TILSHUNOSLIKDA FIGURATIV LEKSIKA: TADQIQI, TURLARI VA XUSUSIYATLARI
Full text
54 TILSHUNOSLIKDA FIGURATIV LEKSIKA: TADQIQI, TURLARI VA XUSUSIYATLARI Gulhayo Hasanovna Abdualimova Termiz davlat universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi o‘qituvchisi [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387323 Annotatsiya: Ushbu maqolada figurativ leksikaning tilshunoslikda o‘rganilishi, uning turlari, o‘ziga xos xususiyatlari yoritildi. Tilshunoslikda figurativ leksikaning ahamiyatli jihatlari, adabiyotshunoslikdagi badiiy san’at turlaridan farqli va o‘xshash tomonlari tahlil qilindi. O‘zbek tilshunosligidagi figurativ leksika bilan bog‘liq izlanishlarning holatiga ham to‘xtalib o‘tildi. Kalit so‘zlar: figura, figurativ leksika, metafora, sinekdoxa, metonimiya, semantika, badiiy matn, formalistlar, figurativ lug‘atlar. Annotation: This article discusses the study of figurative lexis in linguistics, its types, and its specific features. The significant aspects of figurative lexis in linguistics, its differences and similarities from artistic forms in literary studies, are analyzed. The state of research on figurative lexis in Uzbek linguistics is also discussed. Keywords: figure, figurative lexicon, metaphor, synecdoche, metonymy, semantics, literary text, formalists, figurative dictionaries. Tilshunoslik va adabiyotshunoslikda …+izmlar bilan bilan bog‘liq ko‘plab yo‘nalishlar, maktablar mavjud bo‘lgan. Shulardan biri formalizmdir. Adabiyotshunos olim D.Quronov ushbu oqimni quyidagicha izohlaydi: Formalizm ko‘rinishlari XIX asr oxiri – XX asr boshlaridan ham ijod amaliyotida, ham adabiyotshunoslik ilmida yuz ko‘rsatdi. Xususan, badiiy adabiyot tarixidagi futurizm, imajinizm, dadaizm kabi oqimlar badiiyatni asosan shaklda ko‘rib, turli yangi badiiy shakllar ixtirosiga o‘tdilar. Biroq ularning aksar ixtirolari “shakl – shakl uchun” shiori ostida kechib, mazmundan ko‘pincha ayro tushgani uchun-da samarasiz yakun topdi. O‘z vaqtida ayni shu xil qarashlarni yoqlagan, ularni nazariy jihatdan asoslamoqchi bo‘lgan adabiyotshunoslarning ishlari ham badiiy asar tabiatiga nomuvofiq bo‘lgani bois aksar biryoqlama bo‘lib qoldi. [6:99] Shakl va mazmun mutanosibligi nafaqat adabiyotshunoslikda, shuningdek, tilshunoslikda ham mavjud bo‘lgan muhim dixotomiyadir. Boshqacha aytganda tilshunoslik va adabiyotshunoslik kesishmasida, chorraxasidagi uyg‘un mavzulardan biridir. Zero, adabiyotning ish quroli so‘z, tilshunoslikning ham asosiy tadqiq obyektlaridan biri ham badiiy matndir. “Shakl” so‘ziga nisbatan “figura” atamasini ham qo‘llaymiz. O‘TILda 5 xil (Gavdaning tuzilishi, bichimi; qaddi-qomat, jussa; Muayyan harakat (raqs, havoda uchish, suvda suzish, konkida uchish va shu kabilar)ni bajarishda kimsa yoki narsa tomonidan hosil qilingan holat, vaziyat; Shaxmat oʻyinida: piyodalardan boshqa
55 asosiy sipohlar; qarta oʻyinida: tuz, qirol kabi asosiy qartalar; Geometrik Simmetrik figura; Biror ish, soha, jabhadagi asosiy, hal qiluvchi, yetakchi siymo. Talim-tarbiya ishida oʻqituvchi bosh figura sanaladi) [8:132] ma’no-mundarijasi izohlangan. Lekin figurativ leksika bilan bog‘liq ma’lumot qayd etilmagan. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi esa 7 ta ma’no ifodanlagan bo‘lib, biz fikr yuritayotgan figurativ leksika bilan bog‘liq izoh berilgan: tilshunoslik va adabiyotshunoslikda – nutqning tasviriy ifodalari, iboralari – stilistik (uslubiy) figuralar, masalan, antiteza, inversiya, mubolag‘a va b. [7:113] Ko‘p sohalar qatori tilshunsolikda ham “figura” leksemasi, aniqrog‘i fugurativ leksika birligi tadqiq etilgan. Bu izlanishlar ingliz va rus tilida keng ko‘lamli amalga oshirilgan. Jumladan, figurativ ma’no va ekspressivlik nazariyalarining asoschisi Charles Bally, (Sharl Balli) – (Selected Writings, Vol. III: Poetry of Grammar and Grammar of Poetry) bu borada ko‘plab ilmiy tadqiqotlar olib borgan. Roman Jakobson ham metafora va metonimiya asosida figurativ leksikani poetik funksiya bilan bog‘lab tadqiqlagan olimdir. G.Lakoff va M.Johnson “Metaphors We Live By” (1980) asari mualliflari, konseptual metafora nazariyasini ishlab chiqqan. I.A.Richards Oxfardda 1936-yili “The Philosophy of Rhetoric” (ritorika falsafasi) asarini nashr etgan. I.A.Arnold figurativ leksika va stilistika bo‘yicha ingliz tilida ko‘p asarlar yozgan. Figurativ birliklarga oida tadqiqotlar nafaqat tilshunoslikda, balki adabiyotshunoslikda ham amalga oshirilgan. Leech, Geoffrey 1969-yilda ingliz she’riyatida figurativ vositalarga bag‘ishlangan “A Linguistic Guide to English Poetry” (Ingliz she'riyati bo‘yicha lingvistik qo'llanma) tadqiqotini Londonning Longman nashriyotida e’lon qildi. Rus tilshunosligida ham figurativ leksika bo‘yicha bir qator olimlar izlanishlar olib borgan. Ulardan V.Vinogradov rus tilshunosligida figurativ leksika va stilistika bo‘yicha ko‘plab salmoqli ishlarni olib borgan. L.Shcherba ham leksikologiya va semasiologiya masalasini tadqiqlagan. I.V.Arnold va I.R.Galperinning ilmiy ishlarida ham figurativ ma’no masalalarini yoritilgan. O‘zbek tilshunosligida esa ayrim turlarigina o‘rganilgan bo‘lib, figurativ leksika qamrovida ayni shu nomda izlanish olib borilgan ishlar deyarli uchramaydi. Frazeologiya va ko‘chma ma’no bilan bog‘liq tadqiqotlar (Sh.Rahmatullayev), o‘zbek tilining semantik xususiyatlari (N.Mahmudov, M.Hakimova), o‘zbek poetik nutq leksikasi (B.Umurqulov), Olamning milliy lisoniy tasvirida metafora (oʻzbek teomorfik metaforalari materiallari misolida), Oʻzbek tili metaforalarining antropotsentrik tadqiqi (nominativ aspekt) (Sh.Maxmaraimova) bo‘yicha izlanishlar
56 olib borilgan bo‘sada FG (figurativ leksika) bilan bog‘liq o‘z yechimini kutayotgan dolzarb masalalar talaygina. Figurativ leksika o‘zi nima? Figurativ leksika tarkibida “figura” so‘zi birlamchi “shakl” ma’nosini ifodalasada, lekin bu so‘z va birikmalarning asosiy, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’nosi bilan cheklanib qolmay, obrazli, ko‘chma ma’nolarda ishlatiladigan qismi hisoblanadi. Bu turdagi leksika tasviriylik, ifodaviylik, emotsionallik kabi badiiy xususiyatlarni o‘z ichiga oladi. FLning asosiy xususiyatlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, ko‘chma (metaforik) ma’no – so‘zlarning boshqa bir narsa yoki hodisa bilan o‘xshashlik asosida ishlatilishi bo‘lsa metonimiya – o‘rin almashish, ya’ni narsa va hodisani unga tegishli boshqa bir narsa va hodisa nomi bilan atash demakdir. shuningdek, sinekdoxa butunni qismi orqali, yoki aksincha, qismni butun orqali ifodalash [5:20-22] singari mazmunni ifoda etadi. Bundan tashqari frazeologizmlar [2:270], ikkilamchi nominatsiya [4:3], paremiyalar [1:5], o‘xshatishlar [3:7-10] ham ko‘p hollarda ko‘chma ma’noda ishlatilishi bilan barqarorlik xususiyatiga ko‘ra figurativlik kasb etadi. Adabiyotshunoslikda ham poetik obrazlar va tasviriy vositalar (epitet, tashbeh, allegoriya…) mavjudki, ularni ham FL birliklari qatorida izohlash mumkin. Badiiy matnlar tarkibidan figurativ leksikaga oid lug‘atlardagi illustrativ misollar bilan lingvistik izohni asoslash, dalillash uchun unumli foydalanamiz. Adabiyotshunoslikda badiiy tasvir vositalari haqida ilmiy izohga ega bo‘lgan manbalar sifatida Y.Is’hoqovning “So‘z san’ati so‘zligi” hamda D.Quronov va boshqalarning “Adabiyotshunoslik lug‘ati”ni keltirish mumkin. O‘zbek tilshunosligida ko‘pgina lug‘atlar yaratilgan. Ular tarkibida figurativ leksikaga oid birliklar tarqoq holda joylashgan, hammasi kompleks holda bir lug‘at tarkibidan o‘rin olmagan. Figurativ leksika a) tasviriylik, emotsionallik va ifodaviylik kiritish; b) badiiy matnlarda estetik ta’sir kuchini oshirish; d) nutqni jonlantirish va boyitish kabi jihatlarni amalga oshirish va boshqa shu kabi vazifalarni amalga oshiruvchi asosiy birliklardir. Figurativ leksika nafaqat matn qurilmasiga, so‘zlarning shakliy tomoniga, balki ular orqali qanday mazmuniy manzara chizilishini belgilab beradi. FLning ko‘p turida ikkilik mavjudligini yodda saqlash lozim. Masalan, Metafora: 1. Qushning qanoti – 2.Samolyotning qanoti (o‘xshatish asosida) ma’no ko‘chishi; Metonimiya: 1. Xonani qo‘lga oldi – 2. O‘quvchi, talaba, qatnashuvchi, umuman xonadagi odamlarni ma’nosi; Sinekdoxa: 1.Tirnoqqa zor – 2. Farzand. Figurativ leksikada ikkilik tushunchasini yana boshqacha ifodalash va tushunish maqsadga muvofiq.
57 Umuman olganda figurativ leksika tegishli tilning jozibasini, badiiylik ifodasini, tildan foydalanuvchi xalq tafakkuri, aql-idroki, qalb xaritasini matnda aks ettirish imkoniyati demakdir. Til egalari (xalq, tilshunos olimlar va boshqalar) faoliyati davomida figurativ leksikadan to‘g‘ri va unumli foydalansa, nutqiy madaniyati ham oshadi ve eng muhimi tilning imkoniyat darajasini ko‘rsatuvchi asosnomalardan biri bo‘lib xizmat qiladi. Shunday ekan tilshunoslikda figurativ leksikaning o‘rni va ahamiyatidan kelib chiqqal holda ushbu yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlarni tizimli ravishda keng miqyosda amalga oshirish dolzarb vazifalar qatorida kun tartibidan o‘rin olishi kerak. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Бердиёров Ҳ., Расулов Р. Ўзбек тилининг паремиологик луғати. – Тошкент, Ўқитувчи, 1984. 2. Maxmaraimova Sh. Hozirgi o‘zbek tili (o‘quv qo‘llanma). – Toshkent: Firdavs-Shoh, 2021. 3. Маҳмудов Н., Худойберганова Д. Ўзбек тили ўхшатишларининг изоҳли луғати. – Тошкент, Маънавият, 2013. 4. Нормуродов Р. Ўзбек тилида иккиламчи номинация. – Тошкент: Фан, 2010. 5. Пинхасов Я.Д. Ҳозирги ўзбек адабий тили (лексикология ва фразеология). – Тошкент: Ўқитувчи, 1969. 6. Quronov D. Adabiyot nazariyasi asoslari. – Toshkent: Noshir, 2019. 7. Ўзбекистон миллий энциклопедияси. – Тошкент, ЎзМЭ, 2005. 8. O‘TIL (6-jildli). – Toshkent: G‘.G‘ulom, 2023.