ZAMONAVIY TILSHUNOSLIKDA KORPUS LINGVISTIKASI VA LEKSIKOGRAFIK YONDASHUVLAR
Full text
104 ZAMONAVIY TILSHUNOSLIKDA KORPUS LINGVISTIKASI VA LEKSIKOGRAFIK YONDASHUVLAR Tilovova Go‘zal Rustamovna Iqtisodiyot va pedagogika universiteti katta o‘qituvchisi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17387468 Annotatsiya. Ushbu maqolada o‘zbek tilshunosligida so‘nggi yillarda shakllanib borayotgan milliy korpus lingvistikasi va uning rivojlanish jarayonlari yoritilgan. Asosan, til birliklarini elektron matnlar bazasi asosida tizimli o‘rganish, ularning statistik, semantik va funksional xususiyatlarini aniqlash kabi masalalar muhokama qilingan. Ayniqsa, tilshunoslik atamalarining o‘zbek milliy korpusida aks ettirilishi, ularning variantliligi, qo‘llanishi va mazmuniy aniqligi bugungi kun terminshunosligining dolzarb muammosi sifatida ko‘rib chiqilgan. Maqolada korpus lingvistikasi imkoniyatlari orqali terminologik tizimlarni me’yorlashtirish va standartlashtirish zarurati ham alohida ta’kidlangan. Kalit so‘zlar: Milliy korpus, korpus lingvistikasi, o‘zbek milliy korpusi, tilshunoslik terminlari, terminologiya, elektron matnlar bazasi. Abstract. This article explores the formation and development of national corpus linguistics as one of the major scientific trends in recent years within Uzbek linguistics. The study focuses on the systematic analysis of linguistic units based on large electronic text databases, identifying their statistical, semantic, and functional features. Special attention is given to the representation of linguistic terminology in the Uzbek National Corpus, addressing issues such as variability, usage, and semantic consistency of terms. The article highlights the importance of utilizing corpus linguistic tools not only for the study of general language units but also for the standardization and normalization of terminological systems, which remains a pressing issue in modern Uzbek terminology studies. Key words: National corpus, linguistic corpus, Uzbek national corpus, linguistic terminology, terminology, electronic text base. O‘zbek tilshunosligida so‘nggi yillarda kuzatilayotgan yirik ilmiy jarayonlardan biri bu milliy korpus lingvistikasining shakllanishi va rivojlanishidir. Korpus lingvistikasining asosiy vazifasi – til birliklarini yirik elektron matnlar bazasi asosida tizimli o‘rganish, ularning statistik, semantik va funksional xususiyatlarini aniqlashdan iboratdir. Zamonaviy tilshunoslikda korpus texnologiyalaridan foydalanish nafaqat umumiy til birliklarini tadqiq etishda, balki terminologik tizimlarni me’yorlashtirish hamda standartlashtirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.Shu jihatdan qaraganda, tilshunoslik atamalarining o‘zbek milliy korpusida berilishi masalalari bugungi kun o‘zbek terminshunosligining dolzarb mavzularidan biridir. Chunki atamalar har qanday fanning ilmiy apparatini tashkil etadi va ular orqali fan sohalarining tushunchaviy tizimi ifodalanadi. O‘zbek tilida lingvistik atamalar ko‘p yillardan beri shakllanib kelayotgan bo‘lsa-da, ularning korpusdagi
105 qo‘llanishi, variantliligi va semantik bir xilligi masalalari maxsus tadqiqotni talab qiladi. Bugungi global informatsion muhitda tilshunoslik fanining asosiy vazifalaridan biri tilni empirik, ya’ni real til materiallari asosida chuqur o‘rganish va uni amaliyotga tatbiq qilishdan iborat. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, korpus lingvistikasi tilshunoslikning eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida shakllanmoqda. Korpus lingvistikasi tilda mavjud birliklarni katta hajmdagi matnlar asosida tizimli ravishda o‘rganishga xizmat qiladi. Uning amaliy jihatdagi davomchisi sifatida korpus leksikografiyasi paydo bo‘ldi. Bu yo‘nalish so‘zlar va iboralarni, ularning qo‘llanilish chastotasi, kontekstdagi holatlari, kollokatsiyalari hamda semantik o‘zaro munosabatlarini tahlil etishga imkon beradi. Korpus leksikografiyasi - bu zamonaviy lingvistikani leksikografiya bilan bog‘lovchi fanlararo yo‘nalish bo‘lib, u real matnlarga asoslangan lug‘at tuzishni nazarda tutadi. An’anaviy lug‘atlardan farqli ravishda, korpus leksikografiyasida har bir so‘zga oid ma’lumotlar uning amaldagi kontekstlari asosida taqdim etiladi. Terminologiya nazariyasiga oid tadqiqotlarda terminlarning me’yoriyligi, aniqligi va tizimliligi asosiy belgilardan biri sifatida ko‘rsatiladi. Shuningdek, xalqaro tilshunoslik tajribasida ham terminlarni korpus asosida o‘rganish, ularning qo‘llanish chastotasini aniqlash va me’yorlashtirish jarayonida muhim manba sifatida qo‘llash an’anaga aylangan. O‘zbek tilshunosligida atamalar masalasi alohida yo‘nalish sifatida XX asrning o‘rtalaridan boshlab ko‘tarilgan bo‘lib, ular ko‘proq nazariy va leksikografik yo‘nalishda tahlil qilingan. Ammo bugungi kunda milliy korpusning yaratilishi ushbu tadqiqotlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Endilikda atamalarni faqat lug‘aviy yoki nazariy asosda emas, balki korpus lingvistikasining zamonaviy metodlari orqali ham tahlil qilish imkoniyati mavjud. Xorijiy tilshunoslikda esa terminlarni korpus asosida o‘rganish keng tarqalgan. Ayniqsa, ingliz va rus tilshunosligida lingvistik atamalarning qo‘llanish chastotasi, sinonimiyasi va variantliligi korpus tahlilida alohida yo‘nalish sifatida qaraladi. Ushbu yondashuvlarning asosiy afzalligi shundaki, ular atamalarning faqat nazariy ta’rifini emas, balki real matnlarda qo‘llanishini ham ko‘rsatadi. O‘zbek tilida yaratilayotgan milliy korpus loyihasi haqida ham ko‘plab ilmiy tadqiqotlar mavjud bo‘lib ularda,asosan,o‘zbek milliy korpusining asosiy tamoyillari – ochiqlik, tizimlilik va interaktivlik tamoyillari asosida qurilishi ta’kidlanadi. Ammo tilshunoslik atamalarining aynan korpusdagi qo‘llanishi, ularning variantlari hamda standartlashuvi masalalari hali yetarli darajada o‘rganilmagan.
106 Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, o‘zbek milliy korpusida tilshunoslik atamalarining aks etishi hali to‘liq va mukammal darajada emas. Shu bois quyidagi vazifalarni amalga oshirish maqsadga muvofiqdir: -o‘zbek milliy korpusi terminologik bazasini boyitish uchun yangi ilmiy manbalarni qo‘shish; -atamalarning variativ shakllarini standartlashtirish va yagona ilmiy me’yorni joriy etish; -korpus asosida ta’limiy izohli lug‘atlar va qo‘llanmalar yaratish; -xorijiy tillar milliy korpuslari bilan qiyosiy tadqiqotlarni kengaytirish. Korpus lingvistikasi va leksikografiyaning integratsiyasi zamonaviy tilshunoslikda yangi bosqichni boshlab berdi. Bu yondashuv nafaqat tilni chuqur tahlil qilish, balki uning texnologik rivojiga xizmat qiluvchi amaliy platformalarni yaratishga ham asos bo‘lmoqda. Ayniqsa, korpus leksikografiyasi o‘quv leksikografiyasi, tarjima texnologiyalari, sun’iy intellekt asosidagi dasturlar bilan bevosita bog‘liqdir. O‘zbek tili uchun milliy korpuslar yaratish va ularni lug‘atlar bilan uyg‘unlashtirish hozirgi tilshunoslikning strategik yo‘nalishlaridan biridir. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Abduraxmonova N.Z. Kompyuter lingvistikasi [Matn]: darslik - Toshkent: Nodirabegim, 2021. – 394 b 2. Захаров В.П., Богданова С.Ю.Корпусная лингвистика: учебник для студентов гуманитарных вузов. – Иркутск: ИГЛУ, 2011. – 161 с. 3. Mengliyev B. Oʻzbek tili taraqqiyoti va rivojlanish omillari // “Oʻzbek tilini dunyo miqyosida keng targʻib qilish boʻyicha hamkorlik istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman materiallari. – Toshkent, 2020. 4. Xoliyorov O‘. O‘zbek tili ta’limiy korpusini tuzishning lingvistik asoslari. Filol. fan. bo‘yicha fal. dok-ri. diss. avtoref. – Termiz, 2021. – B. 16. – 52 b.