta butunliklarning tashakkulida turli unsurlar qatorida takroriy shakllarning o‘rni ham alohida farqlanadi. Odatda, jumlalarni bir biriga bog‘lash orqali yangi shakllarni, butunliklarni o‘rtaga chiqarishda takrorning turli ko‘rinishlaridan foydalaniladi. Doston ijrochilari repertuariga nazar tashlansa takrorning quyidagi shakllarini kuzatishimiz mumkin: 1. Tovush takrorlari. 1. 1. Unlilar takrori. 1. 2. Undoshlar takrori. 2. Bo‘g‘in takrori. 2. 1. Ochiq bo‘g‘in takrori. 2. 2. Yopiq bo‘g‘in takrori. 2. 3. Berkitilgan bo‘g‘in takrori. 2. 4. Berkitilmagan bo‘g‘in takrori. 3. Morfemalar takrori. 3. 1. O‘zak morfemalar takrori. 3. 2. Affiksal morfemalar takrori. 4. So‘z va so‘z shakllari takrori. 4. 1. So‘z va so‘z shakllarining o‘rinlashuviga ko‘ra takrori. 4. 1. 1. Jumla yoki satr boshidagi takror. 4. 1. 2. Jumla yoki satr ichidagi takror. 4. 1. 3. Jumla yoki satr oxiridagi takror. 4. 1. 4. Aralash takror. 4. 2. So‘z va so‘z shakllarining qo‘llanishiga ko‘ra takrori. 4. 2. 1. Oddiy takror. 4. 2. 2. Juft so‘z shaklidagi takror. 4. 2. 3. Uch va undan ortiq takror. 4. 3. So‘z va so‘z shakllarining ma’no munosabatiga ko‘ra takrori. 4. 3. 1. Sinonimik takror. 4. 3. 2. Antonimik takror. 4. 3. 3. Omonimik takror. 202 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman 5. So‘z va so‘z shakllarining o‘rinlashuv masofasiga ko‘ra takrori. 5. 1. Distant takror. 5. 2. Kontakt takror. 6. So‘z birikmasi va gap takrori. 6. 1. To‘liq takror. 6. 2. To‘liqsiz takror. 6. 3. Teskari takror. 6. 4. Darajali takror. 7. Takrorlanuvchi birliklarning shakl butligiga ko‘ra takrorlar. 7. 1. O‘zgaruvchi takror. 7. 2. O‘zgarmas takror. 8. Takrorlanuvchi birliklarning mazmuniy butligiga ko‘ra takrorlar. 8. 1. Mazmuni o‘zgarishga uchragan takrorlar. 8. 2. Mazmuni o‘zgarishga uchramagan takrorlar. 9. Takrorlanuvchi birlikning formal xususiyatiga ko‘ra takrorlar. 9. 1. Eksplitsit (oshkora) takror. 9. 2. Implitsit (yashirin) takror. Dostonning mazmuniy va intonatsion butunligini ta’minlashda takroriy shakllardan keng foydalaniladi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, matnning butun holda saqlanishi, uning tinglovchi yoki o‘quvchiga yetkazilishida takrorlar muhim aloqa vazifasini bajaradi. Demak, takror matn yoki matn parchasini bir butun holda saqlanishini ta’minlovchi o‘ziga xos yopiq tizimdir. Bu tizimning ishlash mexanizmi ham g‘oyat o‘ziga xosdir. Dastlab, matn shakllanishida ishlatilgan bu tizim ijro jarayonini qulaylashtirishga ham ko‘maklashadi va shu tariqa ikkinchi vazifasini ado etadi. Tinglovchi tomonidan matnning qulay anglanishini ta’minlash barobarida uzoq muddat xotirada saqlash imkoniyatini yaratishi bilan yana bir muhim vazifasini bajaradi. Bu mo‘jizakor vosita doston matnlarida ba’zan tovush, qo‘shimcha, o‘zak, ba’zan so‘z va so‘z shakllarining qaytarilishi shaklida qarshimizga chiqadi. Ba’zan bu vositalar birin ketin, muntazam tarzda, ba’zan aralash, ba’zan ters holda namoyon bo‘ladi. Ba’zan, hatto yashirin holda kelganda ham o‘zining mavjudligini ta’kidlab turadi. Bu lisoniy birliklarning takroridan hosil bo‘ladigan ohangdorlik esa asarning intonatsion tugalligini ham ta’minlaydi. Takroriy shakllar mohiyat e’tibori bilan faqat yuqorida zikr qilingan ko‘rinishlar bilangina cheklanmaydi. Baxshi va boshqa ijrochilarning mahoratiga bog‘liq holda takrorning yana ko‘plab turlarini kuzatishimiz mumkin. Bu borada o‘zbekning atoqli baxshisi Ergash Jumanbulbul tomonidan kuylangan “Xoldorxon” dostonida qo‘llanilgan badiiy takror shakllari ham o‘ziga xosligi bilan diqqatga loyiqdir. 203 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman Hayda, hayda, hayda deb, Qrim yurti qayda deb, Borayotir to‘rtovi Maqsadimiz to‘yda deb. (4) [2, 22] Keltirilgan parchada haydamoq fe’lining buyruq shakli va deb ravishdoshining uch martadan takrorlanganligini hamda o‘rin-payt kelishigi qo‘shimchasining ikki farqli so‘zda qaytalanganligini ko‘rishimiz mumkin. Harholda oshkora (eksplitsit) ifodalangan birliklar shu tarzda qanoat ketirishimizga asos bo‘ladi. Biroq til birliklarining ham dualistik nazariyaga muvofiq bir-biridan farqli, bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan mustaqil jihatlari mavjudligini yoddan chiqarmasligimiz kerak. Mazkur matnning yashirin (implitsit) jihati ham mavjudki, bu mavjudlikni aynan takror asosida qayta tiklashimiz mumkin. Nigohimizdan “yashirib qo‘yilgan” bu birliklarni quyidagi shaklda qayta tiklaymiz: To‘rtovi hayda, hayda hayda deb, borayotir To‘rtovi Qrim yurti qayda deb, borayotir. To‘rtovi maqsadimiz to‘yda deb, borayotir Ana endi bizga to‘liqsiz shaklda ko‘ringan jumlalar to‘liq bo‘ldi. Biz yashirin (implitsit) takror deb atagan shakl Yovropa va turk tilshunosligida “0 ko‘rsatkichli takror” yoki “sifir takror” deb ham yuritiladi. “Sifir (nol ko‘rsatkichli) takrorlar jumlaning teran sathida, to‘liq (ya’ni eksplitsit) takrorlar esa jumlaning yuza qismida joylashgan bo‘ladi. Shuni alohida ta’kidlashni istardikki, yashirin holda takrorlanuvchi birliklarning mohiyati oshkora takrorlanuvchi birliklar mohiyatidan kam bo‘lmagan estetik ahamiyatga ega. Ya’ni agar mazkur yashirin takrorlar “oshkoralikka” da’vo qilganlarida estetik qiymat yo‘qqa chiqishi aniq bo‘lib, ularning matn strukturasida yashirincha ishtirok etishlarining o‘zi badiiy jihatdan muayyan qiymatga ega deb tushunmoq kerak. Bu matn parchasi misolida takrorning yuqorida raqamlashtirib berilgan tartibdagi ko‘rinishlaridan so‘z yuritish mumkin. Takrorning qaysi raqam ostidagi ko‘rinishlari mavjudligini ko‘rsatish uchun nomuntazamlik bo‘lsa ham ayni tartib raqamida berildi: 1. Tovush takrorları: 1. 1. Unlilar takrori (takror birliklar tarkibidagi unlilar). 1.2. Undoshlar takrori (takror birliklar tarkibidagi undoshlar). 2. Bo‘g‘in takrori: 2.1. Ochiq bo‘g‘in takrori (-da). 2.2. Yopiq bo‘g‘in takrori (to‘rt, bor). 2.3. Berkitilgan bo‘g‘in takrori (to‘rt, bor, hayda). 3. Morfemalar takrori: 3. 1. O‘zak morfemalar takrori (to‘rt, hayda, de-, bor-). 3.2. Affiksal morfemalar takrori (-da). 4. So‘z va so‘z shakllari takrori: 4.1. So‘z va so‘z shakllarining o‘rinlashuviga ko‘ra takrori: 4.1.1. Jumla yoki satr boshidagi takror (to‘rtovi-yashirin holda, haydaoshkora holda). 4.1.2. Jumla yoki satr ichidagi takror (hayda, -da). 4.1.3. Jumla yoki 204 “Hodi Zarifov – o‘zbek folklorshunosligining asoschisi” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman satr oxiridagi takror (deb-oshkora, borayotir-yashirin). 4.2. So‘z va so‘z shakllarining qo‘llanishiga ko‘ra takrori: 4.2.1. Oddiy takror. (hayda, hayda, hayda, deb - oshkora, to‘rtovi, borayotir - yashirin). 5. So‘z va so‘z shakllarining o‘rinlashuv masofasiga ko‘ra takrori: 5.1. Distant takror (hayda - oshkora, gorizontal; to‘rtovi, borayotir - yashirin, vertikal; deb - oshkora, vertikal). 7. Takrorlanuvchi birliklarning shakl butligiga ko‘ra takrorlar: 7.2. O‘zgarmas takror (hayda, deb - oshkora; to‘rtovi, borayotir - yashirin). 9. Takrorlanuvchi birlikning formal xususiyatiga ko‘ra takrorlar: 9.1. Eksplitsit takror (hayda, deb, -da). 9.2. Implitsit takror (to‘rtovi, borayotir). Bu birgina parcha misolidagi mulohazalar edi. “Xoldorxon” matni takror va u bilan bog‘liq turli fikr-mulohazalarni yuritish imkonini berishi jihatidan ham boy dostonlarimizdan sanaladi. Xulosa o‘rnida aytishimiz lozimki, ko‘p hollarda takror shakllar matndan uzib olib tahlilga tortiladi. Bu usul bilan takrorning teran mohiyatiga yetib borishimiz mushkul bo‘ladi. Takror konstruksiyalar tahlilga tortilganda ularning matnning butuni hamda boshqa fonetik, morfemik, leksik va sintaktik birliklar bilan qanday munosabatga kirishganligini nazardan qochirmasligimiz kerak. Adabiyotlar ro‘yxati 1. Бу ҳақда қаранг: Гальперин И.Р. Текст как объект лингвистического исследования. –М.: Наука, 1981; Йўлдошев М. Бадиий матн лингвопоэтикаси, Тошкент: Фан, 2008, 65-бет. 2. Мисол олинган манба: “Холдорхон”. Достон, айтувчи: Эргаш Жуманбулбул. Ёзиб олувчи: Ҳоди Зариф ва шоирнинг ўзи. Нашрга тайёрловчи: Ҳоди Зариф. Ўзбек халқ ижоди серияси, кўп жилдлик, Тошкент, Ғафур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти, 1981. 3. Холдорхон. Ўзбек халқ ижоди серияси. Кўп жилдлик, Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти, 1981.