O'ZBEK TILIDA SOTSIOPRAGMATIK HODISALAR: NAZARIY ASOSLAR
Full text
35 O‘ZBEK TILIDA SOTSIOPRAGMATIK HODISALAR: NAZARIY ASOSLAR Narxodjayeva Xurshida, Iqtisodiyot va pedagogika universiteti professori, filologiya fanlari doktori Rahmonova Mohina, O‘zbek tili yo‘nalishi talabasi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387282 Annotatsiya. Ushbu maqolada o‘zbek tilidagi sotsiopragmatik hodisalar nazariy jihatdan tahlil qilinadi. Sotsiopragmatika pragmatika va sotsiolingvistikaning kesishgan sohasi sifatida nutqiy muloqotda ishtirokchilarning ijtimoiy mavqei, hurmat, ehtirom va madaniy qadriyatlarning til orqali ifodalanishini o‘rganadi. Maqolada o‘zbek tili materiallari asosida sotsiopragmatik birliklarning vazifalari, ularning madaniy va ijtimoiy mohiyati yoritilgan. Kalit so‘zlar: sotsiopragmatika, nutqiy muloqot, ijtimoiy kontekst, hurmat kategoriyasi, kommunikativ strategiya, til madaniyati. Abstract. In this article, socio-pragmatic phenomena in the Uzbek language are analyzed theoretically. Sociopragmatics, as a cross-section of pragmatics and sociolinguistics, studies the social status of participants in speech communication, the expression of respect, reverence, and cultural values through language. The article highlights the functions of socio-pragmatic units based on Uzbek language materials, their cultural and social significance. Keywords: sociopragmatics, speech communication, social context, category of respect, communicative strategy, language culture. Til inson faoliyatining ijtimoiy mazmunini ifoda etuvchi eng asosiy vosita sifatida jamiyatning barcha qatlamlari va madaniy jarayonlari bilan uzviy bog‘liqdir. Insonlar o‘rtasidagi muloqot jarayoni nafaqat ma’lumot uzatish yoki axborot almashish vositasi, balki insonlarning ijtimoiy mavqei, rollari, madaniy qadriyatlari, axloqiy me’yorlari va ruhiy holatlarini ham namoyon etuvchi murakkab tizimdir. Til inson tafakkurining shakllanishi, shaxsning jamiyat bilan o‘zaro aloqasi, ijtimoiy munosabatlarning tili orqali ifodalanishida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Shu bois, tilni faqat grammatik yoki semantik tizim sifatida emas, balki ijtimoiy-psixologik va madaniy hodisa sifatida o‘rganish zarurati paydo bo‘lgan. Zamonaviy tilshunoslikda tilning jamiyatdagi funksiyasi, insonlar o‘rtasidagi muloqotdagi o‘rni va ijtimoiy kontekstdagi ishlatilish xususiyatlarini tahlil etishga qaratilgan yangi yondashuvlar shakllandi. Shulardan biri sotsiopragmatika yo‘nalishidir. Sotsiopragmatika bu tilshunoslikning nisbatan yangi, ammo juda muhim tarmog‘i bo‘lib, u til birliklarining ijtimoiy sharoit va vaziyatga mos holda qo‘llanishi, muloqot ishtirokchilari o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlarning tilda qanday ifodalanishini o‘rganadi.
36 Mazkur yo‘nalish pragmatika va sotsiolingvistika fanlarining kesishgan nuqtasida shakllangan bo‘lib, ularning asosiy tamoyillarini o‘zida mujassamlashtiradi. Pragmatika so‘zlovchi va tinglovchi o‘rtasidagi kommunikativ jarayonni, nutqning maqsadi va ta’sirini o‘rganadi. Sotsiolingvistika esa til va jamiyat o‘rtasidagi munosabatni, tilning ijtimoiy qatlamlar, yosh, jins, kasb va madaniy omillarga bog‘liqligini tahlil qiladi. Shunday qilib, sotsiopragmatika bu ikki yo‘nalishning umumiy nuqtasida turib, tilning ijtimoiy vaziyatda qanday ishlatilishini, ma’no va kontekst o‘rtasidagi bog‘liqlikni, hamda nutq ishtirokchilarining ijtimoiy maqomi asosida tildagi muloqot strategiyalarini ochib beradi. Sotsiopragmatika nazariyasi XX asrning ikkinchi yarmida tilshunoslikda shakllandi. U Levinson (1983), Brown va Levinson (1987) kabi olimlar tomonidan ilgari surilgan “kommunikativ strategiya” va “politeness theory” (muloyimlik nazariyasi) g‘oyalariga tayanadi. Unga ko‘ra, har bir nutqiy akt ishtirokchisi o‘zaro muloqotda bir-birining “yuzini saqlash” (face-saving) prinsipiga amal qiladi. Bu prinsip ijtimoiy jihatdan odob, hurmat, ehtirom, muloyimlik orqali ifodalanadi. O‘zbek tili bu nazariy yondashuvni o‘zida to‘liq namoyon etadi, chunki milliy madaniyatda muloqot madaniyati har doim ijtimoiy maqom bilan bog‘liq bo‘lgan. O‘zbek tilida sotsiopragmatik birliklar ko‘plab shakllarda namoyon bo‘ladi. Eng muhimlari quyidagilardir: Hurmat ifodalovchi birliklar: Siz, janob, opa, aka, domla, ustoz, xonim kabi birliklar so‘zlovchi va tinglovchi o‘rtasidagi ijtimoiy masofani aniqlaydi. Modallik vositalari: iltimos qilaman, imkon bo‘lsa, deb o‘ylayman, ruxsat bersangiz kabi birliklar esa yumshoqlik va ehtirom bildiradi. Eufemizmlar: vafot etdi o‘rniga o‘ldi, yoshi ulgaydi o‘rniga qariydi kabi ifodalar axloqiy yumshoqlikni ta’minlaydi. Paremiologik birliklar: “So‘zning boshi salom”, “Tilga e’tibor – elga e’tibor” kabi maqollar tildagi ijtimoiy muloqot tamoyillarini mustahkamlaydi. Bu birliklar nafaqat grammatik va semantik, balki ijtimoiy-pragmatik ahamiyatga ega bo‘lgan vositalardir. Ular orqali so‘zlovchi o‘zining ijtimoiy mavqeini, suhbatdoshiga nisbatan munosabatini va madaniy qadriyatlarga sodiqligini bildiradi. O‘zbek tilidagi sotsiopragmatik hodisalar milliy mentalitet bilan bevosita bog‘liq. Har bir muloqot jarayonida suhbatdoshlar orasidagi ijtimoiy rol, yosh, jins va maqom e’tiborga olinadi. Masalan, “Sizga qiyinchilik tug‘dirmayapmanmi?” kabi ibora yumshoq strategiya (negative politeness) misolidir, u orqali so‘zlovchi tinglovchining ijtimoiy mavqeini hurmat bilan e’tirof etadi. Aksincha, yaqin do‘stlar
37 orasidagi “Sen bugun charchagandek ko‘rinasan” kabi ifoda esa ijtimoiy yaqinlik (positive politeness) tamoyiliga asoslanadi. Shu bilan birga, o‘zbek jamiyatidagi “til odobi”, “so‘zlash madaniyati” kabi tushunchalar sotsiopragmatikaning amaliy ko‘rinishidir. Raqamli kommunikatsiya va internet muhitida sotsiopragmatik hodisalar yangi shakllarni olmoqda. Masalan, onlayn muloqotda “siz” o‘rnida “sen”ning keng qo‘llanilishi, emoji, qisqartmalar, inglizcha so‘zlar aralashuvi sotsiopragmatik me’yorlarning o‘zgarayotganini ko‘rsatadi. Bu holat yoshlar nutqida ijtimoiy masofa qisqarishi va suhbatdagi tenglik tendensiyasini bildiradi. Shunday qilib, sotsiopragmatika bugungi kunda til va jamiyat o‘zaro ta’sirini tushunish uchun muhim ilmiy asosga aylangan. Xulosa qilib aytganda, sotsiopragmatika tilshunoslikdagi yangi konseptual yondashuv sifatida o‘zbek tili tadqiqida muhim ahamiyat kasb etadi. U tilni ijtimoiy va madaniy kontekstda o‘rganish imkonini beradi. O‘zbek tili sotsiopragmatik tizimi xalqning axloqiy qadriyatlari, hurmat, ehtirom, muloqot madaniyati va ijtimoiy me’yorlarini ifodalaydi. Shu bois, o‘zbek tili materiallari asosida sotsiopragmatik tahlil olib borish nafaqat lingvistik, balki madaniyatshunoslik va psixologik jihatdan ham dolzarb masaladir. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Brown, P., Levinson, S. (1987). Politeness: Some Universals in Language Usage. Cambridge University Press. 2. Беликов В. И., Крысин Л.П. Социолингвистика. Москва, 2001. – 317 с. 3. Запорожец М.Н. Социолингвистика. – Тольятти: Изд-во ТГУ, 2014. – 139 с. 4. Германова Н.Н. Актуальные направления современного языкознания: Социолингвистика. – М.: ФГБОУ ВО МГЛУ, 2018. – Ч. 1: Социолингвистика как раздел языкознания. Проблемы варьирования языка. – 98 с. 5. Crystal D. Liturgical language in sociolinguistic perspective. – 146 p. Crystal, D. (2008). A Dictionary of Linguistics and Phonetics. Oxford: Blackwell Publishing.