scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

TIBBIYOT VA SHE'RIYAT MUSHTARAKLIGI: LINGVOPOETIK TAHLIL

Abuzalova Mehriniso Kadirovna; Shahnoza Islomova Iskandar qizi

Full text

61 TIBBIYOT VA SHE’RIYAT MUSHTARAKLIGI: LINGVOPOETIK TAHLIL Abuzalova Mehriniso Kadirovna Buxoro davlat universiteti O‘zbek tilshunosligi va jurnalistika kafedrasi professori Shahnoza Islomova Iskandar qizi Buxoro davlat universiteti O‘zbek tilshunosligi va jurnalistika kafedrasi tayanch doktoranti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387361 Annotatsiya. Maqolada tibbiyot va she’riyat mushtarakligi, tibbiy konseptlarning badiiy nutqda ifodalanish mexanizmlari, shuningdek, tibbiy leksikaning poetik tizimdagi estetik va semantik funksiyalari tahlili ochib berilgan. Tibbiy she’riyatning lisoniy xususiyatlariga e’tibor qaratilib, undagi tibbiy birliklar lingvistik jihatdan tahlilga tortilgan. Tayanch so‘z va iboralar: tibbiy she’riyat, she’r terapiyasi, tibbiy birliklar, tibbiyot tili, tabobat tarixi, tibbiyot va tilshunoslik, tibbiyot va tarix, tibbiyot va adabiyot. Abstract. The article reveals the commonality of medicine and poetry, the mechanisms of expression of medical concepts in artistic speech, as well as the analysis of the aesthetic and semantic functions of medical vocabulary in the poetic system. Attention is paid to the linguistic features of medical poetry, and the medical units in it are subjected to linguistic analysis. Key words and phrases: medical poetry, poetry therapy, medical units, medical language, history of medicine, medicine and linguistics, medicine and history, medicine and literature. Globallashuv jarayonida ilm-fan tarmog’ida yuksak yutuqlarga erishildi, desak xato bo‘lmaydi. Texnika taraqqiyoti, insoniyat sivilizatsiyasining yuqori cho‘qqiga chiqishi ko‘plab fanlararo integratsiyani yaratish imkonini berdi. Bu o‘z navbatida tilshunoslik sohasini ham chetlab o‘tmadi. Tilning lisoniy imkoniyatlaridan amaliy foydalanish, tilshunoslikning qator fanlar bilan aloqasini o‘rganish natijasida nutqning serqirraligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Tilning bunyodkorlik vazifasi, amaliy ahamiyati tilshunoslikning qator fanlar bilan integratsiyalashuvi asosida ochib berildi. Jumladan, tilshunoslik va tibbiyot, tilshunoslik va falsafa, tilshunoslik va psixologiya, tilshunoslik va sotsiologiya ilm maydonida o‘zaro birlashib turli soha tarmoqlarida ilmiy yangiliklarga erishdi. Natijada, qator soha lingvistikalari shakllandi: psixolingvistika, sotsiolingvistika, neyrolingvistika, lingvokulturologiya, tibbiy lingvistika va boshqalar. “Globallashuv sharoitida milliy tilimizning sofligini saqlash, uning lug‘at boyligini oshirish, turli sohalarda zamonaviy atamalarning o‘zbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qo‘llanishini ta’minlash dolzarb vazifa bo‘lib turibdi... Yana bir muhim vazifa fundamental tadqiqotlar, sanoat, bank-moliya tizimi, 62 yurisprudensiya, diplomatiya, tibbiyot va boshqa tarmoqlarda davlat tilini to‘laqonli qo‘llash bilan bog‘liq” [1]. Shunday ekan, tibbiy birliklarlarning ma’noviy, vazifaviy, uslubiy xususiyatlarini aniqlash, inson ongiga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan she’riyat terapiyasini tadqiq qilish, tibbiy she’riyatning lisoniny xususiyatlarini o‘rganish ham muhim ahamiyatga ega. Tabobat tarixi insoniyat ibtidosi bilan bog‘liqdir. Negaki, inson mavjud bo‘lgandan boshlab to hozirgi kunga qadar bashariyat ahli o‘z sog’ligi uchun kurashib, turli davo usullarini qo‘llaydi. Ba’zi davolash usullari, dorivor o‘simlik nomlari “Avesto”da keltirilgani fikrimizning dalilidir. Jumladan, “Avesto”da tibbiyotning kelib chiqishi haqida rivoyat ham bor. Unda aytilishicha, odamlarga tabiblik san’atini Yima ismli zot o‘rgatgan. Bu zotni Nuh payg‘ambarga nisbat qiladilar. “Avesto”da odam anatomiyasi va fiziologiyasi haqida ham ba’zi ma’lumotlar mavjud. Unda odam gavdasi quyidagi 8 qismdan iborat, deb ko‘rsatilgan: suyaklar, muskullar, yog‘lar, miya, tomirlar, qon, jigar va jigar o‘ti hamda ikki xil tomir mavjudligi ko‘rsatilgan [2]. Tibbiyot tarixi haqida gap ketganda aytish joizki, nasriy tabobat bilan bir qatorda kishiga estetik zavq bag’ishlaydigan, ruhiy barkamollikni ta’minlaydigan, inson ongiga ma’naviy ozuqa, bemorlarga magik davo baxsh etadigan nazmiy tibbiyot ham qadimdan mavjud. Buyuk hakim Abu Ali ibn Sino ta’kidlaganidek, bemorni, avvalo, so‘z bilan davolamoq zarur, uning ruhini davolagandan keyin tanasini davolash lozim. Demak, tibbiyot va she’riyat mushtarakligi qadimdanoq mavjud bo‘lgan va bu buyuk hakimlarimiz, shoirlarimiz tomonidan isbotlangan. Bizga ma’lumki, qadimda ko‘plab asarlar nazmda yozilgan va bu o‘sha davr uchun an’ana hisoblangan. Nazmda bitilgan ko‘plab falsafiy qarashlar, matematik teoremalar, geografik bilimlar bilan birga tibbiy urjuzalar ham yaratilgan bo‘lib, bu she’riyatning qator fanlar kabi tibbiyot bilan ham uyg’unligini namoyon etadi. Shu o‘rinda aytish joizki, tibbiyot va she’riyat mushtarakligi yangi davrda shakllangan hodisa emas. Jumladan, antik davrda “birinchi mualllim” unvonini olgan Arastuning shogirdi Iskandar Zulqarnaynga “Dah nasihat” nomli salomatlik va tabobatga bag’ishlangan, pand-nasihat ruhidagi urjuzasida tibbiy she’riyatning go’zal namunasini ko‘rishimiz mumkin: Birinchi nasihat Birinchi buldurkim, me’danga taom, To hazm bo‘lmasdan barisi tamom Ustidan hech narsa yema ziyondir, Ranj-u g’am yuz berur, ozori jondur. Ovqating bo‘lsa gar yengil-u latif, Mijozing bo‘lmagay hech qachon zaif [3,144]. 63 Ushbu she’riy tibbiy parchada ortiqcha taom yemaslik, to‘g’ri ovqatlanish betakror tibbiy metaforik birliklar orqali bezatilgan(ozori jon, yengil-u latif ovqat), natijada, hakim kishiga tibbiy nasihat berish bilan birga estetik zavq, ong osti xotirjamligini baxsh etgan. To‘g’ri, she’r orqali kishining oshqozoni tuzalib qolmaydi, yoki organizmdagi diabet miqdori me’yorlashmaydi, ammo she’r orqali insonning ruhi barkamollikka erishadi, tanasi orom oladi, miya faoliyati normallashadi, asab tizimi barqaror harakatlanadi. Bejiz ulug’ shoir Sa’diy Sheroziy quyidagi jumlani aytmagan: Dunyoda insonga eng aziz ne’mat, Biri tinchlik bo‘lsa, boshqasi sihat! Shifokorlar bemorlarni dori vositalari-yu turli muolajalar bilan tanasiga orom baxsh etsa, she’riyat orqali uning ruhiga ozuqa baxsh etadi. Natijada, bu usul kasallikni inson organizmidan tezda xolos etadi. Bu— she’riyat va tibbiyot uyg’unligini o‘zida ifoda etgan she’riyat terapiyasi hisoblanadi. Tabiblarimiz davo sirlarini nazmiy usulda bayon qilishni afzal bilganlar, chunki she’riy asarda ortiqcha birlik qo‘shish imkoni bo‘lmaydi va she’r insonlarga ma’naviy ozuqa tuhfa etadi. She’rning inson xotirasida oson va tez yodga qolishi nasriy asarga qaraganda kuchli bo‘lgani bois, qadimdanoq tabobatga bag’ishlangan tibbiy urjuzalar yaratilgan. Tabobatni urjuza (she’riy doston)larda bayon etgan hakimlar haqida gap ketganda “tabiblar sultoni” Abu Ali ibn Sinoning yaratgan tibbiy yodgorliklarini qayd etib, uning o‘zidan keyingi shoir-u hakimlar ijodiga ham katta ta’sir ko‘rsatganligini ko‘rishimiz mumkin. Qomusiy olim “Urjuza” kitobining muqaddimasida shunday deydi: “Men bu “Urjuza”ga kamolot to‘nini va husn saruposini kiygazdim, uni o‘rganish osonroq va mashaqqati kamroq bo‘lsin deb, to‘qilishini oson, vaznini yengil qildim. Kimki unga idrok ko‘zi bilan qarasa, bu hajmi kichik asar tufayli katta ilmga erisha olishi mumkin” [4,160]. Haqiqatdan ham, “Urjuza” tabobat ilmining muqaddimasi, bu sohaning barcha umumiy qoidalarini o‘zida jamlagan, kishiga estetik zavq va ilm bag’ishlaydigan bilimlar xazinasidir. Ko‘plab tabiblik ilmidan xabari bor ijodkorlar o‘z asarlarini nazmiy usulda bitib, asar tili orqali ko‘plab tibbiy bilimlarni berib borgan. E’tibor qaratish joizki, ijodkorlarning ko‘pchiligi qadimdan o‘z fikrlar bayonini she’riy tarzda ommaga yetkazgan. Jumladan, G’iyosiddin Jazoiriy “Zaboni hurokiho”(“Ekinlar tili”) asarida shifobaxsh ekinlarning shifo xususiyatlarini she’riy tarzda bayon etib, ko‘plab kasallik nomlari va davo vositalarini mohirlik bilan ipga tergan. Bunda har bir dorivor modda o‘z tilidan gapirib, o‘z bag’ridagi xususiyatlarni birma-bir bayon etgan: Agar oshib ketsa, vujudingda qand, Yodingda saqlagin doim ushbu pand. 64 Goh-goh iste’mol qil mening mag‘zimdan, Shunda qandning yo‘li senga bo‘lar band. Mag‘zimda “F” degan darmon dori bor, Qanddan agar kimning ohu zori bor. Mag‘zim yog‘laridan iste’mol qilsa, Qandning odam bilgan nima kori bor[5,5]. Ushbu she’riy parcha yong‘oq tilidan gapirib, uning shifo xususiyatlari [tilshunoslik+adabiyotshunoslik+tabobat] uyg‘unligi asosida ochib berilgan. Ya’ni, qofiyaning mavjudligi, leksemalarning davo semalarni o‘zida mujassamlashtirgani va tibbiy pand ruhida ekanligi fikrimiz dalilidir. She’riy parchada yong‘oqning qand kasalligiga davo ekanligi, inson organizmida qand miqdori oshib ketsa, yong’oq iste’mol qilish kerakligi go‘zal metaforik, frazeologik birliklar orqali bayon etilgan: “qandning yo‘li”, “vujudda qand oshib ketmoq”. Qadimda madrasalarda ko‘plab fanlar qatori tabobat ilmi ham chuqur o‘rgatilganligi bois, tabib bo‘lmasa-da, bisyor shoir-u ijodkorlarimiz o‘z asarlarida tib ilmiga oid fikrlar yuritganlar. Shunday buyuk ijodkorlarimizdan biri Alisher Navoiydir. “She’riyat mulkining sultoni” hisoblangan ulug’ shoir qator asarlarida tib ilmiga oid ma’lumotlarni berib o‘tgan, jumladan, “Mahbub ul-qulub” asarining 15bobida tibbiyot va tabiblar haqida maxsus bob ajratgan, tib ilmi hamda tabiblar haqida hayotiy dalillarni nasriy usulda bayon etib, bob oxirida fikrlar umumlashmasini quyidagi qit’ada ifoda etgan: Hoziq tabibi xushgo‘y tab ranjig’a shifodur, Omiy-u tund-u badxo‘y el jonig’a balodur. Ushbu metaforik biriliklar bilan bezatilgan qit’ada shoir baytning o‘zidayoq, olam-olam ma’noni kasb etgan, xushmumolali tabib va tund tabibning farqini biri tanga shifo bo‘lsa, biri balodur deb, tib ilmi bilan lison ilminig aloqadorigini ochib bergan. Ushoq qand oq tuzga monand erur, Va lekin biri tuz,biri qand erur. Ushbu baytda shoir mohirona o‘xshatishni keltirib, tuz inson sog’ligiga qanday zarar bo‘lsa, qandning ham undan kam emasligini ifoda etgan. Shoir aynan “ushoq” leksemasini tanlaydi, bu bejiz emas, graduonimik qatorda ushoq-kichik-kichkinamayda… eng kam birlikni ifodalash uchun ham aynan shu leksik birlikdan foydalangan va kishiga tibbiy ilm bilan birga, xotirada tez muhrlanadigan betakror nazmiy baytni keltirgan. 65 Ulug’ fors-tojik klassik adabiyotining yorqin namoyondalaridan biri ustoz Sa’diy Sheroziy ijodida ham tibbiy nasihatlar ipga terilgan javohirdek nazmiy shaklda bayon etilgan: Ichingni taomdan aylagin xoliy Unda ma’rifatning nurin ko‘rasan, Hikmatdan uzoqsan,sababi shulki, Hamisha taomdan ichi to‘lasan. Kam yeyish tabiati bo‘lsa insonga Og’irlik yuz bersa, yengil ko‘chadi, Kenglikda tanani parvarish qilsa, Torlikda umrning shami o‘chadi. Yuqoridagi parchalarda taom yemaklik odobi sodda va ravon tarzda ifoda etilgan bo‘lib, ijodkor nazmiy shaklda tibbiy bilimlarni o‘quvchiga yetkazib bergan. Tibbiyot va she’riyat uyg’unligi asosida yaratilgan ushbu parcha kishiga tabobat bilimlaridan xabar berish birga, estetik zavq taqdim etadi. Parchada keltirilgan og’irlik yuz bermoq(kasal bo‘lmoq), yengil ko‘chmoq(tezda tuzalmoq), umrning shami o‘chmoq(o‘lmoq) kabi tibbiy frazeologik birliklar tibbiy hikmatning obrazliligini ta’minlagan. Xullas, tibbiyot va she’riyat mushtarakligi mumtoz ijodkorlarimiz asarlarida, ulug’ tabiblarimiz hikmatlarida, payg’ambarimiz hadislarida mavjud edi va qadimdan shifokor-u bemorlarimizga kasalliklarni yengish uchun yordam berish bilan birga, bashariyatga tib ilmini sodda va tushunarli qilib yetkashiz uchun xizmat qilgan. Tibbiyot va tilshunoslik bag’rida kamol topgan tibbiy lingvistikaning rivoji natijasida nazmiy asarlarda uchraydigan tibbiy birliklarning lingvistik xususiyatlari tadqiq qilinib, tibbiy birliklarning lisoniy imkoniyatlari ochib berildi, shu bilan birga tabobat va she’riyat integratsiyalashuvi natijada “she’r terapiyasi”ning shakllanishi va rivoj topishi ko‘plab kasalliklarni inson tomonidan yengishga yordam berdi. Adabiyotlar: 1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5850-son “O‘zbek tilining davlat 2. tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni// 2019-yil, 21-oktabr. 3. Махкам А. Авесто. – Тошкент: Шарқ, 2001. – 409 б. 4. Хасаний М. Табобат хазинаси дурдоналаридан. – Тошкент: Медицина, 1987. –144 б. 5. Абу Али ибн Сино. Уржуза ёки 1326 байт тиббий ўгит. – Тошкент: Абу Али ибн Сино номидаги тиббиёт нашр, 1999. – 159 б. 6. Ҳикматиллоев Ҳ. Шарқ табобати. Тошкент: Абдулла Қодирий номидаги халқ мероси нашриёти, 1994. – 74 б.