O'ZBEK ALIFBOSI: FONOLOGIK, DIDAKTIK VA TEXNOLOGIK YONDASHUV
Full text
5 O‘ZBEK ALIFBOSI: FONOLOGIK, DIDAKTIK VA TEXNOLOGIK YONDASHUV Baxtiyor Mengliyev TAFU DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17381805 Kirish. O‘zbek tili alifboshi haqidagi bahslari ko‘pincha “savod chiqarishni qiyinlashtiradi” kabi tor masalalar bilan chegaralanadi. Aslida esa bugun alifbo masalasi kengroq: u fonologik tizim, milliy tafakkur, til ta’limi, korpus lingvistikasi va raqamli texnologiyalar bilan uzviy bog‘liq. Har bir yozuv tizimi (arab, kirill, lotin) o‘z davrida siyosiy va madaniy ehtiyojlarga javob bergan bo‘lsa-da, fonologik haqiqat – tilning tovush tizimi – doimiy yashovchan. Shuning uchun alifbo masalasini hal qilishda uch qatlam birga ko‘rilishi shart: fonologik asos, didaktik asos, va texnologik asos. 1. Fonologik qatlam. 1.1. Unlilar tizimi va singarmonizm. Qadimgi turkiy til 8-9 ta unli fonemaga ega bo‘lib, qalin–ingichka va lablangan–lablanmagan qarama-qarshiliklarda joylashgan. Singarmonizm – unlilarning so‘z tarkibida uyg‘unlashuv qonuni, u fonetik tizimni izchil qilgan va soddalashtirgan. Masalan, tola – to‘la, uch – uch kabi misollarda unlilar uyg‘unligi aniq ko‘rinadi. Ammo o‘zbek adabiy tili tarixan singarmonizmni yo‘qotib, 6 ta unli asosiga o‘tgan (a, e, i, o, u, o‘) degan qarash ustuvorlashdi. Bu hodisa qisman fors tilining ta’siri, qisman markaziy shevalarning o‘ziga xos fonetik rivoji bilan izohlanadi. Natijada shevalar va adabiy til orasida katta “ilmiy” tafovut paydo bo‘ldi: go‘yo qipchoq lahjasida singarmonizm hanuzgacha saqlangan, adabiy tilda esa u deyarli yo‘q emish. 1.2.Unlilar va alifbo uyg‘unligi. Hozirgi lotin alifbosida 6 ta unli harfi bor. Bu “adabiy til me’yoriga mos”, ammo shevalardagi boy fonetik qatlamni yozuvda aks ettirmaydi. Shuning uchun lingvistik va tarixiy tadqiqotlar uchun qo‘shimcha belgilar (masalan, ü, ö, i, ə) kerak bo‘ladi. Ularni umumxalq imlosiga kiritish, ilmiy korpuslar, shevashunoslik va fonetik tahlil uchun qo‘shimcha belgilar zarur. Aks holda, yozuv tilda mavjud tovush boyligini qisqartirib ko‘rsatadi. Bu esa singarmonizmni nafaqat tarixiy, balki zamonaviy shevalardagi hodisa sifatida ham “yo‘qolgan” deb talqin qilishga olib keladi. 1.3.V/W masalasi. Fonologik qatlamda eng ko‘p muhokama qilingan masala – bu lab-lab [w] va lab-tish [v] tovushlarining chalkashligi. O‘zbek tilida real talaffuzda [w] keng tarqalgan: suw, watan, qowun. Lotin yozuvida “v” harfi ham bor, u aslida lab-tish undoshni bildiradi. Natijada xorijlik o‘rganuvchilar “suw”ni “suf”, “watan”ni “fatan” tarzida noto‘g‘ri talaffuz
6 qiladi. Bu esa milliy talaffuz me’yorini zaiflashtiradi. Yechim sifatida Ww grafemasini qayta kiritish, Vv’ni esa faqat xalqaro qatlam uchun qoldirish taklifi ko‘plab mutaxassislar tomonidan ilgari surilgan. Bu yechim unli tizimidagi uyg‘unlikni ham qo‘llab-quvvatlaydi: fonemalar va grafemalar o‘rtasida izchillik ta’minlanadi. 2.Didaktik qatlam. 2.1.O‘qitishdagi muammolar. Nomukammal alifbo o‘quvchilarni chalkashtiradi. Masalan, V/W farqlanmaganligi sababli o‘quvchi tovush-harf mosligini o‘zlashtira olmaydi. Xuddi shunday, “o‘/g‘” belgilari turlicha apostroflarda (’, ʼ, `) yozilgani dars jarayonini murakkablashtiradi. Bundan tashqari, singarmonizmning adabiy tilda mavjudligi darsliklarda izohlanmaydi. O‘quvchilar shevalardagi tabiiy uyg‘unlikni noto‘g‘ri deb biladi. Aslida esa bu qadimiy fonetik hodisaning zamonaviy ko‘rinishi. Agar bu farq to‘g‘ri o‘rgatilsa, bolalar til boyligini kengroq tasavvur qilgan bo‘ladi. 2.2. Ona tili tafakkuri va idrok. Alifbo o‘quvchiga faqat savod emas, balki milliy tafakkur ham beradi. Qaysi tovush qanday ifodalanishi, u qanday so‘zlarda kelishi, talaffuzdagi tabiiylik — ona tili idrokining asosiy unsurlari. Shuning uchun grafema-fonema izchilligi faqat fonetika uchun emas, balki tafakkur tarbiyasi uchun ham muhim. 3.Texnologik qatlam. 3.1. Kodlash va korpus muammolari. Bugungi kunda barcha til resurslari TTS (matndan nutqqa), STT (nutqdan matnga), morfologik analiz, mashina tarjimasi va korpus qidiruv tizimlari bilan bog‘liq. Alifbodagi noaniqliklar bu texnologiyalarga bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, “oʻ” belgisi turli kodda yozilgani sababli qidiruvda so‘zlar birlashmaydi. Shuningdek, V/W chalkashligi TTS tizimida tovushni noto‘g‘ri sintez qiladi. Natijada o‘zbek nutqi sun’iy intonatsiyada “begona” eshitiladi. 3.2. Singarmonizm va sun’iy intellect. Agar kelajakda singarmonizmni aks ettiruvchi qo‘shimcha belgilar (ö, ü, i, ə) qo‘shilsa, korpuslar yanada boyiydi. Bu ilmiy tahlil, shevashunoslik, mashina tarjimasi va fonetik tadqiqotlar uchun muhim. Hozircha ular umumxalq imlosiga kiritilmasa ham, ilmiy alifbo variantida bo‘lishi kerak. 4. Amaliy yechimlar: • fonematik shaffoflik: Ww grafemasini qayta joriy qilish, Vv’ni xalqaro qatlam bilan cheklash; • kodlash barqarorligi: oʻ/gʻ uchun yagona Unicode belgisi tanlash, apostrof variantlarini bekor qilish; • fonologik boylikni ilmiy aks ettirish: umumxalq va ilmiy alifboga ı, ö, ü, ə kabi belgilarni qo‘shish;
7 • digraflar siyosati: sh, ch, ng kabi birikmalarni tokenlash va TTS qoidalarida bitta birlik sifatida tanitish. • pilot loyihalar: milliy ta’lim va xorijliklarga til o‘qitish va texnologik tizimlarda parallel sinov. Xulosa qilib aytganda, alifbo faqat savod chiqarish vositasi emas, balki fonologik tizimning yozuvdagi ko‘zgusidir. O‘zbek tili singarmonizm shevalarda to‘liq saqlanib qolgan. Bu boylikni ilmiy jihatdan aks ettirish, adabiy tilni esa izchil va fonologikfonematik asosda yozuv bilan ta’minlash – hozirgi davrning asosiy vazifasidir. Minimal o‘zgarish bilan maksimal natija beruvchi islohotlar – W grafemasini qaytarish, oʻ/gʻ belgilarini yagona kodlash, ilmiy korpuslar uchun qo‘shimcha belgilar qo‘shish, fonemalar, ayrim allafonlarni ham ifodalash – o‘zbek tilini fonologik, didaktik va texnologik jihatdan barqaror qiladi. Shunda alifbo jamiyatda nihoyat izchil ishlaydigan tizim sifatida qabul qilinadi. Eng muhimi, o‘zbek tili global maydonda tabiiy, jarangdor va raqobatbardosh faoliyat ko‘rsata boshlaydi.