scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

TILSHUNOSLIKDA SODDA GAPNING STRUKTUR TUZILISHINI O'RGANISHGA OID YONDASHUVLAR

Sayfullayeva R. R.; Yuldosheva Nilufar Ergashevna

Full text

8 TILSHUNOSLIKDA SODDA GAPNING STRUKTUR TUZILISHINI O‘RGANISHGA OID YONDASHUVLAR Sayfullayeva R. R., UzMU professori Yuldosheva Nilufar Ergashevna, Qarshi davlat universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori,filologiya fanlari doktori [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387190 Annotatsiya. Ushbu maqolada sodda gapning struktur tuzilishini o‘rganishga oid yondashuvlar haqida fikr yuritiladi. Jumladan, gap tuzilishiga an’anaviy (mantiqiy (logik), ruhiy (psixologik), struktur-funksional) yondashuv hamda zamonaviy (kognitiv, diskursiv, dalilli) yondashuvlar asosidagi qarashlar va sintaktik nazariyalar tahlilga tortiladi. Kalit so‘zlar: grammatik qurilish, sintaktik birlik, sub’ekt, predikat, atribut, til, lison, nutq, adabiy til, kesim, sintaktik qolip. Abstract. This article discusses approaches to studying the structural structure of a simple sentence. In particular, views and syntactic theories based on traditional (logical), spiritual (psychological), structural-functional) approaches to sentence structure and modern (cognitive, discursive, argumentative) approaches are analyzed. Keywords: grammatical structure, syntactic unit, subject, predicate, attribute, language, lison, speech, literary language, predicate, syntactic pattern. Tilshunoslikda sodda gapning struktur tuzilishini o‘rganishga bag‘ishlangan juda ko‘p asarlar mavjud bo‘lib, ularda gap tuzilishiga, asosan, ikki xil nuqtai nazardan yondashiladi. 1. An’anaviy (mantiqiy (logik), ruhiy (psixologik), strukturfunksional) yondashuv. 2. Zamonaviy (kognitiv, diskursiv, dalilli) yondashuvlar . An’anaviy yondashuvlarning eng qadimiysi mantiqiy yondashuv hisoblanadi. Bu haqidagi ishlarning debochasi sifatida Aristotelning mantiq haqidagi qarashlarini keltirishimiz mumkin. Aristotelning fikricha, oddiy hukm uch element: mantiqiy ega – subyekt (S), mantiqiy kesim - predikat (P) va ular orasidagi aloqadan iborat [3;688] va oddiy hukm shaklini [S – P] qolipi sifatida ifodalash mumkin. Bunda subyekt va predikat nafaqat so‘z bilan, balki so‘z birikmasi bilan ham ifodalanishi mumkin. Keyinchalik mashhur nemis olimi G.Frege [14;83] Aristotelning gap qurilishi haqidagi mantiqiy qarashlarini rivojlantiradi va hukmni ifodalovchi subyekt va predikat tushunchalaridan voz kechib, “mantiqiy subyekt”, “mantiqiy predikat” atamalari o‘rnida “argument” va “funksiya” atamalarini qo‘llaydi. Mantiqiy yondashuvning boshqa vakillari esa o‘z asarlarida til, nutq va uning borliqdagi ifodasiga e’tibor qaratadilar. 9 Til va tafakkur munosabati, til fikrni ifodalovchi asosiy vosita, qurol ekanligi, tilning jamiyatda, insonlar hayotida tutgan o‘rni haqida o‘tgan asrlardayoq bir qator asarlar yaratilgan va bu masala bilan shug‘ullanuvchi tilshunoslikning alohida oqim hamda yo‘nalishlari paydo bo‘lgan edi. Xususan, rus tilshunoslari [4, 17;77] an’anaviy-mantiqiy yondashuvda til, tafakkur va borliq o‘rtasidagi munosabatlar muammosini ko‘rib chiqadilar va gapning eng muhim xususiyati - bu fikrni shakllantirish va ifodalash qobiliyati ekanligini ta’kidlaydilar. Bunday qarashlarni qo‘llab-quvvatlovchi faylasuflar va tilshunoslar fikrning uch turini ajratadilar: fikr-xabar, fikr-savol, fikr-istak. Fikr turlarining farqlanishi gapning maxsus tuzilish va semantik xususiyatlarini belgilaydi hamda gapning ifoda maqsadiga ko‘ra turlarini keltirib chiqaradi. Yosh grammatikachilar maktabi vakillari gap strukturasiga nisbatan biroz boshqacha nuqtai nazardan, ya’ni psixologik jihatdan yondashadilar. Bu yondashuvga ko‘ra, gap - bu so‘zlovchi ongidagi psixologik tasavvurlarning lingvistik ifodasi bo‘lib, u so‘zlovchining fikrini tinglovchiga yetkazish vositasidir [12;500]. Rus tilshunoslari gapning asosini tugallangan fikr tashkil etishini uqtiradilar va ana shu tugallangan fikrni turli talqin va nomlar bilan ataydilar: F.I. Buslayev - hukm, A.A. Potebnya - apperepsiya, A.A. Shaxmatova - psixologik muloqot. Mantiqiy yondashuvda ham, psixologik yondashuvda ham hukm(gap)ning minimal tuzilishi ikkita tarkibiy qismdan: subyekt i predikatdan tashkil topishi ta’kidlanadi hamda subyekt va predikat orasidagi grammatik aloqalarni o‘rnatish uchun psixologik munosabatlar asos bo‘lib xizmat qilishi aytiladi. [12; 147]. Sintaksisni mantiq bilan aloqador o‘rganish, sintaktik hodisalarni mantiqiy tushuncha va kategoriyalar asosida tushuntirish ildizlari falsafa, mantiq fanlarining shakllanish davriga borib taqaladi. F.Hegel grammatika va mantiq fanlarining bog‘liqligini e’tirof etadi “hamda bu fanlarni kamida ikki bosqichda o‘rganish zarurligini uqtiradi – dastlab bu yo‘nalishga xos tahlil usullari va tushunchalarining o‘zini o‘zlashtirish zarur, so‘ngra ular zamirida yotgan hodisalar tahliliga o‘tilsa, tadqiqotchi uchun o‘rganish obyekti yangi qirralarini namoyish etadi” [9;70, 6;111]. Ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlarda qo‘llaniladigan sintaktik terminlarining aksariyati aslida mantiqiy kategoriyalardir: subyekt, predikat, atribut, obyekt, kauzativ, aktiv, passiv, koordinatsiya, konyugatsiya kabi. Bu tadqiq usulining til sintaktik qurilishini tekshirishdagi asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat bo‘lgan: – hukm va gapni, gap bo‘laklari va hukmning qismlarini tenglashtirish; – tillar orasidagi sintaktik o‘xshashliklarni qidirish; – sintaktik qurilishga asos bo‘luvchi grammatik va mantiqiy kategoriyalarni aynanlashtirish; 10 barcha lingvistik masalalarni sintaktik omillar asosida yechishga ko‘proq e’tibor berish [9;70]. Logik grammatika tamoyillari asosida yaratilgan tadqiqotlarda mantiqiy va grammatik tushunchalar birgalikda qo‘llanaveradi. Ilmiy qarashlarning rivojlanishiga qaramay, gap bo‘laklarining struktur va funksional jihatlari mantiqiy yondashuv vakillarining ham, psixologik oqim vakillarining ham nazaridan chetda qoldi. Bu jihatlar struktur tilshunoslik obyektga aylandi hamda struktur-funksional yondashuv vakillari tomonidan aktuallik nazariyasi doirasida keng o‘rganildi. Sodda gap tuzilishini sistem –struktur jihatdan tadqiq qilish gapning aktual bo‘linishi nazariyasini yaratgan struktur-funksional yo‘nalishining asoschisi V. Mateziuzning asarlariga borib taqaladi. Bu nazariyaning mohiyati gapni u yuzaga kelgan vaziyat bilan bog‘lab o‘rganishdan iborat. Sistem-struktur tahlil tilni nazariy o‘rganish yo‘nalishi bo‘lib, u dunyo tilshunosligida ilg‘or ratsional tadqiq usuli sifatida mashhur. Tilshunoslikda bu yo‘nalishning barcha tilshunoslar tomonidan e’tirof etilgan quyidagi ko‘rinishlarini ajratish urf bo‘lgan: 1) deskriptiv yo‘nalish; 2) glossematik yo‘nalish; 3) funksional yo‘nalish; 4) generativ yo‘nalish. “Bir-biridan mutlaqo farqlanuvchi va maqsadu vazifalari bilan ajralib turuvchi bu yo‘nalishlarning asosiy umumiy belgilari quyidagi masalalarda kesishadi: - tilni ijtimoiy-ruhiy hodisa sifatida tushunish; - til, lison va nutqni izchil farqlash; - lisoniy birliklar mohiyatini ularning sistemaviy munosabatlaridan qidirish, shu bilan birgalikda tildagi oppozitivlik va paradigmatik tahlil hamda tavsiflar ustuvorligi; - lisonga semiotik, ya’ni shartli belgilar (ishoralar, ramzlar) sistemasi sifatida yondashish; - asosiy diqqatni lisoniy birliklarning material-moddiy tomoni emas, balki semantik-funksional tomoniga qaratish.” [9;76] O‘zbek tilshunosligida ushbu tamoyillarga asoslanuvchi struktur yo‘nalish o‘zbek tili dalillarini tahlil qiluvchi mustaqil yo‘nalish sifatida e’tirof etilmoqda. Fanimizda ushbu yo‘nalishga asos solgan olimlar sifatida Sh.Rahmatullaev, I.Abdurahmonov, I.Qo‘chqortoev, R.Yunusov kabi tilshunoslarni tan olish lozim. O‘zbek tilining struktur sintaksisini rivojlantiruvchi namoyandalar sifatida 11 A.Nurmonov, N.Mahmudov, R.Sayfullayeva, M.Qurbonova va boshqalarni sanash mumkin. R.Sayfullayeva va M.Qurbonovalar struktur sintaksis tahlil usullari asosida substansial sintaksisni shakllantirishga xizmat qildilar. Fanimizda sintaktik birliklarning struktur tahlili asosida o‘sib chiqqan substansial sintaksis jadal rivojlanmoqda. Bu borada R.Sayfullayeva[13], M.Qurbonova[15], M.Abuzalova[1], Sh.Akramov[2], R.Bobokalonov[5], S.Muhammadjonova[8] kabilarning doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarini ushbu yo‘nalishda yaratilgan muhim tadqiqotlar sifatida sanash mumkin. “Sovetskaya tyurkologiya” jurnalida 1984[10], 1988[11] yillarda e’lon qilingan “Formalfunksional sintaksis tezislari”da ushbu yo‘nalishga asos solingan edi. “Formal-funksional tahlil yo‘nalishining o‘ziga xosligini Praga ctrukturalizmidagi (funksional lingvictikadagi) lison-nutq, lisoniy birlik-nutqiy birlik tushunchalarini dialektikaning umumiylik, mohiyat, imkoniyat, sabab (UMIS) va yakkalik, hodisa, voqelik, oqibat (YAHVO) kategoriyalari bilan to‘ldirish tashkil etadi. Shuning uchun formal-funksional tahlil yo‘nalishining asosiy tamoyili tadqiq jarayonida dialektik tahlil usullaridan ongli va izchil foydalanish tashkil etadi” [9]. Substansial tahlil yo‘nalishida tilshunoclikning eng acociy tushunchalari tillicon-meyor-nutq munosabati tushuniladi. Boshqa lisoniy birliklarda bo‘lgani kabi sintaktik birliklarning lisoniy mohiyatini ochishda ham “subtansiallik”, “ichki ziddiyatlik”, “ko‘p qatorlilik”, “oraliq uchinchining mutlaqligi” asosiy tamoyillari tahlilning asosiy tushunchalari hisoblanadi. Bu tamoyillar formal-funksional (substansial) tahlil yo‘nalishining metodologik acoci tilshunos H.Ne’matov, R.Sayfullayeva, B.Mengliyev, M.Qurbonova va N.Yuldoshevalar tadqiqotlarida bayon etilgan [9;80, 13;22, 7;22, 17;8, 19;17]. “Sistemaviy tilshunoslikning negizini til va nutq hodisalarini farqlash, lisoniy va nutqiy birliklarni ajratib o‘rganish tashkil qil”[1;20]ganligi bois gapning lisoniy va nutqiy mohiyatini farqlashga asoslanildi. “Sodda gap kategoriyasiga til (lison-N.YU) va nutqiy farqlanish omili asosida yondashish natijasida sodda gap kategoriyasining alohida butunlik sifatidagi tabiati, uning tashkil etuvchilari va ular o‘rtasidagi munosabatlarni to‘laroq, mukammalroq ochib berishga imkon yaratildi” [15;88] hamda zamonaviy substansial tilshunoslikda sodda gap “kesimlik kategoriyasi ma’nolari bilan shakllangan atov birligi va unga birikib kelgan tobe so‘zlar tizimi (ya’ni [WPm])” [1;120] sifatida talqin etildi. Ko‘rinadiki, nafaqat jahon tilshunosligida, balki, o‘zbek tilshunosligida ham shakllangan sintaktik nazariyalar tilning grammatik qurilishini turli tomondan o‘rganib, uning mohiyatini ochish borasida o‘z tadqiq metodologiyasi va usullari asosida ulkan ishlarni amalga oshirdi va oshirmoqda. Qo‘lga kiritilgan ilmiy xulosalar, garchi ziddiyatli bo‘lsa-da, ular obyektiv serqirralik va ziddiyatlilik 12 tabiatiga ega bo‘lgan sintaktik qurilishning turli tomonlarini yoritishi nuqtai nazaridan bir-birini to‘ldiruvchilar sifatida o‘ta qimmatli. O‘zbek tili sintaktik qurilishi mohiyatini idrok etish turli sintaktik yo‘nalishlarga xos xulosalarni umumlashtirish asosidagina amalga oshiriladi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Абузалова М. Ўзбек тилида содда гапнинг энг кичик қурилиш қолипи ва унинг нутқда воқеланиши: Филол. фан. номз. ...дисс. – Бухоро, 1994. – 128 б. 2. Акрамов Ш. Ўзбек тилининг гап қурилишида тўлдирувчи ва ҳол. [WPm] валентлиги асосида: Филол. фан. номз. ...дисс. – Тошкент, 1997. 3. Аристотель.Сочинения в четырех томах.М.: Мысль, 1978.Т.2.688 с. 4. Арутюнова Н. Д. Типы языковых значений. Оценка. Событие. Факт. М.: «Наука». 1988. 5. Бобокалонов Р. Ўзбек тилида гап синтаксиси ва сўз-гапларнинг систем-структур талқини: Филол. фан. номз. ...дисс. – Тошкент, 2003. 6. Гегель Г. В.Ф. Наука логики. Том 1. – М.: Мысль, 1970. – C. 111-112. 7. Менглиев Б.Р. Лисоний тизим яхлитлиги ва унда сатҳлараро муносабатлар: Филол. фан. докт. ... дисс. автореф. – Тошкент, 2002. – 22 б. 8. Муҳаммаджонова С. Ҳозирги ўзбек адабий тилида уюшган гаплар: Филол. фан. номз. ...дисс. – Самарқанд, 1999. 9. Неъматов Ҳ. Лингвистик тадқиқот методикаси, методологияси ва методлари. – Бухоро: НС, 2005. – Б. 80-120. 10. Нигматов Х.Г., Абдуллаев К.М., Банару В.И. и др. Структура предложения и актуальные вопросы синтаксиса тюркских языков. (Тезисы формально-функционального исследования) // Советская тюркология. – 1984. – № 5. – С. 3-10 11. Нигматов Х.Г., Абдуллаев К.М., Банару В.И. и др. Способы синтаксической связи и актуальные вопросы тюркского синтаксиса. (Тезисы формально-функционального исследования) // Советская тюркология. – 1988. – № 4. – С. 3-9. 12. Пауль Г. Принципы истории языка / пер. с нем. под ред.А.А.Холодовича.М.: Изд-во иностранной лит., 1960. 500 с. 13. Сайфуллаева Р. Ҳозирги ўзбек тилида қўшма гапларнинг формал-функционал талқини: Филол. фан. докт. … дисс. – Тошкент, 1993. 14. Фреге Г. Шрифт понятий // Методы логических исследований.Тбилиси: Мецниереба, 1987.С.83–151 15. Қурбонова М., Раҳмонова Н. Содда гапнинг янгича талқини // Тил ва адабиёт таълими. – Тошкент, 2003. – №2. – Б. 88. 16. Қурбонова М. Ўзбек тилшунослигида формал-функционал йўналиш ва содда гап қурилишининг талқини: Филол. фан. докт. … дисс. – Тошкент, 2001. 17. Қурбонова М. Ҳозирги замон ўзбек тили: содда гап синтаксиси учун материаллар. – Тошкент, 2002. – Б. 8-9. 18. Щерба Л. В. О частях речи в русском языке // Щерба Л. В. Языковая система и речевая деятельность. – М. 1974. С. 77-100 . 19. Юлдошева Н. Йиғиқ гапнинг формал-функционал талқини: Филол. фан.номз. дисс. – Тошкент, 2009. –Б. 17.